Gekyo Marinay: “Shoir avvalo shaxs bo'lmog'i lozim!”

Dunyoni anglash badiiy adabiyot mutolaasi va uni o'rganish asosida shakllanadi. Shu hisobda, biz mag'ribliklar uchun O'zbekiston ham nafaqat tarixiy, balki adabiy ob'yekt sifatida namoyon bo'ladi. O'zbek adabiyoti o'z madaniyatinigina badiyat ila qorishtiradigan adabiyot emas.

Asli kelib chiqishi albaniyalik bo'lgan AQSh shoiri Gekyo Marinay 1965 yili Albaniyaning Mal'yesi shahrida tug'ilgan. She'riyatning postmodernizm yo'nalishida ijod qiluvchi Marinay tilshunoslik bo'yicha fan doktori, yozuvchi va protonizm ta'limoti davomchisi hisoblanadi. 2001 yildan buyon Alban-Amerika Yozuvchilar uyushmasi raisi va ayni paytda Texas universiteti professoridir. U ushbu universitetning tarjima fakulteti qoshidagi “Mundus Artium Press” nashriyoti rahbari sifatida dunyoning ko'plab she'riyat vakillari ijod namunalarini ingliz tiliga tarjima qilinishi va nashr etilishida tashabbus ko'rsatib kelmoqda.

Gekyo Marinay tarjimon sifatida bir qancha alban shoirlarining asarlarini ham ingliz tiliga o'girgan. Jahonning ko'plab adabiy mukofotlariga loyiq deb topilgan. Bugungi kunda uning nazariyalari Amerika va Yevropa universitetlarida darslik sifatida o'qitiladi. “Meni tark etma”, “Ko'zguning aks tarafi”, “Cheksizlik”, “Yakshanba ibodati”, “Sir saqlanmas narsalar” kabi kitoblari nashr etilgan. Quyida uzoq okean ortidagi diyorda yashab ijod qilayotgan adib bilan suhbat “Hurriyat” mushtariylari e'tiboriga havola etilmoqda. Zero, adabiyot chegara bilmaydi.

– Jahon adabiyoti va shaxs. Siz bu ikki tushunchani qanday birlashtirasiz?

– Dunyoni anglash badiiy adabiyot mutolaasi va uni o'rganish asosida shakllanadi. Shu hisobda, biz mag'ribliklar uchun O'zbekiston ham nafaqat tarixiy, balki adabiy ob'yekt sifatida namoyon bo'ladi. O'zbek adabiyoti o'z madaniyatinigina badiyat ila qorishtiradigan adabiyot emas. Unda jahoniy ruhiyat ham mujassam. Ochig'ini aytsam, mamlakatingiz adabiyoti bilan dastlab “Kitob dunyosi” gazetasida e'lon qilinadigan materiallar orqali tanishganman. Bu juda katta ahamiyatga ega, chunki dunyo adabiy manzarasi o'zbek adabiyotisiz to'liq bo'lmaydi. Va yana O'zbekistonda qator nashrlar borligini yaxshi bilaman. Jumladan, “Hurriyat” gazetasi. Ushbu nomda Turkiyada chop etiladigan mashhur gazeta ham bor. Unda ham mening intervyumni berishgan. Bu suhbatimiz O'zbekistondagi mustaqil nashr uchun uyushtirilayotgani meni yanada quvontirmoqda.

– Janob Marinay, ma'lumki, Siz Dallas universitetida yoshlarga ta'lim berasiz. Ijodkorning murabbiylik qilishiga qanday qaraysiz?

– O'z bilimlarimni shogirdlarimga ulashish men uchun sharaf. Muayyan mavzuni har tomondan tushunish va uning mohiyatini talabalarga yetkazish mas'uliyati sizni yaxshi o'qituvchiga aylantiradi. Ammo men yanada ko'proq harakat qilishga urinaman, bu mening o'quvchilarimga nafaqat o'zim o'qitayotgan mavzu bilan chuqur tanishish, balki unga ishtiyoq-la yondashish imkoniyatini yaratadi. Aks holda, talabalar turli hayotiy tajribalarni muvaffaqiyatli o'zlashtirishlari kerak bo'lgan sog'lom bilimlar bazasidan mahrum bo'ladi.

Albaniyadagi dastlabki 25 yillik, Chernogoriya va Serbiyadagi 1 yillik va Amerikada o'tgan 28 yillik xulosalarim ba'zi birovlar mantiqiy deb hisoblagan jihatlardan ko'proq ma'noga ega, deb o'ylayman. Men olgan universitet diplomlarining soni, men olgan Cum Laude unvoni, sazovor bo'lgan adabiy mukofotlarim, nashr etilgan kitoblarim va bosh­qalar men uchun ahamiyatli. Ammo bularning barchasi ikkinchi darajali. Meni insoniyat manfaati uchun nima qila olishim mumkinligi ko'proq qiziqtiradi.

– Protonizm nazariyasini qanday izohlaysiz?

– Protonizm nazariyasi adabiy tan­qid orqali salbiy va ijobiy fikrlashga yordam beradi. Protonist tanqidchi matn bilan to'qnashganda, avvalo, asarda estetik, intellektual va axloqiy ahamiyatga ega bo'lgan jihatlarni o'z shartlari bo'yicha qidiradi. Agar tanqidchi uchun asar unchalik katta ahamiyatga ega bo'lmasa, uni shunchaki bir chetga surib qo'ygani ma'qul – o'quvchilar auditoriyasiga sub'yektiv ritorikani namoyish qilgandan ko'ra, bu bilan bog'liq har qanday muhokamani rad etgani ma'qul. Protonizm – bu fizikadan olingan metafora. Protonist tanqidchi o'zgarmas og'ir va ijobiy protonni qabul qiladi. Protonizm nazariyasi beshta asosiy prinsipni o'z ichiga oladi: haqiqat, tergov, restitutsiya, protonismiotika va axloq.

– Vataningiz Albaniya haqida so'zlab bersangiz.

– Parvardigor kamol topishim uchun qobiliyat ato etdi. O'sha davrning kommunistik tuzumi adabiy-badiiy ijoddan qo'rqqan va har bir muallifning atrofiga qalin tumanli chegaralar qo'ygan. Bu chegaralardagi she'riy salohiyatim esa harakatlarimni nazorat qilishim mumkinligini ko'rsatdi. O'sha ondan boshlab hayotim shu qadar tubdan o'zgarib ketdiki, ehtimolki, hayotimda birinchi marta xatti-harakatlarim meni nazorat qila boshladi. Qisqa vaqt ichida mendagi olam apokaliptik tus oldi. Haqiqat mening borlig'imni qorong'u tunga aylantirdi. Ichki “termodi­namika”m mendagi virtual “qorong'ulik”ni 1990 yil 12 sentyabrga o'tar kechasi tabiiy qorong'ulik ekaniga ishonishga majbur qildi. Biz tungi sayohatchilarga aylandik va xayriyatki, ertalab Podgoritsada “yorug'lik” topdik.

– AQShga muhojirotga kelganingizdan so'ng nimalar o'zgardi?

– Yuz berishi mumkin bo'lgan tarixiy yoki siyosiy vaziyatdan qat'i nazar, o'z mamlakatingdan chiqib ketish har doim dushvor bo'lgan. Mening vaziyatimda, u ichki olovning ikki turiga mos keladi, bu qandaydir tarzda gunoh hissi va mualliflik javobgarligi bilan bog'liq. Ikkalasi ham murakkab hissiy va intellektual bosimlarga duchor bo'ladi. Ushbu hodisa ichki xabardorlik va tashqi jazo shakllari o'rtasida qo'shimcha dinamik yozishmalarni keltirib chiqargani sababli, aytishim mumkinki, u hech bo'lmaganda til nuqtai nazaridan yoqimsiz sarguzasht hisoblanadi. Albatta, qasos tushunchasi bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirishda hukm tarkibidagi dahshatli xabarni yetkazadi, ammo o'sha paytda adolat tartibotlari birlashishi butunlay sub'yektiv aks ettirilgan, ayniqsa, bu g'alati jarayonni buzuvchilar va kamsituvchilar nuqtai nazaridan. Men ishonamanki, ruh insonning orzu-istaklari bilan tug'iladi va shakllanadi; keyin o'tmish voqealariga guvoh sifatida ijodkorlikda qayta tug'iladi. Aks holda bu mustaqil ravishda sodir bo'ladi.

– Amerika va Albaniya…

– Albaniya va Amerika ko'p jihatdan ikki xil hayot paradigmasiga o'xshaydi. Ammo men uchun bu ikki chegarani birlashtirish qiyin emas. Men yoshligimdayoq Albaniyani tark etdim, oilaviy mehr-muhabbat hamisha g'alaba qozonishiga ishondim. Chunki biz qachon qarama hayot qiyinchiliklariga duch keldik. Qo'shnilarning menga, oilamga ko'rsatgan mehr-muhabbati shunchalik mustahkam ediki…

– Siz uchun ijodkor kim?

– Bu savol ko'hna va murakkab falsafiy munozaraning bir qismidir. Men buni qaysi voqea-hodisa oldin o'zimga ta'sir qilganini so'rash bilan barobar, deb tushunaman. Men ijodkor psixologik evolyutsiyasini rivojlantirishi bilan cheklanmasligini angladim. Bunda shaxsiy talablarning poetik salohiyatda o'z-o'zidan aksini ta'minlay oladigan ma'naviy zaiflik omili yotadi. Ushbu g'oya stilistik yoki axloqiy ko'rinishga ega bo'lsa ham, u inson go'zallik borasida tabiatga intilishidan kelib chiqadi. Men o'zimni she'riy tarzda ifoda etishni xohlaganman, ehtiyojlarim esa o'sha shoirlik bilan boshlangan va shu bilan tugaydi. Savolingizning markaziy qismiga kelsak, bunga aniq javob berolmayman. Men biron-bir narsani ob'yektiv ravishda ifodalashga harakat qilishdan oldin, ko'rib chiqilayotgan mavzuga nisbatan ongli ravishda ifoda etish ehtimoli kamida voqelikning ijobiy tomonlarini aks ettiradigan bir yoki bir nechta imkoniyatlarga ega bo'lishi kerakligini tushunaman.

– Ijodkorning shaxs sifatida shakllanishida oilasi katta rol o'ynaydi. Bunga qanday qaraysiz?

– Ota-onam hayotda o'zlari erishgandan ko'ra ko'proq narsaga erishishim uchun qo'llaridan kelganini qildilar. Yaxshi ta'lim olishim ularning talablaridan biri bo'ldi. Ammo rostini aytsam, ularning orzularini ro'yobga chiqarish uchun qilgan harakatlarim men uchun qilingan qurbonliklar oldida chikora. Ota-onam o'rtahol bo'lgan. Ammo ularning zukkoligi nafaqat akademik bilimlarida, balki farzandlarida ham ko'rinadi. Men ularning shunchaki biz farzandlar – kamina bilan birga olti aka-ukam va opa-singillarim kuniga uch mahal issiq ovqat tanovul qilishimiz, yetarlicha ta'lim olishimiz uchun oq yuvib, oq taraganlarini, halol luqma yedirganlarini gapirmayapman. Bu dunyodagi barcha ota-onalarga xos xususiyat. Mening tasavvurimga mixday o'rnashgan narsa bu psixologik jihat. Ota-onamga beadad tashakkur. Aslida, ular tufayli men umr bo'yi izlanishga intilib kelmoqdaman.

– She'rdagi g'oyaning tiniqligiga tuyg'u qay darajada ta'sir ko'rsatadi?

–  Men o'z she'rlarimni hayotga tatbiq etishga intilayotgan orbitada juda ajoyib oqim bor, undan men insoniylik quvonchini his etish imkoniyatini olaman. Men shoirman, haqiqat va hukm o'rtasidagi ekstremist emasman. Men hozirgi dunyo adabiyotida u yoki bu shoirdan kattaroq shoirman, deb da'vo qilmayman, lekin men barcha zamonaviy she'riyatning yuqori sifatini targ'ib qilishda faol bo'lishni istayman. Buning uchun men didlar, ranglar, tushunchalar va she'riy shakllarning yangi dunyosini yaratishga harakat qilaman, bularning barchasi she'riyatni hamda men tasvirlagan obrazlarni yaxshilash uchun noyob poetik dunyoni yaratishda juda muhimdir. Bunga barcha odamlar va barcha madaniyatlar mavjud. Men o'z she'riyatimda yanada aniqroq ma'noni topish uchun teran shaxsiyatni qidiraman, bu yerda nafaqat turli madaniyatlarning xilma-xilligi mohiyatini, balki ularning har birida yaqqol ko'zga tashlanmaydigan jihatlarni aks ettirishga harakat qilaman.

Xosiyat Rustamova

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =