Ona mehri (Bobomning hikoyasi)

Yoshligi qiyinchilikda kechgan rahmatli Mansur bobom bizni atrofiga yig'ib, suhbat qurishni, ko'rgan-kechirganlarini so'zlab berishni yoqtirardi. Bobomdan eshitganlarim go'yo ertakdek, sababi, ularning hayotda bo'lishini tasavvur qilish mushkul, tanada his qilish esa azobli edi. Quyida ana shu “ertak”lardan biri keltirilgan.

“Chamasi, o'shanda yettinchida o'qirdim. Urushdan keyingi yillar. Aytganday, qo'shni qishloqdagi maktab bizga ancha uzoq bo'lgani uchun, ko'p vaqtimiz yo'lga ketardi. Otam olamdan o'tgach, ro'zg'orning bor yumushi men va onamning gardanida qoldi. Dalaga chiqib, onamga yordam berganim bois, o'qishga har kun borolmasdim, buning uchun “ortiqcha vaqt” yo'qotolmasdim. Ochig'i, bu menga, onamga yoqmasa ham taqdirning ayanchli sinovida toblanishga majbur edik…

…Bir kuni o'qituvchimiz bir buyuk yozuvchining ona haqidagi qiziqarli romanini navbatma-navbat o'qib kelishimizni, agar asarni kim chiroyli so'zlab bersa, o'sha kitobni hadya qilishini aytdi. O'zimning bitta ham kitobim bo'lmagani uchun, bu imkoniyatni qo'ldan chiqargim kelmasdi. Ikki hafta deganda haligi kitobni o'qish navbati menga keldi. Hayajonning zo'ridan tomog'imdan hech nima o'tmaydi, hatto atalani ham suv bilan yutadigandekman. Quvonchim uzoqqa cho'zilmadi. Ukam qattiq betob bo'lib qoldi. Onamning o'rniga faqat o'zim dalaga chiqdim. Ancha kun maktabga bormadim. Kunduzi qo'limga kitob ololmasdim. Bilib qolishsa, bir kunlik nasibadan ayrilib qolardik. Oilamiz uchun esa bu katta yo'qotish bo'lardi. Daladan juda kech qaytardim. Onam pishirgan taomini oldin teng bo'lgan bo'lsa, endi ukamning tezroq oyoqqa turishi uchun uning “hissasi”ni biroz oshirgandi. Charchab kelganim, bergan ushoqdek nasibasiga to'ymaganim bois, onamning bu qilig'idan jahlim chiqardi. Keyin noiloj ko'nikdim.

O'zimni uxlaganga solib, yarim tunda ichiga kerosin solingan tungi chiroqni olib, eski og'ilxonaga borardim-da, uni amallab yoqib kitob o'qishga tushardim. Avvaliga charchoqdan emas, ochligim bois ichimning g'uldirashidan miyam hech nimani qabul qilmasdi. Baribir yosh edim-da, ko'z oldimga sinfdoshlarim aytgan turli mazali taomlar kelardi. Eslaganimdan, hatto hidi dimog'imga sezilib, tamshanardim. Shunday bo'lsa ham asarning ichiga sho'ng'iy boshladim. Haqiqatda voqeliklar ochligingni, hamma-hammasini unutishga qodir darajada qiziqarli va ta'sirli edi. Tongga yaqin yana uni yashirib, o'rnimga kelib ozgina mizg'ib olardim.

To'rtinchi kun og'ilxonada oyog'imni nimadir chaqdi. Xira yorug'likda nimaligini bilmay qoldim. Balki ari bo'lgandir. Og'riqdan chunonam ingrandimki, ammo baqirmadim. Onam uyg'onib qolishidan qo'rqdim. Yerdan chamalab ozgina qum oldim-da, tupugim bilan namlab, og'rigan joyimga sura boshladim. Bir kun onam shunaqa qilganlarini ko'rgan edim. Og'riq to'xtamadi. Qaytanga jarohat joyi shishib battar bo'ldi. Ich-ichimdan yig'layman, ko'z yoshim tinmaydi. Shu payt og'ilxonaning eshigi ochilib, onam kirib keldi. Qo'rquv va g'azab aralash “Mansur, sen shu yerdamisan, nima qilyapsan o'zi?!”, deb baqirdi. Qo'limda kitob bilan yolg'on gapirolmasdim. “O'qiyapman”, dedim kitobga ishora qilib. Shu payt onam meni qo'liga ilingan ingichka cho'p bilan savalay ketdi. “Yuragim qinidan chiqay dedi-ku, o'ldirmoqchimisan? Yarim tunda seni topolmasam nima qilardim, shuni o'ylamadingmi? Senga ham bir nima bo'lsa ro'zg'orga kim qaraydi? Nega behudaga chiroqning moyini isrof qilyapsan? Tugab qolsa, nima qilamiz? Ro'zg'orni, ukangning ahvolini ko'rib turibsan-ku, yashshamagur. Menga hozir seni kitob o'qishing emas, dam olib, ertaga pul topib kelishing muhim, tushundingmi?” Har dakkida tanamga bir qattiq zarba tegardi. Onamga “urmang”, deb yolvorardim. Boshqa bunday qilmasligimni aytardim. Jonimga emas, kitobga achinardim. Tayoq tegib yirtilib qolmasligi uchun bag'rimga bosib olgandim. Chunki u qaysidir sinfdoshimga nasib qiladigan katta boylik, bebaho mulk edi.

Birinchi bor onamni tanimadim, hatto uni yomon ko'rib qoldim. Xo'rligim keldi. Ko'z yoshim burnimdan kelgan suv aralash yuzimni jiqqa ho'l qildi. So'ng onam meni koyishdan to'xtadi-da, birdan qattiq quchoqlab, yig'lay boshladi. “Nima qilib qo'ydim? Senga, o'z bolamga shuni ravo ko'rdimmi? Taqdirning achchiq alamini kelib-kelib sendan olamanmi? Shirin joning oldida shu pilik moyi nima bo'libdi menga? Yosh holingga dalaga chiqardim. Evaziga nima berdim, bolam? Men ham onamanmi, odammanmi o'zi? Yo'q, yirtqich hayvonman. Kechir, meni kechir!”, deya tinmay gapirar, o'z ishidan ezilib yig'lardi. Muzlab qolgandek bo'ldim. Hech nimani his qilmasdim. Keyin onam jon achchig'ida o'zini azoblay ketdi. Qo'llarini to'g'ri kelgan narsaga urdi. Yuzlarini yuldi. Boshlarini mushtladi. Yo, tavba, asarda o'qiganlarim ko'z oldimda bo'layotgandek, ona obrazi kitobdan chiqib qarshimda turgandek edi. O'zimga kelib, onamni mahkam ushladim. “O'zingizni urmang, yulmang, sizga bir nima bo'lsa, biz nima qilamiz”, deb baqirdim. Chiroqning kerosini tugadi shekilli, atrof birdan zim-ziyo bo'ldi. Bir-birimizni ko'rmay qoldik. Onam apil-tapil ozg'in jussasi bilan “qorong'uda qoqilma, bolam”, deb meni, 15 yoshli bolani qo'yarda qo'ymay ko'tardi. Yo'q, or­qasiga opichlamadi, bir ona yosh go'dagini bag'riga olib qanday quchsa, hozirgina ko'zimga dushmandek ko'ringan ayol meni ana shunday ko'tardi. Og'ir mehnat bir qo'lini beliga “mixlagan” ojiza insonga bu ancha mashaqqatli bo'lgani aniq.

Onamning bo'ynidan qattiq quchdim. Ishonasizmi, tanamda zig'ircha ham og'riq yo'q edi. Go'yo qo'rqinchli tushdan uyg'ongandim. Mehrdan mast edim. Uning issiq quchog'idan ayrilib, yerga tushishni o'ylamasdim. Shu tuyg'u ichra bir umr qolishni istardim. Onam meni ko'targancha turtinib-surtinib, uyga kirdi. O'rnimga avaylab yotqizdi. Etagi bilan yuzimni, qo'l-oyoqlarimni ohista artib, changdan tozaladi. Keyin yog' olib kelib, butun badanimga surtdi. Ustimni yopinchiq bilan o'radi. Boshimni siladi. Yuz-ko'zlarimdan o'pdi. Qoron­g'uda o'zini ko'rmasam-da, farishtaginamning kulib turganini his qilardim. Bir narsa aniqki, aslida, o'shanda u yomon kunlarni, ochlikni, xo'rlikni kaltaklagandi, meni, o'z jigarbandini emas, aslo! Ammo men bunday munosabat, mehr va g'amxo'rlikni tuyish uchun onamdan har kuni kaltak yeyishga ham rozi edim. Chunki ona mehri, uning tafti juda o'zgacha. Uning bag'ridan kelayotgan yoqimli hid allaladi chog'i, uyquga ketdim.

Uyg'onsam, onam, ukam yo'q. Menga qorin to'ygulik nonushta tayyorlab qo'yilganiga qaraganda, ukamning ahvoli ancha yaxshi, birgalikda dalaga ishga ketishgan. Shu-shu onam meni qaytib urmadi.

Darvoqe, o'sha kitob menga nasib qilmadi. Chunki berilgan vaqtda uni o'qib tugatolmadim. Ammo bundan hech ham afsuslanganim yo'q. Aniq bilardimki, o'sha kitobdagi voqealar onam bilan kechirgan hayotimchalik qiziqarli emasdi…”.

Oqqa ko'chiruvchi:

Zebo Qutliyeva.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =