Qodiriy dahosi — hamisha barhayot

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi

Keyingi yillarda poytaxtimizning Eski shahar qismida ham  keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, ko'p qavatli uylar va boshqa ijtimoiy ob'yektlar barpo etilayotgani Eski shahar ko'rkiga ko'rk qo'shib, uni poytaxtimizning diqqatga sazovor hududlaridan biriga aylantirayotir.

Davlatimiz rahbari shu yilning 26 dekabr kuni Toshkent shahri va viloyatida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishar ekan, ushbu hudud va uning ahamiyati haqida qimmatli fikrlarni bildirdi.

O'zbek romanchilik maktabining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko'rsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qo'shgan beqiyos hissasini ulug'lash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i oldida ijod maktabi va muzey bunyod etildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchi haykali o'rnatildi. Bu esa Eski shaharni mazmunan boyitdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu ziyo maskanlarini ham borib ko'rdi. Davlatimiz rahbari dastlab ulug' adib haykalining ochilish marosimida ishtirok etib, uning poyiga gul qo'ydi.

Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o'zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o'rganishga ixtisoslashgan. Mazkur ta'lim maskani Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi farmoyishi bilan tashkil etildi. 2019-2020 o'quv yilida uning 5-, 6-, 7- va 8-sinflariga ijodiy imtihonlar va test sinovlari asosida 121 nafar o'quvchi saralab olindi.

Ikki qavatli maktabda o'g'il-qizlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xonalar keng, yorug', shinam va qulay. Fan kabinetlari zamonaviy texnologiyalar va o'quv anjomlari bilan ta'minlangan. Kutubxona adabiy asarlar, badiiy adabiyotlarga boy. Ochiq va yopiq sport zallarida o'g'il-qizlar turli sport to'garaklariga qatnashishi, salomatligini mustahkamlashi uchun zarur qulayliklar mavjud.

Prezidentimiz bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o'qituvchi va o'quvchilar bilan suhbatlashdi.

— Abdulla Qodiriy ijod maktabida o'qiyotgan bu bolalar yangi O'zbekiston kelajagining bunyodkorlaridir, — dedi davlatimiz rahbari. — Barcha umumta'lim maktablari ushbu o'quv dargohidan ma'naviyatni, ma'rifatni o'rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma'naviyatli, balki o'z Vatanini yurakdan sevadigan iste'dod egalari. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, Prezidentimiz “Turon” kutubxonasini ham ko'zdan kechirdi. Ushbu kutubxona o'tgan asr boshlarida jadid ma'rifatparvarlari tomonidan tashkil etilgan bo'lib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yana Eski shaharga ko'chirib kelindi. Bu yerda kitobxonlar uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan, o'quv zallari zamonaviy kompyuterlar, “Wi-Fi”, nusxa ko'chirish uskunalari bilan ta'minlangan. Kutubxonada imkoniyati cheklangan shaxslar foydalanishi uchun ham maxsus zal mavjud, brayl alifbosidagi adabiyotlar yetarli.

Davlatimiz rahbari qariyb 400 ming kitob fondiga ega mazkur kutubxona adabiyotlaridan yurtdoshlarimizni keng bahramand etish, buning uchun poytaxtimizdagi mahallalar, maktablardan aholi va yoshlarning ekskursiyalarini tashkil etish, bir so'z bilan aytganda, bu yerda hayot qaynashi zarurligini ta'kidladi.

– “Turon” kutubxonasi ko'chirilib, bevatan qilib qo'yilgan edi. Bugun kutubxona yana Eski shaharga qaytarilgani jadid bobolarimiz ruhlarini shod etdi. Fitrat, Cho'lpon, Qodiriy, Munavvar qori kabi bobolarimiz bir paytlar imorat qurmagan, boylik orttirmagan, ne-ne mashaqqat bilan topgan mablag'iga kutubxona qurdirgan. Ular mana shu kutubxonani o'zlaridan haykal qilib ketgan, desak bu ham adolatdan bo'ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Darvoqe, har bir xalqning, millatning nomini yuksakka ko'taradigan milliy qahramonlari, ziyolilari, ma'rifatparvarlari bo'ladi. Ulug' adibimiz Abdulla Qodiriy ham ushbu maqomlarning har biriga loyiq edi. U buyuk yozuvchi, shoir, dramaturg va publitsist sifatida o'zidan katta meros qoldirgan. Milliy ma'naviyatimiz uchun, elni ma'rifatli, ilmli qilish uchun o'z halovatidan kechgan. Shunga qaramay, u uzoq yillar eslanmadi, ulug' ishlariga munosib qadrlanmadi. Uning badiiy dahosiga ehtirom ko'rsatilmadi. Adolat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi, deganlari kabi yozuvchi qadrlagan qadriyatlar baribir qaror topdi.

Joriy yilda adib tavalludining 125 yilligi yurtimiz bo'ylab keng nishonlandi. Yuqorida ta'kidlanganidek, uning poyqadami tekkan manzillarda muhtasham majmualar barpo etildi. O'quv dargohlari, ilm maskanlarida yozuvchi hayoti va ijodiga bag'ishlangan turli tadbirlar tashkil etildi.

“O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan yozuvchi hayoti va faoliyati haqida badiiy film, asarlari asosida qisqa metrajli filmlar, shuningdek, yurtimiz teatrlarida 18 ta spektakl yaratildi. Mazkur spektakllar o'zbek tilidan tashqari, qoraqalpoq va rus tillarida ham namoyish etildi.

Joriy yil 27 dekabr kuni O'zbek Milliy akademik drama teatrida adib tavalludining 125 yilligiga bag'ishlangan yana bir tantanali tadbir o'tkazildi.

— Ona Vatanimiz, xalqimiz bugun yangi davr shukuhi, orzu-umidlari bilan yashamoqda, — dedi tadbirda so'z olgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. — Davlatimiz rahbarining yuksak e'tibori sharofati bilan milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishga munosib hissa qo'shgan yozuvchi va shoirlarimiz qadr topib, nomlari abadiylashtirilmoqda. Jumladan, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlanishi va yozuvchining “Biz yangi davrga oyoq qo'ydik, bas, biz har bir yo'sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz” degan so'zlari bugungi sa'y-harakatlar bilan nihoyatda ham­ohangdir. Adib uy-muzeyi sifatida barpo etilgan muhtasham me'moriy majmua 21-asr yangi uyg'onish davrining milliy-ma'naviy, ko'rkam obidasi bo'lib, Qodiriy qadriyatining benazir timsoli sifatida uzoq yillar necha-necha avlodlar qalbidan joy olmog'i muqarrar. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Ijod fondi homiyligida yozuvchining bir jildlik tanlangan asarlari, Abdulla Qodiriy zamondoshlari qomusiy majmuasi va boshqa bir qator kitoblar chop etildi. Bulardan maqsad bugungi va kelgusi avlodni ulug' adibning badiiy merosidan bahramand qilishdir.

Adabiy-badiiy kechada san'at ustalari ishtirokidagi konsert dasturidan tashqari, “O'tkan kunlar” romanining “Baxt va baxtsizlik” deb nomlangan bo'limi asosida “Oy sho''lasida” badiiy filmi namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari davlat va jamoat arboblari, yozuvchi va shoirlar hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o'quvchilarining chiqishlaridan ham bahramand bo'ldi. Ayniqsa, buyuk adibning nabirasi Xondamir Qodiriyning so'zlari barchani to'lqinlantirdi. Yozuvchining o'z qo'llari bilan qurgan, hozirgi kunda uy-muzeyiga aylangan dargoh bugun uning avlodlari tomonidan naqadar e'zozlanayotgani ham, ulug' adibga munosib voris bo'lishga intilayotgan kichik Qodiriylar ham ko'pning tahsiniga sazovor bo'ldi.

X. Ahmadjonova.

Adib ijodidan

Abdulla Qodiriy

Ahvolimiz

Ko'r bizning ahvolimiz, g'aflatda qanday yotamiz,

Joyi kelgan chog'ida vijdonni pulg'a sotamiz.

O'g'limizga na adab, na fan, na yaxshi so'ylamak,

Na xudoni buyrug'i bo'lgan ulum1 o'rgotamiz.

Korimiz shundan iborat bo'ldi ushbu vaqtda,

O'ntadin bedona boqib yozu qish sayrotamiz.

Hamda har kun takyalarda nasha ko'knori chekib,

Bachchag'a kokil solib, oh-voh ilan o'ynotamiz.

Qarimiz, boyonimiz, balki bu vaqt ohvondamiz,

Nogahon ko'rsak agar bir besoqolni qotamiz.

O'rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi,

Biz ani dahriy2 sanab, to'fangcha birla otamiz.

Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g'ayrat qiling,

Uxlaganlarni agar Qodir esak uyg'otamiz.

1.ilm

2.ateist

1915 yil.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × one =