Bir soat ichida…

1 soat…

60 daqiqa…

3600 soniya…

Muqaddas kitoblarda bir soatlik ilm olish, yuz kunlik toat-ibodatdan afzaldir, deyilgan.

Shu vaqt – 60 daqiqa mobaynida bilim olish mumkin. Bosh­qacha aytganda, bu vaqt oralig'ida o'quvchilar maktabda muallimning bir darsida yangi mavzuni o'qib, uqib, ikkinchi soat darslarini boshlashadi.

Agar ilhom parilari “shoiri davron”ni qurshab olgan bo'lsa, shu muddat ichida ajib she'r tugul, butun boshli qasida dunyoga kelishi ham ehtimoldan xoli emas.

Qarangki, necha-necha yillardan buyon bir tenglamaning javobi ko'yida andarmon yurgan olim ham shu vaqt davomida yechimni topishi-yu, fanda yangilik yaratishi, alaloqibat esa necha minglab, balki millionlab insonlarning mushkulini oson, hojatini ravon qilishi mumkin.

Shifokor-chi?! Masalan, oddiy bir jarroh. Odatiy bitta yengilroq jarrohlik amaliyoti uchun  (albatta 6-8 soatlab cho'ziladiganlari ham bor deyishadi, Xudo asrasin!) o'ttiz-qirq besh daqiqa vaqt sarf etsa, kamida ikkita operatsiyani tugallashi hech gap emas. Bu shunday deganiki, ikki insonning hayoti saqlab qolindi.

Xotin-qizlar qo'mitasi raisi uch ming olti yuz soniyada eng kami bilan bir oilaga totuvlik va ahillikni qaytara olishi turgan gap.

Profilaktika noziri esa hech qanday gumonsiz biror jinoyatning oldini ola biladi bu vaqtda.

Rahbar odam-chi?! Eh-he-e-e… Qancha murojaatni hal qilmaydi deysiz, oltmish daqiqada.

Paxtazordagi bir terimchi esa bu vaqtda bemalol bir etak paxtani xirmonga jo'natib, ikkinchi etakni to'ldirishga unagan bo'ladi.

Hammasi ham mayliku-ya, bir soat ichida 25-30 sahifa kitobni yoki biror kunlik gazetani o'qib, bitirish turgan gap.

Darvoqe, bir soat, ya'ni 3600 soniya mobaynida bironta «kattakon»ni kutish ham mumkin.

Sancharbek

«Qumovul» madaniyat va aholi dam olish markazining

majlislar zalida 1 soatga qolmay bitildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + fourteen =