BADIIY TAFAKKURIMIZ EVRILISHIDA «Jahon adabiyoti» jurnalining o‘rni
Mustaqillikning birinchi darajali darakchisi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani bo‘lsa,ma’naviyatimiz va adabiyotimiz taraqqiyotining shu yo‘nalishida muhim ahamiyatga ega hodisalardan biri “Jahon adabiyoti” jurnalining nashr etila boshlashi bo‘ldi.
Mamlakatimizning birinchi Prezidenti bu jurnalning ta’sis etilishiga alohida e’tibor bergani bejiz emas.
Mustaqil O‘zbekistonning jahonga yuz tutishi jahon xaritasida endigina paydo bo‘lgan yangi davlatga mutaraqqiy jahon xalqlari va davlatlari e’tiborini tortish hamda vatandoshlarimizni keng miqyoslardagi xalqlar, millatlarning tarixi, buguni, yashash tarzi, urf-odatiyu adabiyoti, madaniyati va ma’naviyati bilan tanishtirish, ular bilan oshno qilish istiqbolimiz oldida turgan vazifalardan edi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Jahon adabiyoti” jurnali o‘zining dastlabki sonlaridan boshlab shu kungacha zimmasidagi mazkur vazifalarni ixlos bilan bajarib kelmoqda. Sir emas, hozirgi zamonda noshirchilik, gazeta, jurnallarni chop etish, buni uddalash, ayniqsa, moliyaviy jihatdan o‘z-o‘zidan amalga oshadigan ish bo‘lmay qoldi. Shu ma’noda, davlatimiz jurnalga barcha masalalarda homiylik qilib kelayotgani va jurnal, uning jamoasi bu e’tiborga munosib javob berishga intilib kelayotganini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Zero, “Jahon adabiyoti” yigirma yildan buyon mo‘ljaldagi barcha sonlarini belgilangan muddatidan deyarli kechiktirmay chop etib kelayotgan nashrlardan biridir.
Ushbu jurnal jahon adabiyotining o‘zbek tuprog‘idagi o‘ziga xos qo‘ng‘iroqchasidir. Uning sahifalarida jahon adabiyotining mumtoz namunalaridan tortib shu kunlarda yaratilayotgan sara namunalarigacha ona tilimizga o‘girilib chop etilmoqda. Avvallari tarjima ishi bizda ko‘pincha, rus tili orqali amalga oshirilguvchi edi. Mustaqillik sharofati bois mamlakatimizda o‘nlab Sharq va o‘arb tillaridan – asliyatdan o‘giruvchi tarjimonlar avlodi yetishib chiqdi. So‘nggi salkam chorak asr mobaynida “Jahon adabiyoti” jurnali sahnida yangi o‘zbek tarjimonlar maktabi tashkil topdi va o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixida o‘ziga xos, mustahkam o‘rin egalladi.
Jurnal xorij adabiyoti namunalarini, shunchaki, bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilib chop etish bilan chegaralanadi, deb o‘ylagan kishi yanglishadi. Jurnalning o‘z ijodiy yuzi, o‘z uslubi va talablari, shu tipdagi boshqa jurnallar o‘rgansa, ibrat olsa arzigulik jihatlari bor.
Masalan, u o‘zbek adabiyotining jahon miqyosiga chiqishga arzigulik mumtoz vakillaridan tortib, zamonaviy namoyandalarining asarlaridan ham namunalar berib boradi va to‘g‘ri qiladi. Zamonaviy mumtoz shoirimiz Erkin Vohidovning hali keng kitobxonlar ommasiga tanish bo‘lmagan – XX asrning nodir namunalaridan biri deb atashga arzigulik.
“Ikkinchi tumor” tragikomediyasi; shoir va hukmdor aro munosabatlar avvalgi qarashlardan tubdan farqli o‘laroq va tarixan xolis, to‘g‘ri, ayni vaqtda jamiyat va saroy intrigalaridagi ayrim “sirli” jumboqlarning zamini badiiy gavdalantirilgan Muhammad Alining “Navoiy va Boyqaro” dramasi ana shunday asarlar sirasiga kiradi.
“Jahon adabiyoti” sahifalari yozuvchi-shoirlarimiz uchun dunyoning turli burchidagi turli yo‘nalishdagi adiblarning mahoratlaridan saboq olish bilan birga, Nobel sovrindorlarining mukofot olish munosabati bilan so‘zlagan nutqlari bilan muntazam ravishda tanishtirib borishi, qolaversa, mamlakatimizdagi kattadan-kichik qalam ahlining, adabiyot ixlosmandlarining ham milliy, ham bashariy ma’noda o‘zligini anglash, ham gumanist inson, ham gumanist ijodkor bo‘lish borasida nihoyatda qimmatli saboqlar beradi.
“Jahon adabiyoti” o‘z o‘quvchilarini xalqaro miqyosdagi adabiy jarayonda ro‘y berayotgan shu kungi ulkan hodisalar bilan tanishtirib boradi. Belarus adibasi Svetlana Aleksievichning “Urush ayollar ishi emas” romanining jurnalda e’lon qilinishi jurnalning kitobxonlar talabiga sezgirligiga dalil bo‘la oladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
Jurnal o‘zbek kitobxonlari qarashlari va tushunchalariga ayrim yangi adabiy-badiiy ma’lumotlarni ham olib kirmoqda. Kichik bir misol. Jurnal Bernard Shou qalamiga mansub “Pigmalion” nomli roman-pesaning ikki variantdagi tarjimasini e’lon qildi.
To‘g‘ri, asar aslida drama janriga mansub va sahnaga mo‘ljallangan. Biroq uning o‘qilish uchun mo‘ljallangan xususiyatlari ham bisyor ekan. Shu bois uni mutaxassislar roman-pesa deb ataydilar. Jurnal shu tariqa bizga ko‘p ham ma’lum bo‘lmagan roman-pesa tushunchasini olib kiradi. Men bu, arzimasdek tuyuluvchi misolni nima uchun keltiryapman. Shuning uchunki, yaqinda, “Sharq yulduzi” jurnalimizning yangi sonlaridan birida Erkin A’zamovning “Tanho qayiq” dramasini o‘qib qoldim. O‘qidim-u, “Jahon adabiyoti”da tanishganim Shouning “Pigmalion”i xususidagi roman-pesa degan fikr xotiramga keldi. Men bu bilan, ana, E.A’zam bu masalada B.Shoudan ta’sirlanibdi, demoqchi emasman. Balki Erkin bu asarni o‘qimagandir ham. Bu – tipologik hodisa bo‘lishi ham mumkin. Men ushbu o‘rinda boshqa bir fikrni aytmoqchiman. Gap shundaki, “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilinayotgan so‘z san’atining nihoyatda rang-barang palitrali namunalari bizga o‘z adabiyotimizning mumtoz davrlaridan to shu kungacha yaratilgan va yaratilayotgan namunalarini ular bilan solishtirishga, qiyoslab o‘rganishga juda katta imkoniyatlar yaratadi. Bu nihoyatda muhim va kerak imkoniyatdir. O‘zbek badiiy tafakkurining jahon miqyosidagi shu jarayonda tutgan o‘rnini, unga qo‘shayotgan hissasini, o‘zligini, bu masaladagi ta’sir va tipologiyalarni aniqlash va ko‘rsatishga imkon beruvchi muhim va katta imkoniyatdir. Bu masalaga chuqurroq e’tibor bersak va uni chuqurroq o‘rgansak, badiiyat masalasida ham, ijtimoiy muammolar talqinida ham adabiyotimiz xalqaro miqyosdagi so‘z san’atining ilg‘or saflarida bo‘lgani va hozir ham shunday ekaniga guvoh bo‘lamiz. Bu esa, o‘z navbatida ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardangina emas, adabiy-madaniy yo‘nalishda ham O‘zbekiston nufuzini jahon miqyosida mustahkamlash bo‘ladi.
Biz jahon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga o‘girish borasida ko‘plar havas qilsa arzigulik ishlarni amalga oshirayotganimizni e’tirof etgan holda, afsuski, o‘zbek adabiyotining xorij tillariga o‘girilishi masalasi shunga adekvatgina emas, hech bo‘lmasa, yaqin deya olmaymiz. To‘g‘ri, bizning adabiyotimizni boshqa tillarga o‘girish masalasi, o‘zimizdan tashqari, ko‘p jihatdan o‘zgalarga ham bog‘liq, albatta. Lekin bu borada, biz tashqaridagi sustkashlikdan ibrat olmasligimiz kerak, deb o‘ylayman. Bu – o‘zimiz ham tashabbus ko‘rsatishimiz mumkingina emas, zarur bo‘lgan masaladir. Bu borada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi” hamda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish” masalalariga bag‘ishlangan farmoyishida belgilangan vazifalar bu masalaga ham alohida e’tibor berishni taqazo qiladi.
Bu boradagi ishni jonlantirish va jadallashtirish uchun “Jahon adabiyoti” jurnaliga ilova tarzida yoki alohida bir kichik muntazam nashr tarzida o‘zbek adabiyotining sara namunalarini chet til(lar)da chop etish masalasini o‘ylab ko‘rish kerak emasmikan?
“Jahon adabiyoti” kutubxonasi seriyasida 30 jildlik asarlar nashr etishga kirishilayotganini eshitib juda quvondik. Shu mo‘ljalning oxiridagi 5 jild yoki uning davomidagi 5 jild o‘zbek adabiyotining, deylik, ingliz tiliga o‘girilgan sara namunalaridan iborat bo‘lsa, degan taklifimiz bor.
Turon, Turkiston, O‘zbekiston hayotiga daxldor hodisalar hamda qahramonlarga bag‘ishlab yozilgan xorijiy mualliflarning asarlari jurnal sahifalarida yoritib borish tajribasi ham e’tirofga munosibdir. Ozarboyjon adibi Husayn Jovidning “Amir Temur” dramasi, Amin Maalufning “Samarqand”, turk adibi Yavuz Bahodir o‘g‘lining “Xorazm o‘t ichida” kabi asarlarni o‘qib, kitobxonlarimiz vatanimiz va uning farzandlari siymosi jahon adabiyotida yoritilishidan voqif bo‘ladilar.
Biroq shuni ham ta’kidlash kerakki, xalqimiz va uning mashhur farzandlari, tarixi, madaniyatiga bag‘ishlangan xorij mualliflariga mansub asarlar uch-to‘rt sanoq bilan chegaralanmaydi. Ular, bisyor, shu ma’noda, “Jahon adabiyoti” jurnali bu masalaga ahyon-ahyon emas, muntazam ravishda e’tibor bersa, va hatto alohida rukn ochib, uning deyarli har bir sonida badiiy asarlar bilan bir qatorda publitsistik asarlar, maqolalarni ham chop etib borsa va keyinchalik bu yo‘nalishdagi asarlar bir rukn ostida jamlanib nashr etilsa, yomon bo‘lmasdi, deb o‘ylayman.
Jurnalning, hech shubhasiz, yangi davr o‘zbek adabiyotiga yangi shakllar kirib kelishi, qaror topa boshlashi, yangi oqimlar kirib kelishida faol va barakali ta’siri bor. Bizga Kafka, Kamyu, Joys, Sartr asarlari bir necha o‘n yillar ilgari ham tamomila begona emas edi. Ularni o‘qiganmiz. Lekin o‘arbda va umuman, butun dunyoda mashhur bo‘lib ketgan bu adiblarning asarlari bilan “Jahon adabiyoti” jurnali sahifalari orqali yanada yaqinroq, qunt bilan tanishish, nainki yozuvchilarimiz uslubi, balki keng kitobxonlarimiz ommasi badiiy didining boyishiga faol ta’sir ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda bir masalani alohida ta’kidlab o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Yuqorida nomlari zikr etilgan adiblarning ijodiy tajribasi bilan yaqinroq tanishgan adiblarimiz hamda asarlarini o‘qigan kitobxonlarimiz ulardan bizni ma’naviy va badiiy jihatdan boyitishi mumkin bo‘lgan nimalarni o‘rganishimiz o‘rinli-yu, nimalar bizning mentalitetimiz, milliy adabiy-badiiy tafakkurimizga mos emasligini idrok etishga harakat qiladigan bo‘ldilar. Bu masalada ko‘r-ko‘rona taassub natijasida ayrim muvaffaqiyatsiz asarlar paydo bo‘la boshladi. Matlub ta’sirlanish va tajribalarga ijodiy yondashuv natijasida esa O.Muxtor, X.Do‘stmuhammedov, E.A’zam, O.Otaxon, N.Eshonqul, A.A’zam, I.Sulton kabi yozuvchilarimiz ijodi va umuman, ularning ayrim asarlari misolida zamonaviy o‘zbek adabiyotida yangi uslub, yangi shakl, yangi ohanglar paydo bo‘ldi.
Yana bir masala. Kafka, Kamyu, Joys, Sartr, Folkner hamda o‘arb modern she’riyatidagi ayrim ilg‘or, tushunarli badiiy hodisalar bizning o‘zbek, ayniqsa, mumtoz adabiyotimiz, xususan, she’riyatimiz, xossatan, tasavvuf g‘oyalari ifodalangan va ilgari surilgan asarlarimiz uchun begona emasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Bu yo‘nalishda tegishli ilmiy tadqiqotlar olib borish, nazarimda, yangi-yangi ilmiy samaralar bera oladi, deb o‘ylayman.
Ayni vaqtda, deyarli muntazam ravishda e’lon qilinib kelayotgan badiiyat va falsafa uyg‘unligiga doir o‘arb mutaxassislari, adabiyotshunos va adiblari qalamiga mansub E.Frommning “Mening e’tiqodim”, J.P.Sartrning “Ekzistentsializm to‘g‘risida”, A.Bretonning “Syurrealizm haqida” singari o‘nlab maqolalar orqali adiblarimiz, turli bosqichdagi adabiyot muallimlari, talabalar va magistrantlar, shuningdek, adabiyot ixlosmandlarini dunyo miqyosidagi yangi va bahsli adabiy-nazariy bilimlar haqida qimmatli ilmiy ma’lumotlar bilan tanishtirish borasida muhim ishlarni amalga oshirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Va nihoyat, “Jahon adabiyoti” jurnalining siyosatdan, turli mafkuraviy zug‘umlardan xoli, mustaqil ijodiy yo‘lni tanlagan nashr ekanini tasdiqlovchi bir misol keltirish bilan ushbu fikr-mulohazalarimni yakunlamoqchiman.
Fotih Chingizning O‘rta Osiyo hududlariga, xususan, hozir O‘zbekiston deb ataluvchi bizning muqaddas tuproqqa qilgan qirg‘inbarot yurishlari tarixan barchaga ma’lum. Shu ma’noda u haqdagi asar bizning mamlakatda chop etilmasligi o‘zini to‘la oqlashi mumkin edi. Lekin fotihning murakkab va ziddiyatli qiyofasi aks ettirilgan Isay Kalashnikov qalamiga mansub, jahonning ko‘pdan-ko‘p tillariga o‘girilgan va nasrning katta janrida yozilgan “Qattol asr” hamda uning uzviy davomi bo‘lgan “Quvg‘uvchilar” romanini chop etib, siyosat, mafkura yoxud tarixiy ixtiloflar emas, adabiy-badiiy luzumlar (printsip)lar o‘zining yetakchi va asosiy printsipi, respublikamiz esa bu masalalarda tolerantlik va gumanistik munosabat bo‘lishini hamda badiiy ijod masalalarida cheklanishlarga yo‘l qo‘ymay, erkinlikka alohida e’tibor berishini namoyish etdi. V.Yanning deyarli sakson yil avval yaratilgan “Chingizxon” romanidan so‘ng Kalashnikov asari bu fotih haqida o‘zbek adiblari o‘z ona tilida o‘qiyotgan ilk salmoqli asarlardan biridir.
Faoliyatining 20 yilligi mamlakat miqyosida adabiy bayram sifatida keng nishonlanayotgan “Jahon adabiyoti” jurnalining ijodiy jamoasiga yangidan-yangi yutuqlar tilab qolamiz.
Baxtiyor NAZAROV,
Akademik