Tahlil maydoni kerak…mi?

Hozir axborot asrida yashayotganimiz va axborot bilan ta'minlash hamda ta'minlanish manbalari juda ko'payib ketayotgani haqida yetarlicha gapirilmoqda. Bu e'tiroflar ayni haqiqat ekanini tasdiqlash uchun ke­yingi bir yilda feysbug, instagram singari ijtimoiy tarmoqlarning ma'rifat dunyo­sida qanchalik faollashganini va ayrim blogerlar “erishgan muvaffaqiyatlar”ni ko'z oldimizga keltirish kifoya. To'g'ri, yangi xabar zshitganimiz (yoki o'qiganimiz)da ta'sirlanamiz, biroq ehtiyojning bir tarafi qondirilmaydi: nimaga bundoq bo'libdi, degan savolga javob yo'q.

Bunga axborot makonining imkoniyati cheklangan, joy tor, vaqt ziq. Nima bo'lganda ham yangi axborot olganimizda ko'pincha: “Nega, nahotki, oqibati nima bo'ladi?” singari bo'g'izda qotib qolgan savollarga javob topish qiyin  yoki umuman mumkin bo'lmaydi. Go'yoki kimdir xas kapaga o't qo'yib qochdi-yu, izini qumga solib ketdi. Holbuki, qiziqqon tabiatli inson hammasiga javob olishni istaydi. Ana shu zaruriy xizmatni OAVning boshqa bir bahodir ko'rinishi – JURNALlar bajarishi lozim. Bu soha tarixiga nazar solinganda ham gazetada biror shov-shuvli xabar berilgach, “Sharhini jurnalimizda o'qiysiz” singari izoh — eslatma ilova qilinganini ko'ramiz.

Shu nuqtai nazardan respublikamizda nashr etilayotgan jurnallarning ayrimlarini ko'zdan kechirishga to'g'ri keldi. Qo'yilgan vazifa – ayni shiddatkor davrimizda ijtimoiy hayotda ro'y berayotgan o'zgarishlarga jurnallarda chuqur tahlilga asoslangan maqolalar berib borilayaptimi? Yoki kamdan-kam uchraydigan bo'lsa-da, ba'zi salbiy holatlarning ildizi ochib berilayaptimi tarzidagi savollarga javob topish edi.

Avval boshdan yorug' kayfiyat bilan uzoq tarixga ega bo'lgan yoki tashkil etilganiga endi 4-5 yil to'lgan bu turning nashrlari juda ulkan ijobiy o'zgarishlarga erishganini ta'kidlashga burchlimiz. Ba'zi jurnallar (olaylik, “Ma'naviy hayot” yoki “Guliston”) shunday bezatilganki, ularni tomosha qilib to'ymaysan kishi. Shunda yurtimizda poligrafiya sanoati dunyodagi eng ilg'or mamlakatlar qatoriga chiqib olganiga tan berasan. Asosiysi – mavzular esa “baholiqudrat” degandek, bugunning shukuhidan kelib chiqib yoritilgan.

Agar gap jurnalxonlarni befarq qoldirmaydigan, oddiy qilib aytganda, izlab topib o'qiladigan maqolalar berilgani haqida ketganda, dastlab “Jahon adabiyoti” jurnalini e'tirof etish lozim. Muallifi – Bosh muharrir Ahmadjon Meliboyev bo'lgan jurnalning o'tgan yilgi sonlarida o'nga yaqin dolzarb mavzulardagi chiqishlar amalga oshirilgan. Yaxshi-da, ham jurnalning bugungi kun bilan hamqadamligi, ham hozirjavoblik, ham burch ijrosi ta'minlangan. E'tibor bering, “Fikr – fahmlash ibtidosi”, “Tarix ummonidan qatralar”, “Suvda oqib kelayotgan po's­tin”, “Dadangmasman, Ne'mat akangman”, “Xalqaro valyuta jamg'armasi: kim keldi-yu, kim ketdi?” singari maqolalarning sarlavhasiyoq nima to'g'risida gap ketayotganini ko'rsatib turibdi. Ularning dolzarbligini izohlash ortiqcha. Albatta, maqolalar kuzatuvchan va tajribali muallif tomonidan yozilgan, dalillarga boy.

Agar shu mezon bilan boshqa jurnallarga nazar tashlasak, bunday faollik va hozirjavoblik ko'zga tashlanmaydi. To'g'ri, “Tafakkur”, “Saodat” jurnallari o'z an'anasiga ega, shakl­langan, salmoqli nashrlar, biroq ularda masalaning ko'proq ilmiy-nazariy tomonlariga e'tiborni qaratish, uncha ham ko'pchilik tushunavermaydigan uslubda fikr yuritish yoki erishilgan muvaffaqiyatlardan o'ta  darajada mamnunlik hissi bo'rtib turadi, biroq axborot olami bo'hron solib turganda, uning osmonida charx urib turgan chin xabarlar bilan yolg'on-yashiq yoki uydirma xabarlarga ham munosabat bildirish zaruratidan kelib chiqilsa, jurnallarning bu masalada betaraf bo'lishi ma'qul yondashuv emas. Axir ko'p millionli aholi to'g'ri, haqiqiy axborotni qaerdan oladi, voqealar mohiyatini qanday tushunadi?

Umuman, axbort olamida tahlilning o'rni katta. Qolaversa, “umri bir kunlik” bo'lgan gazetalar ham tahlil orqali umrboqiylikka noil bo'ladilar. Agar axborotning o'qirman ongiga ta'sirini kuzatsak, u qabul qiluvchiga xuddi cho'g'dek yoki otilgan nayzadek ta'sir qiladi.  Ba'zan shu ta'sir birdaniga aks-ta'sirga ham olib boradi: yaqin kishisining fojiasini eshitgan odam o'zini suvga tashlash yoki zaharlash fikriga tushib qolishi mumkin. Mabodo unga voqeaning sababi aniq bo'lsa, xabarni sokin qabul qiladi. Shuning uchun axborotning tahlili mulohazaga olib boradi, mulohaza yuritila bosh­landimi, odam hovridan tushib, aqlga quloq tutadi. Agar nuqul vahimali axborot olamida yashaydigan odam o'z xatti-harakatini baholay olmay, shoshma-shosharlik bilan qarorlar qabul qilsa, tahlil kishini mulohaza bilan ish yuritishga o'rgatadi. Bu holni hozirgi yoshlar hayoti misolida aniq ko'rish mumkin. Har qanday masalada birinchi taassurot qurshovida bo'lish tufayli oqibatini o'ylamay, ajralishga shoshishadi yoki qanday tavqi-la'natga qolishini bilmay, otasiga qo'l ko'taradi. Holbuki, aqlga quloq tutishsa, o'z qiliqlarining oqibatini tasavvur qilgan va shoshmagan bo'lishardi. Bir paytlar Gersen  erkaklardan tortinmay, yarim yalang'och holda javdar o'rayotgan ayollarni ko'rib: “Bunday behayolik uchun adabiyot aybdor” degan ekan. Demak, yarim hazil, yarim chin ma'nosida aytish mumkinki, yoshlarning  chuqur o'ylamay qarorlar qabul qilishida ham jurnallar aybdor. Har qanday odam qilig'ining oqibatini o'ylab ish tutsa, kutilmagan fojialar sodir bo'lmaydi (buning uchun ko'proq jurnal va gazeta o'qish kerak!).

Jurnallar faoliyatida ikkinchi eng achinarli holat ularning adadi keskin kamayib ketganida.  Olaylik, “Yoshlik” jurnali bir yil oldin 4235 nusxagacha chop etilgan bo'lsa, o'tgan yilning  oxirida 1250 taga tushib qolgan. “Saodat”da ham shunday antirekord kuzatiladi – agar 2018 yilning boshida  5271 dona chop etilgan  bo'lsa, o'tgan yilgi 8-jildi 2449 ta bosilgan.  Bunday holni boshqa nashrlarda ham kuzatish mumkin. O'ylantiradigan holat: har bir jurnalni tayyorlash uchun qanchalik mehnat sarf bo'lishi ko'rinib turibdi, ular yaxshi niyat bilan millionlab (!) kishilarning qo'liga yetib borishiga mo'ljallangan. Holbuki, ularning adadi hatto respublikadagi maktablar sonicha ham emas. Oddiy mulohaza: ana shunday nodir ma'naviyat xazinasi, bilim manbai hisob­langan jurnallar nega o'quv yurtlariga yetib bormayapti? Kelajagimiz egalari bo'lgan yosh avlod bo'sh vaqtlarida nimalarni o'qishayapti? Ularning barkamol ulg'ayishi uchun zarur bo'lgan omillardan biri – vaqtli matbuot bilan tanishib borishi to'g'ri yo'lga qo'yilganmi?

Jurnallarning bunday yupun ahvolga kelib qolishi jamiyatni bezovta qiladigan dalillardan biri. Shu o'rinda  soha mutasaddilariga qat'iy e'tirozlar tug'ilishi tabiiy. Biz iqtisodiy sohadagi yutuqlar bilan haqli ravishda maqtanayapmiz. Ammo kichkina siljish ham o'z-o'zidan bo'lib qolmasligi aniq. Masalan, bir necha million dollarlik kombinat qurgan, yuzlab ish o'rinlari yaratgan tadbirkor buning uchun qanchalik zahmat chekkanini, tog'dek to'siqlarni yengib o'tganini ko'z oldimizga keltiraylik. Endi o'z-o'zidan savol tug'iladi: jurnal mutasaddilarida shunday fidoyilik bo'lganmi?  Masalan, o'z mahsulotlarining zaruriyatini kerakli joylarga tushuntira olganlarmi? Bozor iqtisodiyoti sharoitida birov bosh­­qa kishi uchun ishlamaydi, hamma o'z vazifasi uchun javobgar. Balki, “O'zlari chaqirib olishadi” qabilidagi izzattalabliklardan voz kechib, tadbirkor yoki ishbilarmonning shijoati bilan ish yuritish kerakdir. Axir gazeta-jurnallar  xalqimizning boyligi, u necha yillar davomida shakllangan va uni hech kimning yo'q qilib tashlashga haqqi yo'q. Masalan, “Sharq yulduzi” jurnali to'qson yildirki, milliy adabiyotimiz bilan baqamti yashab kelayapti. Unda bo'y ko'rsatmagan bironta qalamkash bo'lmasa kerak. Uning sahifalarida eng qadimgi madaniyatimizdan shu kunlargacha o'tgan issiq-sovuq, yaxshi-yomon ma'naviy jarayon muhrlangan. Jurnal adabiy olamimizning chinakam qomusi. Ayni paytda u chiqmay qolish xavfida. Qolaversa, jahon matbuot tarixi oddiy bir haqiqatni tasdiqlagan: omma­viy axborot vositalari mamlakat taraqqiyotida temir yo'l yoki kon sanoatidan kam foyda keltirmaydi! Jamiyat a'zolarining ma'naviy kamoloti nechog'li zarur bo'lsa, bu sohaga ham shuncha ehtiyoj bor.

Mamlakatimizda yuksak ko'tarilish va ulkan marralarni zabt etish shijoati hukmron. Bunday olijanob maqsadga barcha soha kishilari baravar hissa qo'shishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Bu yilning “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb atalishida ijtimoiy hayotning ikki qanotini baravar rivojlantirish niyati mujassam. Ana shu yo'lda qalamkashlar ham kamarbasta. Ayniqsa, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan marralar har bir fuqarodan o'ta faollikni talab qiladi. Murojaatnoma bilan tanishgan  vatan­doshlarimizning  qalbida iqtisodiy jihatdan qanday qudratli mamlakatda yashayotganimizdan, yuksak marralarni ko'zlayotganimizdan  faxrlanish tuyg'usi jo'shib ketadi. Xususan, 5,5 ming xotin-qizning kichik biznesi uchun 100 milliard so'm miqdorida imtiyozli kredit ajratilishi; 1576 xotin-qizning yangi uy-joylarga ega bo'lishi uchun bosh­lang'ich badalni byudjet qisobidan to'lab berilishi yuksak insonparvarlik namuna­sidir. Shuningdek, 32 tennis korti qurilishi uchun salkam 500 milliard so'mlik loyihalar amalga oshirilishi, 281 ta tibbiyot muassasasining qurilish va ta'mirlanishi  uchun byudjetdan 1,1 trillion so'm sarflanishining ko'zda tutilishi yurtimiz nechog'li yuksak maqsadlar bilan yashayotganini ko'rsatib turibdi. Albatta, ana shunday olamshumul vazifalarning hayotga tatbiq etilishida OAV xodimlari ham munosib hissalarini qo'shadilar, jurnallarimiz sahifalarida esa buyuk qurilish­larni aks ettiradigan jozibali suratlar joy olib, ular millionlab odamlar qalbiga quvonch va ulug'vorlik ulashadi.

Hakim Sattoriy,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy

publitsistika kengashi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =