Qalbi o‘rik guliday nozik edi

Donishmand olim Omonulla Madaev bilan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida ko‘p yillar birga ishladik, yoshlarni ilm-ma’rifatga qiziqtirish, ustoz-murabbiylik mas’uliyati, oliy ta’lim muammolari, xususan, talabalar bilimini baholash tizimining ijobiy va salbiy tomonlari, bo‘lajak jurnalist­larga saboq berishda o‘quv jarayoniga ijodiy yondoshish, qoliplardan chiqish, darslarni bugungi kun bilan bog‘lash to‘g‘risida tez-tez fikrlashib turardik.

 

Bu masalalarda domlaning o‘z qarashlari, kimlargadir g‘ayrioddiy  tuyuladigan, “eskicha” ko‘rinadigan takliflari bo‘lardi. Omonulla aka  ortiqcha qog‘ozbozlikni, rasmiyatchilikni yoqtirmas, qishning o‘rtalarida o‘tiladigan darsning mazmuni, savol-javobi va erishiladigan xulosasini o‘quv yilining boshida tasdiqlatish kabi kulgili “qoidalar”dan, aniq nomi bilan aytganda, ko‘zbo‘yamachilikdan jiddiy ranjirdi. Talabalarning to‘rt yillik umrini behuda o‘tkazmaylik, derdi. Katta-katta yig‘inlarda bu to‘g‘rida baralla ovoz bilan gapirar, haqiqat yo‘lida hech narsadan hayiqmasdi.

Kirish imtihonlari chog‘i uchrab turadigan nohalollikdan gap ketganda, domla chinakamiga junbushga kelar, bisotidagi jamiki nordon so‘zlarni ishlatib, bunday  ishlar bilan imida-jimida shug‘ullanayotganlarni, kim bo‘lmasin, qaysi oliygohda ishlamasin, ayovsiz tanqid qilardi. Bu to‘g‘rida teleko‘rsatuvlarda ham aytganlarini ko‘pchilik yaxshi biladi.

Ustoz Pirimqul Qodirov olamdan o‘tgan kuni ertalab to‘rtinchi bosqich talabalariga “Publitsist mahorati” fanidan dars berishim kerak edi. O‘quv rejasida belgilangan mavzu o‘rniga ustoz publitsistikasini tahlil qildim. Eng yaxshi maqolalaridan parchalar keltirdim. O‘sh-O‘zgan voqealarini, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov bilan birga mojaro yuz bergan joyga borib, o‘zaro nifoqlashayotgan tomonlarning o‘rtasiga tushganlarini aytib berdim. Darsdan keyin yigitlar bilan kelib, janoza marosimida qatnashdik, vidolashuv so‘zlarini eshitdik.

Hammasi joyida bo‘ldi. Ammo o‘quv bo‘limi xodimlaridan biri mening bu ishimni uncha xushlamadi, “Darslar reja bo‘yicha o‘tilishi kerak”, dedi norozi ohangda. Bu gapni eshitgan Omonulla aka mening yonimni olib, o‘sha xodimga: “Ukajon, ijodkorlikda har qanday puxta rejani ham yangilab turishga to‘g‘ri keladi”, dedi.

Omonulla aka qirq yildan ko‘proq vaqt talabalarga folklor, xalq og‘zaki ijodi, dostonchilik, baxshilik maktablari, ijro usullari kabi mavzularda saboq berdi. Bilgan, ko‘rgan va eshitganlar biladi — bu saboqlarning aksariyati haqiqiy san’at asarlari edi. Domla mavzuga shu qadar berilib ketardiki, auditoriyaga o‘qituvchilarning darslarini kuzatish uchun keladigan komissiya a’zolari xuddi jonli spektakl tomosha qilayotganday, sahnada pedagog emas, haqi­qiy san’atkor turganiga guvoh bo‘lardi. Ustozlar Aziz Qayumov, Suyima G‘anievaga o‘xshab, Omonulla aka Alisher Navoiy hazratlaridan shunaqa ta’sirchan misollar keltirardiki, ko‘plar saboq vaqti tugaganini  sezmay ham qolardi.

Domla topshiriqni bajarmagan talabani ayab o‘tirmas, “tanka”si bor-yo‘qligiga qaramay, kim qancha ball to‘plagan bo‘lsa,  shuni qo‘yib berardi. Iltimos degan so‘z u kishining g‘azabini qo‘zg‘ardi. Bir gal fakultetimizga biroz dahli bo‘lgan akaxonlardan biri: “Domla, jiyanimizga to‘rt baho qo‘yibsiz, stipendiyasida 500-600 ming so‘m farq qilib qoladi-ku”, deganida, Omonulla aka yonlarida bor pullarini chiqarib, “E, chatoq bo‘libdi-ku, birodar, mana, o‘sha farqni men to‘lay qolay”, deganlariga guvoh bo‘lganman. 

2015 yili  universitetda “Talabalar bahori”  festivali bo‘lib o‘tdi. Har bir fakultet ijodiy dasturi bilan sahnaga chiqishi, o‘n yo‘nalishda talabalar mahoratini namoyish etishi kerak. Tarix, biologiya, ijtimoiy fanlar fakultetlari jamoalari jurnalistlar ustidan g‘alaba qozonishga shay bo‘lib turishibdi. Bu fakultetlarda ham ijodkor talabalar ko‘p. Dasturga binoan, o‘qituvchi yoki talaba o‘zbek xalq cholg‘u asboblaridan birida kuy ijro etishi ko‘zda tutilgan. Tashkilotchilar bu to‘g‘rida jiddiy bosh qotirib turishganida, Omonulla aka rubobni qo‘liga olib, shunday sayratdiki, butun zal oyoqqa qalqdi va biz tanlov g‘olibi bo‘ldik.

O‘zim guvoh bo‘lgan yana bir voqeani aytay. To‘rt yillik o‘qishni uyoqdan-buyoqqa shox tashlab o‘tkazayotgan bir talaba yigitning otasi kelib, domlani bir chetga tort­di-da, “Bizning o‘g‘ilchaga baho qo‘ymabsiz. Boshqa domlalar so‘zimniyerda qoldirishmadi, faqat siz qoldingiz… Shu desangiz, xizmat-pizmatiga tayyormiz”, dedi. Omonulla akaning rangi oqardi, ammo… o‘zini bosib, talabaning otasidan: “O‘zingiz ham domlaga o‘xshaysiz, xalq dostonlaridan birortasini bilasizmi?”, deb so‘radi. — “Ha, bilaman, “Yozi va Zebo”ni bilaman, “Layli va Majnun”ni o‘qiganman, ancha joyi yodimda qolgan”, deb qoldi ota. Omonulla akaning yuzi yorishdi. — “Ha, barakalla. Ana o‘sha yoddan bilganlaringizni o‘g‘ilchaga yaxshilab o‘rgating, baho qo‘ymagan nomard”, dedi…

“Safed Bulon hikoyalari” kitobim chop etilganida fakultetdagi hamkasblarning  ko‘piga yozib beribman-u, domlani unutibman. Koridorda ko‘rib qolib, “Ahmadjon, kitobdan bizga ham  yozib bering, o‘qiylik”, deb qoldilar. Kitob qo‘limda turibdi, ammo shoshganimdan nima deb dastxat yozishni bilmay turib qoldim. So‘ng: “Hurmatli Omonulla aka, shu kitobchani bir varaqlab chiqsangiz, ma’qul kelsa, dastxat yozib beraman”, deb yozdim.

Boshqa bir yili bundan-da kulgili voqea yuz bergan. Bir kuni qorasini haftada bir-ikki uzoqdan ko‘rsatib qochadigan talabaning onasi, o‘zining aytishicha, “yaxshilikniyerda qoldirmaydigan, ko‘p joylarda ishlagan, uncha-muncha tanishlari bor” ayol fakultetdagi xonamga shaxdam kirib keldi. Salomlashdik. “O‘g‘limga baho qo‘ymabsiz, stipendiyadan qolib ketadi endi. Pulga ehtiyojimiz yo‘q, lekin yaxshi ish bo‘lmabdi. Sizdan iltimos, bahosini qo‘yib bering”, dedi. “O‘g‘lingiz darsga kelmagan, yozma topshiriqlarni bajarmagan, biror marta bo‘lsin, og‘zini ochib gapirmagan, buning sira iloji yo‘q”, dedim. Ayol taajjubli jilmayib (O‘-o‘, o‘sha jilmayishni ko‘rsangiz edi!), “Iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘q, domlajon. O‘g‘lim o‘zi tortinchoq, birovning oldida gapira olmaydi, ammo hamma narsani tushunadi, aqli-hushi joyida, siz bahosini qo‘yavering, topshiriqlaringizni bajaradi”, deydi xotirjam. Men boshimni sarak-sarak qilaman. Ayol shundoq ham yopiq eshikka bir qarab oladi-da, asta davom etadi: “Domlajon, keling, kelishaylik, boshqa domlalar, baraka topishsin, so‘zimni qaytarmay qo‘yib berishdi, bitta sizdan qoldi qarzi. Iltimos, yo‘q demang”. “Ikkita yozma ish topshirishi, berilgan beshta manbadan hech bo‘lmasa, uchtasini o‘qib kelib, auditoriyada gapirib berishi kerak. Shunday qilsa, ertaning o‘zidayoq bahosini oladi”, deyman.

Ayol tushunmaydi. Talabani xonaga taklif qilamiz. Qani, nimani bilsang, shuni gapir, deyman. U fanning nomini ham ayta olmaydi. Ona esa pastga tushadiganlar xilidan emas. “O‘g‘lim kitob o‘qishga yoshligidan qiziqmaydi, boshqa ishlarni yaxshi bajaradi. Endi domlajon, hamma kitob o‘qiyversa, ishni kim qiladi”, deydi. “Kitob o‘qi­masa, gazeta varaqlamasa, to‘rt qatorlik axborot yozishni bilmasa, undan qanaqa jurnalist chiqadi?”, dedim asabiylashib. “Domlajon, o‘g‘limdan jurnalist chiqmasligi aniq, ammo savdo-sotiqni qotiradi. Xudo xohlasa, o‘qishini bitirib, qo‘liga diplomini olvolsa, mana ko‘rasiz, biror ishingiz bo‘lsa, qarab turmaydi, qo‘li ochiq bola”, deydi xuddi muammoningyechimini topganday.

Kelisha olmaymiz. Ayol shang‘illashga o‘tadi. “E, tushunmagan odam ekansiz, yur, o‘g‘lim, ketdik, boshqa joyga boramiz, he o‘rgildim maqtagan Madaevingdan”, deya xonadan tars-turs yurib chiqib ketadi. Qarangki, na o‘g‘li, na onasi kimning, qaysi o‘qituvchining oldiga kelganini ham bilishmas ekan.

Bu voqeani “Jurnalistika saboqlari” kitobimga kiritib, Omonulla akaga sovg‘a qildim. Umrlarining oxirigacha qaerda ko‘rishib qolsak, “He o‘sha maqtagan…” deya so‘rashadigan bo‘ldik.

Omonulla Madaev do‘st-qadrdonlik, oqibatlik, mahalladoshlik, ulfatchilik ilmlarini ham puxta egallagan, muomala madaniyati yuksak, farishtali inson edi. Ovozi hamisha  sozlangan rubobday yoqimli jaranglab turardi. Ma’ruzasini tinglaganlar domlaning muxlisiga aylanardi. Xorijda o‘qib kelganini pesh qilib, otasi tengi ustozlarni mensimayotgan, o‘zini zamonaviy donishmand maqomida ko‘rayotgan, ammo mahalla nima, madaniyat nima, do‘st-qadrdonlik nima — bu ilmlardan bexabar ba’zi yosh rahbarlarga Omonulla Madaev kabi ustozlaryetishmaydi. Afsuslanib aytadigan haqiqat bu.

Omonulla aka o‘rik gullarini sevardilar. Ko‘ngli ham o‘rik guliday nozik edi. “Alifbo muammosini tezroq hal qilaylik, test­ni hayotga yaqinlashtiraylik, o‘zimiz ham bilmagan, tushunmaydigan narsalarni test savollariga kiritib, abiturientlarni qiynamaylik”, degan talablarni o‘rtaga qo‘yishdan charchamadi ustoz.

Domla favqulodda kuyunchak, jonsarak inson edi. Bu fazilatning qiyin jihati shundaki, u  kuyunchak va jonsaraklarning asabiga sovuq shabadadek qattiq uriladi, sog‘lig‘iga soya tashlaydi. Yupanchimiz shundaki, domla sevgan o‘rik bog‘lari gullashda, ro‘yi zaminga iforu latofat taratishda, ona-tabiat bahor hamisha bahor bo‘lib qolaverishini bizga takror-takror uqtirishda davom etaveradi. Ilmiy halollik, vijdoniy poklik, odob-axloq, insof-diyonat yo‘lidan chalg‘imasak bo‘lgani.

Oxiratingiz  obod bo‘lsin, ustoz!

Ahmadjon MELIBOYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 5 =