Tarjima – til va dil so'zlashuvi

Bugungi taraqqiyot asrida o'zbek adabiyotiga, tarjima va tarjimashunoslik rivojiga ulkan hissa qo'shgan buyuk adiblarimiz qatorida ilmning nurli, zalvorli yo'llari va so'qmoqlarida izlanayotgan olmonshunos olim, tarjimon, filologiya fanlari nomzodi, professor Xurram RAHIMOV ham bor. Biz domla bilan badiiy tarjima va tarjimashunoslik, bugungi yangi avlodning tarjimaga va xorijiy adabiyotlarga nisbatan qiziqish va munosabatlari haqida suhbatlashdik.

— Siz O'zbekiston olmon tili o'qituvchilari assotsiatsiyasi va Germaniyadagi Olmon – O'zbek Ilmiy jamiyatining raisi sifatida bugungi o'zbek adabiyotida badiiy tarjimaning o'rni, tarjimashunoslik hamda yangi avlodning sohaga nisbatan munosabati haqida nima deya olasiz?

— Aytish joizki, bugungi adabiy jarayonlarda badiiy tarjimaning o'rni va ahamiyati, tarjima va tarjimashunoslikda navqiron avlodning iqtidori, avvalo, ularning izlanish va g'ayrat-shijoatlari bilan bog'liqdir. Chunki yosh va taniqli tarjimonlar hamda tarjimashunos olimlar oldin ham, hozirgi kunda ham o'zbek adabiyotini dunyo­ga tanitish, jahon adabiyotida o'z o'rnini topishlari uchun samarali izlanib keladilar. Ayni payt­da ular o'zbek adabiyotining sara durdonalarini xorijiy tillarga tarjima qilishda, shuningdek, xorijiy adabiyot namoyandalari asarlarini o'zbek tiliga o'girishda iqtidorli yoshlarni o'z ortidan yetaklashda ham o'rnak ko'rsatayapti.

Ayniqsa, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida faoliyat ko'rsatayotgan «Badiiy tarjima va Xalqaro aloqalar bo'limi» yurtimizdagi izlanuvchan yosh ijodkorlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizdagi oliy o'quv yurt­lari bilan hamkorlikda “Yosh tarjimonlar maktabi”ni tashkil etgani nur ustiga a'lo nur bo'ldi.

O'zbek adabiyoti namunalarining chet tillariga, jahon adabiyoti sara asarlarini o'zbek tiliga o'girishni yangi avlodga ishonib topshirilayotganining o'zi sharafli va faxrlidir. Chunki ular orasida ko'plab xorijiy tillarni biladigan, adabiyot sohasidan xabardor ijodkor yoshlarimiz borki, ular nafaqat o'zbek adabiyotini dunyoga tanitishda, balki o'zaro do'stona aloqalarni o'rnatishda ham o'z hissalarini qo'shyapti. Ammo bajarilgan tarjimalarning soni va sifatini qoniqarli deb bo'lmaydi. Afsuski, aksariyat tarjimalar nashriyotlarda chet tillarni bilmaydigan muharrirlar qo'lidan o'tib, chet tili mutaxassislarining tahriridan o'tkazilmay bosilib chiqayapti.

Bugungi kun o'zbek adabiyoti tarjimachiligida nemis adabiyotidagi dastlabki tarjimalarni Vahob Ro'zimetov, Adham Rahmat, Farid Rasul, keyinchalik G'afur G'ulom, Turob To'la,  Maqsud Shayx­­zodalar boshlab bergan bo'lsa, uni Mirtemir, Xayriddin Saloh, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Yanglish Egamov kabi adabiyotimiz darg'alari muvaffaqiyatli davom ettirdilar. Hozirgi kunda nemis adabiyotidan ko'plab asarlarni Poshali Usmon, Mirzali Akbarov, Hafiza Qo'chqorova, Shahnoza Quvonova, Gulchehra Sodiqova va nokamtarlikka yo'ymangu, kamina kabi olmonshunos tarjimonlar davom ettirmoqdamiz.

— Yaqinda sizni o'zbek adabiyotining buyuk namoyandasi, mutafakkir olim va g'azal mulkining sultoni — Alisher Navoiyning g'azallarini tarjima qilayotganingizni eshitdik. She'riyatning murakkab janri bo'lgan g'azallar tarjimasiga, buning ustiga, ulug' mutafakkirni betimsol g'azallarining tarjimasiga qo'l urish yoki uni olmon tiliga o'girish qiyin kechmadimi?

— Aytishim lozimki, g'azallar tarjimasini Hazrat Navoiyning 575 yilligi arafasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining buyurtmasiga binoan boshlaganman. Tarjimadan oldin Mavlono Rumiy, Hofiz Sheroziy, Sa'diy She'roziy, Umar Hayyom kabi ulug'larimizning nemischa tarjimalarini, qolaversa, Fridrix Ryukkert, Avgust Platen kabi olmonzabon g'azalnavis shoirlar ijodini o'rganib chiqishimga to'g'ri keldi. Orttirgan tajribalar asosida o'girayotgan g'azallar mazmuni va shakllari, janr xususiyatlarini saqlab qolishga harakat qildim.

Biroq Navoiy asarlarining 10 jildlik antologiyasini, 4 jildlik Navoiy asarlarining izohli lug'atini, mumtoz adabiyot lug'ati va o'zbek tilining 5 jildli izohli lug'ati va boshqa bir qancha manbalarni, jumladan, ushbu g'azallarning Ibrohim Haq­qulov, Najmiddin Komilov, Vahob Rahmonov, Boqijon To'xliyev, Karomat Mullaxo'jayeva, Nusratilla Jumaxo'ja, Sharifa Salimova tayyorlagan nasriy bayonlarni qarab, Navoiy lisoniyati, uslubiyati, ruhoniyati va salohiyatini endigina anglayotganimizni tan olaman.

Chunki XV asrda bitilgan bu g'azallarda aksariyat so'z, ibora va obrazlar ko'chma hamda so'fiyona ma'nolar kasb etgan. Shu o'rinda shuni ham aytib o'tmoqchimanki, Navoiy g'azaliyotini talqin qilishda o'zbek navoiyshunoslarning o'zlarida ham biroz yakdillik yetishmayotir. Ana shularni e'tiborga olgan holda, bosh­qa olmonzabon va turkiyzabon navoiyshunoslar hamda mutarjimlar bu borada o'z tadbirlari va tarjimalari bilan tarjimonlik borasida yanada faol ishtirok etsalar, ulug' mutafakkirlarimizning ruhoniyatini tarjimalarda yanada yorqinroq namoyon eta olgan bo'lur edilar.

Quvonarlisi, bizning dastlabki tarjimalarimiz yaqinda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o'tkazilgan seminarda qizg'in muhokamadan o'tib, nashrga tavsiya qilindi.

— Hozirgi paytda matbuotda chop etilayotgan tarjimalar, ularning sifat darajasi, tarjimonlik ishini yanada takomillashtirish haqida qanday fikrdasiz?

— Ba'zan matbuot sahifalarida ko'zga tashlanayotgan ilmiy-nazariy hamda ma'rifiy maqolalar yoki badiiy tarjimalarning sifati, uning asl holatiga nisbatan yaqin yoki uzoqligini, qiyosiy tahlillari aks etgan namunalarni ko'rib quvonsak, ba'zan sayoz yoki asl holati o'zgartirib yuborilgan tarjimalarga duch kelamiz. Bundanda dahshatlisi, ayrim yosh tarjimonlar plagiat bilan — ijodiy o'g'irlik bilan shug'ullanmoqdalarki, nashriyotlar bu salbiy holatga jiddiy e'tibor qaratishlari lozim. Shu o'rinda Prezident Admi­nistratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida maxsus tarjima nash­riyotini tashkil etish ayni muddao bo'lur edi.

Tarjima va tarjimashunoslik, yosh tarjimonlarni tarbiyalash keyingi vaqt­da Toshkent, Samar­qand, Jizzax, Qarshi, Buxoroda davlat universitetlarida markazlashib bormoqda. Talabalar darslik va qo'llanmalardan o'z nazariy va amaliy bilimlarini boyitishda keng foydalanmoqda. Yosh tarjimonlar tomonidan sohada olib borilayotgan tashkiliy o'quv, ilmiy-amaliy tadqiqotlar ham diqqatga sazovor. Samarqand davlat chet tillar institutida tarjimonlik bo'limi ochildi, u yerda qisqa vaqt ichida talaygina ishlar amalga oshirildi. Tarjimonlar, tadqiqotchilar tashabbusi bilan o'tkazilgan “Samarqand tarjima maktabi” seminaridan so'ng “Yosh tarjimonlar almanaxi”ning maj­muasi nashr etildi.

“O'zbek ertaklari tipologik katalogi” loyihasiga asos bo'lgan germaniyalik etnograf olima Gabriele Kellerning taklifi bilan Samarqandda magnit tasmasiga yozilgan o'zbek xalq sehrli ertaklarining olmon tiliga tarjima qilingan “Samarqand ertaklari” (Mdrchen aus Samarkand) nusxasi Germaniyada chop etildi. Olmoniyaning “Mayenshtayn” nash­riyotida esa yana 18 ta o'zbek ertagining tarjimasi chop etildi. Men ushbu loyiham bilan Germaniya ilm-fan fondi grantini qo'lga kiritdim.

Maryam Ahmedova suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 + 2 =