Gazeta, jurnal ushlamagan qo'llar

Toshkent shahar, Yashnobod tumanining litsey va maktablarida tahsil olayotgan 11- sinf o'quvchi qizlarining katta ko'cha o'rtasida birbirini urayotgani, tepayotgani, sochlarini yulayotganini internet tarmoqlari rosa aylantirdi. Eng ajablanarlisi ularni maktab o'quvchilari tasvirga olib, eng uyatli gaplarni bo'ralatib, qo'shimchasigaUr!”, “Och biqiniga tep!” — deganilhombaxsh!” so'zlar bilan qo'llabquvvatlab turishgan.

Bir maktabda “A” va “B” sinf qizlari bir-birlari bilan yoqalashib ketgan, mushtlashuv oxirida, chizmachilik darsida ishlatiladigan serkulni parallel sinfda o'qiydigan qizning bo'yniga tiragani, boshqa bir maktabda kuchini qaerga ishlatishni bilmay farrosh ayolni do'pposlayotgan o'quvchilar, o'qituvchisiga qo'l ko'targanlar… hokazo, hokazolar…

O'tgan yili xususiy telekanallardan birida “Hovli” degan turk filmi namoyish etilgan edi. Turk turmalari hayotini aks ettiruvchi bu film boshdan oyoq ayollarning bir-birni haqoratlashi, vahshiylarcha kaltaklashi, o'ldirib yuborishi aks etgan sahnalardan iborat edi. Men Yashnobod tumanidagi maktab qizlarining mushtlashuv holatida aynan “Hovli” turk serialining ta'sirini va takrorini ko'rgandek bo'ldim. O'sha tajovuzkor guruh, o'sha baqiriq-chaqiriqlar, o'sha hayvonlarga xos yovvoyi chinqiriqlar. Bu ma'naviy og'uni ba'zi ota- onalar bolalari, o'smir qizlari bilan birga o'tirib teleekranlarimizda ko'rmadimi?

Biz o'smir qizlarimizning etini qotirib bo'ldik.

Suhbat chog'ida ma'lum bo'ldiki, bu yaqin orada u zo'ravon yigitlarning, tajovuzkor qizlarning birortasi qo'liga gazeta va jurnal ushlamaganlar. Hattoki, ular gazeta va jurnallarning nima maqsadda chop etilishini ham bilishmaydi. Ular axloqsizlikni chet el seriallar-yu o'zimizning kinostudiyalar ishlagan allambalo mashinalarda, go'yo O'zbekiston ko'chalarida sovuq quroldan bir-biriga o'q uzayotgan “qahramonlar”dan ko'rmoqda. Ayting-chi, yaxshilar? Bizda qachon va qaysi ko'chada odam-odamga o'q uzayapti? Bu soxta, zo'rma-zo'raki o'ylab topilgan vahshiy tasvirlaringiz-u, cho'ntagingizni qappaytirish uchun tinimsiz berayotgan chet el seriallaringiz bugun kutilmaganda o'z “mevasini” bera boshladi. Shunday ekan, siz o'z tarmoqlaringizda hirsu havasning shaytoniy bazmini qachon to'xtatasiz?

Qo'liga kitob, gazeta, jurnal ushlamaydigan yoshlar keksa bobo va buvilaridan uyalmay televizordan fahsh targ'ibotini o'zlariga singdirib olmoqdalar. Yashirincha internet tarmog'idan maishiy buzuqlikni o'rganmoqdalar. Ayniqsa, qiz bolalar beriluvchan bo'ladi, degan gap bor.

Farzandlarimiz, g'o'r o'g'il-qizlarimiz internetdagi botqoqga kirib ketmasligi uchun ibo-hayo, halollik kabi fazilatlar bilan himoya­langan bo'lishi kerak. Bu himoyani u kitobdan, gazeta va jurnallardan oladi. Yaponiyada ham, Ko­reyada ham, Italiyada ham, AQShda ham odamlar tongni gazeta o'qish bilan bosh­lashar ekan. Ularda shunday nashrlar borki, bir kunda ikki-uch marta chop etiladi. Metroda, avtobuslarda telefonga emas, gazetaga termulgan odamlarni ko'rib diling yayraydi.

O'qimaslik natijasida zohir bo'lgan axloqsizlik ortidan xudbinlik, besabrlik, dangasalik, bag'­ritoshlik, qanoatsizlik, ochko'zlik kabi illatlar o'z-o'zidan qator bo'lib xonadoningizdan baxtni quvib chiqaradi.

Gazeta va jurnal oq qog'ozdan yaralgan. Keling, shu oqlik bilan o'smirlarning osmon kabi ulkan qalbidan g'uborlarni artib tashlaylik. Keling, shu oq qog'oz bilan ularning ko'zlaridan gardlarni olaylik!

Bugun gazeta va jurnaldan, kitobdan uzoqlashgan oilalarga yovuz­lik kirib olayotganini o'z ko'zimiz bilan ko'rib turibmiz.

Ogoh bo'laylik! Gazeta, jurnallardan — ma'rifatdan, ma'naviyatdan, yaxshi odamlar suhbatidan mahrum, kekkaygan erkatoy bolaning borar joyi zulmatdir.

Ular bunga loyiq emas. Farzandlarimiz ilmlilar, baxtiyorlar qatorida bo'lsin. Qizingizning qo'liga gazeta tutqazing, toki bu nozik qo'llar ertaga ko'chada soch yulishmasin, o'g'lingizning qo'liga jurnal bering, toki bu qo'llar sinfdoshining burnini qonatishni o'rganmasin. Yaxshilarga qo'shilsin.

Uylarga vaqtli matbuot kirmay qo'ydi. Kitob, gazeta, jurnal ushlagan qiz bolaning qalbida o'z-o'zidan samimiyat, pokizalik, mehr buloqlari ko'z ocha boshlaydi.

Eng avvalo o'zimiz gazeta, jurnal o'qiylik, namuna bo'laylik. Ular bizdan ma'naviyatni o'rgansin.

Azizlarim! Biz nimaga buncha yot seriallarga mukkamizdan ketdik. Ming afsuski, bugun matbuot­­ga obuna bo'lishni o'zlaricha “majburiy, nomajburiy” deya aqllilik qilayotganlar, o'zlarini “adolatparvar, huquqparvar”dek tutayotganlar yoshlarimizning ertasini, kelajagini nechog'li o'ylayaptilar? Ertaga, indinga kech bo'lmasin, buni anglab yetish nahot shu qadar mushkul bo'lsa?!

Zulfiya Mo'minova.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + seventeen =