Hatto, diktant yozolmaydigan o'qituvchilar bor!

Bir rivoyatda hikoya qilinishcha, ilm tolibi avval ustoziga, so'ngra otasiga salom beribdi. Yonida turgan kishi so'rabdi: “Nega avval otangizga salom bermadingiz?”. Shunda shogird yigit: “Ollohning qudrati ila otam meni dunyoga keltirdi, ustozim esa menga haq ilmini o'rgatdi”, deb javob bergan ekan.

Viloyatimizda 1214 ta umumiy o'rta ta'lim maktab faoliyat yuritadi. Unda 49 mingdan ziyod o'qituvchi o'quvchilarga ta'lim beradi. Shundan 82 foizi oliy ma'lumotli, 1,6 foizi oliy toifali, 60 foizdan ko'prog'i esa toifaga ega bo'lmagan mutaxassis o'qituvchilardir.

Ish yuzasidan Xalq ta'limi vazirligining sayti (uzedu.uz) ga tez-tez murojaat qilaman. O'zim o'qigan ma'lumotlarga qaraganda, mamlakatimiz bo'yicha 450 mingdan ortiq o'qituvchi orasida oliy ma'lumotlilari soni 371 392 nafarni tashkil etarkan. Ularning 2,5 foizi oliy toifali o'qituvchilar hisoblanadi. E'tibor bergan bo'lsangiz, bizning viloyatimizdagi oliy toifali o'qituvchi respublika ko'rsatkichidan kam emas. Lekin men viloyatdagi bu holatni qoniqarli deb aytolmayman.

Sababi, malaka oshirish kurslariga kelgan muallimlarning bilim, ko'nikma va malakasini sinovdan o'tkazdik, natijaning past­ligi, hatto ayanchli ekanligi ma'lum bo'ldi. Sinov 11-sinf umumta'lim fanlari hajmida, o'qituvchilar dars berib kelayotgan o'quv materiallari asosida o'tkazildi. Sinovda oliy ma'lumotli o'qituvchilar ishtirok etishdi. Natijaga ko'ra, ularning 6 foizi “5”, 20 foizi “4”, 33 foizi “3” baho oldi. 41 foiz tinglovchilarning bilimi qoniqarsiz baholandi!

Endi o'zingiz xolisona ayting, maktab dasturini bilmaydigan o'qituvchidan nimani kutish mumkin? Oliy ma'lumotli o'qituvchi diktant yoza olmasa, kelajagimiz bo'lmish farzandlarimizning taqdirini shunday o'qituvchiga ishonib topshirish mumkinmi? Bunga qaysi ota-ona rozi bo'ladi? Axir, bu eng avvalo, kasbga, kelajak avlodga xiyonat emasmi?

Davlatimiz rahbari pedagog xodimlarning qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tajriba tizimini yo'lga qo'yish yuzasidan bir qator farmon va qarorlarni imzoladi. Tizimga zamonaviy, il­g'or texnologiyalarni joriy etish, shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmni amaliyotga tatbiq qilish bo'yicha ham o'ta muhim vazifalar belgilandi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkin, qayta tayyorlash va malaka oshirish masalasiga bugungi taraqqiyotdan kelib chiqib yondashish lozim. Sohaga ijodiy va kompleks yondashish ehtiyoji mavjud. Chunki, o'ta tezkor rivojlanish pallasida faoliyat olib borayapmiz, pedagogning bilim saviyasini, dars o'tish mahoratini oshirib borishni davr talab qilayapti.

O'zim ham o'qituvchiman, 40 yillik tajribamdan kelib chiqib ayta olaman, shu kungacha o'qituvchiga bu qadar keng imkoniyat va imtiyozlar berilgan emas. O'qituvchi eng hurmatli insonga aylandi. Uning mavqei oshdi.

Biroq masalaning yana bir tomoni bor: bugungi o'qituvchilarning hammasi ham yaratilgan g'amg'o'rlik va e'tiborga javoban o'z faoliyatida yangicha dars o'tish, innovatsion tartibda dars soatlarini tashkil etayotgani yo'q. Shaxsan mening ayrim o'qituvchlarning faoliyatidan, bilim va pedagogik mahorati saviyasidan, innovatsion o'zgarishlarga moyilligidan ko'nglim to'lmayapti.

Aslida oliy o'quv yurtiga kirish jarayonida, ya'ni qabul testlarida abiturient qayd etgan natija o'qituvchiga berilgan baho, desak to'g'ri bo'ladi. O'quvchining bilimini noxolis baholashga chek qo'yilmas ekan, bunday holat davom etmasligiga kafolat berish qiyin. Tushunaman, ta'lim tizimi holati mamlakat kelajagini belgilashini hisobga olmay, bu tizimda moliyaviy qisqartirishlar qilib, katta xatoga yo'l qo'ydik. Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan strategik yo'nalishlar bu kamchilikni bosqichma-bosqich tuzatishga imkon yaratadi. Eng katta kamchilik — bu kasbiy kompetentlikning yetishmasligida. Ayrim o'qituvchilarning kasbiy tayyorgarligi va tajribasi, o'zini o'zi anglashi, o'z kuchi va bilimiga ishonishi, o'z mutaxassisligini puxta bilishi va shu kabi kasbiy kamolotni belgilab beruvchi xususiyatlarni namoyon qila olmayotgani juda achinarli holat.

Aslida, ba'zi o'qituvchilarning o'z ustida mustaqil ishlashga o'rganmaganligi, ilg'or tajribalarni, tizimdagi yangiliklarni o'rganib, ish faoliyatida qo'llamasligi ularning zamondan ortda qolishlariga sabab bo'lmoqda. Muallimlarning o'z ustida mustaqil ishlashini muvofiqlashtirish tizimi yo'qligi muammolarni bartaraf etishga to'siq bo'layapti.

Shuningdek, ko'pgina o'qituvchilar, hatto maktab direktorlari darslarni kompleks tahlil qilishni bilmaydi. Seminar yoki treninglarda ba'zi o'qituvchilarga darsni tahlil qiling, desangiz “mashg'ulot menga yoqdi” yoki “menga yoqmadi” deyishdan nariga o'tolmaydi. Dars metodik jihatdan qanday tashkil etildi, darsning ilmiyligi qanday, yutuq va kamchiliklari nimalardan iborat, dars psixologik talablarga javob beradimi yoki yo'qmi, mashg'ulotda qo'yilgan maqsadga erishildimi yoki erishilmadimi? Afsuki, bu haqda ayrim o'qituvchilar tushunchaga ham ega emas. Bunday o'qituvchilar mantiqiy fikrlash, tadqiq qilish, hisoblash, o'lchash, yasash, sinash, kuzatish, solishtirish, xulosa chiqarish, mustaqil qaror qabul qilish kabi pedagogik usullarni bilmaydi.

Ba'zi o'qituvchilarning dars ishlanmasi (konspekt) yozish, mashg'ulotlarning texnologik xaritasini tuzishni bilmasligi ham ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Aksariyat o'qituvchilarning konspektida darsning tashkiliy qismi, o'tilgan mavzuni so'rash, o'tilgan mavzuni mustahkamlash, yangi mavzuni tushuntirish, o'quvchilar bilimini baholash, uyga vazifa berish kabi tarkibiy qismlar to'liq yoritilmaydi.

Ayrim o'qituvchilarimiz dunyoda bo'layotgan global o'zgarishlar, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tub islohotlar, siyosiy jarayonlarning mazmun-mohiyatini yaxshi bilmasligi, tashqi siyosatdan bexabarligi, bir so'z bilan aytganda, g'oyaviy va mafkuraviy saviyaning yetishmasligi ham ularning ijtimoiy mavqeiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.

O'qituvchilarning kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni hanuzgacha yetarli darajada o'zlashtirmaganligi, ularning o'z ustida mustaqil ishlashlariga yana bir to'siq bo'lib xizmat qilyapti. Bugungi muallimning qo'lida qimmatbaho telefon bor, lekin noutbuk yo'q. Ular ijtimoiy tarmoqlar, ta'limga oid saytlar va kanallardan foydalanishga qiziqmaydi, telefondan ko'ngilochar saytlarni ochib, tomosha qiladi. Eng achinarlisi, ba'zi o'qituvchilar Axborot — ta'lim portali (eduportal.uz), O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi (uzedu.uz) , O'zbekiston Respublikasi jamoat ta'lim axborot tarmog'i (ziyonet.uz), Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi (multimedia.uz), viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi (sammoi.uz) kabi ta'limga oid saytlar, “Boshlang'ich ta'lim o'qituvchilari”, “Ingliz tili o'qituvchilari”, “Ma'rifat”, “Ziyokor”, “O'quv kurslari” kabi telegramm kanallari faoliyat yuritayotganligi haqida tasavvurga ham ega emas.

O'qituvchining ilmiy-tadqiqot ishlariga o'rganishi uning o'z ustida ishlashida muhim omildir. Agar u davriy nashrlarga maqola yozib tursa, loyihalar, grantlarda ishtirok etsa, ilmiy anjumanlarda ma'ruza qilsa, uning mahorati oshib boradi. Maktablarda monitoring va uzluksiz metodik xizmatni jonlashtirish payti keldi.

Tarbiyada eng ta'sirchan omil — bu shaxsiy ibrat, namuna. Shu ma'noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek: “O'qituvchi va murabbiylar biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsolidir”. Ana shu yuksak e'tirofga loyiq bo'lish har bir o'qituvchining burchidir.

Saidahmad Usmonov,

Samarqand viloyat xalq

ta'limi boshqarmasi boshlig'i

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 11 =