Oyparast

Oradan uch oyga yaqin vaqt o'tdi. Dastlab, o'zbekovulliklar og'zidan tushmay qolgan Malik voqeasi asta-sekin unut bo'la boshladi. Uni bobosiga tortgan deganlar ham tinchib qolishdi.

O'zbekovulda bunaqangi hodisa qaytib yuz bermadi. El-ulus butkul tinchidi.

Bir haftacha bo'lib qoldi, o'zbekovullik Nurmat brigadirning boshi qotgan. Axir bu nima degan gapki, har kun kechasi kimdir hovliga keladi-yu allaqanday yumushlarni bitirib qo'yadi.

Avvaliga hazil tuyulgan bu mashg'ulot bora-bora brigadirning asablarini o'ynay boshladi. Nima, uning hovlisi bekorchilarning katta xolasiga tegishli maydonmidiki, kelib istagan noma'qulchiligini qilishsa.

Qishloq o'z nomi bilan qishloq-da. Uch yuztacha xonadon bor O'zbekovulda ham bir pasda mish-mish bolalab ketdi. Emishki, brigadirning qaysidir bobosidan qolgan bir xum oltini bo'lgan-u, bundan xabar topgan o'g'rilar hovlini tit-pit qilishib, xumni izlashgan. Bosh­qa bir taxminga ko'ra esa brigadir shaharga borganida allaqanday mafiozlarning jig'iga tekkan-u, ana endi ular Nurmat akani ma'naviy jihatdan ezib, asablarini ishdan chiqarish uchun mana shunday o'yinni boshlab yuborishgan. «Hali bulari holva, oxiri nima bo'ladi — bir Xudoga ayon», deyishardi bu mish-mish tarafdorlari boshlarini ma'nodor chayqashganlaricha.

Albatta, bular bari kurakda turmaydigan gaplar edi. Illo, Nurmat brigadir esini tanibdiki, qora mehnat orqasidan kun ko'rib keladi. Shu ovulda cho'pon bo'lib, har zamon-har zamonda do'mbira chalgancha baxshilik ham qilib yurgan, bir umr yalangoyoq o'tgan bobosidan bir xum tilla qolishi mumkinligiga esa aql bovar qilmaydi. Buning ustiga bobo haqida gap ketganda Nurmat brigadir sal iymanibroq iljayib ham qo'yadi. Zero, baxshi bobo ba'zan, ayniqsa, oy to'lgan oqshomlari tuyqusdan jo'shib-to'liqib ketib, katta gulxan yoqqan va doim eshagi xurjunidan qo'ymaydigan o'rog'ini qip-qizil cho'g' bo'lguncha qizdirib, so'ng uni tiliga tekkizib turaverishdek g'alati odatga ham ega bo'lganki, bu borada ovulda ko'p afsonalar to'qilgan. Shuningdek, baxshi bobo ba'zan-ba'zan favqulodda kuchli bo'lib ketishi, misol uchun, charchab qolgan eshagini shartta yelkasiga olgancha katta qirlarga bemalol chiqib ketaverishi xususida rivoyatlar ham og'izdan-og'izga ko'chib yuradi…

To'g'ri, brigadir shaharga borganida angishvona o'ynatayotgan qo'llari chaqqongina yigitchalarning qiliqlarini bir muddat tomosha qilgan, bu surbet bolakaylar qishloqdan borgan sodda juvonning bor-yo'g'ini shilib olishayotganini ko'rgach esa o'zini bosib turolmasdan davraga bostirib kirib, yigitchalarga bir-ikki nasihat qilgan. Biroq bu yigitchalar gapni yaxshi tushunmaydiganlardan chiqib qolgan. Brigadirga qarab tepadan kelishgan. «Yo'lingdan qolma, yuvilmagan qoshiq! Bo'lmasa onangni ko'rsatib qo'yamiz!» deb po'pisa qilishgan. Hatto qaydandir paydo bo'lib qolgan bir-ikkita ona suti og'zidan ketmagan o'smirlar uni turtib-surtib chekkaroqqa chiqarib qo'ymoqchi ham bo'lishgan. Shunda qoni qaynab ketgan brigadir ortiqcha manzirat qilib o'tirmagan-da, shartta pichog'ini qinidan chiqarganu, zo'ravonlarga tik qaragancha: «So'ymasam hisob emasmi?!» deb o'dag'aylagan. Tentakroq odamga duch kelib qoldik, deb o'ylashganmi, ishqilib, yigitchalar ura qochishga tushishgan, shu orada brigadirning qo'liga tushib qolgan bir kattarog'i jon holatda haligi sho'rlik juvondan shilib olingan bor pulni qaytarib bergan. Minnatdor juvon brigadirni alqay ketgan. Bor-yo'g'i shu. O'sha po'konidan yel o'tmagan yigitchalarning shahardan ovulga ataylab brigadirni izlab kelishi, buning ustiga allaqanday sirli o'yinlarni o'ylab topishini tasavvur etish uchun kishi hech qursa ko'knorixayol bo'lishi kerak-ku!..

Bular hammasi, shubhasiz, mantiqan to'g'ri mulohazalar edi. Lekin hovlida kechalari nimalardir yuz berayotgani ham haqiqat ediki, buni o'ylagan sayin brigadirning xunobi battar oshardi.

Dastlabki kecha hovlida to darvozaga qadar quyilgan g'ishtlarni kimdir ag'darib chiqqani ma'lum bo'lib qoldi. Brigadirning aniq esida, kechki choy-non ustida bolalariga bir kun burun quyilgan g'ishtlar haligacha ag'darilmagani, demak g'ishtlarning faqat bir tomoni qurib, boshqa tomoni nam holida turgani xususida dakki bergandi. Shu sabablimi, Nurmat aka bu ishni farzandlarining birontasi qilib qo'yganga yo'ydi. Albatta, tun oydinda g'ishtni ag'darish uncha yoqimli mashg'ulot emas, lekin oriyatli o'g'illardan birontasi bu ishni sezdirmasdan qilib qo'ygan ekan, brigadir nimayam derdi, otasiga rahmat aytadi-da.

Biroq ertasi kuni kechasi yana kimdir aynan shu, hali tayinli qurishga ulgurmagan g'ishtlarni hovli chekkasiga chiroyli qilib taxlab qo'yganini ko'rganida brigadirning peshonasi tirishib ketdi. G'isht kamida uch mingtacha edi, demak uni bunday taxlash uchun kamida ikki kishi uch-to'rt soat ter to'kishi kerak edi. Nurmat aka uch o'g'lini ham so'roqqa tutdi. Ammo birontasi bo'yniga olmadi. Ota ularning yuz-ko'zlariga diqqat bilan razm soldi va … o'g'illarining haqiqatni gapirayotganliklariga imon keltirdi. Ota baribir ota-da, bolalardan birontasi gapga sal yolg'on aralashtirganda edi, darhol sezardi. Yo'q, barisi padarga tik qarab turishibdi, gaplari ham ishonchli, dadil jaranglayapti.

Uchinchi kecha yana o'sha noma'lum kimdir (ehtimol kimlardir) hovli o'rtasidagi ikki yuz litr suv sig'adigan temir bochkani o'rnidan siljitib, besh odimcha nariga, shundoq devor yoniga olib kelib qo'ygan. Nurmat aka adashmayotgandi: uch o'g'liniyam chaqirib, hovli o'rtasidagi bochka o'tgan-ketganga xalaqit berayotganini, shuning uchun uni chekkaroqqa olish, iloji bo'lsa hovli devoriga taqab qo'yish kerakliga haqida gapirganiga bir haftacha bo'lgandi-yov. Shunda katta o'g'il Murodboy bo'ynini qashlagancha: «Bir kran bo'lsa yomon bo'lmasdi», degandi; o'rtancha o'g'il Nizomjon sinfdoshlarini hasharga chaqirishni taklif qilgandi; kenjatoy Malik esa bochkani sudrash uchun tog'asining traktorini olib kelishni maslahat bergandi.

Tuman markaziga borib kran olib kelish, so'ng unga anchagina xizmat haqi berish lozimligi sababli katta o'g'ilning taklifi otaga o'tirishmadi; hashar masalasi ham ochiq qoldi — yetti-sakkiz bo'z bolani chaqirgandan keyin shunga yarasha dasturxon ham tuzash kerak-da; kenjatoyning traktor borasidagi taklifini-ku, muhokama qilib o'tirish ham ortiqcha — bug'doy o'rimi mavsumida anqoning urug'i topilsa topiladiki, lekin bo'sh traktor topilmaydi… Shu bilan padar taklifi noma'lum muddatga qoldirilgandi.

To'rtinchi-beshinchi oqshom tinch o'tdi. Nurmat brigadir tunda ikki-uch marta hovlini aylanib chiqdi, eshik yonida o'tirib nos chekdi. Lekin chigirtkalarning chirillashi-yu sigirlarning kavsh qaytarishidan boshqa tiq etgan begona tovush eshitilmadi.

Oltinchi oqshom, charchagan ekanmi, brigadir dong qotib uxlab qoldi. Tong sahar uni to'ng'ich o'g'il Murodboy uyg'otdi. Hovliqib turgan Murodboy savolga javob berib o'tirmasdan otasini hovliga sudradi. Hovli o'rtasida kechagina uyulib turgan bir telejka tuproq yaxshilab qorib, pishitilib, tayyor loy holiga keltirib qo'yilgandi.

Dovdirab qolgan brigadir o'zicha hisob-kitob qildi. Buncha tuproqqa eng kamida sakson paqir suv quyish kerak, ana undan keyin bir pudli ketmon bilan bir telejka tuproqni kamida uch marta ag'darib chiqish, ya'ni pishitish kerak. Inson bolasi yarim kecha, hammaning ko'zidan panada, yana deng kattakon hovlida hech kimga sezdirmasdan qilolmaydi bu ishni…

Nurmat brigadirning fig'oni falakka chiqdi.

— Yonimda devday-devday uchta yigit bo'la turib, kim bu ishni qilib ketdi? Kim u bizni mazax qilayotgan? — deya baqirdi u.

Afsuski, bu savollarning javobi yo'q edi.

Nurmat brigadirning yomon jahli chiqdi. Hech qilmagan ishini qilib, tog'dan bir kattagina bo'ribosar sotib olib keldi. Kuchukni hovliga qo'yib yubormoqchi bo'ldi, ammo xotinining, qizlarining pusibgina turganini ko'rgach, uning bo'yniga zanjir bog'lab, zanjirning uchini qoziqqa ildirib qo'ydi.

Ettinchi oqshom tinch o'tdi. Bahaybat kuchuk tun bo'yi hatto bir bor vovullamadi ham. Ammo sakkizinchi oqshom…

Tong sahar palla negadir cho'chib uyg'onib ketgan Nurmat brigadir ko'ngli bir nimani sezganday ildam yurib hovliga chiqdi va turgan joyida dong qotib qoldi. Kecha kechqurun daladan olib kelingan uch qop g'alla joyida yo'q edi. Tog'dagi cho'pon ta'rifiga ko'ra har qanday bo'rini, hattoki to'ng'izni ham pisand qilmasligi lozim bo'lgan bahaybat bo'ribosar esa xo'jayinga mo'ltirab qaragancha dumini likillatibgina turardi.

Brigadir uydagilarning barini uyg'otdi. Butun oila a'zolari hovliga to'planishdi.

Darvozani ichkaridan qulflab yotish birovning xayoliga ham kelmagandi. Biroq brigadirni ham, uning uch o'g'liyu turmush o'rtog'ini ham bir narsa ajablantirdi: hovlidan tashqariga chiqqan izlar yo'q edi.

Brigadirning fig'oni falakka chiqdi.

— Bug'doy qanot boylab osmonga uchib ketmagandir? — deya to'polon qildi u.

Mol achchig'i — jon achchig'i. Oila a'zolarining bari besaranjomlanib qolishdi. Buning ustiga har biri yuz kilo atrofida keladigan uch qop g'allani sezdirmay ko'tarib olib chiqib ketish uchun kamida Hojimuqon bo'lishi kerak-ku bu o'g'ri degani!

Yomon gap tez tarqaladi. Hovlidagi baqir-chaqirni eshitgan qo'ni-qo'shnilar uzun-qisqa bo'lib kirib kela boshlashdi.

— Milisaga xabar berish kerak! — dedi Sardor vahima ishonch bilan ko'zlarini ola-bula qilgancha. — Men bilaman, keyingi paytlarda tayyor bug'doyni o'g'irlab ketadigan bolalarning mafiyasi paydo bo'lgan!

— Obqochmang, aka, — deya uni shashtidan tushirishga urindi Safarboy muallim. — O'g'ri obketsa iz qolardi, ozgina bo'lsayam g'alla to'kilardi. Bu yerda hech balo yo'q-ku!

Sardor vahima bo'sh kelmadi:

— Men bilaman, ular o'g'irlik qilib bo'lganlaridan keyin supurgi bilan izlarni supurib ketishadi.

Bu taxminni eshitgan bir necha qo'shni o'zlarini kulib yuborishdan tiya olmadilar.

Shu payt o'rtancha o'g'il Nizomjon qichqirib yubordi:

— Ota, bu yoqqa qarang!

Hamma shu tomonga o'girildi. Molxona yonida turgan Nizomjon qo'li bilan ichkariga ishora qilardi.

Birinchi bo'lib yetib kelgan Nurmat brigadir uch qop g'allasi molxona chekkasiga taxlab qo'yilganini ko'rdi.

Qo'shnilar endi baralla kulib yuborishdi.

— O'g'ri shu yerda ekan-u… Qo'rqqanga qo'sha ko'rinar, deganlari shu-da… Ammo sizam vahimachi bo'p qopsiz-da, birgat…

Qip-qizarib ketgan Nurmat aka o'zini qo'yarga joy topolmay qoldi. Uning ahvolini tushundimi, Safarboy muallim murosa ohangida dedi:

— O'ylanmang, aka, ba'zan odam charchaganida kecha qilgan ishiniyam unutib qo'yadi.

Nurmat brigadir miq etolmadi, faqat boshini quyi egib oldi. Qo'shnilar kula-kula hovlidan chiqib ketishdi.

Izza bo'lgan brigadir bolalariga o'shqirdi:

— Qaysi biringning ishing bu?

Ammo uch o'g'il ham yelka qisib turaverishdi. Bolalari rost gapirayotganini brigadirning o'zi ham sezib turardi. Axir, kecha kechqurun to'rtovlon bir bo'lib bitta qopni arang ko'tarishdi-yu, qanday qilib ona suti og'zidan ketmagan yigitchalar yakka-yolg'iz holda bu ishni eplashadi?..

Lekin… bunday o'ylay desa, qoplarning ichkariga kiritib qo'yilganini o'z ko'zi bilan ko'rib turipti. Tunda ularda oyoq paydo bo'lib qolmagandir, har qalay.

Shu kuni yana iki qop bug'doy olib kelindi. Qoplar o'g'illar yordamida hovliga tushirildi. Brigadir qoplarni joyida qoldirdi. Ataylabdan.

Oqshom Nurmat brigadir har ne bo'lsa ham uxlamay chiqishga ahd qildi.

Yarim tun ham bo'ldi. Keyin osmonda yulduzlar birin-ketin so'na boshladi. Aftidan, sahar yaqinlashib kelmoqda edi. Yozning bir tutam tuni-da… Bir-ikki xomuza tortib olgan, ko'zlari yoshlanib ketgan brigadir hamon hovlini sinch­kovlik bilan kuzatishga uringancha og'il devori yonida choponiga o'ralib yotardi.

Kutilmaganda o'g'illari yotadigan xona eshigi g'iyqillab ochildi va ostonada kenjatoy Malik paydo bo'ldi. O'g'lini hojat uchun chiqdi degan xayolga borgan Nurmat aka avval uni chaqirmoqchi bo'ldi. Ammo o'g'lining qandaydir notabiiy, juda sekin qadam tashlashimi, nimadir uni sergaklantirdi.

Nurmat aka asta o'rnidan turdi va oyoq uchida yurgancha o'g'liga yaqinlashdi.

Ufq oqarib kelmoqda edi va sahargi g'ira-shirada Nurmat aka o'g'lining ko'zlari yumuq ekanligini ko'rdi.

Bo'ribosar bir g'ingshib qo'ydi, lekin uy egalarini tanigach, yana boshini panjalari orasiga olgancha jimgina yotaverdi.

Malik asta qadam tashlab, to'g'ri qoplar yoniga bordi. Keyin paypaslab ulardan birining bog'langan og'zidan ushladi, go'yoki paxta solinganday yengillik bilan qopni yelkasiga oldi-da, to'g'ri molxonaga qarab yurdi.

Jon-poni chiqib ketgan Nurmat brigadir:

— Malik! — deya baqirib yubordi.

Malik nogoh munkib ketdi va ovoz kelgan tarafga o'girilmoqchi bo'lgan joyida gupillab yiqildi. Qop uni bosib qoldi.

Brigadir jon alpozda o'g'li tomon otildi va uning ustidagi og'ir qopni bir amallab olib tashladi.

Ixrab, og'zidan ko'pik kelayotgan, ko'zlari ochilib ketgan Malik otasiga hayron bo'lib qararkan, banogoh qattiq ingrab yubordi va hushidan ketdi…

Do'xtirlar Malikning umurtqa pog'onasi og'ir yuk ta'sirida ezilganligini aniqlashdi.

Yomon tomoni — Malik oyparast­lik xastaligiga uchragani uchun unga bunday paytlari gapirish mumkin emas ekan. Do'xtirlarning aytishicha, oyparast odamlar hatto yarim kechasi tom ustida yurganlarida yoki og'ir yuk ko'targanlarida trans holatida bo'lib, o'zlarining nima qilishayotganliklarini bilishmas ekan. Mana shu karaxtlik paytida ba'zan odam hatto o'ngida tasavvur ham etolmaydigan darajada favqulodda kuch talab qiladigan ishlarni ham qilib qo'yishi mumkin ekan.

Nurmat brigadir o'g'lini bir oycha shifoxonada davolatdi, so'ng mulla-qushnochlarga o'qitdi. Ishqilib, Malik tuzalib ketganday bo'ldi. Faqat sal engashib yuradigan bo'ldi — ezilgan umurtqa pog'onaning tiklanishi qiyin kechmoqda edi.

Oradan uch oyga yaqin vaqt o'tdi. Dastlab, o'zbekovulliklar og'zidan tushmay qolgan Malik voqeasi asta-sekin unut bo'la boshladi. Uni bobosiga tortgan deganlar ham tinchib qolishdi.

O'zbekovulda bunaqangi hodisa qaytib yuz bermadi. El-ulus butkul tinchidi.

Faqat… har zamon-har zamonda Nurmat brigadir tong saharda cho'chib uyg'onib ketarkan, shosha-pisha hovliga chiqadi va ilinj bilan atrofga alanglaydi. Biroq hamma narsa o'z joyida bo'ladi. Kecha kechqurundagidek. Mo''jizadan, o'zgarishdan darak bo'lmaydi… Ana shunda brigadir nechukdir og'ir xayollarga ham cho'madi: “O'shanda…. o'shanda jim turaverishim kerakmidi yo?.. O'rtada Maligimning bukchaygani qoldi… Endi birov… qizini berarmikan?.. Birovga ziyoni tegayotganmidi muncha?.. Indamay qo'yaverganimda nima bo'lardi?..” Har safargiday, brigadir o'zini qiynayotgan, tun-kun oromini o'g'irlagan savollarga aniq javob topa olmaydi va ruhsiz-horg'in tarzda, hovliga alang­lay-alanglay qaytib ichkariga kirib ketadi…

Abduqayum Yo'ldoshev

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 − five =