“ODAMLAR NIMA DEYDI?” YOXUD YANA TO‘Y MASHMASHALARI

—Odamlar bilan nima ishim bor. To‘ydan keyin ular meni boqarmidi yoki qarzga botsam to‘lab beradimi? — dedi Olim aka xotiniga. — Bo‘ldi, tamom  uch yuz kishidan ortiq mehmon chaqirmayman. Shundoq ham sarpo-suruq, latta-puttalaring bir to‘yning pulini yedi.

 

— Iya, nima deganingiz bu? Haliyam importniylaridan kam bo‘ldi. Shukr deng, quda bo‘lmishlar tushungan odamlar ekan. Shuning uchun ham to‘yni besh yuz kishidan kam qilmasdan o‘tkazish kerak. Bo‘lmasa qudalar oldida uyatga qolamiz, – dedi xotini har kungi diydiyosini boshlab.

— Kim chiqargan ekan, shunaqa to‘y qilishni, —  Olimjon zorlandi.

To‘y boshlagandan beri uyda tinchlik yo‘q. Ona bola bir tomon, o‘zi bir tomon bo‘lib, to‘y xarajatlari ustida tortishgani tortishgan. Xotini ham, o‘g‘li ham “Buni qilish kerak, uni qilish kerak, bo‘lmasa odamlar kuladi” degan gapni har kuni chaynayverishadi. “Ertaga to‘ydan keyin ham kun bor. Biroz kichikroq qilaylik. Biron so‘m orttirsak, qolgani shu bolalarga”, deya qancha gapirdi ayoliga. Qani gap kor qilsa. Har ikki kunning birida bozorda.

Unashtiruvdan so‘ng Olim o‘g‘lini chaqirib, yotig‘i bilan tushuntirdi.

– O‘g‘lim, bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi. Kel, ixchamroq qilib o‘tkazaylik. Bir-ikki so‘m tejalsak, o‘zingga biror nima olarsan. Nima deysan?

O‘g‘li biroz jim turib:

— Siz nima desangiz shu, – dedi noroziroq ohangda. Keyin bor dardiyu orzu-havasini onasiga to‘kib solibdi.

O‘sha kunlarda Yurtboshi to‘yni ixcham qilish haqida gapirib qoldiku, Olim akaning kuni tug‘di. Xudo degan odam-da. O‘zida yo‘q xursand. Bu gap-so‘zlardan boxabar xotini ham  to‘yni kichikroq  o‘tkazishga rozi bo‘laqoldi.

— Endi, xotin ishxonaning kattalari bilan maslahatlashdim. 150-200 kishidan oshirmang deyapti, — dedi ayoliga.

Ayoli ham “to‘yxonaga bormaganlarni boshqa keldi-kettilarga chaqiraman”, deb majbur ko‘ndi. Necha oylik mashmasha bo‘lgan to‘y ixchamgina, ozgina-sozgina bo‘lib o‘tdi.  Lekin birov g‘ing degan gap-so‘z qilmadi. To‘y charchoqlari chiqib, keldi-kettilar tingandan so‘ng, Olim aka o‘g‘lini yoniga chaqirdi.

— To‘ydan ko‘ngling to‘ldimi? Hech kim kulmadimi ishqilib?

— Bilmasam…

— Ko‘rdingmi o‘g‘lim, bir kunlik to‘y o‘tdi-ketdi. Odamlarning esidan ham chiqib ketdi o‘sha to‘ying.  Shu desang, to‘ydan ortgan ozgina pul bor. Nima qilsak ekan? O‘g‘lining yuzi yorishib, ko‘zlari chaqchayib ketdi.

— Qancha dada?

— Biror kichikroq mashinaga yetar-etmasov.

—Yo‘g‘e?! Unday bo‘lsa, mashina olaylik. Kam bo‘lsa o‘zim qo‘shaman, o‘rtoqlarim to‘yonaga ozgina pul yig‘ib berishgandi…

 

“Agar shu to‘ydan bir so‘m orttirsam, borini bolamga beraman” deb niyat qilgandi. Shu-shu o‘g‘liga mashina olib berdi. “To‘y  qilaman” deb mashina sotganini eshitgan edigu, ammo to‘ydan ortgan pulga mashina olganni hech ko‘rmagandik. Hayotda shunaqasi ham bo‘larkan-da.

Yurtboshimizning to‘ylarni ixchamlashtirish haqidagi tashabbusi ko‘pchilikni, ayniqsa, to‘y boshida turganlarni quvontirdi. To‘y qilgan biladiki, uni boshladingmi, sarf-xarajatlarning keti ko‘rinmay qoladi. Mablag‘i bor-ku qilar. Ammo yo‘q-chi?…

Buni qarangki, necha yuz yildan buyon “odamlar gapiradi” deb o‘zimizni o‘qqa-cho‘qqa urib, qarzga botib to‘y qilayotirmiz. Bu haqda yuz yil oldin ma’rifatparvar Behbudiy, Abdulla Qodiriylardan tashqari davlat boshqaruvi xonlik va amirlik davrida ham to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha farmonlar e’lon qilingan. Unga bo‘ysunmaganlar 100 darradan jazo olishi ham belgilangan. Lekin tartibga solish hamon qiyin kechmoqda.

Istiqlol yillari ilk bor 1998 yil 28 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Farmoni imzolangan edi. Biroq unga amal qilish har bir fuqaroning majburiyati bo‘lishiga qaramay, 20 yil ichida uning ijrosi yo‘lda qolib ketdi. Umidimiz esa Oliy Majlisi Senati qaroriga binoan tuzilgan To‘y-hasham, oilaviy tantana, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, muhokama qilinayotgan qonun loyihasida. Agar unda barcha to‘y-ma’rakalarning tartib-taomillari aniq belgilanib, javobgarliklar ham to‘liq ko‘rsatilsa, ko‘zlangan maqsadga yetish mumkin. Bu kunlarga ham yetamiz Xudo xohlasa.

 

Bobur MUHAMMADIYEV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 12 =