Qonun himoyachilari jinoyatga qo'l ursalar…

Inson haq-huquqi — muqaddas. Hatto kimdir biror nojo'ya ish, qilmish sodir etganligi gumon qilinib, ushlangan, surishtiruv jarayoni davom etayotgan paytda ham hech bir shaxs­ning haq-huquqi poymol qilinishi mumkin emas. Agar sud tomonidan aybdor deb topilsagina, u qonunga asosan tegishli jazosini olishi kerak. Shunda ham, insonga azob berish, turli qiynoqlarga solish jinoyatdir.

Ammo ming afsuski, uzoq vaqt davomida yurtimizda huquqiy organlar faoliyati, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “chirib” ketgan edi. Chunki, uzoq va yaqin o'tmishimizda istalgan kishini aybdor qilish, jinoyatchiga chiqarish oddiy holga aylangandi.

Mamlakatimiz rahbari so'nggi yillarda sud-huquq sohasini butkul isloh qilish bo'yicha qator qaror va Farmonlarga imzo chekdi. Shu boisdan, birinchi navbatda, adolat mezonini tiklash yuzasidan katta ishlar ro'yobga chiqarilmoqda.

Lekin “O'rgangan ko'ngil, o'rtansa qo'ymas” deganlaridek, hali-hanuz huquq-tartibot idoralarida oyog'i yerdan uzilgan, odamlarni sariq chaqaga olmaydigan, zo'ravon va har qanday qonunlarni oyoq osti qiladigan darajadagi “tushuncha”ga ega bo'lgan “adolat posbonlari” uchrab turibdi. Ular bugun davr o'zgarganligini, xalq haq-huquqlarini, birinchi navbatda himoyachisi bo'lishi kerakligini xayollariga ham keltirishmayapti, chog'i. Bunga andijonlik militsiya xodimlari tomonidan yaqinda Andijon shahar, «Navro'z» mahallasi, Mahjuriy ko'chasida yashovchi Alijon Abdukarimovga qilgan noinsoniy munosabatini, aytish mumkinki, qotilligini yaqqol misol qilsak bo'ladi.

Prezidentimiz: “Bundan buyon O'zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o'tkazish, boshqa g'ayriinsoniy zo'ravonlikka mutlaqo yo'l qo'yilmaydi. Bunday harakatlarni sodir etgan xodim yoki kimningdir “buyurtmasi”ni bajargan har qanday shaxs, kim bo'lishidan qat'i nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi”, deb ta'kidlab turgan bir paytda Andijon IIB vakillarining vijdonsizlarcha qilmishiga nima deyish mumkin?

Afsuski, bu voqea shunchaki oddiy bir holat emas, balki huquq-tartibot tizimlari bilan xalq o'rtasida hali-hamon adolat ko'prigining bunyod etilmaganidan dalolatdir. Aybsiz aybdor bo'lgan shaxsni go'yoki, adolatni tiklash vajida qonun himoyachilarining o'zi barcha qonunlarni oyoqosti qilgan holda, qonunga zid tarzda ushlab turib, kaltaklab bexush holatga olib kelsa?!

Shunday bo'lgach, ayting, militsiya idoralariga odamlar “ular bizning himoyachimiz”, deb ishonishadimi?..

Shubhasiz, bu mudhish voqea nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki barcha davlat va jamoat idoralari, siyosiy partiyalar, inson huquqlari bo'yicha vakolatli idoralar, keng jamoatchilik tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi raisi Q.Burhonov “O'zbekiston-24” kanaliga bergan intervyusida jumladan, shunday dedi: “Aslida odamlarni himoya qiladigan huquq posbonlarining o'zi qonunni buzib, jinoyatga qo'l ursa, bunday holatni aslo kechirib bo'lmaydi, shubhasiz, aybdorlarga tegishli qonuniy jazo tayinlanishi lozim. Biz bu holatni qat'iy nazoratimizga olganmiz”.

— Ukamning biror jinoyat qilganini bilmayman. Aytishlaricha, qandaydir oldi-berdida vositachilik qilgan ekan, o'rtada pul yo'qolgan. Axir bunday kelishmovchiliklar har qanday inson bilan bo'lishi mumkin-ku! Balki ukamning qandaydir aybi bordir yoki uyidan majburlab olib chiqib ketishayotgani uchun xodimlarga qarshilik qilgandir, yo so'kingandir. Bu narsalar ukamning o'lasi qilib kaltaklanishiga sabab bo'lolmaydi-ku! Nahotki, organ xodimlari shu qadar beshafqat bo'lishsa? — deydi Z.Abdukarimov ijtimoiy tarmoqlarga qilgan murojaatida.

Garchi, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo'limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Xusanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo'shatilib, ular ustidan jinoiy ish qo'zg'atilgan, ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan, Andijon shahar IIO FMB boshlig'i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo'limi boshlig'i podpolkovnik P.Mamajonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgani hamda 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko'rinishdagi qat'iy intizomiy tartibdagi jazolar qo'llanilgani aytilayotgan bo'lsa-da, bir insonni, bir yurtdoshimizni endi hech kim hayotga qaytarolmaydi.

Mazkur holat yuzasidan «Adolat» SDP rahbari Narimon Umarov o'z fikrini quyidagicha bildirdi: “Binobarin, ularning noo'rin munosabati asnosida kasb sha'ni oyoq­osti qilinibgina qolmadi, balki bir inson eng oliy huquqi — yashash ne'matidan mosuvo bo'ldi. Shu bilan birga, mamlakat rahbariyatining davlatimiz xalqaro imijini yaxshilash uchun qilayotgan harakatlariga putur yetdi.

IIB mas'ullarining maqsadi bir bo'lishi lozim — haqiqatning tagiga yetish va fuqarolarni himoya qilish. Ammo inson huquqlarini toptash orqali adolatga erishib bo'lmaydi, fuqarolarni do'pposlash ularni himoya qilish hisoblanmaydi».

Ko'rinib turibdiki, sobiq ittifoq davridan qolgan, zo'ravonlik, inson haq-huquqlarini poymol qilish kabi illatlar IIB quyi tizimlarida hali-hamon saqlanib qolmoqda. Eng muhimi, bu idoralarda ishlayotganlar ham o'z vatanimizning farzandlari, jabrlanayotganlar ham o'z yurtdoshlarimiz.

Deputat Rasul Kusherboyev o'z telegram kanalida shunday yozadi: “Afsuski, jamoatchilikka ma'lum bo'lib qolayotgan so'nggi voqealar ichki ishlar tizimida hali muammolar kam emasligini ko'rsatadi”.

Yurtimizda koronavirus pandemiyasini bartaraf etish, mamlakat miqyosida tarqab ketishini oldini olishda ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan organ xodimlarining tunu kun qilgan xizmatini el-yurt olqishlamoqda. Ammo sohadagi uchrayotgan bunday qonunsiz xatti-harakatlar butun tizim amalga oshirayotgan ijobiy ishlarga soya tashlamoqda.

Xo'sh, endi nima bo'ladi? Ushbu jinoyat qonuniy yechimini topadimi, deb savol tashlaydi O'zA.

O'ylaymizki, yuqoridagi holat yuzasidan vakolatli idoralar tomonidan tekshiruvlar o'tkazilib, albatta, adolat qaror topadi.

Yusuf Jo'rayev,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − four =