Tadbirkorning arzini kim tinglaydi?

Mirzacho'l — qumloq yaydoq dalalarda mehnatkash, zabardast insonlarning qo'l mehnati bilan bunyod etilgan bog'-rog'u, ko'kalamzorga aylangan go'sha. Diltortar maskanga aylangan. Bir shikoyat sabab yana Mirzacho'lga qadam ranjida qildik. Biyday dashtda yashayotgan, dehqonchilik qilayotgan odamlarning yuz-ko'zida qat'iyatlilik ifodasi bor. Ular odimlarida esa kelajak sari ishonch bilan mustahkam qadam zalvori sezilib turadi…

Tuman hokimiyati binosiga borganimizda, uzoqdan kelgan mehmon ekanimizni bilishdi shekilli, darrov e'tibor ko'rsatishdi. Ish yuzasidan tashrif buyurgandik, do'stona suhbatlashishga vaqt tig'iz bo'lgani bois,  maqsadga o'tdik. Kamtar, kamsuqum, ammo sipogina kiyingan, o'zini Bahodir Hoshimov deb tanishtirgan yigit tahririyatimizga kunora kela boshlagandi. “Sizning shikoyatingiz, albatta, o'rganib chiqiladi. Agar lozim bo'lsa maqola e'lon qilamiz”, deganimizga ham ishonqiramay, “men qishlog'imga ketsam shikoyatimni e'tiborsiz qoldirishmaydimi”, debmi u: “mening arizamni o'rganasizlarmi rostdan ham”, — deya tahririyatimizga tez-tez telefon qilardi… Biz tuman hokimligi mutasaddilariga qog'oz jild to'la hujjatlarni o'rganib, o'rtadagi muammoni atroflicha xolis tahlil qilmoqchi ekanimizni aytdik.

Ma'lum bo'lishicha, 2012-2013 yillarda Bahodir Hoshimovning otasi Hasan aka (hozirda marhum) tuman “Markaziy ta'mirlash ustaxonasi”da muhandis bo'lib ishlagan, joylarda dehqon-fermer xo'jaliklari tashkil etilib, takomillashtirilgach, ustaxonaga unchalik ehtiyoj qolmagan. Shunda muhandis Hasan Hoshimov tuman aholisining og'i­rini yengil qilish maqsadida ustaxonada oilaviy tadbirkorlik tashkil etish uchun hokimlikka murojaat qiladi. Mirzacho'l tumani hokimi M.Bobobekovning 07 yanvar 2013 yildagi №01-08-raqamli xatida mazkur binodan vaqtinchalik foydalanishga ruxsat berilgani aytiladi.

Albatta, mustaqil ish boshlash oson kechmaydi, ustaxonani tartibga keltirish, aholi ehtiyojiga moslab qayta jihozlash mehnatdan tashqari, birmuncha sarmoya ham tikish lozim bo'lgan. Ayniqsa, o'z sohasining mohir ustalarini ishga jalb etish uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash talab etilardi. Shundagina ishda unum bo'lib, odamlarning ishonchini qozonish mumkin edi.

H.Hoshimov sa'y-harakatlari bilan ustaxona durustgina ishlay boshlaydi. Xo'jaliklardan, hatto qo'shni mahallalardan ham texnik vositalarini ta'mirlatishga keladiganlar soni ko'payadi. Vaqt kutib turmas ekan, umri poyoniga yetganini sezganmi, Hasan aka ustaxonani yuritishni o'g'li Bahodir Hoshimovga topshiradi. B.Hoshimov ota kasbini davom ettirish barobarida “Bahodir yuksalish” xususiy korxonasini tashkil etadi. Prezidentimizning yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish bo'yicha ko'rsatmalari asosida Respublika “Yoshlar — kela­jagimiz” jamg'armasiga hamda O'zbekiston savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga a'zo bo'ladi. Bir qaraganda ishlar silliq ketardi. Ammo mamlakatimiz hududidagi tumanlarda “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga chiqqan bir paytda, buni to'g'ri anglagan B.Hoshimov tuman hokimligi balansida bo'lgan mazkur binoda mehnat markazi tashkil etishga izn so'rab Mirzacho'l tumani hokimiga xat kiritadi. Hamma chigallik shundan boshlanadi…

O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 187-moddasida: “Mulkdor bo'l­magan, lekin ko'chmas mol-mulkka o'n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o'ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs mol-mulk­ka mulk huquqini oladi”, deyiladi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 27 iyundagi “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi to'g'risidagi PF 5466-sonli farmoni talablari asosida 2019 yilda tashkil etiladigan “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi manzilli ro'yxatga kiritilgan edi. Natijada “Markaziy ta'mirlash ustaxonasi” auksion savdoga qo'yilmasligi talab etilardi. Ammo hokimlik ushbu binoni negadir tezkorlikda “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi” DUK savdosiga 0 qiymatda qo'yadi. Vaholanki, “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturida davlat-xususiy sherikchilikning quyi­dagi shartlari belgilab qo'yilgan:

a)tuman (shaharlar) hokimliklari:

“Yosh tadbirkorlar” kvorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzari” komplekslarini, shuningdek, boshqa ob'yekt­larni qurish (joylashtirish) uchun xususiy investorlarga istisno tariqasida, to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar orqali yer uchastka (bo'sh binolar)larni doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi, deyilgan, ammo tuman hokimligi istisno tariqasida bu hujjatni e'tibordan chetda qoldirgan.

Natijada bino elektron-onlayn auksion savdoda 0 qiymatda “Zilol buloq” MChJga sotib yuboriladi. Savdo kelishuvi bo'yicha, umumiy yer maydoni 0,11, mulkning sotilgan bahosi 1 000 001 so'm, shartnoma tuzish uchun boshqa shartlar kiritilayotgan investitsiyalar miqdori 800 000 000 so'm, investitsion majburiyatlarni bajarish muddati 24 oy, yaratilayotgan yangi ish o'rinlari 20 ta ko'rsatilgan.

Auksion 2018 yil 19 dekabrda bo'lgan, ammo bino haligacha tashlandiq holatda turibdi,  olingan majburiyatni bajarish uchun hech bir harakat qilinmagan. Aksincha, binoning yangi xo'jayinlari 2013 yildan buyon saqlanib kelinayotgan bino jihozlari, “Bahodir yuksalish” xususiy korxonasiga tegishli uskunalarni temir-taqa bozoriga moslab, kesib-taxlab chiqishibdi (aslida bu o'zibilarmonlik va talon-torojlik), ammo nega?.. Axir 18.04.2019 yildagi tadbirkorlik sub'yektini qayta ro'yxatdan o'tkazish haqidagi Mirzacho'l tumani Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tuzilgan ma'lumotnomada binodagi jihozlar 94 348 000 (to'qson to'rt million uch yuz qirq sakkiz ming) so'm baholangan. Tadbirkorga yetkazilgan zararni endi kim qoplaydi? Bu ham hali yechimini topgani yo'q.

Balki ustaxonani nol qiymatda sotib olgan “yangi xo'jayin” o'rtada sarf qilingan mablag'ini chiqarib olish uchun bo'laklagandir? Bunisi bizga noma'lum. Anig'i shuki, kimyoviy o'g'it mahsulotlari tayyorlash, yangi ish o'rinlari yaratish, investitsiya kiritish haqida, hatto o'ylab ham ko'rilmagandek. Binoni O'zbekiston teleradiokompaniyasi Jizzax viloyati filiali muxbirlari kelib tasvirga olishgan va efirga avval Jizzax televideniesida, so'ng “Yoshlar” telekanalida uzatilgan lavhalar yozilgan diskni ko'rib ham shu xulosaga keldik.

Shunga qaramay, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg'armasi tomonidan yozilgan 2019 yil 15 apreldagi Mirzacho'l tumani hokimi qarorini bekor qilish to'g'risida rasmiy xati yana e'tiborsiz qoldirilgach, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati filiali mazkur ishni yana viloyat ma'muriy sudida ko'rib chiqish uchun taqdimnoma kiritgan. Ammo Mirzacho'l, Paxtakor tumanlari hamda viloyat ma'muriy sudlarida 2020 yilning yanvar-fevral oylarida uch marta ko'rilgan, haligacha yakuniy xulosaga kelinmagan ish buyog'iga nechog'li hal qilinadi, bunisi ham noma'lum…

Bahodir Hoshimov bilan suhbatlashganimizda, u: “Keyingi paytlarda tuman huquq-tartibot idoralari xodimlari menga nisbatan noxolis munosabatda bo'lishmoqda. Men yo'g'imda bir necha bor uyimga kelib, oila a'zolarimni ham bezovta qilishmoqda. O'tgan yil sentyabr oyida avtobusda bir notanish ayol bilan gap talashib qolgandim. Shuni bahona qilib, 2020 yil fevralning boshida tuman IIBga chaqirib, 12 kun qamab qo'yishdi”, — deydi. Uning advokati R.Toshbulov: “Voqea 2019 yil sentyabr oyida bo'lgan, agar norozi tomon shikoyat qilsa, 15 kun ichida ko'rib chiqilishi kerak edi. Oradan olti oy o'tib yana bu masalaga qaytish kimga kerak bo'ldi, shunisini bilolmadik”, dedi.

— Bundan tashqari, menga nisbatan noxolis munosabatda bo'lgan Paxtakor tumani jinoiy sudi 2013 yil 3 iyulda JKning 237-moddasi, 5-qismi bilan meni aybdor topib, 10 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini qo'l­lagan edi. Viloyat jinoiy sudi esa appelyatsiya instansiyasida ko'rib chiqib, sud ajrimini o'zgarishsiz qoldirdi. Axir Oliy sud plenumining 19 dekabr 2003 yil “Gumon qilinuvchi va ayb­lanuvchini himoya huquqi bilan ta'minlashga oid qonunlarni qo'llash bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi qarorida “Shaxs amalda ushlangan (qo'lga olingan) paytdan boshlab gumon qilinuvchi deb hisoblanadi. Aynan shu payt­dan boshlab ushlab turilgan shaxs gumon qilinuvchiga berilgan barcha huquqlardan, shu jumladan, himoyachi olish huquqidan foydalanadi. Shu tufayli unga nisbatan tergov harakatlari olib borilishi mumkin emas”, deyilgan. Lekin menga advokat olishimga ruxsat berishmagan. Qo'yilgan ayb ham sun'iy, ya'ni asossiz  edi. Himoya huquqimning buzilishi sudning barcha qarorlarini bekor qilishga asos bo'ladi, — deydi B.Hoshimov. — Mana endi sudma-sud yuribman, haqiqat bo'lsa, albatta, oqlanishim kerak.

Mazkur sudga oid hujjatlar bilan tanishganimizda, voqeani ko'rgan-bilgan guvohlar bo'lsa-da, sudga ular to'lig'icha chaqirilmasdan ajrim chiqarilgani ham shubhali tuyuldi.

Albatta, ommaviy axborot vositalari mazkur masala yuzasidan qaror chiqaradigan tashkilot emas, biz qaror chiqarish vakolati berilgan idoralarga, chuqurroq o'ylab ko'rishlari uchun, eslatma bo'lsin deb yuqoridagilarni yozdik. Axir davlat, hukumatning qaror va farmonlarini quyi tizimlar shaffof bajarmasa, boshqalardan nimani kutish mumkin…

So'zimiz so'nggida yana shuni qo'shimcha qilmoqchi edikki, B.Hoshimov bir necha yildirki, turli idoralarga shikoyat, arz bilan murojaat qilib kelmoqda. “Men tadbirkorman, ammo tumanimizda hech kim menga yordam bermayapti”, — deydi u kuyi­nib.

Tuman mutasaddilari shu inson uchun vaqt ajratib, uni qiynayotgan masala va muammolarni atroflicha o'rganib, xolis bartaraf etishga kuchi yetmaydimi? Yoki buning iloji yo'qmi? Yo ularning bunga xohishlari yo'qmi? Bizningcha, keyingisi haqiqatga yaqinga o'xshaydi…

Yusuf Xudoyqulov.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + seventeen =