Yigitlarning sarasi

Bolaligimizda akalarimiz harbiyga ketar bo‘lsa, yaqinlarimiz hadigu xavotir, onalarimiz esa ko‘zlarida yosh bilan kuzatar edi. Chunki el-yurt ko‘rib, bilib turardi: harbiyga o‘z oyog‘ida o‘ynab-kulib ketgan yigitlarning mayibu majruh qaytganlari ko‘p bo‘lgan. O‘zga yurtlarda qolib ketganlari qancha. Xastaligu dard orttirib, bir umr ezilib o‘tganlari qancha.

Bu sovet armiyasida zo‘ravonlik, “musht bilan tarbiyalash”,  dux, ded, dembil kabi insonning sha’ni va qadrini pastga uradigan qamoqxona tartiblarining avj olganidan. Shukrki, bu kabi fojealar o‘tmishda qoldi.
Ammo istiqlolning ilk yillarida milliy Qurolli Kuchlarimiz safini butlash tizimida jiddiy muammolar bo‘lganligini qayd etish joiz. Sobiq tuzumdan harbiy tartiblarga rioya qilmaslik, boshboshdoqlik, odamlarning armiyaga bo‘lgan ishonchsizligi, yoshlarning harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash kabi muammolar meros qolgan edi.
Shu bois istiqlolning dastlabki kunlaridan milliy armiyamizni shakllantirishga jiddiy kirishildi. Qurolli Kuchlarni askarlar bilan to‘ldirishni sifat jihatdan yaxshilash uchun chaqiriluvchilarning jismoniy va intellektual salohiyatiga alohida e’tibor qaratilib, zamonaviy armiya uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Natijada yigitlarimiz haqiqiy jangavor qo‘shinlar safida xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Fuqarolarimizning muddatli harbiy xizmatni o‘tash 12 oygacha qisqartirildi. 2009 yildan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga muddatli harbiy xizmatga chaqirish, yiliga bir marta — fevral-mart oylarida amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa harbiy qism va muassasalarda sog‘lom muhit shakllanishiga olib keldi.
Milliy armiyamizda o‘z burchini o‘tab qaytgan yigitlarning keyingi faoliyati ham davlatimizning doimiy e’tiborida. Oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda imtiyozlar, ishga joylashishda amaliy yordam ko‘rsatilayotgani shular sirasidandir. Xususan, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan yoshlarga respublika oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plagan balining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berilishi, yigitlarimizning hayot yo‘lini topishda muhim o‘rin tutmoqda.
Bu ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Resublikasining rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining jangovar qudrati va salohiyatini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu asosda Mudofaa doktrinasi qabul qilinib, Qurolli Kuchlar tizimida uning ijrosi bo‘yicha ko‘plab o‘zgarishlar qilinmoqda. 
Poytaxtimizda joylashgan harbiy qismda bo‘lganimizda  ana shunday o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik.   
Avvalo ko‘zga tashlanadigani — saranjom-sarishtalik, ozodalik. Ko‘rib ko‘z quvonadi. Harbiy qismga emas, go‘yo dam olish maskaniga kelib qolgandik bo‘lasiz. Bu harbiy intizom va ahillikning mustahkamligi, ishning batartibligi va xizmatga mehrning  yuksakligidan. Yotoq joylari, o‘quv xonalari, oshxona, mashq xonalari — barchasi zamonaviylik kasb etgan. Ayniqsa, aksarlarning o‘ziga yuksak ishonch bilan shaxdam qadam tashlayotganini ko‘rib,  havasingiz keladi. Yigitlarning sarasi, deb o‘ylaysiz.  
— Muddatli harbiy xizmatga kelgan askarlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tobora kengaymoqda. Bundan asosiy maqsad professional, hech kimdan kam bo‘lmagan milliy armiyani shakllantirishdir, — deydi harbiy vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i kapitan Akbar Yormatov. — Shu bois harbiy xizmatchilarning kiyim kechagidan to ovqatlanishi, qurollanishi, bilimini oshirish kabi barcha ehtiyojlar davlatimiz tomonidan alohida e’tiborga olingan. Bu jarayonda Prezidentimiz tashabbusi bilan Harbiy-ma’muriy sektorlar hokimliklarga biriktirilib,  sektor rahbarlari bilan hamkorlikda “Strategik yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani o‘z samarasini berayotir. Jumladan, harbiy qismimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlik natijasidir. Qisqa vaqt ichida harbiy qism binolari ta’mirdan chiqarildi. Barcha xonalar zamonaviy o‘quv-qurollari, texnika bilan jihozlandi. Harbiy kutubxona, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ko‘magida esa yoshlar ittifoqi xonasi tashkil etildi. Ilgari kazarmalarga yuz, ikki yuz askar joylashtirilgan bo‘lsa, hozirda alohida guruhlarga bo‘lingan.
O‘quv jarayonlari bilan yaqinroq tanisharkanmiz, aloqa tayyorgarlik xonasi e’tiborimizni tortdi. Bu yerda turli zamonaviy kompyuter, aloqa vositalari, radiostantsiyalar o‘rin olgan.
— Ma’lumki, aloqa mudofaa tizimida nihoyatda muhim ahamiyatga ega, — deydi o‘quv mashg‘ulot rahbari serjant Zoir Sayfiev. — Chunki ma’lumot almashinuvi harbiylar uchun hayot-mamotdek gap. Shu bois askarlardan aloqa texnikasini puxta o‘zlashtirish talab etiladi.
Janglarda qurol-aslaha har bir yigit uchun jonu tanidek gap. Ayniqsa, bugungi texnika asrida qo‘shinlarni qurol-yarog‘ va jangovar texnikaning zamonaviy turlari bilan ta’minlash, ulardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish o‘ta muhim. Harbiy qismning o‘q otish xonasi ham zamonaviy texnika bilan jihozlangan.
— Mashg‘ulot xonamizda zamonaviy uskunalar yordamida haqiqiy dala muhiti yaratilgan, askarlarda quroldan foydalanish va o‘q otish ko‘nikmalari shakllantiriladi, — deydi mashg‘ulot rahbari leytinat Ne’matjon Musaev. — Ularning mahorati oshgach, dala-o‘quv mashg‘ulotlariga yo‘l oladi. U yerda haqiqiy qurol va texnikada malakasini oshiradi. Bunday mashqlar yigitlarimizni ham jismonan ham ruhan chiniqtiradi. Bir yil davomida muddatli harbiy xizmatchilar har qanday nishonni o‘ra oladigan haqiqiy mergan bo‘lib yetishyapti. 
Oshxonaga nazar soldik. To‘g‘risi, zamonaviy kafe, restorondan farqi kam. Keng, shinam, so‘nggi rusumdagi jihozlar, sovutgichlar ishlab turibdi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy xizmatchilarning ovqatlanish sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Mudofaa vazirligi bo‘linmalari shaxsiy tarkibining ovqatlanishi autsorsing asosida, ya’ni umumiy ovqatlanish korxonalarini jalb etgan holda tashkil etilgan.
— Harbiy qismlar orasida birinchilardan bo‘lib ish boshladik, — deydi  “Azim trans servis” mas’uliyat cheklangan jamiyati rahbari Sulaymon Qulmatov. — Bugungi harbiy xizmatchilarni sifatli va xilma-xil ovqatlantirish Mudofaa vazirligi tomonidan alohida e’tiborga olingan. Shu bois  belgilangan me’yor va tavsiyalar asosida askarlarni uch mahal sifatli va vitaminga boy taomlar bilan ovqatlantiryapmiz. Meva, sharbat turli pishiriqlar ham taomnomamizdan o‘rin olgan. Ularni tayyorlashda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini fermer xo‘jaliklari va qo‘shxonalardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri keltirilib, veterinariya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Shu bilan birga deyarli har hafta taomnomaga yangi ovqatlarni kirityapmiz. Birgina nonushtaning o‘zida o‘nga yaqin yegulik berilmoqda.
Bular xususida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning o‘zlari nima deydi?
—    To‘g‘risi, armiyada bunday sharoit bo‘ladi, deb o‘ylamagandim, — deydi xatirchilik Shahriyor Sayfuddinov. — Besh oydirki, harbiy xizmatda emas, balki oliy harbiy o‘quv yurtida o‘qiyotgandekman. Barchasi tartib-qoida asosida. Bir daqiqa ham zoya ketmaydi. Jismoniy tarbiya, turli yo‘nalishdagi yangi darslaru mashg‘ulotlarda malakali murabbiylar orqali bilimimizni oshiryapmiz. Oliy o‘quv yurtlaridan kelgan professor-o‘qituvchilarning fanlar bo‘yicha o‘tayotgan darslari ham juda qiziqarli. Harbiy tayyorgarlik, aloqa, o‘q otish mashg‘ulotlari yana ham qiziq. Chunki yangi texnika, qurollarni o‘zlashtiryapmiz. Xizmatda o‘zimga ishonchim ortib, kelgusida ofitser bo‘lishni dilimga tugib qo‘yganman.

Bobur MUHAMMADIYEV
“Hurriyat” muxbiri
Sholaziz Shoxidoyev
olgan surat

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =