Qanot juft bo‘ladi

Talaba edim. Qishda, muzg‘alakda sirpanib ketdim-u, o‘ng qo‘lim sindi. Bir oydan ortiq zilday gipsni bo‘ynimga osib yurdim. Darsga borsam — yozolmayman, uyga kelsam — emin-erkin ovqatlana olmayman. Kiyinish — undan azob. Yorug‘ dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib, asablarim qaqshar edi. O‘shanda sog‘lik dunyodagi eng bebaho ne’mat ekanligini, tik oyoqda yurish, gurunglarga qo‘shilish, yaqinlaringni bag‘ringga bosa olishning o‘zi katta  baxt ekanligini anglagandim.

To‘shakka mixlanib qolgan, nogironlik aravachasi ham ulovi, ham oyog‘iga aylangan yoki turli sabablar bilan es-hushidan ayrilgan insonlar bilan uchrashuvga borar ekanman, boshimdan o‘tgan rutubatli kunlarimni esladim.
O‘zimcha o‘ylayman: ular ham boshqalar kabi sog‘lom tug‘ilib, oilasi, yaqinlari  bag‘rida soppa-sog‘, emin-erkin, baxtiyor hayot kechirishlari, farzand ko‘rishlari mumkin edi. Biroq Yaratgan ularga boshqacha sinovni ravo ko‘rdi. Sinov o‘laroq ularning yaqinlarini ham imtihondan o‘tkazdi. Nogiron yaqini uchun kimdir umrini bag‘shida etdi, etmoqda. Kimdir “ortiqcha tashvish”dan osongina qutuldi: davlat qaramog‘iga topshirdi.
Davlat ko‘ngli o‘ksik bu insonlarga oilasi berolmagan mehr, osh-ovqat, kiyim-kechak, issiq joy, muolaja taqdim etdi.  Nogironlar ham uning sog‘lar kabi teng huquqli fuqarolari.
Yangier shahrida joylashgan “Muruvvat” nogiron ayollar internat uyi yurtimizning turli shaharu qishloqlaridan kelgan jismi va ruhiyatida shikastaligi bor 140 jonni o‘z bag‘riga olgan. U yerda taqdiri azal yetaklab kelgan mo‘’tabar yoshdagi keksa onaxon ham, umrining ayni go‘zal onlarini boshidan kechirayotgan o‘n to‘qqiz yoshli qizlar ham bor. Biri o‘zbek, biri rus, birovi koreys… Dard, iztirob, sog‘inch, yolg‘izlik ularni birlashtirgan. Ularga shu go‘shada o‘z nomi bilan Muruvvat ko‘rsatiladi.
— Bemorlarimizning ko‘pchiligi xayoliy hayotida yashaydi. Biri sog‘ayib, turmush qurish niyatida bo‘lsa, boshqasi to‘rt muchasi butunlar kabi yurishni, qiynalmay gapirishni, eshitishni orzu qiladi. Ularning dardlarini his qilmaslik aslo mumkin emas, — deydi internat uyi direktori, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Nafisa Sharipova. — Vazifamiz bu nurli, lekin mashaqqatli yo‘lda ularga har tomonlama yordam berish. Davolash, ko‘nglini ko‘tarish. Suyanchiq bo‘lish. Shukrki, xodimalarimizning hammasi bu sharafli vazifani sabr-bardosh, yuksak mas’uliyat va katta mehr bilan uddalayotir. Mabodo, orasidan tili yoki qo‘li “dag‘al” xodim chiqib qolsa, jazosi tayin: bu yerdan qadami tiyiladi. 
Bugun mazkur muruvvat uyida bir yuz yigirmadan ortiq xodim faoliyat yuritmoqda. Terapevt, nevropatolog, ginekolog, stomatolog kabi shifokorlar, fizioterapevtlar, hamshira va oshpazlar, kutubxonachi va nazoratchilardan iborat ahil jamoa  bemorlar xizmatida. Maqsadi bir — bemorlarning jismoniy va ruhiy ahvoli yaxshilansa, hayotga qiziqishi ortsa, bu dunyoda o‘z o‘rnini topib yoki his etib, o‘ksinmasdan  yashasa.
Internat rahbarining so‘zlariga qaraganda, bemorlarga ko‘rsatiladigan barcha xizmatlar, dori-darmonlar bepul. Kuniga to‘rt mahal ovqatlanadi, sayrga chiqadi, yuvinib-taranib, televizor ko‘radi yoki kitob o‘qiydi.
Muruvvat uyida doimiy yotoq rejimidagi ayollarga ham ko‘zimiz tushdi. Nafisa opaning aytishicha, bunday bemorlar alohida parvarishga muhtoj.  Ba’zilarining jag‘ suyagi yaxshi rivojlanmagani uchun ovqatni juda sekin yeydi. Xodimlar yarim soatmi, bir soatmi — to ular to‘yib ovqatlanmaguncha yonidan jilmaydi. Tanovvuliga ko‘maklashadi. Bunday keng sharoit va doimiy g‘amxo‘rlik samarasida sog‘ayib, oilasi bag‘riga qaytganlar ham bor.
— Shifokor badantarbiyaga ruxsat etgan bemorlar bilan har kuni ertalab mashg‘ulot o‘tkazamiz. Koptok, arqon, xalqa, hodalar bilan turli o‘yinlar o‘ynaymiz, — deydi fitness murabbiyasi Xabaroy Shomansurova. —  Jismonan chiniqish tanadagi dardlarni yengishga, qolaversa, ruhiyatning yaxshilanishiga katta yordam beradi.
Choshgohda bemorlarning ko‘pchiligi hovliga chiqadi.  Mayin musiqa taraladi… Nafisa opa izoh beradi: “Bemorlarimizni musiqa terapiya orqali davolashga ham harakat qilyapmiz. Nafi juda katta. Asablarni tinchlantiradi. Kayfiyatni ko‘taradi”.
Bemorlarning ayrimlarini suhbatga tortdik. Ismlarini o‘zgartirish sharti bilan taklifimizga rozi bo‘lishdi.

YULYA:
— Onam bolaligimda qo‘g‘irchoq yasashni o‘rgatgan edi. Shu-shu qo‘g‘irchoq yasash sevimli mashg‘ulotimga aylangan. Har gal qo‘g‘irchoq yasaganimda, onamni eslayman. Bag‘rida o‘tkazgan kunlarimni qo‘msayman.
Qo‘g‘irchoq yasash uchun menga ip-igna shart emas. Ozroq mato va ichini  to‘ldirish uchun konfet qog‘ozi bo‘lsa bas. Yasagan qo‘g‘irchoqlarimni bu yerdagi dugonalarim, shifokorlarimizga sovg‘a qilaman. Hatto, “asarlarim” ko‘rgazmaga ham qo‘yildi. Juda sevindim. Qo‘shiq aytishni ham yaxshi ko‘raman. Maylimi, sizga ham aytib bersam?
Yulya qo‘shiq boshlaydi. Ona haqida, yolg‘izlik haqida, sog‘inchlarga to‘la qo‘shiq…
Shunda bu maskanga kelgan har bir mehmon bemorlar uchun katta quvonch hadya etishini his qildik. Qizning samimiy gaplari, bolalarcha beg‘ubor orzularini eshitib, o‘ylaganlari ro‘yobga chiqishini, aravachaga mixlangan bemajol oyoqlariga jon ato etishini Yaratgandan iltijolar qilib so‘radik.

NODIRA:
— Jizzaxdanman. Men — oilamizdagi olti farzandning kenjasi. Onam ancha oldin vafot etgan. Hamma aka-ukalarim uyli-joyli. Men ham turmush qurgandim. Afsuski, o‘xshamadi. Homilalarim ketma-ket nobud bo‘ldi. Oxiri ajrashdim. Ota uyimga qaytdim. Lekin sig‘madim. Akam, yangam chiqishtirmadi. Bora-bora urish-janjallardan, asablarim charchadi. Uydan boshim oqqan tomonga chiqib ketadigan bo‘lib qoldim. Biror kor-hol bo‘lishidan qo‘rqqan otam bechora yig‘lab-yig‘lab, meni shu yerga olib kelib tashladi. Bir yilcha bo‘ldi. Lekin shu vaqt ichida otam bir martagina yo‘qladi, xolos. Ba’zan nahot umrim oxirigacha shu yerda qolib ketsam, nahot jigarlarim meni butunlay unutgan bo‘lishsa, deya o‘ylanib qolaman. Men ham boshqalar kabi baxtli yashashni, turmush qurib, farzandli bo‘lishni istayman. Yaxshiyamki, bu yerda psixolog va shifokorlar bor. Meni tushkun kayfiyatdan, yomon o‘y-xayollardan chalg‘itishadi. Dalda va umid berishadi.

MALIKA:
— Maktabda ingliz tilidan saboq berardim. Keyin bir xorij kompaniyasiga tarjimon bo‘lib ishga kirdim. Bir kuni to‘satdan qulog‘imda shang‘illash boshlandi. Avvaliga e’tibor bermadim. Bora-bora shovqin ko‘paydi. Shifokor ko‘rigidan o‘tsam, miyamda shikasta borligini va dardim jiddiyligini aytishdi. Eslab ko‘rsam, bir marta samolyotda boshimga sumka tushib ketgan edi. O‘shaning oqibatida miyada o‘zgarish yuz bergan. So‘ng onam bilan shu yo‘nalishdagi shifoxonalarni qidirdik va bu yerga kelib qoldik. Kelganimga bir yildan oshdi. Onamni sog‘inishimni inobatga olmasa, qolgan barchasi uyimdagidek. Dori-darmon va muolajalarning yaxshi ta’sirini sezyapman. Yana o‘z ishimga, oilamga qaytishni juda-juda istayman.
Bemorlarning mungli qarashlarini ko‘rib, bolalarcha samimiy so‘zlashlari, orzu-umidlarini eshitib, yuragingizga xanjar botayotgandek bo‘laveradi. Shu tobda sehrgarga aylanib, biroviga aql, biroviga oyoq, yana biriga sog‘lom vujud ato etgingiz keladi…
Yaxshiyamki, muruvvat uyi kabi maskanlar, mehridaryo insonlar bor. Mehrga zor yaqinidan vaqtini qizg‘anayotgan, bir og‘iz shirin so‘zi, mehr-e’tiborini undan darig‘ tutayotganlar ham yo‘q emas.
Ulug‘lar yozmishlarki, inson qush kabidir. Yuksaklarga parvoz qilmog‘i uchun unga quvvat bag‘ishlaydigan ikki qanot zarur: Mehr va Oqibat!
Oqshom muruvvat uyidan chiqqanimizda uning derazalaridan nur taralib turar edi.  
 
Sirdaryo viloyati
Go‘zal MALIKOVA
 “Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + five =