Bedor qalb bitiklari

Atoqli adib Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Haqiqat jamoli” kitobini o'qir ekanman, bir fikr xayolimdan o'tdi. Odatda Xayriddin Sulton deganda, “Saodat sohili”, “Yozning yolg'iz yodgori”, “Ko'ngil ozodadur” kabi badiiy barkamol qissalar, “Qog'oz gullar”, “Bir yigitning baxti”, “Yo, Jamshid!” singari go'zal va latif hikoyalar ko'z o'ngimizga keladi. Yoxud shu asarlar tilga olinganda yozuvchi Xayriddin Sulton yodimizga tushadi, xayolimizda jonlanadi.

Qarangki, goh jurnalistikaga, goh badiiy adabiyotga tortib ketadigan maqolalar, publitsistik asarlar ichida ham chinakam iste'dod-iqtidorni, samimiy so'zni “tanib olsa” bo'lar ekan. “Haqiqat jamoli”ni o'qish jarayonida shu fikrga yana bir karra ishonch hosil qildim.

Odatda, publitsistika, maqola monand bitiklarning umri qisqa bo'ladi, chunki ularda ma'lum bir davr, ma'lum bir voqelik aks etadi, oradan ozgina fursat o'tgach, o'sha bitiklar eskiradi, keraksiz, e'tiborsiz qoralamalarga aylanib qoladi, degan iddaolarni ko'p eshitamiz.

Ammo bu tarzdagi qarashlarga “Haqiqat jamoli” bilan tanishib chiqqach, o'quvchida e'tiroz tug'iladi. Chunki ushbu kitobga jamlangan, muallif chorak asr avval yozgan ayrim adabiy maqolalar, publitsistik bitiklar, sahifalar so'nggidagi sanalarga e'tibor bermasak, xuddi hozirgina yozilgandek, bugunning muammolari, quvonchu tashvishlari qalamga olingandek taassurot uyg'otadi. Har biri behad zavq-shavq, maroq bilan o'qiladi.

Masalan, to'plamdagi “Adabiyot nega o'qitiladi?” sarlavhali maqolani olaylik. Unda maktablarda adabiyotdan saboq berish, dars­liklar saviyasi masalasi ko'tariladi. Odatda, el-ulus e'tiborini tortadigan, bozori chaqqon bunday mavzularda serjazava, dar­g'azab ohanglarda yozishni xush ko'ramiz. Chunki muammoga yechim topishdan ko'ra o'zimizni elparvar, yurtparvar sifatida namoyon etishni xohlaymiz. Bunday ba­lan­d­par­vozlik, janjalkashlik bilan o'zimizdan o'quvchini ham, muammoni hal qilishi mumkin bo'lgan rahbariyatni ham bezdirib tashlayotganimizni ko'pincha sezmay qolamiz.

Ammo “Adabiyot nega o'qitiladi?” muallifi ayricha yo'l tutadi. Og'ir, murakkab muammoni yengil, sodda uslubda, achchiq haqiqatni shirali til bilan o'ziga xos istehzo, nimkulgu orqali ifoda etadi. Ma'naviy qashshoqlik, jaholat adabiyotdan uzoqlashish tufayli yuz berayotganini, adabiyotdan bezdirish esa maktablar ostonasidan boshlanayotganini jonli, ochiq misollar yordamida ko'rsatadi.

Tuyqus hushyor tortamiz. Bugungi kitob, kitobxonlik madaniyati bilan bog'liq chigalliklar ildizi ancha olisga, o'sha sho'rolar davri maorif tizimiga borib taqalishini chuqur his etamiz. Uzoq vaqt jamiyat vujudida tomir yoygan illat bugun bemisl og'riq berayotganini, katta fojialarga sabab bo'layotganini teran anglaymiz. Bu boradagi o'tkir muammolarni bartaraf etishga astoydil kirishgan Prezidentimizga, hukumatimizga xayrixohlik tuyg'ulari ko'nglimizdan kechadi.

To'plamdagi “Tarixlar g'amni toza qilur” deb nomlangan maqola ham alohida diqqatga sazovor. Unda “Tarix — ulug' murabbiy, faqatgina biz noshud shogirdlarmiz” degan hikmatli naqlga ham­ohanglik seziladi. Pishiq-puxta satrlar, qayroqi iboralar, yengil hazil-mutoyiba o'quvchini butkul o'ziga rom etadi. Maqolani Bayoniy, Ibrat domla singari donishmand muarrixlarning asarlariga muxtasargina sharh deya atash mumkin.

Muallif hozirgi davr o'quvchisi o'sha allomalarning bitiklarini o'qib anglashi qiyin bo'lgan o'rinlarni yengil kulguga yo'g'rilgan beadoq anduh bilan izohlab beradi. Ulug' ajdodlarimiz shonu shavkatiga mahliyo bo'libgina qolmay, xonlar zamonida avj olgan jaholat, maishatparastlik, fitna-fasod kabi illatlardan achchiq saboq olishga, zarur xulosa chiqarishga undaydi. Maqolada mavjlanib turgan o'tmishning g'am-alami, bugunning xavotiri, ertaning umidi o'quvchi qalbiga singadi, ko'nglini o'rtaydi.

Zamonamizning yetuk allomasi, islomshunos olim Alouddin Mansur shaxsiyatiga yorqin chizgilar berib o'tilgan “Bahramandlik baxti” maqolasi ham o'zining fasohati, balog'ati bilan yaqqol ajralib turadi.

“Alouddin Mansur bizga har safar Ma'rifat olib kelardi.”

Chuqur samimiyat, ehtirom bal­qib turgan, nozik didli, hassos adiblarga xos tarzda insho etilgan ushbu satrlar ham o'quvchining ko'nglini, ko'zini yashnatadi. Al­hol, ushbu iborada yirik asarlarga tatigulik ishora, falsafa, nuqtai nazar mavjud.

Shu boisdanmi, harqalay, “Bahramandlik baxti”dan bahra olish jarayonida ko'nglimda bir ishtiboh kechdi: yozuvchi Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Yozning yolg'iz yodgori” qissasining dunyoga kelishiga zakiy inson Alouddin Mansur bilan bo'lgan uchrashuvlar, muloqotlar turtki bermadimikan?

Nazarimda, shunday. O'sha mashhur, huzunning, sukunning yorug' surati bo'lgan qissa haqidagi o'ylar og'ushidan chiqib-chiqmay, suhbat janridagi “Haqiqat jamoli” maqolasini o'qishga tutindim. Bu ham adabiyot, adabiy jarayon, ijod iztiroblari haqidagi, bugun ham o'z dolzarbligini, ahamiyatini yo'qotmagan mo''jazgina asar. Mutolaa avjida adib va jurnalist suhbatiga beixtiyor aralashging kelib ketadi.

To'plamdagi “Adabiyot nega o'qitiladi?” sarlavhali maqolani olaylik. Unda maktablarda adabiyotdan saboq berish, darsliklar saviyasi masalasi ko'tariladi. Odatda, el-ulus e'tiborini tortadigan, bozori chaqqon bunday mavzularda serjazava, darg'azab ohanglarda yozishni xush ko'ramiz. Chunki muammoga yechim topishdan ko'ra o'zimizni elparvar, yurtparvar sifatida namoyon etishni xohlaymiz.

Ayniqsa, “Yozning yolg'iz yodgori” qissasi, jurnalist ta'kidlaganidek, mo''tabar minbarlardan unga otilgan toshlar haqida o'qiganingda, nogoh qoning qaynab, qo'llar o'z-o'zidan musht bo'lib tugiladi. Chunki talabalik yillarimizda ushbu qissaga qo'yilgan asossiz ayblovlar, e'tirozlar qulog'imizga chalingan. Goh g'azablanganmiz, goh adabiy-badiiy didsizlikdan achchiq kulib qo'yganmiz.

Tanqidda tilga olingandek, qissa qahramoni Adash Karvon qanaqasiga faoliyatsiz, passiv obraz bo'lishi mumkin?! Aslida u isyonkor shaxs-ku. Axir bo'ron, dovul qo'psa, yerga chuqur ildiz otgan chinorlar shamollarga qo'shilib havoda uchib yurmaydi. Ularning sokin va mag'rur chayqalib turishi to'zonga qarshi kurashishidan, matonatidan darak. Adash Karvon ham xuddi shunday: quva-quv, torta-tort avj olgan, ochko'zlik, olchoqlik hukm­ron dunyoga qarshi sukuti, hokisorligi bilan qarshilik ko'rsatayapti, isyon qilayapti.

Asar muallifi iborasi bilan ta'riflaganda, tevarak-atrofdagi odamlarning barchasi ma'naviy yuztuban ketganida, harom-xarishga botganida jamiki uqubatlarga chidab, bir burda nonini halol topib yegan odam, meningcha, chinakam kurashchi qahramondir.

Albatta, maqolada adib jurnalist savollariga javob berarkan, ba'zi bir ijodkorlarda kuzatilgandek, jazava-jahl silsilasida o'zini oqlashga kirishib ketmaydi. Ziyolilarga xos nazokat, farosat bilan fikrini, qarashlarini bildiradi. Mutolaa jarayonida anglaymizki, adib nuqtai nazari — bu adabiyot nuqtai nazari, uning azaliy qonuniyati.

Dunyo adabiyotining ulkan namoyandasi, xalqimizning ulug' adibi Abdulla Qodiriy asarlari tal­qiniga bag'ishlangan “Andisha”, “Shoirona, darveshona bir ma'no” kabi adabiy maqolalardan filologiya, pedagogika ilmining isi keladi.

Muallif har ikki bitikda Abdulla Qodiriy romanlaridagi, nafaqat oddiy kitobxon, balki uncha-muncha “fil.fan.kan.”, “fil.fan.dok.”lar ham ilg'ashi mushkul bo'lgan nozik qirralarni topib, teran tahlilga tortadi. Kitob so'zboshisida taniqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev qayd etgandek, germenevtik tahlilning teran bir namunasini taqdim etib, qodiriyshunoslik rivojiga jiddiy turtki beradi.

Albatta, har ikki adabiy maqolada ardoqli adibimizning milliy ruhiyat bilimdoni ekanligidan, san'atkorligidan qanchalar hayratlansak, muallifning qodiriyona fasohatidan, go'zal va sermazmun sharhidan, so'z aytish mahoratidan shunchalar zavqlanamiz, huzurlanamiz. Dillarimizda qayta-qayta o'qish ishtiyoqi, rag'bati uyg'onadi.

Umuman, “Haqiqat jamoli” to'plamidagi qay bir adabiy maqolani, badiiy publitsistikani olib qaramaylik, ularning hech qaysisi shunchaki, siyosiy-ma'muriy talablarga ko'ra yozilmaganini, har birida yurak tafti, yurak dastxati borligini sezamiz.

Men ularni bedor qalb bitiklari, deb atagim keladi. Chunki muallif hayotda, jamiyatda kechayotgan yaxshi-yomon voqelikka loqayd, befarq qo'l siltab qo'yishni lozim ko'rmaydi, bir ijodkor, bir adib sifatida ayrim hodisalarga xayrixohlik ko'rsatsa, ba'zi bir noxush, nojoiz holatlardan kuyinadi, munosabat bildirishga shoshiladi.

Jumladan, “Bir o'ylab ko'raylik” maqolasida muallif sho'ro tuzumi so'nggi nafasini olib turgan yillarda jamiyatdagi parokandalik kasridan yurtimizga kirib kelgan “Go'zallik tanlovi” deb atalgan g'ayriaxloqiy, g'ayriinsoniy tadbirni o'tkir istehzo, achchiq kulgu tig'i ostiga oladi. Bu noma'qul rasm-rusumlar millatimiz ma'naviyatiga tanazzul, fojia olib kelishini asosli dalillar bilan ro'y-rost ko'rsatadi, xalq­ni ogohlikka da'vat etadi.

“Qo'rqinchli tush kabi” deb nomlangan maqolada adib o'tgan asrning 90-yillarida qo'shni Toji­kis­ton Respublikasida ro'y bergan birodarkushlik urushiga, qonli to'qnashuvlarga e'tiborini qaratadi. Har so'zi, har satridan mung, g'ussa, hamdardlik silqib turgan bu bitikda urush balosining tub mohiyatini, tub ildizlarini mohirona ochib beradi.

Afsuski, siyosat deganlari doim ham axloq, ma'naviyat degan tushunchalar bilan chiqishavermas ekan. Ming nadomatki, tarixning eng katta sabog'i — tarixiy voqea­lardan saboq olmaslik ekan”, deya o'kinadi adib.

Har qanday qonli to'qnashuvlar zamirida adolatsizlik, haqsizlik yotishini, urushlarning oldini olish uchun eng avvalo zulmga yo'l qo'ymaslik zarurligini qat'iy ta'kidlaydi. Maqolada keltirilgan: “Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor joyda turolmaydi”, degan serhikmat naql bugunning ham shiori kabi jaranglaydi. Uni hamma ko'radigan baland bir joyga yozib qo'yging keladi.

Nazarimda, so'nggi yillarda adabiy muhitda badiiy publitsis­tika o'z qiyofasini, o'z xususiyatini yo'qotib qo'yganday tuyuladi. Oddiygina xabar, lavha, reportaj kabi qoralamalarni ham ushbu nafis janrga xoslab qo'yadigan bo'ldik. Yoqubjon Xo'jamberdiyev, Qulmon Ochil, Abduxoliq Abdurazzoqov, Safar Ostonov, Ahror Ahmedov kabi ijodkorlarimiz qalamidan to'kilgan, o'z vaqtida o'quvchilar yuragini zabt etgan chinakam badiiy publitsistik asarlar bugun go'yo ertakka aylanib qoldi.

Mana, “Haqiqat jamoli”da bu ajoyib, hozirjavob janrning go'zalliklaridan, zavq-shavqidan bahramand bo'ldik, uning ham so'z aytish, munosabat bildirish, yuraklarga singish imkoniyatlari keng ekaniga yana bir karra ishondik.

Jumladan, to'plamdagi “Lahzaning umri”, “Qo'shiqqa haykal qo'ygan yurt”, “Moviy nilufar diyorida” singari badiiy publitsistika namunalari o'zining sohir lirizmga boyligi, badiiy jozibasi bilan dillarni xushnud etadi.

“Moviy nilufar diyorida” adibning Vyetnam davlatiga safari taassurotlari asosida yozilgan. Unda satrlar shu qadar tiniq va jonliki, o'quvchi o'zini o'sha ummon qirg'oqlarida yurgandek his etadi, dimog'iga tropik o't-o'lanlarning bo'yi urilgandek tuyuladi. Gullab-yashnash pallasiga kirgan olis bir mamlakatga xayrixohlik, hamjihatlik ko'ngillarda kechadi.

Qiziq, maqolada urush haqida deyarli so'z yuritilmasa-da, uni o'qish jarayonida kishida urushga nisbatan nafrat tuyg'usi uyg'onadi. Bilmadim, nega? Balki, tinch-sokin hayot tasvirlari quyuq badiiy bo'yoqlarda, sodda, teran berilgani uchundir.

Muallif o'quvchini vyetnamlik mashhur adib bilan tanishtirar ekan: “Oqsoqol adibning xotirasi tiniq, so'zlari qisqa-qisqa, lekin maqoldek ma'nodor”, deya lo'nda, jonli satrlarda janubiy-sharqiy osiyoga xos qariyani shundoqqina ko'z oldimizda gavdalantiradi. Qu­loqlarimiz ostida vyetnamcha ohanglar jaranglaganday bo'ladi.

Umuman, “Haqiqat jamoli”dagi har bir maqola, har bir publitsis­tik asarda o'quvchining zavqini toshiradigan, yuziga tabassum yugurtiradigan, tafakkurga undovchi, serma'no quyma satrlar, qayroqi iboralar ko'plab uchraydi.

Fursatdan foydalanib, ularning ayrimlarini namuna tariqasida keltirib o'tish mumkin:

“Tarjima — omonat,

birovning mulki” (93- bet),

“So'z san'ati o'rnini gap san'ati egallamoqda” (111- bet),

“Andisha bilan

bitilgan kitoblar” (95-bet),

“Dunyodagi eng ulug' o'lik ham iztirob chekmoqqa qodir emas” (69-bet),

“Bizda taklifchi ko'p,

ijrochi yo'q” (73-bet)

“Hind yurtini zabt etgan fotih o'laroq, u o'lkaning boyliklarini yurtiga tashib ketmadi, aksincha, ona Vatanidan neki olib kelgan bo'lsa, barini shu diyorning obodonchiligiga, taraqqiyotiga sarfladi” (39-40-betlar).

Albatta, kichik bir dil izhorida “Haqiqat jamoli”dek yirik kitobning, bir-biridan sermazmun, nafis bitiklarning barcha xususiyatlarini ta'rif-tavsif etish mushkul. Qolaversa, bu sinchkov, bilimdon soha mutaxassislariga havola. Men bir oddiy qalamkash, muxlis, badiiy so'z shaydosi sifatida mutolaa jarayonida tug'ilgan taassurotlarimni, zavq-shavqimni, hayajonimni imkon qadar ifodalashga intildim, xolos.

Xulosa tarzida aytish mumkinki, shamol esishi, namxush havo kezinib qolishi, osmonning olis bir chekkasida yakkam-dukkam bulutlarning paydo bo'lishi zamin uzra obi-rahmat yog'ishidan darak berganidek, qo'limizdagi ushbu to'plam ham sevimli adibimiz adabiyot ixlosmandlariga yangi bir, odatdagidek, badiiy yuksak asar tuhfa etish arafasida turganidan mujda bo'lsa, ne ajab.

Biz xushnud kayfiyatda o'sha asarlarni kutib qolamiz.

Luqmon Bo'rixon

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 10 =