Yoshlar — bugun tayanchimiz, ertaga suyanchimizdir

O‘tgan oyning eng muhim siyosiy voqeasi so‘zsiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan  nutqi bo‘ldi, deya ayta olaman. Davlatimiz rahbarining  amaliy takliflarga boy nutqi jahon siyosatchilari, ekspertlari, jumladan, ilm-fan ahli tomonidan yuqori  baholanmoqda. Prezidentimiz, avvalo, BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish zarurligi haqida taklif bildirdi. Yoshlar kelajagimiz ekani, ularning taqdiriga befarq, e’tiborsiz qarash yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dunyo jamoatchiligini  ogohlantirdi. Ma’ruzada ilgari surilgan takliflar tom ma’noda BMT faoliyatida yangi sahifani ochib beradi.

 

 Xususan, globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etildi. Mazkur takliflar jahon yoshlarining ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash kabi ezgu maqsadlarni nazarda tutadi.

Yurtimizda yoshlar  masalasi mustaqilligimizning ilk yillaridanoq ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. 1991 yil 20 noyabrda qabul qilingan «Yoshlarga oid davlat siyosati asoslari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni fikrimizning dalilidir. Davlatimiz rahbari tomonidan 2016 yil 14 sentyabrda imzolangan yangi tahrirdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi qonun yoshlarga zamonaviy ta’lim olish, uy-joy xarid qilish va qurish, oila qurish uchun imtiyozli kreditlar olishda katta imkoniyatlar, tizimli ijtimoiy kafolatlarni taqdim etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 22 yoshli Alisher Sa’dullaevning Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari va 25 yoshli Olim To‘ychievning Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlangani internet sahifalarida va keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Nemis sotsiologi Karl Manngeym (1893—1947) yoshlarni oldingi saflarga chiqarilishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos zaxira ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, xalqimiz ming yillar davomida yoshlarni “bizning kelajagimiz” deb qarab kelgan. Chunki rivojlanish bosqichida bo‘lgan jamiyat muqarrar yoshlarga tayanadi. Yoshlar ijtimoiy hayotning hayotbaxsh kuchidir. Bir qator mamlakatlarda yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotga juda erta aralasha boshlaydi. Diyorimizdan ham yoshlik chog‘laridanoq dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan shaxslar ko‘plab yetishib chiqqan. Shu o‘rinda Zahiriddin Muhammad Boburning taqdir taqozosi bilan 12 yoshida taxtga chiqanligini eslab o‘tish darkor. Buyuk bobomiz Amir Temur 36 yoshda markazlashgan davlat tuzgan. Sharof Rashidov 26 yoshida viloyat gazetasining, 30 yoshida esa respublika bosh gazetasinng bosh muharriri bo‘lgan, 32 yoshida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasini boshqargan. U Oliy Kengash hay’ati raisi vazifasiga saylanganda 33 yoshda edi. 42 yoshida esa O‘zbekistonga rahbarlik qila boshlagan.

Jahon tarixida eng yosh prezident 19 yoshida hokimiyatga kelgan Gaiti prezidenti Jan Klod Dyuvale tan olinadi, u 1971 yilning 31 yanvarida prezidentlikni otasidan meros sifatida qabul qilib olgan. Viktor Orban 1998 yilda Vengriya bosh vaziri lavozimini egallaganda 35 yoshda edi. Teodor Ruzvelt 42 yoshida, Jon Kennedi esa 43 yoshida AQSh prezidenti bo‘lishgan. Devid Kemeron Buyuk Britaniya tarixidagi eng yosh bosh vazir hisoblanadi. U 2010 yil may oyida 43 yoshida bosh vazir bo‘ldi. 

Bugungi kunda Yer deb atalmish sayyoramizda nafaqat  siyosatda, balki iqtisod, ilm-fan, shou-biznes va boshqa sohalarda yoshlar olamshumul yangiliklar qilmoqda. Oliviya Xallisi ismli qizcha 16 yoshida ebola virusini aniqlovchi oddiy kashfiyot bilan nom qozondi. Uning kashfiyoti bilan olis, hatto elektr bo‘lmagan qishloqlarda ham ebola virusini aniqlash imkoniyati tug‘ildi. Memfislik Mozayya Bridjes ismli bolakay 9 yoshidan boshlab biznes bilan shug‘ullanib keladi. Bugungi kunda uning boyligi 200 ming dollarga teng ekani aytiladi. U oddiy kapalak-galstuklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ilk buyurtmani Facebook orqali olgan bolakay keyinchalik internet-do‘kon ochdi. Bundan tashqari Mozayya xayriya bilan ham shug‘ullanadi.

Ma’lumki, yoshlar jamiyatda o‘z maqomi bilan ajralib turadi. “Yoshlar ahvoli” to‘g‘risidagi Jahon hisobotiga ko‘ra sayyoramiz aholisining 20 foizini 14 dan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Yer yuzidagi barcha yoshlarning 85 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Insoniyatning butun tarixi bilan qiyoslaganda, hozirgi yosh avlod ancha savodli deya tan olinishiga qaramay, bugungi kunda 113 millionga yaqin bola maktabga bormaydi. Umumiy hisobda zamonaviy dunyoda 130 million bolaning mutlaqo savodsiz ekani aytiladi. Dunyoda muammolar juda ham ko‘p. Ular orasida yoshlar muammosi alohida o‘rin tutadi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish asosiy masalalardan biriga aylanib qoldi. Ular o‘z oldilaridagi muammolarni o‘zlari hal qilishga majbur bo‘lmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15 dan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hamon ishsizlik va qashshoqlik bilan to‘qnash kelmoqda. Yoshlar bilan bog‘liq muammolar bir necha o‘n yillardan beri to‘planib qolgani bois, mazkur muammolarni hal qilishning imkoniyati bo‘lmayapti. 

Hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetmoqda. Mana shunday va boshqa ko‘plab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani — ayni haqiqat. Qurolli to‘qnashuv va beqarorliklar tufayli 4,5 million bola Suriya, Afg‘oniston, Somali, Sudan va Janubiy Sudanni tark etgan. Nizolar davom etayotgan mintaqalarda qolib ketgan bolalarning hayoti xavf ostida ekani aytiladi. 

Xalqimizda “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr  qil”, degan hikmatli maqol bor. Shundan kelib chiqib, hozirgi tahlikali dunyoning bir qator mamlakatlarida kuzatilayotgan to‘s-to‘polonlar negiziga e’tibor bersak, ularda davlatning o‘sib-unib kelayotgan yoshlarga, ularning hayotdagi qiziqishlari, huquq va manfaatlariga e’tiborsizligi, ulardagi yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob berolmasligi oqibatini ko‘rish mumkin.

Prezidentimiz BMT yuksak minbaridan turib “Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz” dedi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida yoshlarni ma’naviy yetuk va jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish va yangi yuksak sifat bosqichiga ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq, yoshlarga oid davlat siyosatini  izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida O‘zbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati negizida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqiga 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog‘liq bir qator yangi va muhim vazifalar qo‘yildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi respublikamizda yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishida davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlikni ta’minlovchi, “Yoshlar — kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiruvchi tuzilmaga aylanadi.

Mamlakatimizda farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar navqiron avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda yuksak samaralar bermoqda.

Yaqinda “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish ijtimoiy markazi “O‘zbekiston yoshlari: hayotiy qadriyatlar, axloq, ijtimoiy yo‘nalishlar” mavzuida ijtimoiy  so‘rov o‘tkazdi. Tadqiqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlarini hayotga joriy etish maqsadida o‘tkazilgan. So‘rov natijalari yoshlarning hayotiy qadriyatlari sohasida ta’limning ustuvorligini ko‘rsatdi. Bu O‘zbekiston yoshlarining ta’lim darajasini muntazam oshirishga bo‘lgan intilishida namoyon bo‘lmoqda. So‘rov mustaqillik yillarida yoshlar orasida oliy ma’lumotning ijtimoiy ahamiyati muntazam ortib borayotganini, yosh o‘zbekistonliklar xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini o‘rganishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini, istiqlol yillarida mamlakatimiz yoshlarining ongi jadal sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. Bu yoshlar dunyoqarashining kengaygani, ularda vatanparvarlik, Vatanga sadoqat va iftixor tuyg‘ulari shakllanganida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston yoshlariga Vatanga muhabbat va unga fidokorona xizmat qilish hamda himoya qilishga tayyor turish bilan ifodalanuvchi yuksak darajadagi vatanparvarlik tuyg‘usi xosdir.

Davlatimiz yoshlari hayotidan rozi va Vatani bilan faxrlanadi. Bu Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan samarali, ijtimoiy yo‘naltirilgan yoshlarga oid davlat siyosatining hayotga joriy etilayotgani natijasidir.

 

Sharofiddin TO‘LAGANOV

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 20 =