Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar…

Yaratganga ming bor shukrki, ota-bobolarimizga armon bo'lgan  dorilamon kunlarni — Mustaqillikni ko'rib, yashab yuribmiz.

Yoshim 81 da. Keyingi yillarda mamlakatimizda bo'layotgan yorug' o'zgarishlarni ko'rib, faxru g'ururga to'lib yashayapmiz. Qarangki, isloh bo'lmagan soha kam qoldi. O'zgarish, yuksalish har jabhada ko'rinadi. Ammo shu bilan birga, hayotimizning ba'zi bir og'riqli nuqtalari ham borki, ularni ham shitob bilan o'zgartirib, isloh qilsak yomon bo'lmasdi.

Biz dunyoviy davlatmiz, ammo 100 yillik istibdod azoblari oqibatida o'zligimiz, qadriyatlarimizga ancha putur yetdi, ba'zi milliy urf-odatlarimiz yo'qolayozdi ham. Prezidentimizga rahmat, otameros qadriyatlarimizni tiklayapti. Ammo ming urinayotganimizga qaramay, debsinish hamon davom etmoqda.

Shaharni-ku qo'yaturaylik, hatto, qishloqlarimizda ham (menga o'xshagan keksalarni aytmasa) do'ppi kiyish rasm-rusumdan chiqib ketdi. Hatto, nevara-chevarali, yoshi 60-70ni qoralab qolganlar ham bezrayib, yalangbosh  yurishga o'tdi. Ta'ziya, marosimlarga ham yalangbosh borayotganlar ko'paydi.

Yaqin-yaqinlargacha bosh kiyim­siz yurish uyat hisoblanardi.  Keksa-yu yosh, ulug' shoirlarimiz chiroyli tariflaganidek, do'ppi kiyib yurardi. Endi-chi, hatto “Qayga borsam boshda do'ppim, g'oz yurarman gerdayib”, degan vaqtlar go'± o'tib, “do'ppi kiymay qo'ydi odamlar”, deya yozgan shoir, kuylagan hofizlarimizning o'zlari ham do'ppi kiymay qo'yishdi. Men o'ylayman o'zini o'zbekman degan oriyatli, g'ururli inson, albatta,  bosh kiyim aytaylik, do'ppi kiyib yursa nimasi yomon? Inson tash­qi qiyofasi bilan qaysi millat ekanligi bilinadi, boshqa millatdan ajralib turadi.

Mana, arablar, qaerda bo'lmasin kiyimidan darrov tanib olasiz. Yon qo'shnimiz, qondoshimiz qirg'izlar ham katta-katta anjumanlarda o'z milliy kiyimi — qalpoqda ko'rinish beradi. Bizda-chi? Yevropacha kiyinish  madaniyati  chorizm­dan kirib keluvdi, “qizillar” urfga aylantirdi. Bu odat bizni deyarli mahv etib  bo'ldi.

Shaharni-ku qo'yaturaylik, hatto, qishloqlarimizda ham (menga o'xshagan keksalarni aytmasa A.G'.S) do'ppi kiyish rasm-rusumdan chiqib ketdi. Hatto, nevara-chevarali, yoshi 60-70 ni qoralab qolganlar ham hijolat bo'lmasdan, bosh kiyimsiz yurishga o'tdi. Ta'ziya, marosimlarga ham yalangbosh borayotganlar ko'paydi. Xullas, do'ppini tashlab, uning o'rniga g'arbning kepka (shapka)sini kiyish urfga aylandi. Har bir voha yoki vodiyning o'ziga xos, bir-biridan o'tkazib, sal-pal faxrlanib aytib turadigan do'ppisi bor. Voha, Chust, Far­g'ona, Andijon do'ppisi deganday… Endi, demoqchimanki, ayrim yosh-yosh qiz-juvonlar ko'cha-ko'yda, to'y-hashamlarda  ochiq-sochiq, behayolarcha yurishlariga o'rganib ham qoldik. Bu haqda nima de­yishni ham bilmaysan…

Kaminani yana bir muammo o'yga toldiradi: bu muammo ism-shariflarimizga  taalluqli. Yurtimizga bostirib kirganlar tazyiqi bilan  biz ham ulardan -ova, -eva, -ov, -ev, -evich, -ovich qo'shimchali sharifni, ya'ni familiyalarni o'zlashtirib oldik. Endi mus­taqilmiz, ota-bobolarimiz qilgan ishni qilsak hech kim urushmas… Nahotki, oradan qariyb o'ttiz yil o'tib ham o'sha tajovuzkorlar yopishtirgan tam­g'alardan qutula olmasak… O'zga millat vakillari bizning ism-shariflarimizni, mayli o'z talaffuziga ko'ra yozib, aytaverishsin. Biroq biz bunday qilishdan  o'zimizni tiyaylik. Hatto, ommaviy axborot vositalarimiz — yozma  nashr­larimiz ham bu borada ijodiga g'arbiylashib yondashadi. Gazetalarda o'qib qolaman Mirzaxo'jayevni Mirzaxadjayev, Yo'ldoshovni Yuldashev, Ahmadovni Ahmedov deb yozishganini, ular ham istib­dod davrini targ'ib qilishdan charchamayapti, misol desangiz, ana gazetalarni varaqlab ko'ring, topasiz. Men muntazam o'qib boradigan “Darakchi” gazetasining shu yil 16 yanvar sonida J.Artikxadjayev, A.Igan­berdiyev, 23 yanvar sonida Nizamxadjayev, Qo'shakbayevich, Aimbekovich, Ko'chkarov, Axmedjanov singari ism-shariflar qalashib yotibdi.

Istagim, yuqorida bayon qilingan mulohazalar keng  jamoatchilik — xalq muhokamasiga tashlansa, bu borada ommaviy axborot vositalari tashabbusni o'z qo'llariga olsa, ehtimol, bu haqda qonun qabul qilinar.

Abdulg'ani Soliyev,

Andijon viloyati, Oltinko'l tumani, Saroy-2 MFY,

Mirfayz ko'chasi, 23-uy.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 3 =