“APPLE”DAN “TEKIN”YANGILIK

Bugun hayotimizni uyali aloqalaru turli texnik vositalarsiz tasavvur qilish qiyin. Telefoningiz bir kungina  yoningizda bo‘lmasa ko‘nglingiz joyiga tushmay, bezovtalana boshlaysiz. Chunki shu kaftdek moslama orqali nafaqat so‘zlashamiz, balki boshqa talay ishlarni ham bajaramiz. Agar hali ham qo‘l telefoningiz bo‘lmasa yoki yangisini olish niyatida yurgan bo‘lsangiz, unda siz uchun “Apple” kompaniyasi  yana bir qulaylikni – Windows foydalanuvchilariga iWork ofis dasturlari uchun o‘zining tekin veb-versiyasini tavsiya etmoqda.

Endi istalgan moslama egasi iCloud saytida Apple ID akkauntini ochgach, Pages, Numbers va Keynote dasturlaridan hech qanday to‘lovlarsiz ham foydalana olishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, avvallari ularni faqat Apple texnikasiga ega bo‘lganlargina ishlata olardi. Eng asosiysi, mazkur dasturlarda tayyorlangan hujjatlar Microsoft Office formatlariga ham mos tushadi.

Mutaxassislar bu imkoniyat orqali iWork Apple Microsoftning mijozlarini o‘ziga og‘dirib olishi osonlashishini bashorat qilayotir. Avvalroq iPhone va iPadlar uchun qo‘shimcha tekin imkoniyatlarni yaratgan Microsoftni ham bu holat tashvishga solgan chog‘i, kompaniya foydalanuvchilar uchun xizmat narxlarini bosqichma-bosqich tushirmoqda hamda unga obuna bo‘lishning turli variantlarini taklif qilyapti. Biroq umumiy jihatdan dastur hali ham pullik hisoblanadi.  

 “JAJJI MO‘’JIZA”NING  KATTA SINOATLARI

Insonga ato etilgan eng oliy ne’mat o‘zidan keyin nasl qoldirishdir. Farzandning o‘zi bir mo‘’jiza. Tinib-tinchimagan olimlar shu fikrni isbotlashdi ham. Britaniyalik tabiatshunos Devid Attenboro ona qornidagi to‘qqiz oylik chaqaloqni dunyodagi eng ajoyib mavjudot, deb atadi.

Uning fikricha, aynan shu davrda go‘dakda aql bovar qilmas o‘zgarishlar sodir bo‘lar ekan. Tadqiqotchilar tabiat bolaga in’om etgan shakl-shamoyil ham kattalarning unga mehr qo‘yishida, ardoqlashida va kerak bo‘lsa, o‘z jonini xavfga qo‘yib himoya qilishida katta ahamiyatga ega ekanini aytishmoqda.  Evolyutsiyani o‘rganuvchi ruhshunos Maykl Prays to‘qqiz oylik bolaning yuziga hayratlanarli tarzda nomutanosib katta ko‘zlariga e’tibor qaratadi. Aynan mana shunday dumaloq ko‘zu lo‘ppi yuzlarni ko‘rgan har qanday insonning ko‘ngli iyib ketishi tayin.

Tadqiqotlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, bu davrda bolaning tili taxminan o‘n mingga yaqin ta’mni ajrata olar ekan. Bu kattalarnikidan ikki barobar ko‘p degani. Ammo go‘dak ul­g‘ayavergach, bu xususiyat sustlasha boradi. Ona sutini ajrata olishda bu xususiyat, ayniqsa, asqotadi. Bundan tashqari, homila to‘qqizinchi oyda xuddi kattalardek yaxshi ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lishiga nima deysiz? Bolakayning og‘irligi ham bu paytga kelib sezilarli darajada oshadi. Shunga monand miyasining o‘sishi ham tezlashadi va kattalar miyasining yarmicha bo‘ladi. Tug‘ilganidan ikki-uch oy o‘tar-o‘tmas, “jajji mo‘’jiza”lar o‘z onasining chehrasini taniy olarkan. To‘rtinchi oydan boshlab esa uchragan insonning tashqi qiyofasini eslab qolib, tahlil qila olishi mumkin. Eng ajablanarlisi, olimlar to‘qqiz oylik chaqaloq kimga ishonsa bo‘ladiyu, kimga esa yo‘qligini biladi, deb hisoblashmoqda.

 VATANINI QONIDAN ANIQLASH MUMKIN

“Do‘sting­ni kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman”, degan gap bor. Bu naqlni sibirlik olimlar biroz o‘zgartirishdi. Ular “DNK namunangni ko‘rsat, qayerdanligingni aytaman” deyishmoqda.

YAqinda Tomsk shahridagi genetika bilan shug‘ullanuvchi olimlar inson DNKsiga qarab, uning asl vatanini aniqlash mumkinligini e’lon qilishdi. Ularning fikricha, DNK namunasi sizning qayerdanligingiz haqida aniq ma’lumot bera olar ekan. Bu kashfiyot ustida o‘n besh yildan beri bosh qotirayotgan olimlar nihoyat ishonarli natijalarga erishdilar. Ular shunday texnologiya yaratishdiki, unga ko‘ra endilikda istalgan odamning kindik qoni to‘kilgan zaminni aytib berish imkoni mavjud.

– Agar bizda biror kimsaning DNK namunasi bo‘lsa, uning asli qaysi mintaqadanligini, hatto ba’zan viloyatigacha aytib berishimiz mumkin, – deydi tadqiqotchi Vadim Stepanov. Tadqiqotchilar Rossiya, Belorussiya, Ukrainadagi genofondlarni o‘rganib, hududlarga xos xususiyat va fazilatlarni tuzib chiqishdi.

Kashfiyot tergov-qidiruv ishlarida, jinoyatchini topishda, tabiiy ofatlar, urushlar paytida topilganlarning kimligini aniqlashda qo‘l kelishi ta’kidlanmoqda. Xullas, o‘z qonimiz o‘zimiz haqimizda so‘zlashi ma’lum bo‘ldi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − six =