IRODADAN YARALGAN JON

Boboniyoz Qurbonni men taniqli rassom, O‘zbek milliy akademik drama teatrida uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan zahmatkash inson sifatida bilaman. Bundan tashqari, Boboniyoz aka keyingi paytlarda tarjimalar va badiiy ijodga ham qo‘l ura boshladi. Xususan, u tarjima qilgan “Brext bilan so‘nggi uchrashuv” (muallif Jorjo Streller) essesi “Jahon adabiyoti” jurnalida chop etildi va Mar Bayjievning “Duel” tragediyasi ayni kunda O‘zbekiston satira teatri tomonidan sahnalashtirilmoqda.

 

Yaqinda Boboniyoz Qurbonning “Turon zamin ziyo” nashriyoti tomonidan joriy yilda chop etilgan «Shamolning suvrati» xotira-essesini o‘qib, ta’bir joiz bo‘lsa, muallif, uning har bir satrini ko‘zda yosh bilan yozganini his etdim. Negaki, xotira-esseda muallif o‘z farzandi, iste’dodli musavvir, shoira, Shahlo Qurbonovaning hayoti va ijodi haqida hikoya qilgan. 

Bir tasodif deymizmi, do‘xtirlarning xatosi yoki mas’uliyatsizligi tufaylimi, Shahlo 11-12 yoshlaridan qandli diabet xastaligining og‘ir ko‘rinishiga mubtalo bo‘ladi. 

Sir emaski, bunga o‘xshash surunkali, doimo insulinga muhtoj kishilar odatda, mehnat qobiliyatidan mahrum bo‘ladi. Aniqrog‘i, u nogironga aylanib, keyingi hayoti mobaynida o‘zini avaylash, davolash bilan ovora bo‘ladi. Eng yomoni, doimiy ravishda boshqalarning qarovi va parvarishiga muhtoj bo‘lib kun kechiradi.

Shahlo esa og‘ir dardga chalinganiga qaramasdan, maktabni a’lo baholar bilan tugallab, musavvir bo‘lish maqsadida P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik kollejini, keyinchalik esa milliy rassomlik va dizayn institutini ham bitiradi. U xastaligiga qaramasdan, qanchadan-qancha to‘rt muchasi soppa-sog‘ insonlar havas qilarli darajada umr kechirdi. Shahlo nihoyatda o‘ziga xos yo‘nalishda chizgan suratlarni ko‘rib hayratga tushadi odam. Bundan tashqari, uning she’rlari hech bir kishini befarq qoldirmaydi. She’rlardagi hissiyotlar, dardlar uncha-muncha diydasi qattiq odamning ham qalbini eritib yuboradi. 

Yaxshi kunni kutib yuragim toldi,

Tanamdagi jonim ilashib qoldi,

Umid yuragimga arg‘imchoq soldi,

Bu rangin olamni dil sevib qoldi. 

Ha, Shahlo garchi bemorlikda, hayotining har bir kunini og‘riq va azob ichida yashasa-da, hayotni sevishdan va ijod qilishdan bir zum ham to‘xtamadi. U so‘nggi nafasiga qadar o‘z sevgan mashg‘uloti — betakror kartinalar yaratish, dardli she’rlar bitishdan to‘xtamadi. Holbuki, biz — sog‘lom insonlar vaqtimizni yelga sovurishdan, hayotda asosiy maqsadimiz qolib, ikkinchi va uchinchi darajali yumushlar bilan band bo‘lishdan zarracha afsuslanmaymiz. 

Shahlo kasalligi tufayli ilk sevgisini rad etishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik boshqa inson bilan oila qursa-da, xastalik bois farzand ko‘rmadi. 

Xotira-esse muallifi Boboniyoz Qurbon va rafiqasi har bir ota-ona kabi, albatta, qizining dardidan qattiq iztirob chekadi. Uning dardiga sherik bo‘lib, davo izlab charchamadi. Yaxshiki, oramizdagi imonli-diyonatli, xayr-saxovatli insonlar eng zarur paytlarda bu oilani ma’naviy, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatladilar.

Xotira essedagi voqealar, Shahloning og‘ir xastalik bilan umrining oxirigacha matonat bilan kurashib yashagani, shubhasiz, har birimizni teran mulohazaga toldiradi. Inson umri bebaqo, tiriklikning har bir fursatini inson faqat yaxshi ishlarga, boshqalarga yaxshilik qilishga va umuman, inson bo‘lib yashashga sarflasagina, u chinakam insoniy hayot kechirgan hisoblanadi. Kitobni o‘qib chiqib, Shahloning mana shunday umrni yashaganiga shohid bo‘ldim. 

 

Abdumajid AZIMOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 18 =