Plagiat, ko‘chirmachilik va oqibat

 

“Kuyla faqat

o‘z sozing bilan…”

Sergey Yesenin.

Plagiat, izohli lug‘atlarda qayd etilishicha, lotincha (plagio) so‘z bo‘lib, «o‘g‘irlayman» degan ma’noni bildiradi. Bu biror badiiy, ilmiy asar yoki kashfiyot muallifi huquqlarini buzib, u yaratgan narsa, g‘oyalarni noqonuniy ravishda boshqalar tomonidan o‘zlashtirilishi — «o‘ziniki» qilib olinishi. Plagiat so‘zini ko‘chirmachilik va shunga yo‘l qo‘ygan kishi — plagiatorni ko‘chirmachi decak ham bo‘laveradi. Ko‘chirmachilar boshqa birovlarning aqli, shuuri, ilhomi samarasi bo‘lmish ilmiy g‘oyalar, proektlar, badiiy matnlar, musiqiy asarlarga «egalik» da’vo qiladilar, ularni o‘z nomlaridan chiqaradilar.

 

Ba’zilar buni taqlid deb, o‘zlarini oqlamoqchi bo‘ladilar.To‘g‘ri, taqlid — ko‘chirmachilik emas, o‘rganish, izlanishning bir bosqichi. Ammo san’at olamida, xususan, badiiy adabiyotda bir umr salaflari va zamondoshlariga taqlid yo‘lida ijod qilganlar plagiatordan uncha uzoq ketolmaydi. Nari borsa, ustozi asarlarining nusxasini yaratadi, xolos. Ilmda ham xuddi shunday. San’atda, turidan qat’i nazar, ijodkorning o‘zligi yaqqol namoyon bo‘lishi lozim. Shunda u yaratuvchi, ijodkor nomiga musharraf bo‘ladi.

Plagiatning ko‘rinishlari. Plagiatorlik “faoliyati” tarjima adabiyotida ham uchrab turadi. Bir zamonlar boshqa kishilar yaratgan badiiy, ilmiy tarjimalarni sal tahrir va tadbil qilganday bo‘lib, o‘z nomidan chop ettirish plagiat hisoblanmaydimi? Bunga tarjima tarixidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Shuni o‘ziga ep ko‘rgan kishilar ko‘nglini og‘ritib, misollar keltirib o‘tirmay deb o‘ylagandim, bo‘lmadi. “A” degandan keyin “Be”ni ham aytish kerak ekan.

Gazetada bir hikoya o‘qidim. Uning sarlavhasi ostida “falonchiev tayyorladi”, deyilgan ekan. “Jahon adabiyoti durdonalari”. — Bu rubrika e’tiborimni tortdi. Hikoyaning muallifi yo‘q, negadir qayd etilmagan. Yo materialni tayyorlagan kishining o‘zi jahon adabiyotiga daxldor shaxsmikin, deb o‘yladim. Lekin o‘zim bilgan mualliflar orasida bunday ismni uchratmadim. Xotiramga o‘qiganlarim kelaverdi. Oxiri esimga tushdi: gazetadagi material Paustovskiyning “Keksa oshpaz” (“Starыy povar”) hikoyasining na tarjimasi, na tadbili edi: o‘zbekcha matnda uning sarlavhasi, badiiy detallari, Motsartdan boshqa qahramonlarning nomi o‘zgartirilgandi (o‘lim to‘shagida yotgan cholning qizi Mariya — Almudena, rahmatlik xotini Marta — Rosita deb berilgan). Bu na taqlid, na tarjima, na sharh, na tadbil edi. Agar bu plagiat bo‘lmasa, hikoyani nashrga tayyorlagan qalamkash jahon adabiyotini milliy tilda o‘zlashtirishning yangi usulini yaratdimikin?

Ba’zan “falon oliygoh o‘qituvchisi tayyorladi” yozuvi bilan mashhur mutafakkirlarning bitiklari, boshqalarning qalamiga mansub maqolalar ham chiqib qoladi. Lekin ularning nomi berilmaydi. O‘qiysiz, eslaysiz, o‘ylaysiz: bu narsa shu “olim”ga nimaga kerak bo‘ldi ekan? Uning yil oxirida hisoboti, ball to‘plashi uchunmi? Bu narsalarga ko‘zi tushgan uning shogirdlari “biz ham u-bu joylardan ko‘chirib gazetalarda chiqaversak bo‘lar ekan-ku” degan xayolga bormaydimi? Plagiat va yoshlarni unga o‘rgatish shu nuqtadan boshlanmaydimi?

Bir vaqtlar S.Yesenin maktublarini o‘qiganimda, shunday jumlaga ko‘zim tushgandi: o‘zgalarning bir so‘zi yoki so‘z birikmasidan foydalanish — ijodiy o‘zlashtirish, jumlasini, fikrlarini havolasiz ko‘chirish esa plagiat.

Birovning matni (janri, turidan qat’i nazar) to‘liq ko‘chirilib, “xususiylashtirib” olinsa-chi? Buni nima desa bo‘ladi? Bu ham plagiat. Manbani ko‘rsatmay, iqtibos olish qoidalarini buzib bir jumla ko‘chirding nima-yu to‘liq matnni ko‘chirding nima… Baribir — o‘g‘irlik. Madaniy emas, madaniyat sohasidagi o‘g‘irlik, muallif huquqlarini nazar-pisand qilmaslik, kuppa-kunduzgi qaroqchilik, desak ham yanglishmaymiz.

Bundan tashqari, “ilmiy-amaliy konferentsiyalar materiallari” nomi ostida chop etilgan ba’zi kitoblarni varaqlarkansiz, “u yoq-bu yoq”dan yulqib olingan “maqolalar”ga ko‘zingiz tushgach, hafsalangiz pir bo‘ladi. Bu narsalar “ball” yig‘ish niyatida yozilganiga shubha qilmaysiz. O‘qituvchining mahorati, “ball”i asosan uning darslariga talabalar bergan baho bilan belgilanmaydimi?

Bir ilmiy konferentsiya materiallari kitobini o‘qib, tanish muallimdan so‘radim:

— Nega dissertatsiyangiz mavzusidan emas, boshqa maqola berdingiz?

— Shu mavzuda tezroq yozish imkoni bo‘ldi…

1. Qiyoslang: “Kak uje bыlo otmecheno, dvuyazыchie, ili bilingvizm, — odno iz vajnыx lingvisticheskix ponyatiy, svyazannыx s yazыkovыm kontaktom. Yavlenie, izvestnoe kak bilingvizm, predstavlyaet isklyuchitelnыy interes ne tolko s tochki zreniya lingvistiki, no i s pozitsiy filosofii, psixologii, sotsiologii i daje fiziologii (https://studopedia.ru/10_289868_bilingvizm-ili-dvuyazichie.html). Mazkur matn bir ilmiy amaliy konferentsiya to‘plamida: “Kak uje bыlo otmecheno, dvuyazыchie, ili bilingvizm, — odno iz vajnыx lingvisticheskix ponyatiy, svyazannыx s yazыkovыm kontaktom. Yavlenie, izvestnoe kak bilingvizm, predstavlyaet isklyuchitelnыy interes ne tolko s tochki zreniya lingvistiki, no i s pozitsiy filosofii, psixologii, sotsiologii i daje fiziologii” (1918, s. 13);

2. Qiyoslang: “Dvuyazыchie — chastnыy sluchay mnogoyazыchiya, no poskolku dvuyazыchnыe situatsii predstavlyayut soboy naibolee tipichnыy sluchay mnogoyazыchiya, termin «dvuyazыchie» bolee upotrebitelen, chem «mno­goyazыchie», i chasto ispolzuetsya vmesto poslednego. V russkoy lingvisticheskoy traditsii naryadu s nimi shiroko ispolzuyutsya terminы «bilingvizm» i «multilingvizm». (https://core.ac.uk/download/pdf/151225558.pdf). To‘plamdagi o‘sha maqolaning davomi: “Dvuyazыchie — chastnыy sluchay mnogoyazыchiya, no poskolku dvuyazыchnыe situatsii…” va h.

Mushtariylar ma’zur tutgaylar. O‘zlariga xulosa chiqarsin, deb turli saytlardan havolasiz ko‘chirib maqola yozgan hamkasbimizning nomini va to‘plamning sarlavhasini atayin ko‘rsatmadim, zero, maqoladan maqsad ham birovni tanqid qilish emas.

Ba’zan hatto ko‘p yillik tarjibaga ega tadqiqotchilar ham monografiyalarida avval o‘zga ilmiy ishidan bir iqtibosni “qoida”ga amal qilib oladilar-da, keyin besh-o‘n sahifagacha tap tortmay ko‘chiradilar. Go‘yo “tirnoq” ichidagisi kitob muallifiniki-yu qolganlari esa ko‘chirgan janob qalamiga mansubday. Hech bo‘lmasa, ora-sirada manba va uning sahifasi ko‘rsatilsa ham mayli edi. Shunday matnlarga duch kelgan bir olim do‘stimiz: “Iqtibos olishning ham me’yori bormi o‘zi?” — deganini eslayman. U haq. Me’yori bo‘lishi kerak. Buni har kimning vijdoni belgilaydi.

Plagiat zamirida nima bor? Azaldan o‘zi loyiq bo‘lmagan “obro‘”ga erishish uchun yoki mashhurlik kasaliga (maniya velichiya) yo‘liqqanlar ko‘chirmachilik qiladi. Gohida esa ilojsizlikdan bunga qo‘l uriladi. Birinchi holat haqida ko‘p aytilgan.

Ikkinchi holat, ayniqsa, oliy ta’lim tizimida bitiruv malakaviy ish yozish (BMI) va himoya qilishda bor “bo‘y-basti” bilan namoyon bo‘ladi. Talaba 70-90 betlik ishni (adabiyotdanmi, tildanmi yo boshqa gumanitar fanlardanmi) tayyorlashi kerak. O‘zi bir sahifa matn u yoqda tursin, mubolag‘a bo‘lsa ham, yozma ravishda bir jumlani mustaqil tuza olmaydi. Unga umrida hali biror varaq ilmiy maqola yozmagan kishi ham “ilmiy rahbar” bo‘lib qolishi ehtimoldan xoli emas. Nima qilsin? Talabaning boshqa iloji yo‘q: u yo “ish”­ni biror joydan ko‘chiradi, yo unga ko‘chirib berishadi, yo u tayyorini sotib oladi va muqovasiga ismu sharifini katta harflar bilan yozib qo‘yadi. Bu jarayonni ko‘pchilik biladi. Lekin haligacha bu haqda biror mutaxassis yoki mutasaddining “birodarlar, shogirdlarimizni nimaga o‘rgatayapmiz?”, deb tanbeh berganini ko‘rmadim. Kim ham o‘zi o‘tirgan shoxni arralardi?

Haqli savol tug‘iladi: hamma bitiruv malakaviy ish yozishi shartmi? Bu vazifani faqat o‘zi xohish bildirgan iqtidorli talabalarga yuklab, o‘quv rejasida BMIga ajratilgan yuklamaning qolgan qismini (soatlarni) mutaxassislik bo‘yicha nazariy va amaliy darslar uchun taqsimlab chiqish va soha bo‘yicha davlat imtihonlarini og‘zaki topshirishni qayta joriy etish balki samaraliroq bo‘lar? Shunda kitob o‘qish va uqish yana talabaning asosiy vazifasi ekanligini ular his qilishar? Axir, to‘rt yil oliygohda yurib, kutubxona qaerdaligini bilmay, bitta ham kitob o‘qimay diplom olib ketayotganlar ozmi?

Bitiruv malakaviy ishlar qaerda sotiladi, deysizmi? Marhamat, siz yaxshi ko‘rgan internet janoblaridan so‘rang. Darhol ming-minglab tayyor diplom va bitiruv malakaviy ishlar ro‘yxatini oldingizga tashlaydi. Xuddi shunday — dissertatsiyalarni ham. Ilm ham “ishbilarmonlar” uchun biznesga aylanib qolganiga ancha bo‘ldi. Avvallari ham kimlargadir bu soha yopiq-yashirin biznes edi. Gohida dissertatsiyalar hashar yo‘li bilan yozilardi, tadqiqotchi o‘z aqli, shuuri, mehnati bilan yaratgan dissertatsiya qolib, “buyurtma” ishlar himoya qilinar, tasdig‘ini olardi, deyishadi bilganlar.

Badiiy asarlar mutolaasi jarayonida ko‘plab egizak syujetlarga duch kelaman. Balki bu bir zamon va makonda, bir xil ijtimoiy-iqtisodiy muhitda yashab ijod qilayotgan adiblar biri-biridan bexabar holda yaratayotgan o‘xshash hayotiy manzaralardir? Adabiyotda tanilib qolgan zamondoshlarimiz ijodidan biri biriga monand uchta she’rni o‘qib, qaysi muallif birinchi kashf etdi ekan bu obrazlarni deb o‘ylayman. To‘g‘ri, bir mavzuda minglab she’r yozilishi mumkin. Har bir haqiqiy she’r alohida kashfiyot bo‘ladi, lekin men duch kelgan matnlarda satrlar, ifodaviy vositalarning bu qadar o‘xshashligi ajablantiradi. “Tasodifan shu darajadagi bir xillik bo‘lishi mumkinmikan?” deb savol beraman o‘zimga o‘zim.

Mashhur turk adibi Aziz Nesin “Romanimni qanday chiqardim?” hajviy hikoyasida plagiatning antiqa turi haqida yozadi. Hikoya qahramoni romanini qaysi tahririyatga olib bormasin, bir xil javob oladi: “Original asarlarni xalqimiz uncha yoqtirmaydi”. “Biz faqat tarjima romanlarnigina chop etamiz”. Oxiri u o‘z romaniga “amerikalik muallif”ni o‘ylab topib, undagi barcha turkcha nomlarni amerikachasi bilan almashtirib chiqadi. Diqqat bilan Amerika xaritasini o‘rganadi, kitobidagi barcha jo‘g‘rofiy nomlarni ham amerikacha joy nomlariga o‘zgartiradi. So‘ng uni tarjima sifatida tahririyatga taqdim etadi. Ishi o‘ngidan keladi: “Frantsuz, nemis, ingliz, italyan va boshqa chet ellik adiblar hikoyalarini olib, ulardagi Djonsonlarni Ahmadlarga, Martalarni Fotimalarga almashtirib, so‘ng muqovasiga o‘z ismu shariflarini qo‘yib jurnallarga topshirayotgan mening yurtdosh hamkasblarim kam deb o‘ylaysizmi? Men ular foydalangan “usul”ning teskarisini qilsam, gunohi azim bo‘larmidi?” (Aziz Nesin, T., 1988, s. 34).

Ba’zi o‘zbekcha badiiy matnlarni xorij adabiyoti kitoblari bilan qiyoslasak, hozirgi o‘zbek adabiy jarayonida ham xuddi shunday “Martalarni Fotimalarga almashtirish” holatlariga duch kelishimiz ehtimoldan xoli emas. Bundan ko‘ra, o‘zlariga yoqqan xorijlik muallif asarini qoyilmaqom qilib o‘zbek tiliga tarjima qilishsa, ko‘p savob bo‘lmasmidi? Axir, tarjima ham san’at-ku. Mahoratli tarjimonning mahoratli adibdan kam joyi bormi? Yoki bu masala qalam haqiyu yana biz bilmagan boshqa narsalarga bog‘liqmikin?

Aytish joizki, hozirgi globallashuv, mamlakatlararo madaniy va iqtisodiy integratsiya g‘oyalari olg‘a surilayotgan davrda adabiy aloqalar, madaniyatlar muloqoti chuqur ma’no kasb etadi. O‘zga mamlakatlar, xalqlar ilmi, san’atining milliy madaniyatga ta’siri bebaho, yuksak samara beradi. Bizni jahon tamadduniga yaqinlashtiradi. Biroq o‘zga el, o‘zga til adibining badiiy kashfiyotini yarim tarjima, yarim tadbil yoki talqin qilib, janrini qo‘yib, o‘z nomimdan chop ettirsam, bu ham plagiat bo‘lmaydimi?

Plagiat, qaerda uchramasin — ilm­dami, badiiyatdami, ta’lim tizimidami — yuqumli kasallikdek kishilarga ziyonyetkazadi.

Bozor Ilyos al-AMIN.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

1 thought on “Plagiat, ko‘chirmachilik va oqibat

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =