“Sen qayoqdan bilasan?..”
Xayriddin SULTON,
O'zbekiston xalq yozuvchisi
Muallif haqida:
Xayriddin SULTON Toshkent viloyatida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugatgan.
Adibning “Quyosh barchaga barobar”, “Bir oqshom ertagi”, “Onamning yurti”, “Umr esa o'tmoqda”, “Boburning tushlari”, “Boburiynoma”, “To'qchilik va yo'qchilik”, “Saodat sohili”, “Uch yuz oltmish to'rt kun”, “Ko'ngil ozodadur”, “Odamlardan tinglab hikoya”, “Yaldo kechasi” singari o'n beshga yaqin kitoblari chop etilgan.
Yozuvchi kinossenariylari asosida “Changak”, “Moziydan bir sahifa”, “Mehrobdan chayon”, “Tushlarimda ko'rib yig'layman”, “Yolg'iz yodgorim”, “Ulug' amir va Donna Maria” kabi filmlar suratga olingan.
– “Yoshlik devoni” endi nashrdan chiqqan paytlar, – deb hikoya qilgan edi Erkin aka. – Men uchun ota maqomida bo'lgan tog'am Karim Saxiboyevning uyiga bir kuni ulfatlari mehmondorchilikka yig'ilishdi.
Ulfatlar kim desangiz, mashhur ulamo, siyosiy arbob Alixonto'ra Sog'uniy, aka-uka hofiz Shojalilovlar, Ma'rufxo'ja Bahodirov, shoir Chustiy… Hammasi madrasa ko'rgan eski odamlar. Men choy tashib xizmat qilib turibman.
Bir vaqt gap aylanib kelib, “Yoshlik devoni”ga taqaldi. Suhbatdoshlar biri olib, biri qo'yib kitobni ta'riflay ketishdi. Ularning hammasi bir fikrda yakdil edi, ya'ni devonda ishqi ilohiy kuylangan, yor, dilbar, ma'shuqa deganda avvalo Xudoi taolo ulug'langan. Bu esa Erkin Vohidov ijodida mutlaqo yangi burilish boshlanganidan dalolat berar ekan.
Boshida indamasdan, odob bilan choy quyib o'tiraverdim. Ammo gap chuqurlashgani sari tashvish-xavotirim orta boshladi. Nima bo'lganda ham, partiya a'zosiman, komsomol nashriyoti bosh muharririning o'rinbosariman. Xudo ko'rsatmasin, agar bu gaplar ertaga biron joyga yetib borgudek bo'lsa…
Shuning uchun masalaga oydinlik kiritmoqchi bo'ldim.
– Bu mashqlar bir havas, katta baho berdinglar, rahmat, – dedim, – ammo, muallif unday yuksak maqsadlarni o'z oldiga qo'ymagan. Bu g'azallarda oddiy insoniy tuyg'ular, yosh yigit-qizlarning beg'ubor muhabbati, sevgi-sadoqati tasvirlangan, xolos.
Mening bu gapim bir umr adliya xodimi, sudya bo'lib ishlagan, Oliy sud a'zosi ham bo'lgan tog'amga yoqmadi.
– Yosh bola narsa, bu kitobda nima yozilganini sen qayoqdan bilasan? – dedi qovog'ini solib.
“KONVOY”
“Tafakkur” jurnali tahririyatida bo'lib o'tayotgan bir tadbirda bosh muharrir Erkin A'zam davrada ishtirok etayotgan er-xotin olimlarni maqtab qoldi.
– Men Falonchijon bilan Falonchixonga nihoyatda havas qilaman, qoyil qolaman. Bular institutda ham birga o'qigan, idorada ham birga ishlashadi. Shuncha yildan beri ahil-inoq bo'lib yashashadi. Men bularni bamisoli Tohir-Zuhroga o'xshataman. Ishga ham birga kelishadi, tushlikka ham birga chiqishadi, ishdan ham birga qaytishadi…
Tursunoy opa bu gapni eshitib, miyig'ida kuldi.
– Aylanayin o'zimning bahosi yo'q ukamdan, – dedi maqtalgan erni maqtab, – ishga konvoy bilan kelib, ishdan konvoy bilan ketishga har kim ham dosh berolmaydi, axir.
“NOINSOF DO'XTIR”
Taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyev bilan bir ziyofatda yonma-yon o'tirib qoldik. Ahmadjon aka doktorning tavsiyasiga ko'ra parhezda ekan, dasturxonga ketma-ket kelib turgan anvoyi taomlardan nafsini tiyib, faqat suv ho'plab o'tirdi.
Bir vaqt loladek qip-qizarib pishgan, qaynoq somsa tortildi. “Oling-oling”, deb harchand manzirat qilishimizga qaramasdan, u kishi somsadan tatib ko'rishga ham unamadi. Boshqalar ishtaha bilan tanovul qilishga kirishdi.
Ahmadjon aka ziyofat ahlini zimdan kuzatib turdi-turdi-da, oxiri chidayolmadi, lagandan bitta somsani olib, ikkiga bo'ldi. Hil-hil bo'lib pishgan, ichida dumba yog'lari kilkillab turgan somsaning burqiragan hidi ishtahani karnay qilib yuborardi.
Ahmadjon aka bir qo'lidagi somsaga, bir yonidagilarga qaradi, keyin yutinib:
– Noinsof do'xtir, shundoq zo'r narsani yema deydi-ya! – deb xo'rsindi.
“MAYDA BURJUAZIYa KUYChISI”
80-yillarning oxirida nashriyotda Muhammad Yusuf bilan birga ishladik. Men – bosh muharrir, u kishim buyurtma nashrlar bo'limining muharriri.
Ba'zan shoir kechasi bilan ijod qilib, charchaganidan bo'lsa kerak, ertasi kuni ishga vaqtida kelolmasdi. Lekin u bormi-yo'qmi – bundan qat'i nazar, kabinetining eshigi oldida hamisha besh-o'nta odam ilhaq bo'lib kutib o'tirar edi. Men bu kishilarni nashriyotga buyurtma asar, ya'ni o'z hisobidan kitob chiqarish uchun kelgan investor-mualliflar, deb o'ylardim va imkoniyatni boy bermaslik uchun Muhammadjonning o'rniga ularni qabul qilardim. Biroq har safar adashgan bo'lib chiqardim.
Bular olis-olis viloyatlardan, hatto qo'shni respublikalardan kelgan, kitob-pitob yozadigan emas, umuman kitob o'qimaydigan odamlar ekani ma'lum bo'lardi. Bittasi, masalan, qassob, yana bittasi dorboz, uchinchisi – provodnik, to'rtinchisi – boksyor, keyingisi – mantifurush va hokazo kishilar edi. “Muhammadjonda nima ishinglar bor?” deb so'rasam, xuddi kelishib olgandek, ba'zilari “ishim yo'q, o'zim shundoq bir ko'rib ketmoqchi edim”, desa, yana ba'zilari “Mahamadjon akamga bir chuqum osh qilib bermoqchi edim”, deb javob qaytarardi.
Shoir viloyatga safarga ketgan, kutib o'tirmanglar, deb ularni aldab-suldab tarqatib yuborsam, ertasiga nashriyot yo'lagida yangi guruh ziyoratchilar paydo bo'lardi: biri – sartarosh, biri – uloqchi, boshqasi – pichoqsoz, keyingisi – o't o'chiruvchi va hokazo. Ular ham o'sha dard, o'sha maqsad bilan kelgan bo'lardi.
Muhammadjon nashriyotga qadamranjida qilib qolgan baxtli kunlarning birida men unga hazillashib:
– Shoir, muxlislaringizga qarab bildim, siz – “mayda burjuaziya kuychisi” ekansiz, – dedim. — Xayriyatki, oshkoralik davrida yashayapmiz, ilgarigi zamon bo'lsa, mana shundoq ayb bilan urilib, abjag'ingiz chiqib ketardi… Uydayam shu ahvol bo'lsa kerak?
Muhammadjon indamay turdi-da, keyin:
– Pod'yezddan o'tib bo'lmaydi. Goh qayoqqa qochib ketishni ham bilmayman, – deb hasrat qildi.
– Shukur qiling, do'stim, – dedim unga taskin berib. — Xalq mehri hammagayam nasib qilavermaydi.
– To'g'ri, – dedi shoir, – faqat shu mehr daryosi g'arq qilib yuborishi chatoq-da.
“Navoiy – 30” kitobidan.
