Baxtli bo'lib ko'rinay men ham…

Fotoapparat va men

Sen boqqan chog' nega odamlar
Xushsuratdir, kulgidan to'ygan.
Men termulsamsarg'aygan o'tlar
Va daraxtlar gullamay qo'ygan.

Sen ko'z solsang onam ko'p dilbar,
Otam bardam qad kerib turar.
Men boqqan chog' — onam mushtipar,
Otam esa hassada yurar.

Nigohingda do'stim ulug'vor,
Bekamu ko'st turar muloyim.
Men qarasam u bechorahol,
Oqsoqlanib yuradi doim.

Vaqt yalmog'iz — uchar xotirjam,
Ko'rganlarim o'xshamas chinga.
Baxtli bo'lib ko'rinay men ham,
Bir zumgina ko'z tashla menga.

 Yuk

Biz tomonga kelar ikki zot,
Olis tog'lar bag'irlaridan.
Biri yoydek egilib borar,
To'rvasining og'irligidan.

Hamrohining qo'li esa bo'sh,
Na yuki bor, na bir nasabi.
Mung'ayardi xomush negadir,
Yuk ko'targan sherigi kabi.

Chiqar edi turfa xil nigoh,
Sayyohlarning o'ngu so'lidan.
Bari bir xil — horigan cholning
To'rvasini olar qo'lidan.

G'amga botar edi bunday payt,
Yo'ldoshining qorachiqlari.
Og'irlashib borardi uning
Chap ko'ksida turgan yuklari.

O'tib borar odamlar to'p-to'p,
Ortda qolar sarg'aygancha yo'l.
Nahot ular bitta ko'ngilni
Ko'tarishga uzatolmas qo'l?!

 Fil falsafasi

Qari filning tanasida,
Yashar edi ko'plab jon.
Qora qarg'a, ola qarg'a
Hamda kulrang ko'rsichqon.

Ko'rmagandim — vazminlikka
Bir kun o'lim yo'lashini.
Ko'rmagandim — ulkanlikning
Balandlikdan qulashini.

Qarg'a qanot qoqdi-ketdi,
Sichqon topdi boshqa in.
Harqalay, bu sinov edi,
Yarmi yolg'on, yarmi chin.

Og'ir edi bunday o'ylar,
Og'irlashib ketdi bosh.
Filning o'ychan ko'zlariga
To'lib keldi ulkan yosh.

Yo'l ko'rsatib turguvchi kuch,
Hayvonda ham yurak ekan.
O'zing bilan qolish uchun,
Ba'zan o'lish kerak ekan.

 Kimyogar do'stimning o'ylari…

Sun'iy gul yasab tongda
Biroz xayolga toldim.
Unda bol izlab kelgan
Arini ko'rib qoldim.
Buni uzoq o'yladim,
Tajribam tugaguncha.
She'rda ikki og'iz gap
Ilmda keng tushuncha.
O'yladim, moddalarning
Birlashuvi bir chaqa.
Qanday birlashgan ekan
Toshlar bilan toshbaqa.
Ishonmadim muhabbat
Ko'ngilda yashar desa.
Bilmadim, sevib qolish
Fanda qanday hodisa?
Bag'ritosh dedi bir qiz,
Oshib ketgandim haddan.
Tuni bilan o'yladim,
Ko'nglim qaysi moddadan?
Bilmas edim ne uchun
Ko'zimga yosh to'lishin.
Bir tomchi yosh qurimay,
Qaerlardan kelishin?
Mening gunohim qayda,
Qayda mening savobim.
Gul yasamayman boshqa,
Shudir mening javobim.
Sun'iy gulga termulib
Yig'lab, o'y surib qoldim.
Axir unda jon bergan,
Arini ko'rib qoldim.

Bobur Elmurod

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 8 =