MAHALLA — TINCHLIK VA OSOYISHTALIK QO‘RG‘ONI
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan besh tamoyilga asoslangan “o‘zbek modeli”ning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq qilinishi asnosida xalqimiz turmush farovonligi oshib, hayot sifati yuksalishiga erishildi.
Mazkur islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida o‘zida xalqimizning boy tarixiy tajribasi, qadriyatlarini jamlagan o‘zini o‘zi boshqarish tizimi — mahallaning nufuzini alohida e’tirof etish zarur. Ayniqsa, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyili asosida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini tobora kengaytirmoqda.
Jumladan, mahallani boshqarish va uning boshqaruv apparatini yangi tizim — muqobillik asosida saylov o‘tkazish yo‘li bilan saylash ham faqatgina O‘zbekistonda tatbiq etildi. Joriy yilning may-iyun oylarida mamlakatimiz bo‘ylab fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlariga saylovlar o‘tkaziladi. Ayni paytda mazkur siyosiy tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rilyapti.
Shu o‘rinda barchada mahallaga bunday yuksak e’tibor berilishining sababi nimada, nima uchun mahallaga institut maqomi berildi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Quyida mahallaning jamiyatimizda tutgan o‘rni va uning ahamiyati haqida fikr yuritamiz.
Mamlakatimizda yaratilgan milliy qonunchilik fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga, uning ijtimoiy-ma’naviy barqarorligini ta’minlashdagi rolining o‘sishiga imkoniyat berdi.
Bugungi kunda mahalla aholining ehtiyojmand qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, millatlararo totuvlik, hamjihatlikni ta’minlash, fuqarolarda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish kabi sifatlarni birlashtiradigan maskan sifatida shakllandi.
Jamiyatimizning hozirgi taraqqiyot bosqichida aholini g‘oyaviy tahdidlardan himoya qilish, turli oqimlarga mansub guruhlarga qarshi kurash borasida, mahallalarda ogohlikni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, tinchlik va barqarorlik uchun kurashmoq hayot taqozosidir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlarda mahalla institutiga keng vakolatlar berildi.
Bu borada ma’naviy-ma’rifiy, diniy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarini tashkil etishda jamoat komissiyalari bilan hamkorlikda ishlash barqaror muhitni yaratish omillaridandir. Xalqimizda “Bola odobi bilan aziz”, degan naql bor. Yoshlarni ommaviy madaniyat, diniy ekstremizm, missionerlik va aqidaparastlik kabi illatlarning zararli ta’siridan himoyalash maqsadida amalga oshiriladigan tadbirlar, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida” hamda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar mazmun-mohiyatining yoshlarga atroflicha tushuntirib berilishi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga samarali ta’sir o‘tkazadi.
Bugun mahalla ham Vatan ichra kichik Vatan ekani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Ana shu Vatanning tinchligi, osoyishtaligini saqlash, unda yashovchi oilalar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, imon-e’tiqodli avlodni tarbiyalash ishiga munosib hissa qo‘shish har bir ezgu niyatli insonning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim. Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish masalasi diqqat-e’tiborda. Shundan kelib chiqib, o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” tamoyiliga muvofiq oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilyapti.
Jamiyatda nosog‘lom muhit paydo bo‘lishi sabablaridan biri, millat tanlamas illat — giyohvandlikka qarshi kurashda ham mahalla faollarining, jamoatchilikning ishtiroki zarur. Shuningdek, yoshlarda ma’naviy-mafkuraviy immunitetni shakllantirishda “Oila – mahalla – ta’lim muassasasi” hamkorlik tizimini yuqori darajada tashkil etish kunning eng asosiy talabi bo‘lib qolmoqda. Farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, reproduktiv salomatlikni ta’minlash, xususan, ularni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash uch tomonlama sheriklik yaxshi natija berishi tabiiy. Erta turmushga chiqishning oldini olishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etishda esa mahalla maslahatchilari jiddiy ish olib borishlari maqsadga muvofiqdir. Har bir oiladagi ahvol, unda voyaga yetayotgan farzandlarning fe’l-atvori, yurish-turishidan doimiy xabardor bo‘lib, zarur paytda kerakli maslahat va tavsiyalar berib borilsa, oilaning mustahkamligi ta’minlanadi. Ayniqsa, yangi oila qurayotgan yigit-qizlar bilan alohida suhbatlar uyushtirib, ularni turli yot g‘oya va ta’sirlardan asrash, har jihatdan sog‘lom va mustahkam oila barpo etishiga ko‘maklashish shart.
Shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yo‘nalishlarida ham mahalla muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda hududlar xavfsizligi, fuqarolar tinchligi, oilalar totuvligini mustahkamlash, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga doir muammolarni hal etishda mahallaning nufuzi tobora o‘sib bormoqda.
Muxtasar qilib aytganda, mahalla — tinchlik va osoyishtalik qo‘rg‘oni sifatida mamlakatimizda tinchlik-barqarorlikni ta’minlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Uni boshqarishga saylanayotgan kishilar esa bunga mas’ul ekanliklarini unutmasliklari shart.
To‘lqin KARIMOV‚
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik
masalalari qo‘mitasi a’zosi