Qaror ijrosi qay ahvolda?

Inson salomatligi har narsadan ustun. Sog'lom insongina jamiyatda o'z o'rnini topib yurtga, xalqqa naf keltiradi. Ushbu masala hamisha davlatimiz va hukumatimizning diqqat-e'tiborida.

Prezidentimizning 2018 yilning 14 fevralida “Farmatsevtika tarmog'ini jadal rivojlantirish bo'yicha qo'­shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori e'lon qilingan edi. Soha xodimlari mazkur qaror ijrosini ta'minlashga yakdillik bilan kirishib, o'tgan yilning mart oyidanoq, tuman tibbiyot birlashmalariga qarashli oilaviy poliklinikalar, qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari binolarida yangitdan 88 ta ijtimoiy dorixonalar tashkil etdi. Viloyat miqyosida oldindan faoliyat yuritib kelayotgan 114 ta dorixona ham ijtimoiy dorixonalarga aylantirilib, ular soni 202 taga yetkazildi.

— Dori vositalarining uzluksizligini ta'minlash maqsadida, 20 dan ortiq “Damas”, “Isuzu” rusumidagi avtoulovlar jalb qilindi. Viloyat radiusi bo'ylab, chekka hududlar — Romitan tumanining “Yaxshiobod”, Peshku tumanining “Varaxsha”, “Jongeldi”, G'ijduvon tumanining “Ko'kcha”, “Og'itma” aholi punktlarida dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosini amalga oshirish yo'lga qo'yilgan. Bitta “Isuzu” avtofurgoni va 12 ta “Damas” avtomobili bazasida tashkil qilingan “Ko'chma dorixona” shoxobchalari belgilangan grafik asosida ishlay boshladi, — deydi “Buxoro dori-darmon” mas'uliyati cheklangan jamiyat raisi Dilmurod Axatov. — Sir emaski, har bir korxonaning “nafas olishi” iqtisodiy ahvoli bilan baholanadi. Ayniqsa, tibbiyot tizimida. Chunki bemorlar salomatligini saqlashda, ularning umrini uzaytirishda dori vositalarining sifatliligi hamda zarur paytda yetkazib berilishi muhimdir.

“Buxoro dori-darmon” MChJning (2017 yil 1 avgust hisobida) chet el dori ishlab chiqaruvchi korxonalardan qarzdorligi 630 756.68 AQSh dollarni tashkil etardi. 2018 yilda jamiyatimizda aniq va maqsadli strategiya belgilab olingandan so'ng ushbu qarzdorlikka barham berilib, korxona yilni foyda bilan yakunladi. Jamiyat ma'muriy binosi ta'mirdan chiqarildi. Vobkent tumanida yangi zamonaviy ijtimoiy dorixona qurildi. Qorako'l tumanidagi 5-sonli markaziy dorixona kapital ta'mirlandi. Bugungi kunda ijtimoiy dorixonalarda naqd pul tushumini oshirish maqsadida Buxoro, Qorako'l tuman tibbiyot birlashmalari hududidan dorixonalar qurish uchun yer maydoni ajratish uchun, tuman hokimlarining qarorlari asosida, hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

— Ijtimoiy dorixonalarda bugun malakali provizor, farmatsevt hamda o'rta ma'lumotli tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda. 45 nafar o'rta ma'lumotli tibbiy xodim farmatsevtika yo'nalishi bo'yicha malaka oshirdi. Ijtimoiy dorixonalarning qish­loq joylarida tashkil etilishi natijasida 100 dan ortiq yangi ish o'rinlari yaratildi. Ularda bo'lishi majburiy bo'lgan 32 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan to'liq ta'minlangan, — deydi jamiyat raisi Dilmurod Axatov so'zini davom ettirib. — Ijtimoiy dorixonalar faoliya­tini bugungi kun talabiga mos keladigan darajada olib borishda jamiyat oldida ko'ndalang bo'lib turgan muammolardan biri yana shu mablag' masalasi. Prezidentimizning mazkur tarmoqni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini quvvatlagan holda tashkil etilgan ijtimoiy dorixonalarni dori-darmon bilan ta'minlash uchun past foizli va uzoq muddatli kreditlarga ehtiyoj sezmoqdamiz. O'ylaymizki, sohaga daxldor bo'lgan mutasaddi vazirliklar bir to'xtamga kelishadi…

Darvoqe, mazkur korxonaning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga to'sqinlik qilib, etagidan ortga tortayotgan narsa korxonaning debitorlik qarzdorligi ekan. Ushbu mas'uliyati cheklangan jamiyat bilan imzolangan o'zaro shartnoma asosida hamkorlik qilayotgan korxona va tashkilotlar olgan dori-darmon mahsulotlarining mablag'i to'lovini o'z vaqtida amalga oshirsalar, shak-shubhasiz, mazkur korxona yanada oyoqqa turadi, iqtisodiy rivoj topadi. Yangi-yangi ish o'rinlari yaratishga erishish bilan birga, tizimda faoliyat ko'rsatayotgan ishchi-xodimlarning turmush farovonligi yaxshilangan bo'lardi.

Shavkat Nosirov,

“Hurriyat” muxbiri.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + 11 =