Butun dunyoda DNK tahlili eng ishonchli tahlil hisoblanadi

— Qozog'iston Respublikasi Akto'be shahri yaqinida sodir bo'lgan avtobus yong'ini natijasida ko'plab O'zbekiston fuqarolari halok bo'lgandi. Murdalarning tashqi ko'rinishiga qarab shaxsini aniqlashning imkoni bo'lmagan. Tergov idoralari topshirig'i bo'yicha tezda DNK ekspertizalarini o'tkazishga kirishdik.

Sud ishi zamirida inson omili, taqdirlar yotadi. Ushbu jarayonda taqdim etiladigan har bir ma'lumot yoki axborot insonning keyingi hayotini hal qilishi mumkin. Shu bois sud ishlarining xolis va adolatli o'tishida sud tahlillari ham shu mezonga javob bera olishi lozim.

Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymonova nomidagi sud-ekspertiza markazi, Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Dilobar Ahmedova bilan suhbatimiz ayni soha faoliyatiga oid ayrim masalalar xususida bo'ldi.

— Aytingchi, O'zbekistonda sud-ekspertiza sohasi qachondan rivojlangan? Qolaversa, DNK tushunchasiga soddaroq tarzda izoh berib o'tsangiz?

— Mamlakatimizda bu soha 2000 yilgacha deyarli bo'lmagan. O'sha yillari ko'pgina katta jinoyatlar sodir bo'lganda, aytaylik, qotilni aniqlash uchun professional ekspertiza tahliliga talab oshdi. Shundan keyin sohadagi ilk qadamlar qo'yildi va Adliya vazirligi qoshida ushbu markaz ochildi. Laboratoriyaning rahbari etib tashabbuskor genetik olim, biologiya fanlari nomzodi Abror Ikromov tayinlandi. Uning rahbarligida 2000 yil sentyabr oyida O'rta Osiyo mintaqasida birinchi bor yaqin qarindoshlikni aniqlashga hamda shaxs identifikatsiyasi bilan bog'liq bo'lgan bir qancha ekspertizalar o'tkazishga erishildi. Dastlab laboratoriyaning shtat birligi to'rt kishidan iborat bo'lgan, hozirgi vaqtga kelib 12 nafarga yetdi. Mazkur laboratoriya quyidagi asosiy masalalarni hal qiladi: genetik tadqiqotlar asosida jinoyat sodir etilgan joyda aniqlangan biologik izlar, (qon, so'lak, maniy dog'lari) va biologik materiallar, soch, suyak qoldiqlari, tanib bo'lmaydigan holatga kelgan tana qoldiqlarini solishtirma namunalarga nisbatan solishtirma-qiyosiy tahlili natijasida aynan kimga tegishligini aniqlash. Genetik tadqiqotlar or­qali yaqin qon-qarindoshlikni aniqlash. Bunday ekspertizalar asosan fuqarolik ishlari bo'yicha o'tkaziladi. Tadqiqotlar natijasida gumonda bo'lgan shaxs­larning biologik ota yoki onaligi qat'iy aniqlanadi. DNK atamasi haqida to'xtaladigan bo'lsak, bu (DNK — dezoksiribonukleinovaya kislota) soha barcha organizmlar, jumladan, bakteriya va viruslarning har tomonlama tahlili, insonlarning irsiy tahlili va boshqa genetik tadqiqotlarni olib boradi. Bundan tashqari, bugungi kunda DNKni ko'pdan-ko'p soha va tarmoqlar «ichi»ga kiradigan katta institut desa bo'ladi.

— Ekspertizaning nechta yo'nalishi bor va eng ko'p qaysi yo'nalishlarda ish olib boriladi?

— Bugungi kunda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida odam DNKsi sud biologik ekspertizasi, sud buxgalteriyasi ekspertizasi, sud qurilish texnikasi ekspertizasi, sud avtotexnika ekspertizasi, sud fonografik ekspertiza va boshqa turdagi ekspertiza tadqiqotlari mavjud.

Misol uchun, odam DNKsi sud biologik ekspertizasini olib ko'raylik. Ushbu ekspertiza tad­qiqoti taqdim etilgan tahlil namunalarini o'rganish orqali farzandning biologik otasi yoki onasi aniqlanadi. Bundan tashqari, voqea joyida topilgan qon izlari yoki soch tolalari DNK ekspertiza tadqiqotlarini o'tkazish orqali kimga tegishli ekani ma'lum qilinadi. Bu ko'rsatkichlar sodir etilgan jinoyat ishlarini ochishda, ayb­dor shaxslarni aniqlashda dalil bo'lib xizmat qiladi. Sud qurilish texnika ekspertizasi orqali ob'yektlar qurilish texnikasi qoidalariga rioya qilingani, shaharsozlik me'yorlari aniqlanadi. Sud avtotexnika ekspertizasi orqali esa misol uchun avtotransport hodisasi kimning aybi bilan sodir etilgani, hodisa natijasida yetkazilgan zarar va shu kabi boshqa savollarga javob olinadi. Markazimizda narkotik vositalar, psixotrop moddalar, qimmatbaho metallar va toshlar, ulardan tayyorlangan buyumlar, o'qotar qurollar, o'q-dorilar, pul belgilari va yuqori qimmatga yoki ahamiyatga ega bo'lgan boshqa ob'yektlar bo'yicha ekspertiza tadqiqotlari ham o'tkaziladi.

— Ish tartibi qanday kechadi? Ekspertiza qaysi uskunalarda aniqlanadi?

—DNK tahlillari butun dunyo­ning eng so'nggi maxsus uskunalarida aniqlanadi. Boshqa rivojlangan mamlakatlarda DNK tahlili uchun qanday usul va yo'nalishdan foydalanilsa, biz ham shu usuldan foydalanamiz. Bizda DNK ekspertizasini o'tkazish uchun reagentlar sanoqli miqdorda xarid qilinadi. Shu bois ularning narxi juda yuqori. DNK ekspertizasini o'tkazishda yuqori ishonchli natijalar bilan ta'minlash uchun xalqaro standartga javob beradigan maxsus uskuna va reagentlar qo'llanilishi tavsiya etiladi. Hozirgi kunda dunyoning faqatgina uchta korporatsiyasi — AQShning “Termo Fisher” va “Promega korporation” hamda Germaniyaning “Quagen” firmasi mahsulotigina ushbu talabga javob beradi. O'zbekis­tonda ham DNK ekspertizasini o'tkazishda AQShning “Termo Fisher” korporatsiyasi reagent va sarf materiallari ishlatiladi.

— DNK ma'lumotlari noto'g'ri chiqishi mumkinmi? Mijozga berilayotgan ma'lumotning yuz foiz aniqligiga kafolat bormi?

— Butun dunyoda DNK tahlili eng ishonchli tahlil hisoblanadi. DNK ekspertizasini o'tkazish uchun nodavlat sud ekspertiza muassasalari ISO 17025 xalqaro standarti bo'yicha akkreditatsiyadan o'tgan va maxsus lizenziyaga ega bo'lishi shartligi belgilab qo'yilgan. Chet el sudlari ishlarni ko'rib chiqish jarayonida DNK ekspertizasi xulosasiga baho berar ekan, birinchi navbatda laboratoriya akkreditatsiyadan o'tgan yoki o'tmaganligiga ahamiyat qaratadi.

Biz O'rta Osiyoda (Qozog'istondan tashqari) sud ekspertizasiga ega bo'lgan yagona davlatmiz. Ayni paytda ISO 17025 akkreditatsiyasidan o'tish uchun  katta tayyorgarlik ko'ryapmiz. Bu imtihondan o'tish uchun shu paytgacha yig'ilgan va taqdim etilgan barcha tahlillarni bir tizimga joylashtirishimiz zarur. Hozir ushbu tizim ustida ish olib boryapmiz. Ekspertiza sohasida bilimi kuchli mutaxassis bo'lishning o'zi kamlik qiladi. Bilim bilan birgalikda vijdonli, pokko'ngil inson bo'lish lozim. Sababi, biz taqdim etgan tahlillar, ma'lumotlar inson taqdirini butunlay o'zgartirib yuborishi mumkin. Hech bir ekspert yillar davomida misqollab topgan obro'ini noto'g'ri xulosa taqdim etib to'kishni istamaydi. Yana bir holat borki, sud qayta tekshiruvni talab qilsa, ishni bu gal boshqa ekspertga topshiradi.

DNK natijalari e'lon qilinayotgan vaqtda 99,99 foiz tarzida ko'rsatiladi. Tahlil o'tkazilganda xalqaro talablarga ko'ra, biologik ota-onalikning ehtimollik darajasi 99,99 foizdan kam bo'lmasa, otalik(onalik)ni tasdiqlashga asos bo'ladi.

Nima sababdan 100 foiz otalik (onalik)ni tasdiqlash mumkin emas, degan savolga soha mutaxassislari tomonidan quyi­dagicha izoh beriladi. Har bir odamning bir tuxumdan rivojlangan egizagi bo'lish ehtimoli mavjudligini inkor qilib bo'lmaydi. Bir tuxumdan rivojlangan egizaklar DNKsi aynan bir xil bo'ladi. Bunday hollarda egizaklardan aynan qaysi biri tekshirilayotgan bolaning biologik otasi ekanligini aniqlashning iloji bo'lmaydi. Aynan shu nuqtai nazardan, DNK tahlili asosida aniqlangan otalik ehtimollik darajasini 100 foiz deb atalmaydi. Ammo bu borada xatolikka o'rin qolmaydi. 99,99 foiz asos bilan otalik aniqlashtirib beriladi.

— Sohangizda qanday kutilmagan voqealar bo'lib turadi?

— Bizda gohida ish yuzasidan ba'zi bir oilaviy sirlar ham ochilib ketadi. Bunday voqealarga o'zim ham duch kelganman. Masalan, bir oilaning ikkita qizdan keyin tug'ilgan o'n besh yoshli o'g'li bitiruv kechasi kuni bedarak yo'qolgan. Oradan ko'p vaqt o'tib, suvdan shaxsini aniqlab bo'lmaydigan darajadagi murda topilgan. Yo'qolgan bolaning ota-onasiga xabar berilganida, balki murda o'g'limizdir deb tekshiruvga rozi bo'lishdi. Murdaning shaxsini aniqlash uchun DNK tekshiruvini o'tkazdik. Tahlilda onalik tasdiqlandi, ammo otalik tasdiqlanmadi, qarindosh deb ko'rsatildi. Qo'shimcha gumondorlarning ham DNK ma'lumotlarini tekshirganimizda murdaning asl otasi amakisi bo'lib chiqdi. Ming afsuski, faoliyatimizda shunga o'xshash holatlar ham uchrab turadi.

— Ushbu soha vakillari ham malaka oshirib turadimi? Qaysi davlatlar bilan hamkorlikda ishlaysizlar?

— Faoliyatimizni endi boshlagan kezlarimizda Germaniyada malakamizni oshirib kelganmiz. 2017 yildan buyon ekspertlar uchun maxsus imtihon va seminarlar bo'lib o'tmoqda. Chet eldan eng malakali ekspert­lar kelib, DNK aniqlashning yangicha turlari bilan tanishtirib boryapti.

— Yurtimizda o'tkaziladigan ekspertiza xulosalari chet elda ham tan olinadimi?

—  Ha. Ammo butun dunyoda tan olinishi uchun ISO 17025 akkreditatsiyasidan o'tishimiz lozim. Shu paytgacha O'rta Osiyo davlatlarining ekspertizalarini qilishga ham to'g'ri kelgan.

— O'tgan yili Qozog'istonda ro'y bergan falokat tufayli avtobusda yonib ketgan vatandoshlarimizning shaxsini aniqlash ishlarini sizlar olib borgan ekansiz. Agar sir bo'lmasa, o'sha jarayon qanday kechgan?

— Qozog'iston Respublikasi Akto'be shahri yaqinida sodir bo'lgan avtobus yong'ini natijasida ko'plab O'zbekiston fuqarolari halok bo'lgandi. Murdalarning tashqi ko'rinishiga qarab shaxsini aniqlashning imkoni bo'lmagan. Tergov idoralari topshirig'i bo'yicha tezda DNK ekspertizalarini o'tkazishga kirishdik. Tun-u kun ishlab, tergovga 51 nafar vatandoshimizning shaxsini ma'lum qilganmiz. Tergov bizga 52-shaxsni ham aniqlashni topshirgan edi. 52-shaxs yong'inning eng markazida bo'lgani uchun deyarli butun joyi qolmagan ekan. Shunday bo'lsa-da, Allohning mo''jizasi bilan omon qolgan tana qismining bo'lagidan shaxsini aniqlashga erishganmiz.

Gohida bizga berilgan namunalarda DNK xulosasini aniq taqdim etish imkoniyati kam bo'ladi. Voqea joyini sinchkovlik bilan tekshirishga to'g'ri keladi. Afsuski, bizning voqea joyiga chiqishga vakolatimiz yo'q. Biz sud taqdim etgan materiallar bo'yicha faoliyat olib boramiz. Jinoyatlarni ochishda oz bo'lsada, hissamizni qo'sha olsak bundan faqat xursand bo'lamiz. Bir yili Jizzaxdagi bankdan katta miqdorda pullarni o'g'irlab ketishganda jinoyatchining barmoq izlaridan qolgan ter yog' ajralmalariga qarab, uni aniqlaganmiz. Yana bir yili esa Chirchiqda o'ta og'ir jinoyat sodir etilgan. Unda bir oilaning hamma a'zosi o'ldirib ketilgan. Uyda qolgan qon dog'larini DNK bo'yicha tekshirganimizda, oila a'zolariga tegishli bo'lmagan begona qon topilgan. Shu qon orqali jinoyatchi aniqlangan.

— Ha, faoliyatlaringiz ancha mas'uliyat talab etar ekan. Charchamang. Suhbat uchun rahmat.

“Hurriyat” muxbiri

Feruza Rahimova

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 11 =