Dashnobod naqshi

Avvalo “Nima uchun “Dashnobod naqshi” o'yini o'ylab topilgan edi, degan savolga javob: chunki hayotda hamma narsa bir sabab va turtki, zarurat orqaligina yuzaga kelishini yaxshi bilamiz.

Xalq san'ati — katta ummon. Unda biz o'rganmagan, biz bilmagan duru javohirlari behisob. Eng muhimi, ko'zimizga surtishga arziydigan ota meros javohirlarning sanog'i yo'q. Xalq yo'lida yaratilgan durdona aytimlarni o'rganish, kelajak avlodga yetkazish burchimiz ekanini bugun teran anglayapmiz.

Chiroyli so'zlar, tesha tegmagan tashbehlar, nag'­mali iboralar bilan maqolamizni bezash qiyin ish emas, ammo xalq termalari, qo'shiqlari borasida xatoga yo'l qo'ymaslik, asl matnni buzmasdan o'quvchiga yetkazish muhimroq, ya'ni qiyinroq va mas'uliyatli masala. Demoqchimanki, “Dashnobod naqshi” haqida yaxshi biladiganlar ko'p, mabodo biror o'rinda xato bo'lsa, fikrlarini bildirsalar, ochig'i, xursand bo'lamiz. “Sariosiyo” gazetasi tahririyatining xalqimizning boy folklorini yig'ib, o'quvchiga yetkazish tashabbusi olqishga sazovor va men ham, qo'ldan kelgancha, bu ishga hissamni qo'shishga harakat qildim. Aytish kerakki, “Dashnobod naqshi” o'zim guvoh bo'lgan eng qiziqarli xalq o'yinlaridan biridir. Bu o'yinni ilk bahor kunlarida, dov-daraxtlar qiyg'os gullagan paytlarda, qorli Hisor tog'laridan yoqimli shabadalar esgan ehtirosli lahzalarda ko'p kuzatib, zavq­qa to'lganmiz. Barisi ko'z o'ngimda turibdi.

Avvalo “Nima uchun “Dashnobod naqshi” o'yini o'ylab topilgan edi, degan savolga javob: chunki hayotda hamma narsa bir sabab va turtki, zarurat orqaligina yuzaga kelishini yaxshi bilamiz.

Dashnobodlik oqsoqollardan biri, marhum Avaz Qarshiyev domla bilan shu to'g'rida suhbat qilganimda, u kishi: “To'y kunida uylaridan chiqolmagan bemorlar, himoyaga muhtoj kishilar borligi hisobga olinib, shu o'yin o'ylab topilgan”, degan edi. Va aytish kerakki, chindan ham bu o'yin to'yxonadan boshlanib, butun guzarni aylanib, aholi doimiy to'planadigan joylarda to'xtalib, davom ettirilgan va chindan ham uyidan chiqolmaydigan bemorlar, nogironlar, yosh bolali onalar, nuroniylar va albatta, to'yga aytilmay qolganlar ham o'sha kungi xursandchilikdan bahramand bo'lishgan. Qanday ajoyib udum va an'analarimiz bor. Buni qarangki, o'sha zamonlarda ham ota-bobolarimiz ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning manfaatini ham nazardan qochirishmagan. Ana shuning o'zi biz uchun ezgulikning bir ko'rinishi va arzirli saboq. Biz kelajak avlodni, bugungi yoshlarni shunday ezgu an'analar ruhida tarbiyalashimiz kerak, albatta!

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bu o'yinga alohida tayyorgarlik ko'riladi:

— to'y boshlayotgan odam qishloq oqsoqollari huzuriga borib, ularning duosi va ruxsatini oladi;

— beboshlikka sira yo'l qo'yilmas va hech kimning bu qoidani buzishga haqqi yo'q, hech kim buni xayoliga ham keltirmas, bu katta or-nomus, g'urur;

— to'y egasining bir necha kun avval o'z kasbining ustasiga “naqsh” yasashga buyurtma berishi tabiiy hol. “naqsh” deganlari shunday narsa: dastavval to'rtburchak shaklda, ya'ni bir sandal kattaligida to'rt burchakli yog'och yasalib, ust qismiga yelka tutib turishi hamda gul o'rnatish uchun simlar bilan to'r o'rnatilardi va uning to'rt yoni qizil mato bilan o'ralib, ikki yoni va old tomonlari kesib qo'yilardi, ya'ni uni kiyib olgan kishi qo'llarini ikki yondan chiqarib, kesilgan old tomonidan tashqarini kuzatish imkoniyatiga ega bo'ladi;

— to'ydan bir kun oldin tayyor bo'lgan “naqsh” tomga chiqarilib, oldiga katta toshoyna ham qo'yilar, ya'ni bu xonadonda to'y bo'lishidan va albatta, “Dashnobodcha naqsh” ijro etilishidan darak berib turadi, oyna esa yorug'lik, to'yning yaxshi o'tishini tilash, ezgulik belgisi;

— o'yinga, albatta, “cho'p ot o'yin”chi ham taklif etiladi;

— terma aytuvchilar ham o'yindan ogoh bo'lishar va tayyorgarlikni boshlab yuborishadi, chunki bu azaliy udum va an'anaga aylanib ulgurgan;

— albatta, mazkur o'yinning karnay-surnaychi, nog'orachilar — sozandalarsiz o'tmasligi aniq, to'y egasi ularni ham bir necha kun avval ogohlantirib qo'yadi.

O'yin qanday va qay yo'sinda boshlanadi?

Mahalla oqsoqoli to'y egasi va o'yin ishtirokchilariga oq fotiha beradi, ayollar esa ortdan bir siqim un va bir chelak suv sepib, yaxshilik, ezgulik tilab, ularni kuzatib qo'yishadi.

Yasan-tusan kiyingan erkaklar, yigitlar va o'smir bolalarning qiyqiriqlari, sho'x ovozlari, karnay-surnaylarning diltortar ohanglari, nog'oralarning gumburlagan sadolari ostida yo'l bo'yi to'xtab-to'xtab, o'yin-kulgi bilan guzardan guzarga o'tishadi.

Esimda bor, Dashnobodning Sarijo'y guzarida “naqshi” kiygan yigit karnay-surnay, nog'oraning dilchertar ajib nola, xonishlari ostida juda berilib raqsga tushdi. Qizil alvonli to'rtburchak “naqsh” juda g'aroyib va go'zal ediki, to'rt burchidagi va o'rtasidagi rang-barang qog'oz gullar odamning mehrini tortardi. Buning ajib tomoni shunda ediki, “naqsh” o'yini tamom bo'lgach, bu gullar talosh bo'lib ketar, ko'z ochib yumguncha sandal yog'ochdan boshqa hech narsa qolmasdi. Ayniqsa, o'smir va bolalarning chiroyli gullarga ega bo'lishlarining o'zi bir baxt, quvonch va shodlik edi. Havasmand onalar: “naqsh” gulidan yaxshi niyat qilib olgin, bolam, to'ylarga yetib yurgin!” — deya maslahat ham berishar edi.

Xullas, har bir guzar o'rtasida o'yin-kulgi avj pardalariga chiqar, xalq qo'shiqlari yangrab, bahslar anchagacha davom etardi, albatta, zavq­li tomoshadan guzardagi kishilar bahramand bo'lib, qimmatli daqiqalarini shodlik bilan o'tkazishga muyassar bo'lardilar.

O'sha lahzalarda aytilgan termalar juda zavqli, o'ziga xos ohangdor va qochirimlarga boy bo'lardi, ayniqsa, “Bas-bas-bas” termalari juda ehtirosli, hayajonli va odamning yuragini qitiqlaydigan, xalq folklorining ajabtovur namunalari edi.

Baytlarni guzar markazida to'xtagan guruh, ya'ni “Naqshi” o'yinida qatnashayotgan erkaklar ikki tomonda qator tizilib aytishardi va shunisi qiziqki, bu bahsli aytishuvning avj pardalari, jo'shqin ohanglari va hatto o'z yechim nuqtasi ham bor edi.

Aytishuv quyidagicha boshlanardi:

Birinchi guruh:

Uzun soyga o'y otdim,

Chakmonimni yo'qotdim.

Yotib qolgan yorimni

Kishmish berib uyg'otdim,

Bas-bas-bas!

Ikkinchi guruh:

Hovlingizda tutingiz,

Xurmachada sutingiz,

Boray desam qo'ymaydi

Olabo'ynoq itingiz,

Bas-bas-bas!

Birinchi guruh (bir qadam oldinga bosib):

Ariq labi muzlama,

Qo'y go'shtini tuzlama,

O'z yoring uyda turib,

Begonani ko'zlama,

Bas-bas-bas!

Ikkinchi guruh (bir qadam oldinga chiqib):

Maschit bilan madrasa,

O'rtasida yo'l bo'lsa,

Podshohdan hukm bo'lsa,

Har kim sevganini olsa,

Bas-bas-bas!..

Guruh birlashib, oralaridagi hurmatli kishini qo'llarida ko'tarishib, osmonga irg'itishadi, ya'ni olqishlashadi. Va bu o'yin to to'yxonaga qaytguncha davom etadi. Yo'l-yo'lakay “Ot o'yini”, “Quloq cho'zma” o'yinlari ham o'tkaziladi.

Ha, “Dashnobod naqshi” o'yini o'zining ana shu ezgu jihatlari bilan ahamiyatli bo'lib, uni saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazish farzdir.

To'lqin Hayit

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =