Gurunglardan ochilgan gurunglar yoxud taniqli adib Abdusaid Ko'chimovning «Men shoirman, istasangiz shu…» kitobini o'qib

«Biz jami ijodkorlar Abdulla Oripovning uyiga borganda, uning gurunglariga maftun bo'lib termulib o'tirardik, — deya davom etadi kitob muallifi. — U tanidagi dard-azoblariga mardona bardosh berib o'tirar, hech eshitmagan gurunglarimizni shu kishidan eshitardik.

Men shoirman, istasangiz shu,

O'zimniki erur shu sozim.

Birovlardan olmadim tuyg'u,

O'zgaga ham bermam ovozim…

Abdulla Oripov.

Qo'limda buyuk shoir Abdulla Oripov haqidagi juda chiroyli, juda-juda nafis qo'sh jildli kitob. Kitob jildiga bor bo'yicha Abdulla Oripovning betakror surati tushirilgan. Suratdagi maftunkor nigohdan bor bo'yicha she'r quyulib turgandek…

Kitobda buyuk shoir hayotining so'nggi yillaridagi faoliyati aks ettirilgan. Bu haqda kitob muallifi «Men Abdulla Oripovni qanday ko'rib, qanday gaplashgan bo'lsam, shundayligicha yozdim. O'zim bilgan, guvoh bo'lgan, eshitganlarimga hech narsa aralashtirganim yoki qo'shib chatganim yo'q. Deyarli hech narsa o'zimdan qo'shganim yo'q. Kamdan- kam hollardagina ayrim fikr-mulohazalarimni qistirib o'tgan bo'lishim mumkin… O'qiganingiz Abdulla Oripov ishtirok etgan gurunglardan iborat», deb yozadi.

Kitobxonni ardoqli shoirning umr yo'ldoshi Hanifa Mustafo qizining «Hikmat sohibi» sar­lav­hali maqolasi qiziqtirishi shubhasiz. Unda sadoqatli va vafodor umr yo'ldoshi, so'z bilan o'ziga o'lmas haykal qo'yib ketgan buyuk inson haqida iftixor bilan yozarkan, shunday deydi: «Bolaligimizda: «Qadimda bir donishmand bo'lgan ekan», deya boshlanuvchi hi­koyalarni ko'p o'qiganmiz. Va o'sha top­qir donishmandga havas qilganmiz. Donishmand o'zi qanday odam bo'larkan, deya ko'p o'ylaganmiz. Oradan yillar o'tib, men donishmand odam qanaqa bo'lishini bildim va shunday donishmand odam bilan hayratlar ichra yashadim».

Daho shoir va uning rafiqasi hol-ahvol so'rab borganlarning hammasini ochiq chehra bilan kutib olib, izzat-hurmatini joyiga qo'yishga tirishardi. Abdulla Oripov (dardman holiga qaramay) bir ilohiy qudrat bilan ularning ko'ngillarini chog'lantirish niyatida adabiyotdan tesha tegmagan gurunglar berardi. Bu gurunglarni kitob muallifi Abdusaid Ko'chimov «Oltin, hech-hech takrorlanmas gurunglar edi», deb yozadi.

Ayniqsa, shoirning ulug' Navoiy xaqidagi manovi fikrlari kitobxonni beadad ruhlantirib yuboradi: «Navoiy — o'zbek shoirimi-yo'qmi?» degan mazmunda katta-katta munozaralar uyushtirilgan ekan. Shunday yig'ilishlarning birida ulug' bobomizni chig'atoy o'g'uz millatiga taqab, bu millat Sirdaryo bo'ylarida yashagan va qirilib ketgan, demak Navoiyning millati yo'q degan xulosa chiqarishgacha borishganlar. Bezbetlikni qarang! Ular bizni tarixi yo'q, ma'naviyatimizni yo'qqa chiqarmoqchi bo'lishgan. Yig'ilishga kechroq kelgan Arbeli degan gruzin akademigi: «Ulug' gruzin shoiri Shota Rustavelidan ulug' o'zbek shoiri Alisher Navoiyga salomlar bo'lsin!» degandan keyin esa zal beixtiyor qalqib ketib, hamma chapak chalib yuboradi.

Abdulla Oripovning ixlosi ustozlari orasida Oybekka g'oyat baland bo'lgan. Bu otashin yozuvchining shoirga O'zbekiston yozuvchilar uyushmasiga a'zo bo'lishi uchun tavsiya yozib berganida emas, Oybekday ulug' odam Navoiy romanini yuksak badiiyat bilan yaratgani, bundan ham muhimi, shoirning o'zbekning chin farzandi ekanini badiiy tarzda ishonch bilan ko'tarib chiqqani uchun, matonati, dovyurakligi uchun yurak-yurakdan qadrlaydi. Abdulla aka ulkan turkman yozuvchisi Berdi Kerboboyevning «Men Oybekni qardosh O'zbekiston adabiyoti osmonidagi oy deb hisoblayman», degan gapini davralarda, yig'inlarda ko'p takrorlar edi.

«Oybek ijodining shuhrati o'zbek xalqining shuhratini oshiradi. Xalqimizning iftixor qilishiga  asos beradi», deydi Abdulla Oripov gurungda g'urur bilan.

G'oyat zukko, o'zbek va jahon adabiyotining yuksak bilimdoni Abdulla Oripov gurunglarda Abdulla Qahhorning o'sha mashhur romanidagi Sa'diyning qiyofadoshi, atoqli shoir Usmon Nosir degan gurungini eshitganida ijodkor hayratdan yoqasini ushlaydi. Bu hayratlanuvga Abdulla Qahhorning «Lekin bizning o'sha vaqtda uyimiz yo'q edi. Ikkovimiz bitta obshejitieda turardik», deb gurung boshlagani sabab bo'ladi.

«Biz jami ijodkorlar Abdulla Oripovning uyiga borganda, uning gurunglariga maftun bo'lib termulib o'tirardik, — deya davom etadi kitob muallifi. — U tanidagi dard-azoblariga mardona bardosh berib o'tirar, hech eshitmagan gurunglarimizni shu kishidan eshitardik.

Kitob mutolaasi davrida kitobxon Abdulla Oripovning atoqli shoir Usmon Nosir haqida she'riy roman yozganiga qoyil qoladi. Shoirning o'zi bu haqda «Romanim bitay deb turganida, o'marib ketishdi. Madaminbek haqidagi asarim ham shu kulfatga duchor bo'ldi», deydi.

«Men shoirman, istasangiz shu» kitobini o'qiganimda, Abdulla Oripovning gurunglari ham xuddi she'rlari kabi betakror, boshqa hech bir gurungga o'xshamasligiga qoyil qoldim. Yuqorida tilga olingan Abdulla Qodiriy asarlariga munosabat faqatgina o'zbek ijodkorlariga xos emas, balki dunyo yozuvchilari orasida ham bor ekan. Masalan, Lev Tolstoy Shekspir asarlarini o'qishni xohlamagan, yozuvchi sifatida rad qilgan. «Men uni o'qib estetik zavq olaman degandim. Shekspirning yozganlari hozirgacha davom etib kelayotgan ulug', dohiy yozuvchi sifati, shuhrati har qanday yolg'on kabi yolg'on narsadir», deydi.

Ulug'larga osonmas. Chingiz Ayt­matov asarlarini sevib o'qiymiz, kerak bo'lsa, uyquga yotguncha yostig'imiz tagiga qo'yib qo'yamiz. Hisob-kitoblarga qaraganda hali hech bir yozuvchining asarlari uning asarlaridek ko'p tillarga tarjima qilinmagan.  «Men shoirman, istasangiz shu» kitobini varaqlar ekansiz, shunday yozuvchi haqidagi ba'zi fikrlarni o'qib, yoqangizni ushlaysiz. «Hozir esa, — deyiladi kitobda, — Chingiz Aytmatov o'lib bo'lgandan keyin dunyoning qaerida qirg'izni uchratsangiz, gadoyi ham, boyi ham sen qaerliksan desa, Chingiz Aytmatovning yurtidanman deb tal­tayadi. U millatimizning bayrog'i bo'p qolgan deb gerdayishadi».

Kitobni o'qirkansiz, ulug' yozuvchiga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov hamisha e'tiborli bo'lganligini sezasiz. Shuning uchun ham Chingiz Aytmatov O'zbekis­tonga qadam qo'ysa, eng avval Islom Karimovni, keyin esa Abdulla Oripovni yo'qlagan.

2016 yil voqealari yurakni o'rtaydi:

— Kechki payt uyimiz yonidagi maktab atrofida kezib yurardim, — deya yozadi yozuvchi Abdusaid Ko'chimov. -— Cho'ntagimdagi telefon bo'g'iq jiringlab qoldi.

— Men Hanifa opangizman. Xyus­tondan qo'ng'iroq qilayapman. Abdulla akangiz gaplashmoqchilar.

— Labbay, Abdulla aka. Sog'liklaringiz yaxshimi? Tuzalib qoldingizmi?

— Ha … endi… do'xtirlar qo'liga tushgandan keyin bilasiz-ku. G'afur G'ulom nomidagi nashriyotda 10 tomligimni tayyorlashayapti. Lazizjonni bilasiz, ukamiz — shu yigit 10 tomlikning oxirini xotiralar, esselar bo'lsin deyapti. Shunga ko'ra Ozod Sharafiddinovning muvashshahini va sizning men haqimdagi essengizni kiritgandim. Ularga shunday qi­linglar, dedim. Siz shunga rozimisiz?..

— Albatta, ustoz!

— Rahmat uka…

— Menga ko'p gapirish mumkinmas. Kelinimga salom deng…

Va nihoyat, 2016 yilning noyabrida jahonshumul asarlar yaratgan Abdulla Oripovning yuragi urishdan to'xtadi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev marhumning jasadini Amerikadan olib kelish ishlarida bosh-qosh bo'ldi. Motam marosimida ham tik turdi.

Abdulla Oripov shunday yozgandi:

Unut bahorlarni, qishlarni unut,

Unut osmonlarning zangor

                                              ko'ylagin.

Yulduzlarni unut, qushlarni unut,

Ularni ko'rmadim deya o'ylagin.

Dunyoda jamiki mavjud narsani,

Yaralmagan degin, yo'q deb bil,

                                                             erkam.

Hayratga solursan shunda barchani

Shunda unutarsan balki meni ham.

Lekin tamaddunda o'zbek degan millat bor ekan, adabiyot, she'riyat yashar ekan Abdulla Oripovni hech kim, hech qachon unutmaydi, dohiyona, faylasufona yaratilgan she'riyat durdonalari tirik qalb­larda hamisha barhayot yashaydi.

Toshtemir Turdiyev,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − 5 =