“Boysun bahori”da QADIM OHANGLAR JILOSI

Mustaqillik yillarida milliy madaniyatimiz, san’atimiz tarixini o‘rganish va yanada rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilindi. Xalqimizning qadim an’analarini o‘zida mujassam etgan milliy folklor san’atiga bo‘lgan e’tibor ham  o‘tgan yillar mobaynida kuchaydi. Folklor va etnografik jamoalarining moddiy ahvoli yaxshilanib, ular ishtirokida turli festivallar tashkil etildi.

 

Shu o‘rinda aytish kerakki, milliy an’ana va qo‘shiqlarimizga bo‘lgan talab butun dunyoda yuqori. Yurtimizga tashrif buyurgan har bir sayyoh borki, milliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan, o‘zbekona qadriyatlarimizdan guvohlik beruvchi folklor san’atimizni hayrat bilan kuzatadi. 

Tinch va farovon yurtga esa hamisha bayramlar va kuy-qo‘shiqlar yarashadi. Har  yili keng miqyosda o‘tkazib kelinayotgan turli san’at festivallari xalqimizni birdamlikka, ahillikka chorlaydi. Jumladan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan folklor san’ati ustalarining “Boysun bahori” festivali ham milliy qadriyatlarimizni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Qir-adirlarni  ovozasi tutgan o‘lanu laparlar, ohangida kengliklar zavqi mujassam chanqovuz nolasi, shirali ovozda kuylayotgan baxshi dostonlari, ularga hamohang o‘ynalayotgan raqslar ko‘plab san’at ixlosmandlarining qalbidan joy olgan. “Boysun bahori” esa san’at ixlosmandlarini bir yerga jamlovchi xalq sayliga aylanib ulgurgan. 

Boysundagi xalq sayli tomon yo‘l olar ekanmiz, purviqor tog‘lar uzra yoyilgan yashillik, quyosh nur sochib turgan musaffo osmon ijodiy jamoaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yo‘l-yo‘lakay gullagan shuvoqlar, anvoyi chechaklarning muattar hidi, hududning toza havosi kishiga ruhan tetiklik bag‘ishladi. Bunday his shu o‘lkaga qadam bosgan har bir mehmon qalbini chulg‘ab olishi tabiiy. 

Boysunning moddiy va nomoddiy madaniyatida Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron va ma’lum darajada Hindiston xalqlari madaniyati va san’atlarining tarixiy rivojlanish jarayonidagi turli unsurlarini ko‘rish mumkin. Mazkur hududning an’anaviy madaniyati o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlarning folklor, marosim va hunarmandchilik an’analarini saqlab kelmoqda. Ular qadimdan turli diniy e’tiqodlar va islom bilan bog‘liq bo‘lgan. 

— Boysun madaniy muhiti  ilk bor 2001 yil jahon hamjamiyatlari madaniy ob’ektlarining 19 nominantlari orasida YuNYeSKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda YuNYeSKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan, — deydi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori Azamat Haydarov. — Bu o‘z navbatida Boysun hududi madaniyati va uning badiiy an’analarini saqlash, yozib olish hamda keng ko‘lamda ilmiy tadqiq etish jarayoniga sabab bo‘ldi. Boysun YuNYeSKOning insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng, “Boysun bahori” nomli xalqaro folklor musiqa festivali o‘tkazila boshlandi. Festival doirasida xalq tarixi va madaniyatini o‘rganish,  uning boy merosini saqlab qolishga bag‘ishlangan tadbirlar natijasida tarixchi, arxeolog, etnograf, filolog va san’atshunos olimlar hamda hunarmandlar ishtirokida ellikka yaqin yodgorlik aniqlandi. Bundan tashqari, Boysun insoniyatning ilk manzilgohi, tamaddunlar beshigi sifatida ham ma’lum va mashhur. Sababi mazkur hududda joylashgan Teshiktosh va Machay g‘orlari (qadimgi tosh davri bilan bog‘liq manzilgohlar) insoniyat  madaniyatining qadimiy o‘choqlari sifatida jahon tarixshunosligida alohida e’tibor qozongan.

Ana shunday tilsimlarni o‘z bag‘riga olgan Boysunda “Boysun bahori” folklor festivali o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvarda “Surxondaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorining amaliy isboti bo‘lyapti, desak yanglishmaymiz. Festivalni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad esa qadimiy folklor  san’ati bilan o‘tmish madaniy yodgorliklarimiz tarixining o‘zaro bog‘liqligini, uzviyligi va ulug‘vorligini hamda ularni buyuk ma’naviyatimizning haqiqiy sarchashmalari ekanligini keng targ‘ib qilish, yoshlarni ajdodlarimizning ma’naviy merosidan bahramand etish, ularda milliy g‘urur, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat. Bu ma’naviy-ma’rifiy tadbir yangidan-yangi iste’dod sohiblarini kashf etib, yoshlarga tariximizni anglatish, ularda avloddan-avlodga meros bo‘lib kelayotgan qadimiy folklor qo‘shiqlariga bo‘lgan hurmat va e’tiborni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida 13-14 may kunlari o‘tkazilgan mazkur festivalda yurtimizning vodiy va vohalaridan bir qancha oqinlar, shoirlar, baxshi va jirovlar, oshpazlar ishtirok etishdi. 

 Baxshining do‘mbirasidan taralayotgan kuy, uning shirali ovozi kishi qalbini beixtiyor to‘lqinlantiradi, junbushga keltiradi. Xalq qalbining nolalaridan yaralgan dostonlar asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib insoniyat ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda. Negaki, o‘zbek xalq dostonlarida xalqimiz badiiy tafakkurining boy va qadim an’analari mujassam. Baxshilar orasida O‘zbekiston xalq baxshisi Abdunazar baxshi Poyonovni ham ko‘rdik va taassurotlari bilan o‘rtoqlashishlarini so‘radik.

— Istiqlol sharofati bilan ma’naviy qadriyatlarimiz qatorida xalq og‘zaki ijodining tiklanishi va yanada rivojlanishi bizlar qatori boshqa baxshilarni ham quvontirdi. Boisi xalq dostonlari baxshi shoirlar tomonidan shu kungacha ajdodlardan avlodlarga o‘tib kuylanib, ijod qilib kelinayotgan boy ma’naviy xazinamizdir. Mana shunday beqiyos xazinamizni asrab-avaylash, uni yoshlar  ongiga singdirish, kelajak avlodni o‘z xalqi, vataniga,  milliy an’analariga cheksiz hurmat ruhida tarbiyalash uchun o‘tkazilayotgan “Boysun bahori” kabi festivallarni esa buyuk kelajagimiz sari tashlangan katta odim deb baholayman.  

— Yurtingiz hamisha bizni hayratga solgan. Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlarida ko‘p bora bo‘lgan edimu, lekin Surxondaryoda, ayniqsa bunaqangi folklor festivalida ilk marotaba shaxsan ishtirok etyapman.  Qadimdan dunyoga dong taratib kelayotgan mamlakatingizning go‘zal go‘shalaridan bo‘lmish Boysunning so‘lim tabiati, xalq amaliy san’ati, dostonchilik va baxshichilik maktabi, hunarmandchiligi, chorvachilik va dehqonchilik madaniyati bilan festival bahonasida yaqindan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim, — deya baxtiyor ohangda o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi germaniyalik mehmon Gisela Broix. — Bilasizmi, Boysun musiqasi va cholg‘u asboblari o‘ziga xosligi bilan ajralib turar ekan. Surxon vohasi milliy urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan oq o‘tovlarni ta’riflashga esa  til ojiz.

Tadbirda xalqaro festivallarda ishtirok etib kelayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarning namunali folklor jamoalarining 200 dan ortiq a’zolari qatnashishdi. Ishtirokchilarning har biri o‘z hududiga xos liboslari hamda qadimiy kuy-qo‘shiqlar asosida tayyorlangan dasturlari bilan chiqishlar qilishdi.  

Shubhasiz, folklor qo‘shiqlari ijrochilari ishtirokidagi “Boysun bahori” folklor festivali yangidan-yangi iste’dod egalarini kashf etib, yoshlarimizni qadimiy san’atimizga bo‘lgan qiziqishlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

 Abror MELIBOEV,  

Respublika madaniyat muassasalari 

faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi  bo‘lim boshlig‘i, 

Go‘zal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × four =