Oynadagi dog'lar

Yutuqlar qancha bo'lsa, bu — o'zimizniki. Qolaversa, mehmondo'st, samimiy, sodda va bag'rikeng odamlar yashaydigan O'zbekistonday yurt olamda yagona. Ammo do'st achitib gapiradi, deydilar. Endi dunyoga bo'y ko'rsatayotgan mamlakatimizga yuqorida tilga olingan nuqsonlar sira yarashmaydi.

Men Kanadaning Nanaimo shahrida yashayman. Vankuver Island universitetida professor, akademik va immigratsiya masalalari bo'yicha maslahatchiman.

Yaqinda O'zbekistonga qilgan safarim taassurotlarini bildirib, ba'zi bir masalalarda yurtdoshlarimizdan iltimos qilmoqchiman va so'zlarim og'ir botadigan bo'lsa, uzr so'rayman.

Shu yilning noyabr oyida bir necha kunga Toshkentga borishga to'g'ri keldi. Ona yurtimga bormaganimga ikki yildan ko'proq vaqt bo'lgandi. 2017 yilda borganimda bo'layotgan o'zgarishlardan olgan yaxshi taassurotlarim, o'sha paytdagi xursandchilik, ko'tarinki ruh, shiddatli o'zgarishlarning davomini ko'rish ishtiyoqida edim. Ming afsuski, hafsalam pir bo'ldi.

Avvalo, ayrim yurtdoshlarimda madaniyat saviyasining nihoyatda pastligini ko'rdim. Hatto kap-katta insonlar — 30-35 yoshga yetib, o'zlari ota-ona bo'lgan qatlamning jamoat joylarida o'zini tutishi meni uyaltirdi. Samolyot chiptalarini Vankuver–Seul–Toshkent yo'li bilan olgandim. Yo'l davomida o'nlab o'zbek yigitlari ushbu samolyotga chiqishdi. Ochig'i, bu insonlar qaysi yo'l va qanday maqsadlar bilan chet ellarga chiqqanlari menga qorong'u. Ammo bu qatlam vakillarining ko'p qismi madaniyat darslariga muhtojligi yo'l davomida yaqqol ko'rindi. Ular na diniy, na dunyo­viy bilimga ega ekani meni taajjubga soldi. O'zbekistondan bir qadam tashlab tashqariga chiqishi bilan o'sha inson millat, madaniyat targ'ibotchisiga aylanadi. Ularga qarab boshqalarda o'zbek xalqi madaniyati haqida tasavvur va tushuncha hosil bo'ladi.

Samolyot Koreya havo yo'llariniki, bu mamlakat esa ko'pmillatli. Demak, yo'lovchilar orasida turli dinga e'tiqod qiluvchilar bor. Bir vatandoshimiz esa buni hisobga olmay, telefonga yuklab olingan namoz o'qish tartibini baland qo'yib eshitdi. Holbuki, dinga e'tiqod har bir shaxsning qalb ishi, uni boshqalarga ko'z-ko'z qilish va atrofda o'tirgan boshqa din vakillarini noqulay holga solish ham madaniyatsizlik emasmi? Yonimda o'tirgan yigitlarning ayrimlari esa samolyotda namoz o'qishdi. Ammo ularning og'izga olib bo'lmaydigan ba'zi qiliqlari bunday toat-ibodatlarini bir pul qildi.

Ishim yuzasidan ko'plab mamlakatlarda mehnat safarida bo'laman. Ochig'i, O'zbekistonga qaytishda har gal yuragim bezillab turadi. Seul aeroportida ham xuddi shunday bo'ldi. Bu yerda yurtdoshimiz bo'lgan mehnat migrantlaridan biri, chamamda 35 yoshlardagi yigit oyoqda bazo'r turadigan mast holatda, ust-boshi kir edi. U shu ahvolida ayollarga tegajog'lik qila boshladi. Koreys ayollar uni yonlaridan haydashdi. Yo'l davomida bu yigit yana yo'lovchilarning tinchini buzib, samolyotda (nosvoyi aeroportda tushib qolgan ekan) sigaret tutatib keldi. Styuardessalar u bilan ko'p ovora bo'lishdi. Buyam yetmagandek, uchoq aeroportga tushishi bilan hali katta tezlikda qo'nish maydonchasida harakatlanayotgan paytdayoq mehnat muhojirlari o'rinlaridan turib, narsalarini yig'ishtirishga tushdi. Xizmatchilar takror-takror samolyot hali harakatlanayotgani, u to'liq to'xtaguncha o'tirib turishlarini so'rashganiga qaramay, quloq solishmasdi. Oxiri, xizmatchilar ularning har birining oldiga kelib, majburan o'tirishga unday boshlashdi. Uchoqdan tushish ham bundan battar bo'ldi, desam ishonavering. Hech kimga, ya'ni na ayollarga, na yoshi ulug' odamlarga, na yosh bolalarga hurmat-izzat bor. Xuddiki qolib ketishayotgandek, o'zlarini samolyot eshigiga urishdi.

Yana bir gap. O'zbekistonimizni turizm markaziga aylantirishni orzu qilar ekanmiz, xizmat ko'rsatish oliy darajaga ko'tarilmog'i, ko'chalar, yo'llar toza-ozoda, ravon bo'lishi shart. Aeroportdan chiqayotib bir turk ishbilarmoni bilan suhbat qurdim. Uning aeroport xizmati to'g'risidagi fikrlari bilan qiziqdim. U shunday javob berdi: “Nimalardir o'zgargan, ammo tafakkur, ish yuritish usuli, turistga munosabat eski holatda qolibdi”.

Kanadada, hatto shahar hokimlari, bosh vazir o'rinbosarlari oddiy xalq bilan metroda, avtobuslarda yuradi, oddiy samolyotda “ekonom klass”larda uchadilar. Shu tarzda xalqning ahvolini bilib, shunga yarasha ish tutadilar. O'zbekistonda ham shu tartibni qo'llash vaqti kelmadimikin?

Kanadada, hatto shahar hokimlari, bosh vazir o'rinbosarlari oddiy xalq bilan metroda, avtobuslarda yuradi, oddiy samolyotda “ekonom klass”larda uchadilar. Shu tarzda xalqning ahvolini bilib, shunga yarasha ish tutadilar. O'zbekistonda ham shu tartibni qo'llash vaqti kelmadimikin?

Toshkent shahri bo'ylab bir nech­ta manzillarga borishga to'g'ri keldi. Yo'limiz davomida juma namozidan chiqayotganlarni uchratdik. Ko'kcha masjidi oldidan o'tarkanmiz, ularning har beshtasidan bittasi nosvoyini yo'lga tupurib, odamning ta'bini xira qiladi. Ko'cha-ko'yda, bekatlarda ham yoshlarning xuddi shunday noma'qulchiliklariga duch kelasiz. Menga qolsa istang masjidga boring, istang Lamborjini mining, ammo sizdan iltimos aziz yurtdoshlarim, o'zingizni tarbiyalang, madaniyatli, toza nafasli, shirin suxanli bo'ling.

Yurtimizdagi yangidan-yangi qurilish inshootlari, obodonchilik ishlarini ko'rib, mamnun bo'lasan, albatta. Chet ellarda yashayotgan o'zbekistonliklar ham, albatta, bu o'zgarishlardan xursand. Shunga qaramay, hali qilinadigan ishlar ko'p. Birgina ichki yo'llarni olaylik. Transportning har qanday turida o'nqir-cho'nqir yo'llarning ahvoli odamni charchatadi. Transport boshqaruvchilarning yo'l qoidalariga amal qilishi ham shunga yarashadek go'yo — o'ta betartib. Yurtimizda turli avtomobillar ishlab chiqarilib, deyarli har bir xonadon ulovli bo'ldi. Ammo ko'p insonlarning rul boshqarishiga qarab, eshakdan to'g'ri mashinaga o'tirgan shekilli, deb o'ylaysan kishi. Chunki uch polosali yo'lda besh-oltitalab mashinalar tiqilib haydashmoqda. Rulni boshqara turib, mashinalar oynalarida tupurilayotgan nosvoylarni aytmaysizmi. Bu kabi betartiblik va o'ta antisanitariya holati turistlar ko'ziga qanday ko'rinishini tasavvur qilavering.

O'zim ham 1992 yildan buyon mashina haydayman, Germaniya, AQSh­da, hozir esa Kanadada mashina boshqaraman va bu juda erkin harakat. Toshkentda esa avtomobil boshqarishga qo'rqaman. Chunki mashinalar orasidagi masofani yarim metr qilib, tiqilib kelishlar odatiy hol ekanini ko'rdim. Bunday hol Kanadada 500 dollar va undan ortiq jarima to'lashga olib keladi. Xavfsizlik kamarini deyarli hech kim taqmagani ham meni hayron qoldirdi. Bu esa Kanadada 167 dollar jarima solishga sabab bo'ladi. Mashina derazasida sigaret qoldiqlari, baklashkalarni yo'lga otish ham oddiy hol ekanini ko'rib, yoqamni ushladim. Kichik mashinalarda kirakashlik qilib oila tebratuvchilar uchun ma'lum bir to'xtash joylari qurish orqali tartibga solish zarurligi ham ko'rinib turibdi. Mutasaddi xodimlar qayoqqa qarashadi o'zi?

Albatta, ona yurtimizda so'nggi uch yil davomida juda ko'p ijobiy ishlar qilingani, siyosat mutlaqo yaxshi tomonga o'zgarganini hamma ko'rib turibdi. Shu bois, shu yurt farzandi bo'lib, hozir xorijda ishlab, nega buncha aql o'rgatyapti yoki nega faqat kamchiliklarni yozibdi, nima yaxshi narsalarga ko'zi tushmabdimi, deya e'tiroz bildiradiganlar bo'lishi mumkin.

Yutuqlar qancha bo'lsa, bu — o'zimizniki. Qolaversa, mehmondo'st, samimiy, sodda va bag'rikeng odamlar yashaydigan O'zbekistonday yurt olamda yagona. Ammo do'st achitib gapiradi, deydilar. Endi dunyoga bo'y ko'rsatayotgan mamlakatimizga yuqorida tilga olingan nuqsonlar sira yarashmaydi. Shunday emasmi?

Xullas, bu kamchiliklarga bar­ham berish hammamiz uchun o'ta zarur vazifa. Keyingi gal borsam bunday noxush holatlarga duch kelmayman degan umiddaman. Tash­qariga yurtimiz haqida faqat yaxshi gaplar chiqishini istayman. Yurtdoshlarimga sog'lik-salomatlik, vatanimizga obodlik va fayzu barakat tilayman.

Mahbuba Ergasheva,

Vankuver Island universiteti

Akademik va Immigratsiya masalalari bo'yicha maslahatchisi.

Nanaimo, Kanada.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − 7 =