BIR LAHZALIK KINOLAVHANING BOTMONCHA SALBIY TA’SIRI

Uyga qaytgach hammamiz ham imkon topib, televizor tomosha qilishga, dunyo voqea-hodisalaridan xabardor bo‘lishga harakat qilamiz. O‘zbekiston televideniesidagi ko‘rsatuvlar mazmun-mohiyati bilan o‘ziga kishini rom qiladi. Ammo namoyish etilayotgan ba’zi reklama roliklari yoki teleseriallardagi ayrim telelavhalar xususida to‘xtalib o‘tish joiz.

 

Masalan, ko‘pgina xorijiy teleseriallarda ertalab to‘shakda yotgan holda qahva ichish manzarasi namoyish qilinadi. Xo‘sh, buning nimasi yomon, deyishingiz mumkin. Xizmatkor keltirgan qahvani to‘shakda ichadimi, oshxonada ichadimi, bu – ularning ishi. Lekin… Ayni shunday lavhalar zamiridagi holat bizni tashvishga soladi. Xorij mamlakatlarida bunday holat tabiiy hisoblanar. Bizda-chi?! Nazarimizda, biz – musulmonlar to‘shakka mixlanib qolmagan bo‘lsak, dori-darmondan boshqasini yotgan holda iste’mol qilmaymiz. Axir, bu gigienaga ham to‘g‘ri kelmaydigan ish-ku! Biz, odatda, joyni yig‘ishtirib, yuz-qo‘lni yuvib, undan keyin dasturxonga o‘tiramiz. Ammo masalaning ma’naviy-axloqiy, gigienik-tibbiy jihatlariga ham e’tibor qaratilsa, o‘sha kichkina lavhaning anchagina salmoqli ta’siri namoyon bo‘ladi. Bu narsa bizning madaniy saviyamizni oshiradimi yoki aksincha?

Televideniedagi reklamalarda ham, ko‘pgina savdo do‘konlarida ham namoyish qilinayotgan yana bir ko‘rinish — kiyim-kechaklarni reklama qilayotgan “yigit”ning soch-soqoli masalasi. Aslida, o‘sha yigitning bo‘y-basti kelishgan, istarasi issiq, bo‘ynida galstuk, biroq soqoli olinmagan. Ehtimol, Yevropada ayni shu narsa normal holat sifatida qabul qilingandir.  Biroq bizda soch-soqoli o‘sgan bunday yigitlar boshqalarga o‘rnak bo‘la olmaydi. Qadimda soqol, mo‘ylov qo‘yishning ham o‘ziga xos tartiblari bo‘lgan. Bunday ishlar yoshiga qarab, o‘g‘il uylab, qiz chiqarib, bobo bo‘lgan mo‘ysafidlarning ko‘rki. Ona suti og‘zidan ketmagan, “bangisifat” yigitlar biz uchun ibrat namunasi bo‘la olmaydi. Ehtimol, bu holatni xususiy masala deb o‘ylovchilar ham topilar. Biroq shuni unutmaslik lozimki, “bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi” deganlaridek, bunday lavhalarning ta’siri kuchli bo‘lib, achinarlisi, bugun yoshlarimiz orasida “urf” bo‘lmoqda. Bu ham “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlaridan biri. “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “Tabiiyki, “ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi” — deyilgan.

Yana bir tashvishli holat. Odatda, qizlar chiroyli kiyinishga harakat qilishadi. Hatto oziq-ovqatdan tejab bo‘lsa ham, madaniy dam olishga sarflanishi lozim bo‘lgan xarajatlardan ham voz kechib ustiga yangi, zamonaviy libos oladi. Imkon qadar xorij kiyimidan olishga, teleseriallarda namoyish qilinayotgan kiyim-kechaklarni xarid qilishga intiladi. Qisqasi, “Podadan qolsang ham modadan qolma” qabilida ish tutishadi. Ammo ba’zi qizlarimizning kiyinishini umuman oqlab bo‘lmaydi. Aslida, biror voqea-hodisani quvvatlash yoki inkor etishda ma’lum bir me’yorlarga amal qilinadi. Masalan, o‘zbek qizining beli ochiq yurishiga nima deysiz? Bunga ijobiy qarab bo‘lmaydi, albatta! Chunki biz – islom dunyosining bir bo‘lagimiz. Musulmonchilikda ham, xususan, o‘zbeklar hayotida ham yalang‘och tarzda kiyinish qoralangan. To‘g‘ri, ba’zi mamlakatlar Hindiston yoki Amerikada ayollarning beli ochiq yurishi o‘sha yerdagi iqlim yoki boshqa bir sabab bilan bog‘liqdir. Lekin bizda kindikni ochib yurishning hech bir sababi yo‘q. Shu o‘rinda, masalaning tibbiy jihatlarini ham yodda tutish lozim. Bugun belini, kindigini ochib yurgan qizlarning buyragi xastalanmasligiga kim kafolat beradi. Axir, ular – naslning davomchilari, bo‘lajak onalar emasmi?!

Fikr-mulohazalarimiz so‘ngida tarix tajribasidan xulosa chiqarish, ota-bobolarimiz pand-nasihatlarini to‘g‘ri qabul qilib, to‘g‘ri qadam tashlash o‘zini anglagan har ma’rifatli yurtdoshimizning burchidir. Negaki, “Hozirgi vaqtda (“Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari) axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko‘pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda”.

 

Saltanat PO‘LATOVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi

Termiz filiali “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seven + 5 =