UZOQNI KO‘ZLAB yoxud jahon hamjamiyati sari

Hademay, Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi, rahmatli  Islom  Abdug‘anievich Karimov  tavalludiga  80  yil  to‘ladi. Mamlakatimizni mustaqillikka yetkazgan muhtaram Birinchi Prezidentimizdan porloq xotira, ulkan ma’naviy meros, samarali, takrorlanmas ishlar qoldi. Shulardan biri tilimiz, so‘zimiz va milliy yozuvimizga doirdir. Biz bu maqolamizda shu haqda so‘z yuritishga ahd qildik. Zero, barcha fanlarning asosi ona tili va milliy adabiyotdir. Yer yuzida qancha millat, xalq, qabila bo‘lsa, shuncha til bor. Tilsiz xalq yo‘q. Xalqsiz esa til ham bo‘lmaydi. Bular egizak tushunchalardir, biridan birini ayirib bo‘lmaydi, ayirib qo‘yilsa, ikkisi ham o‘zligini yo‘qotadi. Xalq boshqa bir xalqqa qo‘shilib ketadi, uning tili o‘lik tilga aylanadi.

 

Ma’lumki, Yer yuzidagi mavjud 200 ga yaqin mustaqil va suveren davlat a’zo bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tillari — ingliz, frantsuz, ispan, rus va xitoy tillari bo‘lib, ingliz, arab, frantsuz, ispan tillarida ish yuritiladi. Bular orasida eng keng tarqalgani va eng ko‘p qo‘llaniladigani ingliz tilidir. Agar hozirgi kunda Yer yuzida 7 milliarddan ziyod aholi yashayotgan bo‘lsa, shundan 1 milliardi ingliz tilida muomala yuritadi.

Ingliz, frantsuz va ispan tillarida ham lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriydir. O‘zbekistonda lotin alifbosiga asoslangan yozuv joriy etila boshlagani hamda chet tillarni, shu jumladan, ingliz tilini o‘rganish va o‘rgatishga davlat miqyosida e’tibor qaratilayotganining tub sababi ana shundadir. Binobarin, mamlakatimizda til  sohasida Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida boshidan boshlab, rejali tarzda uzoqni ko‘zlab ish yuritib kelindi.

Bugungi kunda ona tilimiz davlat tili maqomida yurtimizda barcha sohalarda emin-erkin qo‘llanilmokda. Bunga osonlikcha erishilgani yo‘q. Buni hozirgi navqiron avlod bilmasligi, hatto xayoliga ham keltirmasligi mumkin. Tilimizning o‘z yurtida qonuniy huquqini tiklashga osonlikcha erishilmadi, kurashib qo‘lga kiritildi. Shu kurashning bir guvohi va ishtirokchisi sifatida u haqda qisqacha to‘xtab o‘tishni o‘zimning burchim deb bilaman, bu ma’lumotlar tarix uchun ham asqotsa, ajab emas.

Kamina kabi yarim asrdan ortiq, umrini mustamlakachilik sharoitida huquqan kamsitilib kechirgan zamondoshlarimiz uchun mustaqil davlatning fuqarosi bo‘lishdan ortiq baxt yo‘q. Shu o‘rinda saksoninchi yillarning oxirlariga oid ona tilimizga munosabat bobida hayotiy va tarixiy bir voqeani eslash maqbul ko‘rinmoqda.

Ayonkim, har bir elsevar, yurtsevar va erkparvar kishi uchun, ayniqsa, o‘z mamlakati va millatining porloq va shon-shavkatli tarixidan ozmi-ko‘pmi xabardor bo‘lgan yozuvchi uchun o‘z ona Vatanida ona tilisining kamsitilishiga shohid bo‘lishdan ko‘ra og‘irroq, va kuchliroq, jabru sitam bo‘lmasa kerak. Saksoninchi yillarning oxirlariga kelib, bu holat kuchaygandan-kuchayib, xo‘rlikka aylandi. Buning ustiga o‘sha paytda respublikada hokimiyat tepasida turganlar milliy siyosatda, jumladan, tilga bo‘lgan munosabatda telba-teskari ish tutib, o‘tning yanada alanga olib ketishiga sababchi bo‘ldilar.

Natijada bugun hayot-mamotlari, ijtimoiy faoliyatlari til bilan bog‘liq bo‘lgan adabiyot ahli va chin ixlosli adabiyot muxlislari — kitobxonlar O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib chiqdilar. Bunday talabning kun tartibiga qo‘yilishiga xuddi o‘sha kezlari Boltiqbo‘yi respublikalarida litva, latish va eston tillariga davlat tili maqomi berilgani haqidagi xabarlar ham turtki va dalda bo‘ldi, albatta.

Shu tariqa, respublikamizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi uchun kurash kuchayib bordi. Aytish mumkinki, xalqimizning milliy istiqlol uchun kurashi bu davrda ona tilimizning jamiyatdagi o‘z qonuniy o‘rnini tiklash uchun olib borilgan kurash bilan qo‘shilib ketdi. Bu kurashuvchilar safida chindan ham o‘z xalqiga sidqidildan xizmat qilishga otlanganlar ham, o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab maydonga tushganlar ham borligini keyingi voqealar, kimning aslida kimligini tarixning o‘zi ayon qildi-qo‘ydi. Bu haqda ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb bilamiz. Zero, tarix hukmi — adolatli hukm: karvon o‘taveradi, yurt qolaveradi.

O‘sha kurashdan biz ham chetda turmagan edik. Qalbimizni ikki narsa o‘rtardi. Birinchisi, mavjud siyosiy tuzum tomonidan tilimiz toptalardi, buning oti va mohiyati milliy zulmdir. Ikkinchisi, juda achinarlisi ham shu ediki, o‘z hamyurtlarimiz, sho‘roviy mafkura ong-ongiga, vujud-vujudiga urib ketgan, manqurtsimon kazo-kazo kimsalar matbuotda, radioda, televidenieda, turli anjumanlarda uyalmay-netmay ikki tillilik haqida safsata sotar edilar.

Milliy istiqlol uchun kurash bu davrda ona tilimizni himoya qilish uchun kurash tarzida kuchayib bordi. Ha, aytgandek, 1984—1985 yilgi o‘quv yilidan boshlab respublikamizda o‘zbek maktablarining soni bir tomondan qisqartirilib, ularning o‘rnida o‘zbekcha va ruscha o‘qitiladigan maktablar ochilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa, o‘zbek maktablarida o‘zbek bolalari uchun ruscha o‘qiladigan sinflarni ochishga kirishilgan edi. Bu xavfli siyosat edi, xalqimizni o‘z ona tilisidan — ma’naviy boyliklarining biridan judo qilib, ma’naviy qiyofasiga putur yetkazishga qaratilgan mash’um bir “tadbir” edi. Mazkur holat ham xalqimizning sabr kosasini to‘ldirdi…

Ana shunday qaltis bir paytda — 1989 yilning 23 iyunida respublikamizda hokimiyat o‘zgardi — Islom Abdug‘anievich Karimov yakdillik bilan O‘zbekiston rahbari etib saylandi. Ijtimoiy-siyosiy masalalarga, shu jumladan, til muammosiga munosabat tubdan o‘zgardi. Va nihoyat, xalqimizning ko‘p yillik orzusi ushaldi. 1989 yilning 21 oktyabrida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi, bu masala Oliy Sovet sessiyasida muhokama qilinganida muhtaram Islom Karimov ikki marta so‘zga chiqib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qat’iy yoqlaganiga shohid bo‘lganimiz bilan faxrlanamiz. Qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, agarda respublikamiz rahbari yoqlab so‘zga chiqmaganida, tilimizga davlat tili maqomi berilishi haqidagi qonunning qabul qilinishi amrimahol edi. Shuning uchun Davlat tili haqidagi qonunimizning tashabbuskori va ijodkori hurmatli Birinchi Yurtboshimiz, deb baralla aytish mumkin.

Shohidmizki, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish g‘oyasi ham Birinchi Prezidentimizga tegishlidir.

Tarixiy xotira. 1991 yilning 30 martida bo‘lib o‘tgan Prezident Kengashining navbatdagi yig‘ilishida boshqa masalalar qatorida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish masalasi ham muhokama etildi. Bu masala shaxsan Birinchi Yurtboshimiz tomonidan kun tartibiga kiritilgan edi. Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa masalalarga qaraganda mazkur masalaning muhokamasi, ayniqsa, qizg‘in tus oldi. Chunki bu o‘ta muammoli masala edi. Muzokarada qatnashganlar orasida 1930—40-yillarda qo‘llanilgan lotin alifbosini sidqidildan yoqlaganlar ham, bunga qarshi turganlar ham, betaraflar ham va umuman, so‘zga chiqishdan voz kechganlar ham bo‘ldi. O‘sha tarixiy davr nuqtai nazaridan baho bersak, bunday fikriy qutblarga bo‘linish tabiiy bir holdir. 1991 yilning mart oyi edi-da, axir! O‘zbekiston Respublikasi de-Fakto maqomida mustaqil bo‘lsa-da, de-Yure maqomida mustaqillikka erishmagan edi. Amalda mustaqil odimlayotgan bo‘lsa-da, rasman markazga tobe hisoblanardi. Markazda hamda (Boltiqbo‘yi respublikalari, Gruziya va Armanistondan tashqari) o‘nta ittifoqdosh respublikada kirill alifbosiga asoslangan yozuv qo‘llanilardi, yarim asrdan beri shunday hol majburan joriy etilgan bo‘lib, bu narsa Markaz uchun o‘z siyosatini yuritishda qulay vosita va omillardan hisoblanardi. Shuning uchun ham O‘zbekistonning birinchi bo‘lib lotin yozuviga qaytish niyatini Markaz iliq kutib olmasligi turgan gap edi. Lekin Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining ta’biri bilan aytganda, mustaqillik tilab olinmaydi, balki kurashib qo‘lga kiritiladi. Yig‘ilish so‘ngida lotin alifbosiga asoslangan yozuvga qaytishimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon hamjamiyatiga tezroq kirib borish, umuminsoniyat taraqqiyoti bilan bir safda bo‘lish va xalqaro miqyosda o‘z munosib o‘rnimizni egallashdan iborat ekanligiga tushunib yetildi: lotin yozuvi — jahoniy yozuv. Dunyodagi eng taraqqiy etgan AQSh, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Italiya, Kanada kabi mamlakatlarda lotin yozuviga asoslangan alifbolar qo‘llaniladi. Dunyodagi boshqa ko‘pgina davlatlarda ham bu yozuvdan foydalaniladi. Davlatlararo yozishmalarda, ayniqsa, bank, savdo-tijorat doiralarida xizmat qiluvchilar o‘rtasida bu yozuvni bilmaydigan va foydalanmaydigan kishi yo‘q hisobi. Biz bir yozuvni ulug‘lab, ikkinchi bir yozuvni kamsitmoqchi emasmiz. Barcha yozuvlar ham bashariy tsivilizatsiyaning tarkibiy qismlari deb hisoblaymiz. Lekin bundan buyon taraqqiyotimiz uchun eng qulayini, eng samaralisini tanlab olamiz. Bu — lotin yozuvidir. Biroq bu yozuvga bosqichma-bosqich, tadrijiy tarzda o‘ta boramiz. Lekin shaxsiy turmushida kim qaysi yozuvdan foydalansa, bu uning o‘ziga havola.

Majlis ahli lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy qilish g‘oyasini bir ovozdan ma’qulladi va bu haqdagi masalani Birinchi Yurtboshimiz uzoqni ko‘zlab qilgan taklifiga ko‘ra Oliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritishni tavsiya etdi.

Mana, o‘sha tarixiy majlisga ham 26 yarim yil bo‘lib qoldi. Orada o‘tgan davr mobaynida Birinchi Prezidentimiz rahbarligida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini turmushga joriy qilishga, umuman esa, til madaniyatimizni yuksaltirishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Shu jumladan, 1993 yil 12 sentyabrda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alfavitini joriy etish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. 1995 yil 29 dekabrda “Davlat tili to‘g‘risida” (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi qonuni e’lon etildi. Bu qonunlarning moddalari bosqichma-bosqich bajarila bormoqda. Arzigulik yutuqlarga ham erishildi. O‘quvchilarimiz yangi yozuvimizda savodxon bo‘lishlari barobarida xalqaro tillar hisoblanmish ingliz, frantsuz, nemis va ispan tillarini o‘rganishlari osonlashdi. O‘zbeklar uchun ko‘p tillarni va yozuvlarni bilish azaliy va an’anaviy udumdir. Til bilgan — el biladi, jahongashta bo‘ladi, deydi dono xalqimiz. Zero, til barcha fanlarning ham onasi, ham otasidir. Til bilguvchi, so‘z qadriga yetuvchi inson boshqa fanlarni ham osonroq o‘zlashtiradi. Maktabdagi ilk saboq, o‘qish-yozishdan – savod chiqarishdan boshlanishi ham bejiz emas, albatta. Tilimizning nufuzi oshib, davlat tili maqomiga erishishi millatimiz qadr topib, qaddi tiklanganiga yorqin bir dalildir. Milliy Uyg‘onish tildan boshlanib, Milliy Tiklanishga olib kelgan ma’naviy omillardan bo‘ldi, desak arziydi.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlik vujudga keltirildi, bozor munosabatlarini joriy etish yo‘lida muayyan darajada samaralarga erishildi. Ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ham, ilm-fan borasida ham bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Jahoniy yozuv — lotin yozuvi turmushimizga chuqur kirib bormoqda.

Respublika Matbuot va axborot agentligida bo‘lib, bu borada quyidagi ma’lumotlar bilan tanishdik. Mamlakatimizda bir yilda o‘rtacha 2 mingdan ziyod nomda 40 milliondan ortiq adadda kitob mahsulotlari chiqarilmoqda. Maktab va kollejlarga mo‘ljallangan barcha darslik va o‘quv qo‘llanmalari lotin alifbosiga asoslangan yozuvimizda chop etilmoqda. “Tong yulduzi” gazetasi, “o‘uncha” va “Gulxan” jurnallari lotin yozuvimizda chiqmoqda.

Nashriyotlarimiz ham lotin yozuvimizda tobora ko‘proq adabiyotlar chop etmoqda. Masalan, o‘afur o‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida 2012 — 2013 yillarda lotin alifbosida Alisher Navoiyning 10 jilddan iborat to‘la asarlar to‘plami, G.Flober, A.Qahhorning ayrim asarlari, hind eposi «Kalila va Dimna» va shu kabi bir qator mumtoz asarlar chop etildi. Bu nashriyot bundan ilgari Alisher Navoiyning «Xamsa»sini lotin alifbosida sifatli chop etib, xalqaro tanlovda birinchi o‘rinni egallagan edi.

Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2013 yilda lotin alifbosida badiiy, bolalar adabiyotlari hamda maktab, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishida bir qator darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan ko‘pgina o‘zbek xalq ertaklari o‘quvchilarga lotin alifbosida taqdim etildi.

“O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan ham 2013 yilda o‘nlab kitoblar lotin alifbosida chop etildi. Nashriyot va bosmaxonalarimizda lotin alifbosida asarlarni chop etish tobora yuksalib, takomillashib bormoqda.

Yoshlarimizning lotin yozuvini bilishlari ularning chet tillarini, shu jumladan, ingliz tilini o‘rganishlarida qo‘l kelmoqda. Birinchi Prezidentimizning yuqorida tilga olib o‘tilgan tarixiy qaroriga binoan 2013 — 2014 o‘quv yilidan boshlab birinchi sinf o‘quvchilariga ingliz tili ham o‘qitila boshlandi. Shuningdek, maktablarda yuqori sinf o‘quvchilari uchun ixtiyoriy ravishda pullik va bepul chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.

Maqolamizning oxirida shuni alohida ta’kidlab o‘tishni istardimki, har qanday chet tilini o‘rganish ham ona tilini sevib, puxta o‘zlashtirishdan boshlanadi. Vatan ona tilidagi so‘zlar bilan, milliy adabiyot orqali seviladi va qadrlanadi.

Xulosa qilib aytganda, 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risi”dagi qonun ham, 1991 yil 30 martda bo‘lgan Prezident Kengashining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alfavitiga o‘tish haqidagi qarori ham, 1993 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alfavitini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni hamda 2012 yilning dekabrida qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham uzoqni ko‘zlab, izchil amalga oshirib kelinayotgan yuksak bir maqsad – jahon hamjamiyatidan munosib o‘z o‘rnimizni olishga qaratilgandir.

 

Abduqahhor IBROHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, 

Professor

 

 

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =