YURAK DARAXTI

Birodarim, azizim, sening yuragingda ham  o‘z daraxting bormi?

 

Agar bor bo‘lsa, u qanday daraxt? Agar yo‘q bo‘lsa, aslo xafa bo‘lma, ko‘nglingni cho‘ktirma, o‘ksitma…

Yuragida daraxti yo‘qlar ham baxtli yashaydilar, uzoq umr ko‘radilar. Ularning ham hayotlari farovon kechadi.

Yuragida daraxt paydo bo‘lishdek ilohiy hodisa hammaga ham nasib etavermaydi. Bilsang, Olloh siylagan va yaxshi ko‘rgan bandasining yuragida daraxt unadi. Uning zahmati, tinimsiz mehnati va izlanishi tufayli o‘sha daraxt  gurkiraydi, gullaydi, shig‘il meva soladi, mevalari asal bilan bollashadi.

Totli-totli bo‘ladi, shirin-shirin bo‘ladi, Tilingni tilib yuboradi… Do‘stginam, bilsang, XX asr millat ulug‘laridan Abdulla Qodiriyning yuragida ham ulkan daraxti bo‘lgan.

Bu daraxt tomirlari hamon “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” singari boqiy daryolardan suv ichib keladi. Demak, Qodiriyning yuragi hamon urib turibdi.

Abdulla Qodiriyning yuragi hamon barhayot.

Yurak daraxti hamon gurkirab o‘syapti.

Hamon eng sara mevalari bilan adabiyot va

ma’naviyat dasturxonini bezab kelayotir.

Abror Hidoyatovning ham yuragida bahaybat daraxti bo‘lgan. 

U “Otello”, “Hamlet”ni ijro etganida yuragidagi daraxtning ildizlari zirqirab ketgan. Bu zirqirashdan sahnalar titragan. Bu daraxtning haybati va  qudrati tomoshabinni hamisha hayratga, hayajonga solgan.

Abdulla Qahhor, Shukur Burhon, Komiljon Otaniyozov, Odil Yoqubov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Nosirova, Munojot Yo‘lchieva…

Bu ulug‘larning yuraklarida ham Ilohiydan ekilgan daraxtlari bo‘lgan. 

Har biri asrlarga tatigulik, ulkan-ulkan bahaybat daraxtlar.

Yana bir ulkan va serqirra iste’dod sohibi – Ibrohim o‘afurovning yuragida ham shunday daraxt borligi uning ixlosmandlariga allaqachon ayon bo‘lgan.

Bu bahaybat va serhosil daraxt sakson yildan 

buyon goh dovruq solib, goh sokin shovullaydi.

Daryolarday yuraklarga oqadi.

Shoxlari egilib-egilib, savat-savat meva soladi.

Qor-qirovlarga, izg‘irinlarga

Bardosh berib keladi.

Har yili qiyg‘os gullaydi, bu –

“Yam-yashil daraxt”.

Bu daraxtning mustahkam shoxlariga aylangan

“Yonar so‘z”lar unga “Joziba” bag‘ishlab turibdi.

O‘zida “Mangu latofat”ni majussam etgan 

bu daraxtni ko‘rib, hayajonlanib “Yurak – alanga”ga aylanadi.

Shu onda ko‘zingiz daraxtdagi “Go‘zallikning olmos qirralari”ga tushadi. Bu tengsiz hayratdan

Yaratganga “Iltijo” qilasiz. Ushbularni o‘qib shukur deysiz:

“Men tug‘ilganda qahraton edi.

Qiynalib tug‘ildim. Zaminga tushdim oyog‘im bilan.

Otam yozib qo‘ygan siyoh qalamda eski bir

suratning orqasiga: jumodil avvalning beshinchi

kuni. Dekabrning yigirma yettisi.

O‘ttiz yettinchi yil…”

Bir mansurada muallif “Meni yolg‘iz demang”, deb xitob qiladi.

“Yolg‘iz demang meni,

Uch og‘ayni qoldik:

– Men, dilim va yana dilim.

Uchta g‘anim qoldik:

– Men, tilim va yana tilim.

Qarilikning kori ketmas ekan,

Uch umidvor qoldik:

– Men, elim va yana elim…”

Yoki:

“Bugundan boshlab meni, hey, Tuproq! – deb chaqir.

Senga qarab turdim.

Qaradim o‘zimga va

Tuproq bo‘ldim.

Sen o‘t, o‘taver.

Botmadimi, tovoningga bu toshdek boshim?

O‘t, “o‘taver…” Bu ko‘rkam va salobatli

daraxt “Unutilmagan bog‘da”gi, “Lirikaning

yuragi”ga o‘xshaydi. Bu yurakdan shunday

sadolar eshitiladi:

“Aytgim keladi: nomusni daraxtdan o‘rganing! Qarang, u hayot sharbatlari yugurayotgan tanasini qanday parda qobiq bilan o‘raydi. Bir joyi kesilsa, darhol shu kesilgan o‘rinni qobiq bilan berkita boshlaydi. Tabiatda hayo hukmron. Yashash zarurati shuni taqozo qiladi.”

Daraxt asta-sekin shovullaydi:

“Hech narsani anglamay men sabr qildim.

Qabr bo‘ldim men bunday sabr qila-qila.

Ozmi sabr qila-qila qabr bo‘lganlar.

Farqi bordir axir sabr ila qabrning bizda.

Sabringda saodat bo‘lsin!”

Niyat xolis: sabr saodatli bo‘lsa, qanday yaxshi, qanday nurli!

Sabr hayratli bo‘lsa, undan-da go‘zal.

Ibrohim o‘afurov sabr qila-qila ulug‘ martabalarga erishdi.

Yorug‘ va nurli manzillarga yetib keldi.

Yurak daraxtining hosillari haddan ziyod mo‘l bo‘ldi.

Savat-savat meva qildi.

prp

Daraxtdan jild-jild tarjimalar to‘kildi.

Fyodor Dostoevskiy – “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Iblislar”.

Ernest Heminguey – “Chol va dengiz”, “Alvido, qurol!”.

Chingiz Aytmatov – “Qiyomat”, “Qulayotgan tog‘lar”.

Fridrix Nitsshe – “Zardo‘sht tavollosi”.

Gabriel Garsia Markes – “Buzrukning kuzi”.

Gi de Mopassan, Nozim Hikmat, Konfutsiy, Edgar Po, Folkner, Soljenitsin, Rasputin – bu tarjimalarning har biri adabiyotda voqea bo‘ldi, qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Millat tafakkur javonidan o‘rin oldi.

Dovruq qozondi va hamon o‘qilayotir.

Bu tarjima durdonalari – adabiyot javonining javohirlari qatoridan joy olgan. Ularni ko‘rib vujuding nurlarga to‘lib-toshadi, tafakkur dunyosiga g‘arq bo‘lasan. Aqling charaqlaydi, oftobday yal-yal porlaydi.

Qalbing juda yuksaklarga parvoz qiladi…

prp

Bu zahmatkash ma’rifatparvar ijodkor

umrining 80 zinasiga bebaho ma’naviy

xazina bilan eson-omon yetib

kelganligi – adabiyotimiz uchun katta

Bayram, chinakam tantana…

Allohimning haqiqiy marhamati bu!

Lekin bu zinalardan ko‘tarilish oson va silliq kechmagan.

Ibrohim aka bilan birga ishlagan va o‘ttiz

besh yildan buyon u kishidan bebaho saboqlar olib kelayotganim bois yaxshi bilamanki;

Zinalardan birida – kutilmagan omad,

birida g‘alamislar fitnasi…

Birida – baxt kulib tursa, birida ko‘rolmaslik balosi…

Birida – quvonch quchoq ochsa, birida iztirob, azob…

Birida – tabassum bo‘lsa, birida – g‘araz toshi otilgan…

Sizni ishontirib aytamanki, Ustoz bu zinalardan

buyuk sabr-toqat yuksak madaniyat, havas qiladigan

zahmatli mehnat va matonat bilan mardona o‘tib kelayotir.

Ozod Sharafiddinov mehr bilan yozganidek:

“Men Ibrohimjonning bosib o‘tgan yo‘llari haqida o‘ylar ekanman, yana bir narsa meni hayratga soladi va havaslantiradi – u shu paytga qadar juda halol va juda pokiza hayot kechirdi… Biror odamning g‘iybatini qilib, uni tuhmat va bo‘htonlarga qo‘ygani yo‘q, hasad va baxillik ko‘chasiga kirmadi. Do‘stlariga xiyonat qilib, ularni chohga itarmadi… Hech kimga yomonlik qilgani yo‘q. Halollik deganlari, poklik deganlari shuning o‘zi emasmikin?..”

Bu to‘g‘ri va haqqoniy so‘zlarga qo‘shimcha qilishning mutlaqo iloji yo‘q!..

Ba’zan Ibrohim o‘afurovning vujudida, miyasida

fikr fabrikasi bormikin, deb o‘ylab qolaman.

Pishiq tolalar kabi toblab-toblab,

mustahkam iplar kabi pishitib-pishitib fikrni obdon toblaydi – fabrika.

Undan mustahkam arqon eshib, fikr mo‘’jizalarini

yaratadi fabrika.

U eng kuchli generator singari kechayu kunduz

tinim bilmay ishlayveradi, ishlayveradi.

Eng go‘zal va ko‘rkam matolar to‘qiyotganday,

eng pishiq va chidamli gilamlar bosayotganday

Shiddat bilan aylanadi – fabrika.

Fikr

Niagara sharsharasiday gurillab, hayqirib oqadi,

tog‘-toshlarni uyg‘otib yuboradi. Uxlab

yotgan xarsanglarning yuraklariga

titroq soladi. Katta-kichik toshlarni, o‘t-o‘lanlarni

fikr olamiga chorlaydi.

Ibrohim aka doimo fikrlar po‘rtanasi bilan yashaydi.

Fikrlar u kishining miyasida hamisha kamon

o‘qlariday tarang tortilgan turadi.

Fikrlar oltin yombilariday quyilib kelaveradi.

Fikrlar xayolning beozor qushlariga qo‘shilib, tafakkur dunyosiga parvoz qiladilar…

U kishi “Fikr moddasi” maqolasida shunday deb

yozadi: “Fikrning shakli – so‘z. Ammo so‘zlardan ko‘ra fikr benihoya katta. Fikr birlamchi. Fikrni so‘zga sig‘dirib bo‘lmaydi…

Fikr insonda harakatni tug‘diradi. Fikrsiz harakat ma’nosiz. Fikr harakatni uyg‘otadi va yo‘lga soladi…

Fikr bu – tirik hayot oqimi. U shoir aytganidek, “selday keladi…”

Fikr va fikrlash odamzodning o‘zagi. Odamzodni yer yuzida fikr tik tutib turadi. Fikr va fikrlash bo‘lmagan holda u o‘z nomini yo‘qotadi.”

Ibrohim o‘afurovning yurak daraxti yaproqlarida shunday bebaho ta’riflar, noyob fikr durdonalari bor:

“E’tibor berganmisiz? Navoiy hamma hollarda va o‘zining barcha hayotiy maqomatlarida xuddi… ha, xuddi Xudo nazar solib turganday yozadi. So‘z unga koinotning qa’rlaridan yog‘ilib kelayotganga o‘xshaydi…

Navoiyni o‘qiyotganda odam xuddi Xizr suvini ichayotganday bo‘ladi. Va xuddi abadiy tiriklikka mansublik hosil etilganday. Uning Xudo nazaridan xoli misrasi yo‘q. Har satri, har baytiga Xudoning nazari tushib turadi…”

Ibrohim o‘afurov Navoiy ijodining tolmas va fidoyi muxlisi. Uni yuksak mehr-muhabbat bilan o‘rganib keladi. Yurak daraxti ham Navoiy so‘zlaridan o‘sib chiqqan. Bu noyob va bebaho daraxt Navoiy nazmidan ildiz otgan. Navoiy ijodidan mudom kuch-quvvat olgan.

Bu daraxt  Navoiy bilan barhayot,

sakson yoshga kirsa ham ruhoniyati baquvvat,

chayir, kuch-g‘ayratga to‘la, ildizlari mustahkam, yaproqlari yam-yashil…

Yurakka ekilgan daraxtning umri

uzoq bo‘lsin, hosili mo‘l-ko‘l bo‘lib,

Adabiyot xirmonlarini to‘ldirib tursin, iloyo!

Duo qiling, ustoz Ibrohim aka!

Ashurali JO‘RAYEV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × two =