Men anglagan haqiqatlar

Hayot — darsxona, unda barchamiz o'quvchilarmiz. Inson bosib o'tgan hayot yo'lini tahlil qilib, yaxshi-yomon kunlarini taroziga solishga, ortiga o'girilib, bilib-bilmay qilgan ishlarini sarhisob etib turishi kerak.
Bu kichik hikoyalar ana shunday hayot saboqlaridan chiqarilgan xulosalardir.

Yaxshilikning halovati

Ishdan chiqib, metroga tushayotganimda sobiq hamkasbimni uchratib qoldim. U mendan ishxonadagi o'zgarishlar, kimlar ishlayotgani, kimlar qaerga ketgani haqida so'rab qoldi.
— Yaxshi ishlab yurgandingiz, bekor ketib qoldingiz-da, — dedim.
— O'sha paytdagi vaziyatni ko'rdingiz-ku, men shoirtabiat odamman. Faktlar, raqamlarga e'tiborsizroqman. Haydab yuborishgandan ko'ra, o'zim ketaqolay dedim-da. Bilasiz, ne-ne qobiliyatli bolalarni bo'shatishdi. Hozirgi ishim tinch, mazza qilib yuribman.
Uning gap-so'zlaridan sohadan ketib qolganidan pushaymonlikni sezib qoldim.
— Ariza yozmasligingiz kerak edi. Qo'lingizdan yozish kelardi. Hozir rahbariyatimizda ijobiy o'zgarishlar bo'lgan. Xo'p, desangiz, men sizni rahbarga aytaman. Qaytib kelasiz.
Hamkasbimning ko'zlarida nur porladi.
— Qanday bo'larkin?.. Oradan yillar o'tib ketdi. Eplay olarmikinman?
U endi o'zini ustoz oldidagi uquvsiz shogirdday tutardi.
Oradan kunlar o'tdi. Ish bilan bo'lib, va'dam xayolimda turgan bo'lsa-da, hafsala qilmadim.
Bir kuni ko'p yillar oldin birga ishlagan do'stim telefon qilib qoldi.
— Yangi nashr tashkil qilayapmiz. Qo'lidan ish keladigan kadrlar kerak. Tanishlardan bo'lsa, ayting.
— Xo'p, bir o'ylab ko'ray-chi? — dedim-u darrov sobiq hamkasbim esimga tushdi. Aksiga olib, ishxonada hech kim uning telefonini bilmas ekan. Undan-bundan surishtirib, axiri topdim.
— O', zo'r-ku! Olisharmikin? — U suyunganini yashirolmadi.
— Ularning sharoiti biznikidan ko'ra ham yaxshiroq, — dalda berdim. — Nasib bo'lsa, olishadi.
Mening tavsiyam bilan u yangi joyda ish boshladi. Biron oylardan so'ng biroz xavotir bilan do'stimga telefon qilib, “kadr”ni so'radim.
— E, e, gap yo'q. Eng yaxshi xodimlarimizdan biri. Sizga rahmat!
Shunda ko'nglimda bir o'zgacha halovat, xursandchilik sezdim. Bu tuyg'u shunday orombaxsh ediki, osmonlarga uchgim kelardi.

Professorning rahmati

Institutni bitirib, o'zim o'qigan maktabda o'qituvchi bo'lib ish boshlaganman. Yosh, qattiqqo'l edim. Kimki, fanimni bilmasa, jurnalga “2”ni bosardim. Kimning qo'li notoza, tirnoqlari olinmagan bo'lsa, dazmollangan dastro'moli bo'lmasa, jazolardim. Darsimda pashsha uchsa bilinardi.
Bir kuni maktabdan chiqayotganimda 9-sinfda o'qiydigan olifta kiyingan, mahmadona bir o'smir yo'limni to'sdi.
— Domla, dadam sizni menga bir uchrashsin, dedilar.
— E, Erkinboy, dadang kim? Nima ishi bor ekan menda?
— Dadam sovxozda g'alla omborining mudiri. Akam bosh buxgalter. Siz menga jurnalga nuqul “2” baho qo'yayapsiz. Boshqa domlalar qalam bilan belgilab, keyin choraklikda to'g'rilab qo'yardi.
— Dadangga ayt, menda ishi bo'lsa, o'zi kelsin?
— Bu “ikki”larni qo'yaversangiz, nima bo'ladi, domla?
— Nima bo'lardi, sinfda qolasan. Keyingi yilda ukalaring bilan o'qiysan.
— Dadamning puli ko'p. Maktab direktorimiz biznikida tez-tez choy ichib turadi. Kuchingiz yetadimi?
Yosh bolaning bu gaplari jahlimni chiqardi.
— Qani ko'ramiz, kim kuchli ekan. Bu gaplarimni dadangga borib ayt.
— Shundan so'ng Erkinni alohida nazoratga olib, har kuni undan uyga vazifani so'ray boshladim.
Bir kuni “O'tgan darsni kim o'qib keldi?” deya so'rasam, qo'rqa-pisa Erkin qo'l ko'tardi.
— Qani, doskaga chiq-chi? — dedim ich-ichimdan suyunib. U tutilib-tutilib, qaltiray-qaltiray darslikdagi matnni yoddan aytib berdi.
— Yaxshi. Mana, o'qisa bo'larkan-ku? — dedim.
Erkin shundan keyin har kuni mening darsimni o'qib keladigan, qo'l ko'taradigan bo'ldi.
Taqdir taqozosi bilan jurnalistika sohasiga o'tib, tuman, viloyat nashrlarida, matbuot va axborot boshqarmasida ishladim. Yoshim ellikdan oshganda poytaxtga ishga keldim.
Toshkentdagi nahorgi oshlardan birida sochlariga oq oralagan, sip-silliq kiyingan, bo'yinbog'li bir o'rta yoshli odam issiq ko'rishdi.
— Meni tanimadingiz-a, domla? — dedi qo'limni qo'yib yubormay.
Ko'zlari, chehrasi tanishday, ammo eslolmadim.
— Men Erkinman, sizning bebosh, mahmadona o'quvchingiz. Siz bizga bir yil dars bergansiz.
Esladim.
— E-e, Erkinboy, bunday ko'rkam, savlatli odam bo'lib ketibsiz. Uzr.
Quchoqlashib ko'rishdik.
— Institutni bitirib, Toshkentda qoldim. Hozir kafedra mudiri, professorman. Domla, bu yutuqlarga siz tufayli erishdim. Bizning maktabimizga o'qituvchi bo'lib bormaganingizda, qatorlashtirib “ikki” baholarni qo'ymaganingizda, qattiq urishib, tanbeh bermaganingizda, bilmadim, bugun qaerlarda bo'lardim. Meni kitob o'qishga o'rgatganingiz, ilm-fanga qiziqtirganingiz uchun sizga mingdan-ming rahmat, domla. Talabalarimga siz haqingizda ko'p gapiraman. Ishonsangiz, o'shanda sizning darslaringizni, bergan uy vazifalaringizni tuni bilan uxlamay yodlab chiqardim…
Uning gaplaridan ko'nglim tog'dek o'sdi. Demak, qishloqda ishlagan yillarim ham izsiz ketmagan ekan.

Qo'rqaman…

Bir do'stim shunday hikoya qiladi:
— Yosh, olov edik. Kichik bir korxonaga rahbar bo'ldim. Qadamimdan o't chaqnar, so'zim keskir edi. Butun idora mening kayfiyatim bilan hisoblashar, hayot go'zal, turmush farovon edi.
Qo'l ostimda ishlaydigan “ojiza”lardan biriga ko'nglim sust ketdi. Yangi yil munosabati bilan uyushtirilgan bayram bazmidan so'ng, qizni xilvatga tortib, qo'lidan ushladim, uchrashib turishga rozilik so'radim. U qo'lini tortib olmadi.
— Siz chiroyli yigitsiz, istiqbolingiz bor, ammo oilalisiz. Shuning uchun qo'rqaman… — dedi muloyim ovozda.
— Nimadan qo'rqasiz? Men borman-ku, axir. Sizga keladigan balo-qazolarga o'zim ko'ndalang! — Ichimlik meni sher qilgandi.
— Yo'q, — dedi u bu safar qat'iy ohangda qo'li bilan osmonga ishora qilib. — U hammasini ko'rib turibdi!
O'yladim: “Nahotki, shu kichik jussali, jikkakkina qizning aqli yetgan narsaga mening aqlim yetmasa?”
Shundan buyon har safar biron nomaqbul holatga duch kelsam, biron sohibjamol aqlimni o'g'irlasa, shu gap esimga tushaveradi.
Meni quvontirgani, keyingi yillarda yurtimizda imon-e'tiqodli odamlar soni ko'paymoqda, islom rivojlanmoqda, uning aqidalari keng yoyilmoqda. Ichmaydigan, chekmaydigan bir yangi avlod hayotga kirib kelmoqdaki, biz yoshi kattalar ularning oldida gohida uyalib qolayapmiz. Ayniqsa, imonli, insofli tijoratchilar, savdo ahli ko'payayotgani kishini xursand qiladi.
— Qizimni chiqarishimiz kerak edi, — deydi bir birodarimiz. — Xotin bilan birga latta-putta olgani Toshkentning “Bek baraka” bozoriga bordik. Ko'p narsa oldik. Uyga kelsak, xaridimiz ichida bir qimmat buyum — so'nggi modadagi mato yo'q. Xotin qaysi do'kondan olganimizni esladi. Er-xotin oradan uch-to'rt soat o'tgach, bozorga qaytib bordik. Sotuvchi biz unutib qoldirgan matoni bir chekkaga olib qo'ygan ekan.
— Biz narx-navosiga tortishamiz, birodar, — deydi soch-soqoli chiroyli olingan yosh yigit. — Ammo o'zganing haqidan qo'rqamiz.
Qani edi, mana shu tuyg'u har birimizga umr bo'yi hamroh bo'lsa…

Halol rizqning xosiyati

Yoshing ulg'ayib, hayotiy tajribang oshib, yaxshi-yomonni ko'raverganingdan keyin atrofingda bo'layotgan katta-kichik voqea-hodisalardan saboq chiqaraverar ekansan.
Davlat bergan “dom”ni shahar chekkasidagi chala qurilgan hovliga almashtirib, ko'chib chiqdik. Boisi, farzandlar katta bo'lib qolgan, ularni uylantirish, uzatish uchun hovli bemalolroq edi.
Katta qizimni “dom”dan uzatib ko'rganmiz: o'zbekning to'y-tadbiriga “dom” torlik qilar, besaranjom bo'larkansiz. Olgan hovlimiz shaharning chekkasida bo'lgani uchun yon-atrofi ovloq, mol-hol boqishga qulay ekan. Xotin bilan maslahatlashib, uch-to'rtta qo'y-qo'zi, bir sigir oldik. Mollarni o'g'illarim maktabdan bo'sh vaqtiga qarab biri tushlikka qadar, ikkinchisi kechgacha aylantirib kelardi.
O'sha kuni uyimizga qishloqdan Bekmirza sinfdoshim kelgandi. Shaharga bir yumush bilan kelibdi-yu ishi bitmay ketolmay qolibdi. Namozshomda, podaqaytar mahal o'g'lim qo'y-qo'zilarni haydab keldi.
Yozning kuni bo'lgani uchun tashqarida chorpoyada o'tirgandik.
— Dada, sigir yo'q, — dedi qovog'ini uyib o'smir o'g'lim.
— Nega? Ko'zing qaerda edi? Bolalar bilan o'ynab, qaramagansan, — achchiqlandim.
Bolalarim meni sira aldab o'rganmagan.
— “Chillak” o'ynayotgandik. Qiziqib ketibman. Bir mahal qarasam, sigir yo'q. U yoqqa chopdim, bu yoqqa chopdim, hech qaerda yo'q. Mahallaning hamma mollari qaytdi, sigirimiz ular orasida ko'rinmadi, — yig'lamsiradi u.
Darrov o'g'illarni, xotinni mahalla ko'chalariga bo'lib jo'natdim.
— Uyma-uy so'rab chiqinglar! — deya tayinladim.
O'z-o'zidan kayfiyat buzildi, oilada besaranjomlik paydo bo'ldi. Mahallani aylangan bolalarim va ayolim sigirni topisha olmay so'ppayib, shalvirab qaytib kelishdi.
Chorpoyada yonboshlab choy ichib o'tirgan Bekmirza og'aynim:
— Siqilmang, domla, — dedi xotirjam. — Sizning sigiringiz yo'qolmaydi.
— Kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi, degani shuda, — dedim jahlimni bosolmay.
— Yo'q, — dedi Bekmirza yana tasalli ohangida. — Siz halol rizq topib yurgan odamsiz. Sizning molingiz yo'qolmaydi. Meni aytdi, dersiz, ertalab sigiringiz topiladi.
O'sha kuni uyquning tayini bo'lmadi. Tongdan bolalarni uyg'otib, poda yo'liga chiqardim. Bekmirza esa shaharga tushib ketdi.
Birpas o'tmay sigirni yetaklab o'rtancha o'g'lim kirib keldi. Sigirning izidan bir lo'li bola ham ergashib kelardi.
— Sigiringiz chopib kelib, mening mollarimga qo'shilib ketdi. Keyin hech kim so'ramadi. Uyga haydab borib, mollar bilan qamab qo'ydim. Yem, suv berdim, — dedi lo'li bola.
Bizdan sal naridagi qo'shni mahallada lo'lilar yashashardi. Chiroyim ochildi.
— Ha, nega bu bola ergashib yuribdi? — so'radim o'g'limdan.
— Sigiringni bir kecha boqib chiqdim. O'shaning pulini ber, deyapti.
Kulib yubordim. “E otangga rahmat. Sendan pul aylansin”. Cho'ntagimdan pul chiqarib, bolaga uzatdim.
Shundan buyon bu qavm vakillariga o'zgacha mehr bilan qarayman. Ota-bobolarimiz ko'p gapiradigan, muqaddas kitoblarimizda yozilgan halol rizq, halol luqma kabi iboralarning mag'zini chaqqanday, ma'nosini anglaganday bo'ldim.

Munofiqning yuzi qora

— To'satdan ertalab ishga kelayotganimda mashina urib ketdi, — deya hikoya qiladi tanish hamkasbim. — To'shakda mixlanib qoldim. Bir yil deganda zo'rg'a oyoqqa turib, hassada ishxonaga keldim. Shunda betob paytimda biron marta, aqalli telefonda bo'lsa-da, holimni so'ramagan rahbarim: “Siz endi ishga yaramaysiz, bo'shash to'g'risida ariza yozib bering”, desa bo'ladimi?! Muzlab ketdim. Ko'zimga yosh keldi. “Ustoz, bu ahvolda hozir men qaerga boraman, kim meni ishga oladi. Eng past, kichik lavozim bo'lsayam, ishlab turayin. Do'xtirlar tuzalib ketasiz deyishayapti”, deya yig'lab yubordim. “Yo'q, — dedi rahbar qat'iy. — Men o'rningizga odam olib qo'yganman”.
Eh-he, men bu odamning qancha xizmatlarini qilgandim… Yaxshiyam, qarindosh-urug', oshna-og'aynilar bor ekan, bir amallab oyoqqa turdim. Endi men bu insonni qanday qilib “ustoz” deyman. Ismini eshitsam, g'azabim qo'ziydi…
Tanishim aytgan rahbarni tanirdim. Insof, diyonat, halollik haqidagi ma'ruzalarini ko'p eshitganman. Yig'ilishlarda insoniylik, ezgulik, vatanparvarlik to'g'risida jo'shqin nutqlar so'zlardi. Ammo ishi, amali gapiga mos kelmas, ikki yuzlama odam edi. Ishga olayotganda hatto farroshdan ham ta'ma qilar, yosh qizlarga ko'z suzar, o'zim chiqqan tepa omon bo'lsin, deydiganlar toifasidan edi.
Qirq yildan ortiq ish faoliyatim davomida turli fe'l-atvordagi rahbarlarni ko'rdim, ba'zilari bilan birga ishladik. Qattiqqo'l, halol, bag'rikeng, professional mutaxassislar sohaga hayotini bag'ishlagan kishilar qatorida maishatparast, manfaatparast, qo'rqoq va ayyor, xudbin, shuhratparast, mansabparastlar bilan muloqot qilishga to'g'ri kelgan.
Mening nazarimda, ular orasida jamiyat uchun eng xavflisi munofiqlardir. Agar munofiq rahbar bo'lsa, u boshliq idora, tashkilotning uyi kuydi, deyavering.
Munofiqdan davr o'tgach, shogirdlar, shotirlar uzoqlashib, muammolar girdobida yolg'iz qoladi. Bunga hayotda ko'p bora guvoh bo'lganmiz. “Nima eksang, shuni o'rasan”, deganlari shu bo'lsa kerak-da!

Abdujalol Taypatov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − fifteen =