Qalbda o‘chmagan cho‘g‘

Oq-sariqdan kelgan, o‘rta bo‘yli, yelkasiga hamisha fotoapparat osib yuradigan qotmagina bu inson bilan o‘tgan asrning 80-yillarida, Respublika radiosining mahalliy eshittirishlar bosh tahririyatida ishlab yurgan paytlarimizda tanishganmiz. Pardaboy aka hamma bilan apoq-chapoq, hazil-mutoyiba qilib ketaverardi.

 

 U xizmat taqozosi bilan bir oyda eng kamida uch-to‘rt marta respublikamiz viloyatlarida bo‘lib, mahalliy radioeshittirishlar va teleko‘rsatuvlar qo‘mitasiga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatar, viloyat rahbarlari huzuriga kirib, mahalliy tele va radiostantsiyalarining muammolarini hal  etishga ko‘maklashardi.

Shu bilan birga o‘z ishini ham unutmasdi: bir haftalik safari chog‘ida viloyatdan bir nechta maqola tayyorlab, suratlar olib, radioda e’lon qildirar, markaziy matbuotda chop ettirardi. Kichkina jussasidan g‘ayrat-shijoat yog‘ilib turgan bu insonning tinib-tinchimasligiga hamma havas qilardi. 

O‘tgan umrining yarim asrini matbuotga bag‘ishlagan Pardaboy Ergashev Oqqo‘rg‘on tuman gazetasida ish boshlab, keyinchalik O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida qariyb 20 yil mehnat qildi, «Soliq to‘lovchining jurnali», «Sharq yulduzi», «Xalq ta’limi» jurnallarida faoliyat ko‘rsatdi. Uning ishlab chiqarish sohasi ilg‘orlari, peshqadam xo‘jaliklar, ularning tajribali va fidoyi yetakchilari haqidagi maqola va fotolavhalari «O‘zbekiston ovozi», «Qishloq hayoti», «Ishonch», «Nurli jo‘l», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Ma’rifat» gazetalari va bir qator jurnallarda chop etilgan. 

Faxriy jurnalist 30 ga yaqin publitsistik risola va kitoblar muallifi hamdir. Drama va intermediyalari sahna yuzini ko‘rgan. 

Pardaboy Ergashev har kuni Oqqo‘rg‘ondan 50 chaqirim yo‘l bosib, ishga hammadan oldin yetib kelib, hammadan keyin uyiga ketardi.

— Jurnalist hamisha hayotdan bir qadam oldinda yurishi kerak, — deydi Pardaboy Ergashev. — Jamiyatda ro‘y berayotgan har bir voqea-hodisani barchadan oldin ilg‘ab, unga nisbatan jamoatchilik munosabatini o‘rganib, so‘ngra xalqqa yetkazishi lozim.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan aholining ijtimoiy muhofazaga ehtiyojmand qatlamiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, ularga arzon narxdagi namunali uylar ajratilayotgani, yosh oilalarga, o‘rta-maxsus kasb-hunar muassasalari bitiruvchilariga taklif etilayotgan imtiyozli kreditlar, ta’lim, maktabgacha ta’lim yo‘nalishidagi boshqa qator xayrli ishlarni jamoatchilikka qiziqarli uslublarda yetkazib berish uchun jurnalist avvalo, savodli bo‘lishi, masalaning mohiyatini anglab yetishi kerak. Ana shundagina u el e’tiborini qozonadi, hurmat topadi.

Esimda, o‘tgan asrning 90-yillarida Respublika radiosi mahalliy eshittirishlar bosh tahririyatiga Samarqand viloyati radioeshittirishlar qo‘mitasida ko‘p yillardan buyon ishlab kelayotgan haydovchidan shikoyat xati kelib tushdi. Unda Jahongir Omonov ismli yigit shu tashkilotda 20 yildan buyon ishlashini, lekin hozirgacha uy-joy bilan ta’minlanmaganini, ana shu masala bo‘yicha yordam berishlarini so‘rab murojaat qilgan edi.

Pardaboy Ergashev erinmasdan Samarqandda bir oy yurib, viloyat rahbarlariga, tegishli tashkilotlarga kirib, o‘sha yigit uy-joy bilan ta’minlanmaguncha hech joyga jilmadi, oxiri uni uyli-joyli qilib, Toshkentga qaytdi. Bunaqa voqealar uning hayotida ko‘p bo‘lgan.

Bir paytlar Pardaboy akani O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, sevimli yozuvchimiz Omon Muxtor adabiyot olamiga boshlab kirgan edi. U Ubaydulla Umarov, Abdusamad Isoqov, Abdurasul Xolnazarov, Abdusalom Rustamov, Ziyovuddin Azimov, Karim Egamovlarni o‘ziga ustoz deb bilsa, Farhod Omonov, Zokir Dadanov, Abdulla Astraqulov, Olimjon Mustafoev, Ochil Tohir, Husan Avvalov singari ko‘plab shogirdlar yetishtirdi.

Umr yo‘ldoshi Zavra opa bilan olti nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi, 14 nafar nevara, chevaralari bor. O‘zi ishlagan matbuot nashrlari xodimlari, shogirdlari, Oqqo‘rg‘on tuman hokimligi ustoz jurnalist holidan tez-tez xabar olib turishadi. 

Pardaboy Ergashev o‘z kasbidan baxt topgan inson. O‘spirinlik chog‘larida yuragiga jurnalistika tashlagan cho‘g‘ yillar o‘tib, gurillab yondi. Bugun ham bu olov ustoz qalbida hamon porlab turibdi.

Faxriy jurnalist «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi faoli sifatida hali ham tinib-tinchimaydi, davrimizning qahramonlari hayotiga oid maqolalar yozishni kanda qilmaydi. Yaqinda uning «Oqqo‘rg‘on mustaqillik yillarida» kitobi nashrdan chiqdi. Ayni paytda esa «Oqqo‘rg‘on va oqqo‘rg‘onliklap» kitobi ustida ish olib borayapti.

 

Abdusamad ISOQOV, Yahyo TOG‘A,

Nurulloh DOSTON

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + eleven =