“DUNYO UMID BILAN TIRIK…”

– Shuhrat aka, o‘tgan 2014 yil madaniy hayotimiz uchun boy keldi. Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi,  Milliy teatrimizning 100 yilligi va yana bir qator qadriyatlarimizni e’zozlaydigan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, “O‘zbekteatr”, “O‘zbekkino” va albatta, O‘zbekiston yozuvchilari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirlar, milliy adabiyotimiz, san’atimiz ravnaqiga katta hissa bo‘lib qo‘shilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ana shu jarayonning faol ishtirokchisi, adabiyot, san’at sohalarining bilimdoni sifatida o‘z fikr va mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz… 

– Barcha e’tirofingiz o‘rinli. Keling, vaqtni cho‘zmasdan taassurotlarga o‘taqolaylik. O‘tgan yili yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning “Puankare” hikoyasi og‘izga tushdi. “Parim bo‘lsa” degan hikoyasi “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilindi. “Yetim so‘z” nomli yaxshigina hikoyasiga ko‘zim tushdi. Yaxshi hikoya ekan, o‘qib ko‘ring. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida Isajonning (Isajon Sulton) “Uzuk” degan hikoyasini o‘qidim. Durustgina. Telefon qilib muallifni tabrikladim. Hikoyada udumlarning bezavolligi, shular bilan bog‘liq oilada ma’lum bir qadriyatlarning saqlanishi haqida yaxshi fikrlar aytilgan. Ayniqsa, bir joyi bor – bu biz o‘zbeklargagina xos. Shunaqangi tilla buyumlar olsak, albatta, birinchi navbatda taqinchoq sifatida, bezak sifatida olamiz, ayni chog‘da, bu – mulk, og‘ir kunga yaraydi, deb uni ikki karra qadrini oshirib, ehtiyotlab saqlaymiz. O‘sha ma’noda, og‘ir kunlaringga yarab qoladi deb, momosi bergan uzukni, hikoya qahramonining onasi juda ehtiyotlab asraydi. Uzukni taqish, bezak sifatida foydalanish o‘rniga, balki biron og‘ir kunda kerak bo‘lar deb saqlaydi. Lekin biron marta, eng og‘ir paytlarida ham uzukni sotib, bir koriga yaratmaydi. Uyda bolalar ko‘p, eri nihoyatda qiynalib bolalarini o‘stirayapti, gohi ochin, gohi to‘qin… Ularning o‘ziga yarasha har-xil ehtiyojlari bor. O‘shandayam bu uzukka tegilmaydi. Shu joyda juda yaxshi topilgan gap bor. Ha, mana, o‘qib beraman, eshiting: “Otang u uzukni qancha zahmatlar, ne-ne mehnatlar evaziga, uzoq shaharlarga borib, sarson bo‘lib olib kelgan. O‘shanda rosa xursand bo‘lganman. Shuncha qiymatni o‘zida jamlagan uzukni sotib, kunimga ishlatarmidim! O‘lsam ham ishlatmasman, dedi onam”. Yana aytaman, hikoyadagi uzuk qandaydir zeb, bezak vositasi emas, u o‘sha xonadonning qadriyatlar haqidagi tushunchalarini o‘zida jamlagan bir hodisa – buyum. Onaning qadriyatlar borasidagi bari tushuncha, falsafasi shu fikrda aks etayapti. Aslida hamma o‘zbek ayollarining psixologiyasi, falsafasi mana shu! Uzukka o‘xshash mulk hisoblanuvchi buyumlar doim xayolni bir chekkasida turadi, qiynalib qolsam shu narsa bor-ku, degan bir taskini bo‘ladi. Bu, balki, umuman, o‘zbekka xos odat, desak yanglishmaymiz. Masalan, g‘arbliklar olgan narsasini darrov ishlatadi yoki kerak bo‘lganda, sotib yuboradi. Ular uchun bu hech narsa emas. Lekin bizda, jumladan, ayollarda ham zahmat bilan qo‘lga kiritilgan buyum ortidagi mashaqqat doim xayolda turadi…        

– Shu o‘rinda bir savol tug‘ilayapti. Hikoyadagi holat baribir kechagi kun. Bugungi kunga bu qanchalar to‘g‘ri keladi? Sizning hikoyadan zavqlanganingiz san’atga xos hodisa. Lekin hayotda bunaqa hodisalar davom etishi kerakmi, nima deb o‘ylaysiz?

– Albatta, davom etishi kerak. Mayli u uzukmi yoki boshqami, qat’i nazar, muayyan moddiy hamda ma’naviy qiymatni o‘zida jamlagan narsalar qadriyat tusiga kirganidan keyin, u xonadonda har qancha murakkab bir vaziyat bo‘lmasin, saqlanishi, olib qolinishi, ya’ni xonadonning avloddan avlodga o‘tadigan eng muhim qadriyati sifatida e’zozlanishi zarur. Osonlik bilan qo‘lga kiritilgan, shunchaki chiroyli ekan deb erishilgan narsa bo‘lsa, yo‘qolsa ham, o‘g‘irlansa ham ko‘pda kuyinmaymiz. Chunki, bu zahmat chekib topilmagan. Asli bu holat umuman inson psixologiyasiga xos, albatta. Lekin, aynan shu umumpsixologiyaga xos jihatlar har bir millatda har-xil namoyon bo‘lar ekan-da. Bizda agar qadrli narsa yo‘qolsa, salkam dramaga aylanib ketadi. Shu o‘rinda rahmatli O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asaridagi bir lavha xayolimga kelayapti. Yodingizda bo‘lsa, onaning ziragi yo‘qolganda, folbinga borishadi. Folbin norasida bolani afyunlab, u orqali qo‘shni ayolni o‘g‘ri gumon qiladi. Shu asnoda qo‘shniga zug‘um qilinadi. Ittifoqo zirak uydan topilib qoladi. Qo‘shnidan hijolat ona pushaymon bo‘lib, qanday qilib uzrxohlik qilishni o‘ylaydi. Oradan vaqt o‘tib qo‘shnisi qizini uzatayotganida, uni bag‘riga bosib, o‘sha zirakni qulog‘iga taqib qo‘yadi, hech bir ta’masiz, fiysabililloh. Va uning ko‘nglidan g‘uborini aritadi. Bu ikki misolda, nazarimda, o‘zbekona qadriyatlarning namoyon bo‘lishini turlicha hayotiy lavhalar orqali aniq tasavvur qilsa bo‘ladi.

Bularning hammasi yaxshi, albatta. Lekin adabiyot yanayam jiddiyroq, jamiyatning barcha qatlamlariga kirib boradigan kattaroq mavzularga qo‘l urishi kerak. Adabiyot bugun katta badiiy haqiqatlar darajasiga o‘sib chiqishi lozim. Bu nima bilan bog‘liq? Nazarimda, bugun biz anchagina torroq doirada o‘zimizga mahliyo bo‘lib, o‘ralashib qolganga o‘xshaymiz. Doimiy odatimga ko‘ra, qolaversa, xizmat taqozosi bilan ham, jahon adabiyotining ko‘p namunalarini o‘qib borayapman. Hamisha miqyosni katta olib, huddi bir zamonlardagidek, kerak bo‘lsa, tarixiy jarayonlarni muayyan bir bosqichlarda o‘zgartirib yuborishga xizmat qiladigan darajada katta quvvatga ega bo‘lishi kerak ekan. Biz gohida adabiyotning o‘rnini ko‘ngil doirasida bo‘lish kerak degan fikr aytamiz. To‘g‘ri, lekin o‘sha ko‘ngilda qanday jarayonlar kechmoqda? Ko‘ngilda, masalan, yurtimizdan narida kechayotgan voqyealarga befarqlik bo‘lsa, o‘zining atrofidagi hodisalarga ham befarqlik bo‘lishi tayin. Ana o‘shanday befarq odamga adabiyotni ham, san’atni ham keragi yo‘q. Aksincha, befarq bo‘lmagan odamning ko‘nglida adabiyot va san’at shu darajada chuqur o‘rnashgan bo‘lishi kerakki, shularning prizmasi orqali dunyoga nazar tashlab, hech bo‘lmasa, hodisa mohiyatida yotgan yovuzlik yoki ezgulikni to‘rtta odamga tushuntirib berishga qodir bo‘lsin. Menimcha, adabiyot odamlarni sergak torttirishi, dunyoga ko‘zini kattaroq ochib qarash kayfiyatini, uyida, jamiyatda, dunyoda bo‘layotgan jarayonlarga daxldorlik hissini uyg‘otishi kerak. Bugun inson o‘zgardi, tobora o‘zgarish kuchaymoqda. Bugungi inson ming yillar davomida jismoniy mehnati bilan rizq topib, hayotni yashnatgan “HOMO SAPIENS” emas. U yakkalikka, yagonalikka intilayotgan unikum. Balki yakkalik ijodiy individuallikka omil  bo‘lishi mumkin deya kaminani inkor etarlar. Ammo  jamoa tuyg‘usisiz, jamiyatdan tashqarida ma’naviyat yo‘q, demakki, inson ham yo‘q. Binobarin, uni insoniy qiyofada saqlab qolmoq kerak. Bugun adabiyotning oldida mana shunday vazifalar turibdi.

– Siz hozir aytgan gaplar adabiy va madaniy merosga ham taalluqli. Mayli, u adabiyot shaklida bo‘ladimi yoki uzuk shaklidami – gap qadriyat haqida ketayotgani tushunarli. Bugungi kunda mana shu ishlarga kamarbasta insonlardan birisiz. Shu ma’noda, adabiy merosga munosabat masalasida, yana qanday ishlar qilinishi kerak deb o‘ylaysiz? Yana bir gap. YAqinda Abdulla Qahhorning besh tomlik asarlarini qayta o‘qib chiqdim. Ayniqsa, “Qo‘shchinor chiroqlari”qissasidan ta’sirlandim. Fikrimcha, asar qahramonlari yashagan davrning nuqsi, tashkiliy unsurlar adabiyot va abadiyat oldida mayda narsa, arzimas bir gap. Muhimi, adib yaxshi va yomon odamlar qalbida kechayotgan kurashni tasvirlagan, ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi bahs diqqatimiz markazida turadi. Qolgani o‘tkinchi gaplar. Bu tipdagi asarlarga, ya’ni yaqin o‘tmishda yozilgan-u, lekin tuzumga doir belgilar bo‘lgan namunalarga yondashuvni o‘zgartirish kerakmi? Balki bu yanglish fikrdir, ammo shu xil qarashlarga munosabat bildirib, adabiyotshunoslar nuqtai-nazarini ochiqlash zarurga o‘xshaydi… 

– Hamma sohada bo‘lganidek, adabiyotda ham o‘tkinchi narsalar ko‘p, abadiyatga doxil narsalar ham. Abadiyat deganimiz ham albatta, nisbiy tushuncha. Demoqchimanki, yuz, bir necha yuz yillikka doxil asarlar mavjud. Daholar yozgan asarlarning mayda-chuydasi bo‘lmaydi. Masalan, hazrat Alisher Navoiyning bironta harfini, bironta satrini qandaydir mavsumiy, o‘sha kunlarning ruhigagina xizmat qiladi, keyingi davrlarga daxldor emas degan gaplar bilan chetga surib bo‘lmaydi.

Endi… Xo‘sh, daholar… Masalan, Shekspir bo‘ladimi, Tolstoy, Dostoyevskiy bo‘ladimi, Konfutsiymi – vaqtlar o‘tishi bilan deylik, ularning har bir asarining muayyan davrda dolzarblik jihati bo‘rtib chiqaveradi. Qaysidir davrda, deylik, hazrat Navoiyning “Mezon ul avzon”iga balki ehtiyoj umuman bo‘lmas. Davr kelib, g‘azalchilikka qiziqish ortib borsa, aruzda tajribalar qiladigan shoirlar ko‘payib borsa, albatta, “Mezon ul avzon” yana qayta o‘qiladi, yana o‘shanga murojaat qilinadi. Masalan, Shekspirning pesalari qaysidir davrda katta ahamiyat kasb etadi, qaysi bir davrda repertuardan tushib qoladi, muayyan payt o‘tgach esa yana unga murojaat qilinadi. Badiiy jarayon shunaqa! Yuksak mezonlar nuqtai nazaridan yondashganda, yuksak talablarga javob beradigan buyuk badiiy asarlar, buyuk badiiy tafakkur namunalarini shunday qismat kutadi. Ularga gohida ehtiyojsizlik tufayli muvaqqat bir e’tiborsiz munosabat bo‘ladi, lekin vaqti soati kelib, yana murojaat qilinadi, chunki, har jihatdan ma’naviy ehtiyojlarga javob beradigan xususiyatlari namoyon bo‘lib qolaveradi. Ammo yana shunday asarlar bor-ki, daholar emas, yaxshi san’atkor-adiblar tomonidan muayyan davrning talabi, ijtimoiy buyurtmalar bilan yaratilgan bo‘ladi, ma’lum vaqtga kelib, deylik, mavzuga zarurat so‘nganidan keyin u asarlarga bo‘lgan qiziqish ham o‘z-o‘zidan qolib ketadi. Dramaturgiyada, kinoda bunga o‘nlab misollar keltirish mumkin. Shu jumladan adabiyotda ham. Deylik, “Qo‘shchinor chiroqlari”ga o‘xshagan asarlar, masalan, Abdulla Qahhor iste’dodini belgilashda asosiy etalon bo‘lolmaydi. Aytaylik, “Qo‘shchinor chiroqlari”da ham yozuvchining stilist, so‘z ustasi sifatidagi mahorati bir qancha yorqin misollar bilan ko‘rsatib berilishi mumkin. Bu jihatdan asar ma’lum bir qadrini saqlaydi. Lekin… 

– Bilasiz, huddi shu qismat adabiy qahramonlar boshida ham bor. Barkamol qahramonlar va ular qatorida turli davrlarda turfa yondashuvlarga duchor bo‘lgan qahramonlar…

– Gapni Yo‘lchiga burmoqchisiz-da?

– Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bilan kechgan suhbatimizda shu ma’noda so‘z aylangan edi. Sezib turganingizdek, gap Oybek domlaning “Qutlug‘ qon” asari haqida ketmoqda. O‘quvchilarimizga shu mavzudagi qarashlaringizni batafsil aytib bersangiz. Ya’ni savol bunday: gap faqat Yo‘lchi, Mirzakarimboy haqida emas. Vaqt o‘tar ekan  qayta talqin qilishga, o‘quvchilarga ularning xatti-harakatlarini tushuntirib berishga ehtiyoj bo‘lgan adabiy qahramonlar ko‘p. Siz adabiyotshunoslik ilmi nuqtai nazaridan masalaga qanday yondashish kerak deb o‘ylasiz?

– Musohabamizning shu mavzuga ko‘chishini sezgandim. Ochig‘ini aytay, buni Oybek ijodiga muhabbatim, chuqur e’timodim tufayli aytayapman, u ulug‘ adib, Shaxs! Oybekday shaxslarning davr, asrlar osha o‘lchov mezonlari boshqacha, vaqt o‘tgan sari yuksaklik tomon takomil olib boraveradi…

Agar ko‘zingiz tushgan bo‘lsa, ikki-uch oy muqaddam “Kitob dunyosi” gazetasida Odil YOqubovning “Rostgo‘yning hayoti” degan hikoyasi e’lon qilindi. Mana shu hikoya, ochig‘i, meni nihoyatda o‘ylantirib qo‘ydi. Odil YOqubovning “Diyonat” nomli romani bor. Asardagi professor Normurod Shomurodov domla sotsrealizm metodining mafkuraviy mezonlarini nazarda tutib yaratilgan obraz edi. U har qanday ziddiyatga borib bo‘lsa ham o‘z haqiqatini ma’qullaydigan va bu haqiqatni partiyaning haqiqati, o‘zi suyanadigan e’tiqodning eng bosh haqiqati tarzida qabul qiladigan o‘jar, badfe’l odam. Chunki, u odam g‘oya yo‘lida hech kimni – na qarindoshini, na bola-chaqasini ayamagan, e’tiqodiga zid neki bor, hammasini inkor etgan, – xullas, shunaqa g‘oya bilan shakl­langan va yashagan odam. Uni Odil aka sovet davrining ideallaridan biri sifatida taqdim qilgan. Odil YOqubovni o‘zi ham ana o‘sha ideallarga ishongan. O‘z qahramoni orqali o‘sha davrning, tuzumning ayni talablarini tabiiy deb qabul qilgan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin, Odil akaning ham fikri inqilobga uchrab, o‘sha paytdagi adabiy qahramonlari zamonning, mafkuraning quliga aylanib xato qilgani kabi ular orqali o‘zining ham yolg‘on e’tiqodga haddan tashqari ishonib, sadoqat ko‘rsatgani ma’lum ma’noda ruhiy dramasiga sabab bo‘ldi. Nafaqat Odil aka, Asqad Muxtor, Ozod domla va yana qator halol, e’tiqodli insonlar nomini bu borada yodga olish mumkin. Mana shu jarayon “Rost­go‘yning hayoti” hikoyasida rosmana ko‘rindi. Endi bu asarda o‘sha Shomurodov obraziga o‘z vaqtida prototip bo‘lgan Rostgo‘y yana aynan o‘sha haqiqatlarni ilgari suradi, lekin uning haqiqatlariga muallif, ya’ni yozuvchi shubha bilan qaraydi. Va u yolg‘on aqidalarga ishonib, juda ko‘p qadriyatlaridan voz kechib to‘g‘ri ish qilganmikan, degan iztirobli mulohazalarga boradi. Ana o‘sha muallif – qahramonning evolyutsiyasi, ya’ni “Diyonat”dan boshlanib, “Rost­go‘yning hayoti”da qay bir darajada o‘zgargan tadrij yozuvchining o‘z g‘oyaviy qarashlaridagi o‘zgarishlarning ayni aks-sadosi bo‘lib ko‘rinadi. Chunki, adibning o‘zi mustaqillikkacha muayyan bir qarashlarda edi, mustaqillikdan keyin tamomila boshqacha qarashlarga keldi. Shular yangi asarlarida o‘z ifodasini topdi. Odatda hikoyalar eskiz vazifasini o‘tab, so‘ng katta polotno – romanlarga o‘tilar edi, ammo O.YOqubov misolida aks jarayon kechdiki, oxir-oqibat bu yozuvchining vijdoni mudom uyg‘oqligi, atrofida kechayotgan hodisalarga befarq bo‘lolmasligi, munosabat istagining yorqin ko‘rinishi bo‘ldi. Bunday shakldagi istig‘fori bilan Odil YOqubov yana bir karra millatning katta adibi ekanini anglatib ketdi. 

Ushbu hikoyani eslashimning sababi, agar Oybek domla “Qutlug‘ qon”ni bugun yozadigan bo‘lsa, Yo‘lchi obraziga shunday yondasharmidi, deb o‘ylab qolaman. Balki, oldingi qatorga jadidlar chiqardi – Abdishukurlar misolida. Yoki “Ulug‘ yo‘l”dagi Anvar qorilar misolida Munavvarqorilar bosh obrazga aylanarmidi. Qay bir ma’noda, Mirzakarimboy va uning atrofidagilar, shu sohaning kishilari old qatorlarga chiqardi. Lekin Oybek domla ham Yo‘lchi obraziga yondashuvida, biribir judayam keskin bir burilish qilmas edi, deb o‘ylayman. Sababi shuki, Oybek o‘sha paytdayoq, aynan voqyelik boshqa narsani talab qilib turgandayam, hayotiy haqiqatga sadoqatini ko‘rsatib, Yo‘lchi obraziga nihoyatda to‘g‘ri yondashgan. To‘g‘ri yondashuvi shundaki, Yo‘lchi roman oxirida o‘lim topadi. Uning o‘limi, uning nisor bo‘lgan qoni qutlug‘ qon deb go‘yoki Shokir otaning tilidan optimistlik qiladi, umidbaxsh yakun yasaydi. Vaholanki, Oybek Yo‘lchini romanda jismonan o‘ldiradi. Chunki, uning o‘lmasligi mumkin emas edi! Oybekning buyukligi, har qanday vaziyatda ham haqqoniyatni bosh mezon qilib belgilagani shundaki, Yo‘lchilar agar tarix sahnasiga chiqadigan bo‘lsa, bu mamlakat albatta tanazzulga uchrardi, milliy qadriyatlari ham, o‘tmish merosi ham, o‘tmish buyukligi ham hammasi shubha ostida qolardi yoki inkor qilinardi. Real hayotda shunday bo‘ldi ham. Yo‘lchiga o‘xshagan yo‘qsillar mamlakat yetakchiligiga kelganidan keyin, xuddi shunday bo‘ldi. Oybek aynan shuni his qilolgani, oldindan ko‘rolgani uchun ham Yo‘lchilarni tarix sahnasidan jismonan mahv etib, olib tashlaydi. E’tibor qilsangiz, men Yo‘lchilar deyapman. Chunki Yo‘lchi muayyan sho‘rocha g‘oyalar tajassumi o‘laroq talqin etilsa, “lar” ko‘plik qo‘shimchasini qo‘shib aytish zarur. Ammo u konkret shaxs-inson sifatida Oybek simpatiyasining mahsuli. Balki u qalban toza, adolatga o‘ch, nohaqlikka murosasiz etib tasvirlangani uchun ham kelajak “qizil istibdod” tuzumiga sig‘masligi ham mumkin edi. Yo‘lchini ijodiy individ sifatida shunday talqin etish ham mumkin. Ammo bosh obrazga ijtimoiy tus berilganda, uni keyingi tarixiy jarayonlar uchun saqlab qolish xavfli va fojeiy oqibatlarga sabab bo‘lishi aniq edi. Oybek asosiy qahramonini o‘z g‘oyaviy tushunchalari, xalqi-millatining istiqboli tashvishlarida tarix maydonidan suradi. Yo‘lchilar saltanati joriy bo‘lmasligidan ogoh etmoqchi bo‘ladi, go‘yo. Naryog‘iga mushohada qilsangiz, 68-70 ga kirgan Mirzakarimboy hayot, o‘g‘illari, gumashtalari hayot, jadidlar hayot, jadidlar asta-sekinlik bilan oldinga chiqa boshlaydi, ammo Yo‘lchi o‘ldiriladi. Sababi, yana ta’kidlaymanki, Yo‘lchilarni tarix sahnasiga chiqarib bo‘lmas edi. Oybek shuni anglagan. Yo‘lchilar misolida proletariatning asosiy gegemon kuch o‘laroq tarix sahnasiga chiqishi har qanday mamlakatni oxir-oqibat tanazzulga olib kelishini ko‘ra bilgandi. Va ayni paytda zamonni, mafkuraning nima ekanini ham teran his qilib, o‘zining ma’lum bir jismoniy, ma’naviy muhofazasini ham o‘ylagan holda, go‘yo Yo‘lchining o‘limidan sotsrealizm andozalariga binoan yuksak bir sho‘roviy g‘oyaviylikni yasashga harakat qildi. Romanning tag qatlamlariga kiradigan bo‘lsangiz, nazarimda, Oybek Yo‘lchini xuddi mana shu jihatdan mantiqiy yechimga olib kelganini, tagma’nolarga shu qarashlarni singdirib yuborganini his qilasiz. Shuning uchun ham romanda Mirzakarimboy obraziga, jadid Abdishukur obraziga yoki mamlakatning boshqa bir qator oldi boylari, ziyolilari obraziga murojaat qilganida, Oybek garchi salbiy bo‘yoqlardan foydalansa ham, ularni ob’yektiv haqiqat bo‘yicha rostmana qiyofasini yaratib, aynan shular tarixni harakatlantiruvchi kuch ekanligini uqtirayotgandek tuyuladi.

– Shuhrat aka, shu o‘rinda yana bir savol tug‘ilayapti. Bu – ijodkorning, ya’ni yozuvchining, munaqqidning  ijtimoiy pozitsiyasi, ijtimoiy faolligi bilan bog‘liq. Sizning nuqtai nazaringizda adibning ijtimoiy pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak? Ijtimoiy buyurtma asosidagi asarni ijtimoiy talabdan kelib chiqib tahlil qilishga qanday qaraysiz?

– Ochig‘i, bunday munosabat ham kerak, foydali. Ijtimoiy buyurtmalar zarur san’atda. Badiiy adabiyot, san’at jamiyatning ma’lum bir hodisalariga  qandaydir tarzda aks-sado berishi shart. Sababiki, jamiyatdan ajralgan holda adabiyot bo‘lmaydi, yashamaydi, yasholmaydi. Adabiyotning zimmasida muayyan jamiyatga xizmat qilish, nafaqat insoniyatning, balki oddiy, konkret insonning koriga yarash funksiyasi ham bor, albatta. Hamonki shunday ekan, zaruratga ko‘ra, muayyan ijtimoiy buyurtmalar bo‘lishi tabiiy. Lekin bu ijtimoiy buyurtmalar voqyelikni shunchaki ojiz, nursiz inikosi bo‘ladimi yoki faol munosabat sifatida, uni bor ichki va tashqi murakkabliklari bilan aks ettirib, estetik munosabat tarzida paydo bo‘ladimi – mana shu eng muhimi. Agar ijtimoiy-estetik munosabat tarzida asarlar yaratiladigan bo‘lsa, kelgusida o‘sha asardan jiddiy natija va samaralarni kutish mumkin. Bordiyu ijtimoiy buyurtma oldim, besh-to‘rt tanga pul ishlayman, nima bo‘lsa ham, shu mavzuni yoritib beray deb qaralsa, – afsuski, bunaqa holatlar hozir uchrab turibdi, bu – foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltiradi. Ochig‘ini aytaman, masalan, odam savdosi, aqidaparastlik kabi illatlar bilan bog‘liq buyurtma asarlar paydo bo‘lyapti. Bunday asarlar yaratilishi kerak. Lekin ular o‘sha yot g‘oyalardan o‘n chandon kuchliroq qarshi g‘oya tashiydigan, mustaqillik mafkurasi va falsafasini yetkaza oladigan badiiy yuksak asarlar bo‘lishi zarur. Agar shunday bo‘lmasa, aks ta’sir qiladi. Qarshi tomon go‘yoki g‘oyaviy jihatdan kuchliroq tuyuladi. Adabiyot hamisha katta bir vazifani bajarib kelgan. Bu ijtimoiy burch hissini, birinchi navbatda, jamiyatda ma’naviy-axloqiy me’yorlarni barqaror etish va tarbiyalash vazifasi. Shunchaki, didaktik usulda emas, balki fikrni, qalbni uyg‘otish, yuksaltirish orqali, albatta. Hamisha shunday bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Bu shunchaki gap emas. Bugun bizning eng katta qurolimiz adabiyot va san’at…         

– Qurolimiz bo‘lishi kerakmi yoki qurolimizmi?

– Qurolimiz!

– Yo‘q, Shuhrat aka, ochiq ayting, real voqyelikda adabiyot va san’at qurol darajasiga chiqdimi yoki endi chiqadimi?

– Chiqadi deb umidlanishga asos bor.

– U holda “Bugun bizning eng katta qurolimiz adabiyot va san’at bo‘lishi kerak” deb jumlani to‘g‘irlashimiz zarur ekan-da.

– To‘g‘ri. Bo‘lishi kerak. Shukrki, adabiyotimiz shu yo‘lda izlanayapti, intilayapti. Hozircha, o‘sha ko‘zlangan maqsadga, yuksak darajadagi hodisaga aylanishi mushkulroq kechayapti. Bu balki, talantlar, iste’dodlar bilan bog‘liqdir. Balki endi kirib kelayotgan iste’dodlar shu ishni amalga oshirar. Chunki, buning uchun mamlakatimiz Prezidenti hamma moddiy va ma’naviy shart-sharoitni yaratib qo‘ydi. Ana shu shart-sharoitlarda, albatta yangi-yangi iste’dodlar kamol topishi, baquvvat asarlar yaratilishi kerak. Menimcha, bu jarayonlar endi yetilib kelyap­ti, harholda dunyo umid bilan tirik…

 

Behzod QOBULOV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 + six =