Jasorat, jur'at bo'lmasa…

Azaliy taomil shu o'zi: adabiyotda bo'ladimi, jurnalistikadami, qaysi ijodkor bor haqiqatni bo'yamaybejamay, yolg'onyashiq qo'shmasdan, boricha yozgan bo'lsa, nomi yuz yildan keyin ham odamlar xotirasida yashayveradi. Eslaylik, zo'r yozuvchishoirlar ham avval qalamini publitsistikada sinab ko'rgan, bu ermak uchunmas, albatta. Qalamning kuchi jamiyatda qanday akssado berishini hammamiz yaxshi bilamiz. Zamon, tuzum evrilishlari bu oddiy haqiqatni ko'p bora isbotlagan.

Xo'sh, bugun-chi, jurnalistika global, dolg'ali, sertashvish, mashaqqatli hayot zarbalari (o'zgarish­lar ham mustasno emas)ga qanday javob bera olayapti?

O'tgan kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko'zim tushdi. “Sevimli” degan telekanaldayam berishibdi. Shahrisabz davlat muzey-qo'riqxonasi bosh direktori, taniqli olim, fidoyi bir inson sha'nini obro'sizlantiruvchi xabarlar hammayoqda tarqaldi. Endi, qo'yavering, bilganam, bilmaganam hali saytlarda, hali “Facebook”da quruq shov-shuvga o'ch odamlar o'zlariga “ochko” to'plash uchun ana shu ko'ngilsiz gaplarni do'mbira qildi. Shumi endi biz kutgan jurnalistika, ayting!? Qani asosli dalil, bu yerda katta bir summa — go'yoki “o'zlashtirilgani” haqida gap ketgan. Hatto hali gumonlanayotgan shaxsning hibsga olingani haqidayam mish-mish chiqdi deyishdi. Kim bo'lishidan qat'i nazar, bu xabar ortida inson sha'ni, qadr-qimmati, oilasi, qolaversa, dunyo miqyosida o'ziga xos nufuzga ega bo'lmish qadim shahardagi muzey-qo'riqxona nufuzi haqidagi noxolis axborotni o'qigan yaqin va uzoqdagi mezbonu mehmonlar nima deb o'ylaydi?

Oxiri nima bo'ldi, oradan hech qancha vaqt o'tmasdanoq Madaniyat vazirligi OAVda tarqalgan xabarlar noto'g'ri ekanligini tasdiqladi.

Endi kim javob beradi, haligi jarchilar birdan g'oyib bo'ldi-qoldi. Bir zumda nomi (ilmu fanimiz taraqqiyoti yo'lida qilgan xizmatlari-chi?) qora qilingan olim endi eldoshlari, hamkasblari og'ziga birma-bir elak tutib, og'aynilar, men aybdor emas ekanman, muxbirlar yanglishibdi, deb chiqadimi shu zamonda!

Men bittagina misol orqali jurnalistikadagi kemtiklik, mas'uliyatsizlik, rost yoki yolg'on shov-shuvlar ortidan quvishning ayanchli oqibatlari nimalarga olib kelishi mumkinligi xususida kuzatuvimni aytdim. Bunday voqealar har kuni sodir bo'layapti atrofimizda. Afsuski, aksariyatimiz yurtimizdagi yangilik-o'zgarishlar, muammolarga xolisona munosabat bildirish, jamoatchilik o'rtasida fikr uyg'otishdek eng muhim jarayondan bir qadammas, hatto besh-olti qadam ortda qolib ketayotganimizni haliyam anglab yetolmayotganimiz o'ylantiradi kishini.

Yana bir oddiy kuzatuvlarimdan misol keltiraman: bugun butun dunyo ahlini, jumladan, mamlakatimiz xalqini ham jiddiy xavotir va tashvishga solib turgan koronavirus pandemiyasi sharoitida hamkasblarimiz o'z zimmalaridagi mas'uliyatli vazifani qay tarzda uddalashmoqda? Ochig'ini aytish kerak, xorij matbuoti hamda qator nufuzli axborot agentliklari, saytlar juda faol ishlashyapti. Albatta, barcha fuqarolar amal qilishi shart bo'lgan karantin talablariga qat'iy rioya etgan holda vakolatli idoralar bilan hamkorlikda odamlarni bu ko'rinmas xatarnok fojiadan asrab qolish maqsadida barchani ogohlikka, hushyorlikka chorlovchi hayotiy maqolalar bizning ba'zi OAVlarda ham e'lon qilib borilyaptiki, lekin bunday chiqishlarda jurnalist pozitsiyasidan ko'ra rasmiy ma'lumotlar ustunlik qilayotgani ko'proq seziladi. Agar xuddi shunday mazmundagi (axborot-xabar ko'rinishdagilarni tushunish mumkin) materiallar asoslangan tahlil va mushohadaga boy bo'lsa, odamlar orasida tarqalayotgan turli mish-mishlarga o'rin qolmasdi. Sababi, ba'zan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bilan rasmiy tarqatilgan axborotlar o'rtasida farq borligi kuzatildi. Bu esa ortiqcha, bo'lar-bo'lmas savollarni o'rtaga tashlaydi.

Matbuot kuni — bayramimiz bahonasida baribir ko'ngildan kechayotgan yana boshqa ayrim mulohazalarni ham aytmasak bo'lmaydi. Bir zamonlar afsonaviy adibimiz Shukur Xolmirzayev tashvish va xavotir ila “Adabiyot o'ladimi?” deganida ayrimlar “bu nima degani, shundog'am noo'rin savol bo'ladimi”, deya ayuxannos solishgandi. Suyukli yozuvchimiz bashorat qilmagan bo'lsa-da, ana shu bittagina dahshatli savol hammamizning, hatto millionlab o'quvchi-kitobxonlarning ham ko'zini ochib ketdi-ku! Bugun davlat rahbari tashabbusi bilan Vatanimizda kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish, adabiyotga e'tibor qaratish davlat siyosati darajasigacha olib chiqildi, mutolaasevarlar siylanyapti. Bu katta xayr­­li ishlardan nishona emasmi?

Darvoqe, shaxsan men ham   bugun hech ikkilanmasdan rahmatli Shukur akaning ana shu jiddiy savolini jurnalistikaga nisbatan qo'llasam, hamkasblarim og'rinmasalar kerak. Nega, nima uchun, deyilsa, imkon topib bir kuzataylik OAVlarni, egizak mavzular, ona tilining qadrsizlanishi, saviyasizlik, zamonaviy uslublardan ortda qolish, ustoz-shogird an'anasining unutilayozgani, kadrlar parokandaligi, janrsizlik, muammolarni xaspo'shlash, ijtimoiy himoyasizlik, xullas, sanayversam, dolzarb masalalar ko'p ekan. Demak, mushtni bir joyga qo'yib, bamaslahat, kengashib o'ylaydigan, yechim izlaydigan fursat kelibdi.

Jurnalistikaning noni qattiqligiga bejiz urg'u berilmaydi. Chunki Yaratgan bizning taqdir peshonamizga hamisha uyg'oqlik, jasur, jasoratli va jur'atli bo'lmoqlik kabi noyob va nozik fazilatlarni bitgan ekan, barcha dildoshlarimga SO'Z va QALAMga hamisha sodiqlik, sobitlik tilayman!

Norqobil Jalilov,

“XXI asr” gazetasi Bosh muharriri,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × three =