“Madad” — huquqiy madad ko'rsatadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 9 yanvar kuni “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi Farmoni e'lon qilindi. Ushbu farmon asosida huquqiy ongni aholi o'rtasida keng targ'ib qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jumladan, “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining Toshkent shahrida huquqiy maslahat byurosi ochildi.
— Maqsadimiz, aholiga huquqiy masalalar bo'yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko'rsatib, xalqqa xizmat qilishdir. “Madad” byurosi alohida bo'linma hisoblanadi hamda aholiga beg'araz huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar ko'rsatish orqali ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ko'maklashadi, — deydi “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori To'lqin Tursunov. — Ushbu talablardan kelib chiqib, mamlakatimiz aholisining huquqiy axborotga bo'lgan ehtiyojini ta'minlash va bu borada O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga bepul huquqiy maslahat berish tizimini yo'lga qo'yish maqsadida Adliya vazirligi tashabbusi bilan «Advise.uz» huquqiy axborot tizimi ham yaratildi. Mazkur tizimni ishlab chiqishda Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda «Citizens Advise» tarmog'i tajribalaridan keng foydalanildi.
Adliya vazirligi tomonidan «Advise.uz» huquqiy axborot portalini tashkil etishdan asosiy maqsad ham jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini yuksaltirish hamda aholiga bepul yuridik yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Biz “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti ijrochi direktori T.Tursunovga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
— “Madad” huquqiy yordam ko'rsatish byurosi fuqarolarning murojaatlari bilan qanday tartibda ishlaydi?
— Fuqarolar haftaning besh ish kuni davomida qabul qilinadi. Qabulga kelganlarga real vaqt rejimida huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar beriladi hamda elektron dasturga kiritiladi. Tegishli hujjat loyihalarini yozma ravishda tayyorlashga amaliy yordam so'ragan fuqarolarga esa qonun hujjatlariga muvofiq hujjat namunalarini to'ldirish tartibi tushuntiriladi.
— Shu kungacha qancha murojaatlar kelib tushdi?
— “Madad” muassasasi “Advise.uz” portali bilan bevosita hamkorlikda ishlaydi. Portalga 1000 dan ortiq huquqiy masalalar bo'yicha kontentlar joylashtirildi. 11 000 dan ortiq huquqiy savollar onlayn, 2000 ta huquqiy savollar offlayn muloqot orqali yo'llandi. Jami 50 mingdan oshiq fuqarolar xizmatdan foydalandi. Foydalanish mutlaqo bepul bo'lganligi uchun ijtimoiy qatlamning barcha vakillariga qulay. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi endilikda advokatga pul to'lab, maslahat so'ramaydi.
— Yuridik maslahat va xizmatlar yuridik shaxslarga ham ko'rsatiladimi?
— Yo'q, portal faqat jismoniy shaxslarga xizmat qiladi.
— Aholidan kelayotgan murojaatlar tahlil qilib borilmoqdami?
— Albatta. “Madad” ishga tushirilayotganda maqsad shunday bo'ldiki, fuqarolarni bugungi kunda qanday masalalar ko'proq o'ylantiryapti. Qaysi tashkilotlarga borganda qonunbuzarlik holatlariga duch kelmoqda. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, aksariyat hollarda fuqarolar kundalik turmushda vujudga keladigan ayrim birlamchi muammolarni hal qilish uchun aynan qaysi tashkilotga yoki mansabdor shaxsga murojaat qilishni bilmay, ba'zan oddiy ijtimoiy masalalarning ham yechimini topolmasdan, ovora bo'lmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolarga advokatlik tuzilmalari tomonidan shartnoma asosida ko'rsatilayotgan pullik xizmatlar ijtimoiy jihatdan kam ta'minlangan aholining real daromadlariga mos kelmasligi sababli, ularning bepul yuridik yordam olishga bo'lgan imkoniyatlari cheklanib qolgandi.
Bir so'z bilan aytganda, bugun kundalik hayotida yuzaga kelgan ma'lum bir ijtimoiy muammosini hal qilish uchun ishni nimadan boshlashni bilmay turgan fuqaro “Madad”ga murojaat qilishi va birinchi huquqiy yordamni olishi mumkin.
Ma'lumot o'rnida: «Citizens Advise» (Fuqarolik Kengashi) — Buyuk Britaniya davlati hududida faoliyat yuritadigan 316 ta mustaqil xayriya tashkilotlaridan iborat tarmoq bo'lib, bu tarmoq fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish faoliyati bilan shug'ullanadi. Tarmoq 1939 yilda tashkil etilgan, unda yetti ming nafar xodim va yigirma ikki mingdan ortiq ko'ngilli volonterlar faoliyat ko'rsatadi.
Mamlakatimiz aholisiga, ayniqsa, joylarda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga birlamchi bepul yuridik yordam ko'rsatish maqsadida muassasaning 14 ta hududda hozircha 28 ta tuman (shahar) huquqiy maslahat byurolari tashkil etildi.
Shuningdek, kelgusida aholining huquqiy muammolarini joylarda hal qilish maqsadida bosqichma-bosqich ravishda har bir tumanda maslahat byurolari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Feruza Rahimova,
“Hurriyat” muxbiri.