Va'da berish osonmi?

Sirdaryo tumanidagi 71-maxsus maktab-internat rekonstruksiyasi boshlandi-yu tashlandi. Shu tumandagi 32-umumta'lim maktabi esa hamon “avariya” holatida…

Bugungi O'zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylangani hech kimga sir emas. Lekin “guruch kurmaksiz bo'lmaydi” deganlaridek, Sirdaryoda keyingi yillarda bitishi ichakdek cho'zilib kelayotgan, “tuya go'shti yegan” qurilish ob'yektlari bir-ikkita emas. Xususan, Toshkent – Guliston katta magistral yo'lida qayta qurilayotgan ko'p­rik bir necha yildirki, sira bitmaydi. Ming-minglab yo'lovchilar tirbandlikdan xunob. Ayniqsa, katta yuk mashinalari qatnaydigan ushbu magistral yo'ldagi tirband­lik ba'zida viloyatlararo davom etishiga sabab bo'lmoqda. Hatto ana shu muhim ob'yektning ishga tushmagani viloyat markazi — Guliston shahriga ham salbiy ta'sir qilib, bu yerda ham tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Ammo quyida bu “olamshumul” qurilish haqida emas, bundan kichikroq, lekin ahamiyati jihatdan o'ta muhim chala bunyodkorliklar haqida to'xtalmoqchimiz.

Dastlab yana Sirdaryo tumanidagi 71-maxsus maktab-internat rekonstruksiyasi haqida ikki og'iz.

“Yana” deganimizning boisi – ushbu qurilish ob'yekti haqida shu yilning 27 mart kuni  “Adolat ko'zgusi” gazetasida kattagina tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. Lekin u viloyatning hozirgi paytdagi “gazeta o'qimas” rahbarlari e'tiboridan chetda qoldi. Achinarlisi, oradan o'tgan 8 oy davomida qurilish ob'yektida loaqal 8 dona g'isht bir joydan ikkinchi joyga olib qo'yilmadi. Ma'lum bo'lishicha, maktab-internat binosini qayta qurish 2019 yilda boshlangan.

Dastlab ushbu bilim maskani butun jihozlari, 240 nafarga yaqin o'quvchisi va 100 kishilik pedagogik jamoasi bilan Sirdaryo tumaniga qo'shni  Baxt shahridagi yengil sanoat kollejining bo'shab qolgan binosiga ko'chirilgan. 3,5 gektarni egallagan ushbu bilim dargohi qurib bitirilsa, uning mamlakatimizdagi eng ko'rkam, barcha qulayliklarga ega o'quv va tarbiya maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz edi…

Biroq viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi mutasaddilarining ta'kidlashicha, 2020 yilgi pandemiya ishning beliga tepgan. Shu sababli qurilishda depsinish boshlangan emish. Barcha ishlar deyarli to'xtabdi. Bu orada pudratchi korxona —  “Great builders” MChJ quruvchilari bir qavatli o'quv binosini ikki qavatliga aylantirish, boshqa binolarning tomlarini yangilash, isitish va yoritish tizimi uchun salkam 10 milliard so'mlik ajratilgan mablag'ini allaqachon sarflab tugatishgan. Qoyilmisiz?! Yomon tomoni, shu bilan barcha ishlar o'lda-jo'lda tashlab ketilgan-da!

To'g'ri, respublika hukumati maktab-internat binosi rekonstruksiyasini nihoyasiga yetkazish yuzasidan shoshilinch chora-tadbirlar rejasini ko'rgan. Jumladan, hukumat tomonidan 3 ta yirik korxona:

“SFI Management Group” MChJ, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” hamda “O'zbekis­ton metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlarining tashabbusli ajratmalari mazkur ob'yektning rekonstruksiyasini ta'minlash uchun asosiy moliyalashtirish mab­lag'lari etib ko'zda tutilgani qo'llab-quvatlangan. Agar ish boshlanishida 10 milliard so'm sarflanganini hisobga olinadigan bo'lsa, qurilishni yakunlash uchun yana 25 milliard so'm mab­lag' zarur ekan. Taassufki, hali-hanuz yuqoridagi obro'li va saxovatpesha homiylar mab­lag'idan esa negadir darak yo'q ekan.

Bu — masalaning iqtisodiy jihati. Biroq masalaning maishiy-ma'naviy tomonlari ham bor.

Ya'ni, maxsus maktab-internat jamoasi ko'chirilgan kollej binosi 4 yildirki, ruhiy va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan o'quvchilar  uchun muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Misol uchun, kollejning katta va baland shiftli xonalarini isitish qiyin. Ularni bir amallab moslashtirib, amal-taqal faoliyat yuritishayapti. Biroq kollej yotoqxonasida o'quvchilar haftada loa­qal bir marta bu yerda yuvinishiga hech qanday sharoit yo'qligi chatoq ekan.

Noiloj, ota-onalar har hafta 50-100 kilometr yo'l bosib, uy va maktab-internat oralig'ida sarsonu sargardon bo'lishmoqda. Bu esa aholi orasida turli noroziliklar tug'dirayotgani sir emas.

— Baxt shahriga haftada 2 marta Oqoltin tumanidan qatnayman, — dedi Rahmatilla G'ofurov. — Ya'ni, dushanba kuni bemor o'g'limni yo'l mashinasida maktabga olib kelaman, shanba kuni uyga qaytarib olib ketaman. Yuvintirib, dushanba kuni yana olib kelaman. Olis masofa, yo'lkira ancha madorimni quritib qo'ydi. Yul azobidan bemor o'g'lim ham ezilib ketdi.

Biz suhbatlashgan boshqa ota-onalar ham shu fikrga yaqin gaplarni aytishdi.

Albatta, bu ahvoldan bugungi viloyat mutasaddilari xabarsiz, desak, adolatdan bo'lmas.

O'tgan yilning 1 dekabrida  o'sha paytda viloyat hokimi vazifasini bajarib turgan Akmaljon Mahmudaliyev tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida qurilish ob'yektiga tashrif buyuradi. Bu yerdagi ahvol bilan atroflicha tanishib, vaziyatni o'nglash yuzasidan tegishli ko'rsatmalar bergan. Ertasi kuni esa viloyat rahbari Baxt shahriga, hozirda maktab-internat joylashgan kollej binosiga ham kelganlar. Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o'nlab o'quvchi o'g'il-qizlarga sport kiyimlari va boshqa sovg'alar hadya qilibdi. Lekin ming afsuski, viloyat rahbarining jamoa muammolariga munosabati shu bilan yakun topibdi.

Endi e'tiboringizni “Hurriyat” gazetasining shu yil 29 mart sonida e'lon qilingan “O'gay maktab” sarlavhali maqolaga qaratmoqchimiz.

Unda Baxt shahridagi 32-maktabdagi “avariya” holati haqida so'z borgan edi.

Taassufki, bundan 50 yil muqaddam qurilgan ushbu maktab o'tgan vaqt mobaynida biron marta ham kapital ta'mirlanmagan ekan.

E'tiborli jihati shundaki, maqola gazetada e'lon qilingach, viloyat hokimi sifatida to'laqonli ish boshlagan Akmaljon Maxmudaliyev katta-kichik  rahbarlar qurshovida 32-umumta'lim maktabigada tashrif buyuribdilar. Sinfxonalarni aylanib, “avariya” holatiga shaxsan guvoh bo'lgan. Viloyat rahbari maktabni shu yilning o'zidayoq joriy ta'mirlash yuzasidan  Sirdaryo tumani hokimiga, viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi  rahbarlariga tegishli ko'rsatmalar bergan. Lekin…

Hurmatli mushtariy, 71-maxsus maktab-internat va 32-umumta'lim maktabi o'rtasida qanday bog'liqlik bor, deb o'ylarsiz. Hamma gap shundaki, biz yuqorida tilga olgan Baxt yengil sanoat kollejining bo'shab qolgan binosiga aslida mana shu 32-maktab jamoasi ko'chirilishi belgilangan edi.

Bugun esa na maktab-internatning yangi binosi qurib bitkazildi, na 400 o'rinli 32-maktab binosi joriy ta'mirdan chiqarildi. Qisqasi, hamma va'dalar va'daligicha qolib ketmoqda.

Ne tongki, “bergan va'dalaring qani?”, deb so'raydigan mard topilmayapti. Viloyat rahbarining esa ishi ko'pligidan bo'lsa kerak, biz aytayotgan maktab-internat hamda 32-sonli maktab bo'yicha jiddiy shug'ullanish­lariga vaqtlari bo'lmayaptilar, chog'i.

Mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev har bir katta-kichik rahbardan, avvalo, ta'lim sohasiga e'tibor qaratishlari lozim ekanligini hamisha uqtiradilar. Shu bois yaxshi niyatda bo'lib turamiz. Ajab emaski, viloyat mutasaddilari bergan va'dalarini eslab qolishsa?!

Haydarali MAMATOV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − three =