Ijodning qadrlanishi iste'dod nufuzini oshiradi

Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent“ mehmonxonasida “Eng ulug', eng aziz“ an'anaviy ko'rik-tanlovining Respublika bosqichi g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligiga bag'ishlangan tanlov joriy yilda “Jonajon O'zbekistonim, mangu bo'l omon!” shiori ostida tashkil etildi.

Tanlovga 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarni keng yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilindi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi va barcha viloyatlarda bo'lib o'tgan ko'rik-tanlovlarda jami 904 nafar nomzod o'zining 6 ming 600 dan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Tanlov davomida bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar, televidenie va radio orqali efirga uzatilgan ko'rsatuv va eshittirishlar, yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari, tasviriy san'at, foto asarlari va dizayn ishlari, kino san'ati, shuningdek, internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan dolzarb mavzudagi materiallari tanlov nizomida belgilangan 6 nomdagi nominatsiya bo'yicha baholandi. Hududlarda o'tkazilgan tanlov natijalariga ko'ra, 209 nafar g'olib hamda unda faol ishtirok etgan 114 nafar ijodkor munosib rag'batlantirildi.

Ko'rik-tanlovning Respublika bosqichida 186 nafar ijodkor 2000 dan ortiq eng sara ijod namunalari, badiiy asarlari bilan ishtirok etdi. Xususan, 34 nafar jurnalist bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilgan 850 ta maqola, 29 nafar teleijodkorning televidenie va radio orqali efirga uzatilgan 275 ta ko'rsatuv va eshittirishlari, 52 nafar yozuvchi va shoirning 92 ta badiiy asari, 65 nafar yurtdoshimizning 750 ta tasviriy san'at, foto asarlar va dizayn ishlari, kino sa'nati yo'nalishida 6 ta badiiy, 10 ta hujjatli, 2 ta multfilm janridagi, jami 19 ta asarlari, shuningdek, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan 20 dan ortiq muallifning 86 ta materiali taqdim etildi.Raqamlardan ko'rinadiki, an'anaviy tanlovning nufuzi yil sayin ortib bormoqda.

— Bu yilgi tanlov ijodkorlar o'rtasidagi haqiqiy raqobatga sabab bo'ldi. Buni tanlovga kelib tushgan materiallar sonining ortganidan ham ko'rishimiz mumkin, — deydi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administiratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshqarma boshlig'i Gulruxsor Hotamova.— O'z navbatida ishtirokchilar va materiallarning ko'pligi hakamlar hay'atiga ham juda katta mas'uliyat yukladi. Ijodiy ishlar O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi, “O'zbekkino” milliy agent­ligi vakillaridan tashkil topgan tanlov hay'ati tomonidan ko'rib chiqilib, mazmun-mohiya­ti, dolzarbligi, ijodiy mahorat mezonlariga ko'ra xolis baholandi. Ijodiy ishlarni baholashda yuqorida aytganimizdek, professional mahorat, mukammal badiiy saviya, bugungi kunda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng va atroflicha ochib berish, teran tahliliy mushohada singari jihatlarga asosiy e'tibor qaratildi.

— Ijod, ijodkorlik insonga ato etilgan noyob ne'mat, — dedi tanlovning yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari nominatsiyasi g'olibi, shoir Eshqobil Shukur. — Uning qadrlanishi iste'dod nufuzini ulug'laydi. Mehnat, ijodning yuksak qadrlanishi ijodkorning ulkan baxtidir. U faxr tuyg'ularini bag'ishlaydi. Biz eng ulug', eng aziz bayram arafasida turibmiz. Ushbu ayyom qadrimizni, qalbimizni ko'taradigan, yuksaklarga undaydigan bayram. Tanlov uchun taqdim etgan “Bobo so'z izidan” kitobim ona tilimizni asrab-avaylash, so'zlarning ma'no-mazmuni, tub ildizini ochib berishga xizmat qiladi.

— Tanlovda tahririyatimiz g'olib chiqqanidan xursandman, — dedi sovrindorlardan biri «Andijanskaya pravda» gazetasi bosh muharriri Said­ahmad Shukurov. — Biz jamoamiz bilan birga mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari, zamondoshlarimiz fidoyiliklari, millatlar o'rtasidagi do'stlik va hamjihatlik, o'zaro hurmat, mehr-oqibat muhiti tobora mustahkamlanib borayotgani haqida ko'plab maqolalar chop etdik. Andijon viloyatida ham katta o'zgarishlar bo'layapti. Xalqimizning turmush darajasini oshirish uchun tashkil etilayotgan korxonalar, zamonaviy uylar, obod qishloqlar o'z-o'zidan bo'lmayotganini materiallarimizda ko'rsatishga harakat qilayapmiz. Bu boradagi ijodiy ishlarimizni yanada boyitib g'oliblikka munosib bo'lishga harakat qilamiz. Tanlov tashkilotchilariga, hakamlar hayatiga minnatdorligimni bildiraman.

Ma'lumki, bugungi kunda barcha sohalar qatori madaniyat va san'at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari, nash­riyot hamda matbaachilik ravnaqini yangi bosqichga ko'tarish, mavjud huquqiy-normativ bazani takomillashtirish, sohaning moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash, ijod ahlining mashaqqatli mehnatini moddiy va ma'naviy jihatdan munosib rag'batlantirish, kadr­lar tayyorlash tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish va isloh qilish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda.

Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda o'zbek ommaviy axborot vositalari tom ma'noda “to'rtinchi hokimiyat” darajasiga ko'tarilmoqda. Sohadagi o'zgarish va yangilanishlar, ommaviy axborot vositalariga berilayotgan e'tibor tufayli jurnalistika qaddini ko'tardi, jurnalistlar dadil va jur'at bilan yoza boshladi. Yurtimizda ro'y berayotgan voqea-hodisalar, o'zgarish va yangilanishlar, eng muhimi, o'z yechimini kutayotgan muammolar haqida tahliliy-tanqidiy materiallar soni keskin ko'paydi. OAV o'zining eng muhim — davlat va xalq o'rtasida ko'prik vazifasini bajarayotgani tufayli, ularga bo'lgan ishonch mustahkamlanib boryapti. Bu jarayonda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminis­tratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash, ularni qonunchilikdagi o'zgarish va qo'shimchalar haqida o'z vaqtida va tezkorlik bilan xabardor qilish, yangi OAVni tashkil qilishda ko'maklashish, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida kitob va kitobxonlikni keng tar­g'ib qilish, ularning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish, matbaachilikni rivojlantirish yo'lida zarur chora-tadbirlarni ko'rib kelmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, sohaga qaratilayotgan yuksak e'tibor mamlakatimizdagi ijodkor ziyolilarning salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish uchun ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda zarur sha­roit va imkoniyat yaratishda muhim ahamiyat kasb etyapti. “Eng ulug', eng aziz” respublika ko'rik-tanlovi ham ana shu maqsad va vazifalarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Jobir Xo'jaqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =