Suvratingni suvda eritsam…

Dumaladi devorda yomg'ir,

Oshib o'tdi yelkamdan shamol.

Pichir-pichir qildi tushimda.

Bolarilar yig'ib qo'ygan bol.

 

Ho'b-ho'l bo'ldi Xoja chorbog'i,

Hovuz suvi achigan boda.

O'rkachlarin yog'dan to'ldirib,

Cho'ldan qaytdi uyur, piyoda.

 

Bir kulganday bo'ldi tongotar,

Boshin ko'kka tekkizdi gumbaz.

Tuvakgullar ichkari kirdi,

Tumanlarga qilgancha araz.

 

Bir noz qildi momaqaldiroq,

Yoqa yirtiq bulutlar chopqir.

Qo'ng'iroqni xabarchi qildim:

“Bor, kirpini tokzordan chaqir”.

 

Yomon bo'ldi qibla ahvoli,

Hur sajdalar bo'g'ziga botdi.

Naqshlar ushlab turgan fanduqiy

Joynamozni kuzakka otdi.

 

Porso misol zikri dil tushdim.

Chirmoviqdan o'radim salla

Somonhidga botib yig'ladim,

Hinogullar to'kilgan palla…

* * *

Yuragingda kimning surati,

Qaysi yo'ldan kelayotir kuz?

Nega mening guldonim qadar,

To'rt tomonni bosib ketdi tuz.

 

Tushlaringda kim-kimlar sig'di.

Parvoz ilmi qushlarga nasib.

Chiltorlarning tori uzildi,

Yorug'likda mendan ayrilib.

 

Tumanlarni tanho aylandim.

Tog'so'qmoqqa: “— Yur, dedim—ketdik”.

Uyga qaytsam tinmay chorlashdan.

Surmadonim lablari qiyshiq.

 

Hasratimni xinolar kiydi.

Ko'z yoshimga isindi Iso…

Sho'x shahringning shamoliga ayt,

Bo'lmasin-da ko'p ohanrabo…

* * *

Shamollar yostig'i eskirib ketdi,

Devorlar namini shimadi kunduz.

Mirishkor qal'asin ko'lmaklarida,

Chumchuqlar hut bo'yi kelib yuvar yuz.

 

Maysalar choponin dazmollar shudring.

So'qmoqlar safari bo'lar namoyon.

Qora tol sap-sariq popuklarini

Shabada to'rt tomon sochar – parishon.

 

Bo'z suzma xaltalar mixga ko'z qisar,

Shindilar tubidan ko'rinadi yoz.

Hammadan ertaroq uyg'onib ketib,

Beparvo surp qopni teshadi piyoz.

 

Nokqoqi izini topar chumoli,

Qizg'anib eshigin yopar Navmetan.

Ularga bitta gap aytishdan oldin –

Xudodan qo'rqaman, Xudodan.

 

Qaqnuslar iziga botiraman non.

Lolalar urug'i menga ham Vatan.

Bu quyosh kun bo'yi yerga nur sochar,

Ibodat Rajabning derazasidan…

* * *

So'qmoqchalar ko'nglimni yog'lar,

Minoralar sham' tutgan pari.

Oyoq qo'ysam toshloq yo'llarning

Qo'shiqlari sal-pal jaydari.

 

Tushim gohi jalaga o'xshar,

Guldirakdan yirtilar osmon.

Po'stin kiyib, tog'larga chiqib,

Yulduzlarni  sanayman  oson.

 

Gujumlarga qo'l bergan vali,

Maysalarga bo'lganda urug',

Uy eshigi nam tortgan onam,

Rabog'ida ozadi urchuq.

 

Azon tortdim, tong meni ko'rdi,

Qanotini taradi takbir.

Qirq qiz qal'a yubordi noma:

“Qum sog'sang ham pishirgin chog'ir!”

 

Qozon boshdan qalpog'in oldi.

Dumi qotib ketgan moycho'mich,

Soyang misol savdoyi bo'lsa

Sutkosalar yubordi o'pich…

* * *

Yuragimning yoriqlari ko'p —

Tubigacha yetolmas malham.

Suratingni suvda eritsam,

Suvparilar ko'rsatdi karam.

 

Qizil olov mag'zini yutdim,

Dorbozlarday nurdan tikdim dor.

Farishtani xoli uchratib,

Ko'ngil qo'ysam yuz berdi asror.

 

Chig'anoqlar sharaqlab kuldi,

Ikki qo'lim surati – sopol.

Kamalaklar mashqini olib,

Quyunlardan sog'ib oldim bol.

 

Sahro bordim, kenglikka botdim,

Yomg'irlarga qaldiroq yopdim.

Tushlaringga kirish eshigin

Lolalarning poyidan topdim.

Ibodat Rajabova

Muallif haqida:

Ibodat Rajabova –  Peshku tumanidagi “Qalaymirishkor” qishlog'ida tug'ilgan. Samarqand davlat universitetining filologiya va Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetlarini tugatgan. Shoiraning “Osmondagi farishta”, “Qush kiprigi”, “Buxornur yoki yetti pir”, “Buxoroda gujum gulladi”, “Varazrud gulobi” va boshqa she'riy to'plamlari nashr etilgan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 4 =