Qalblarda halovat va ezgu iltijo

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu!

Qutlug' ayyom — Iydul Adho, ya'ni Qurbon hayiti arafasida turibmiz. Yurtdoshlarimiz yorug' yuz bilan bu kunni qarshi olmoqdalar. Tillarda shukrona, qalblarda buyuk bir halovat, ezgu iltijo. Avvalo, kirib kelayotgan bu ayyom barchangizga muborak bo'lsin!

Shu muborak kunlarda “Hurriyat” gazetasi jamoasini va u orqali barcha yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bayrami bilan muborakbod etaman.

Ma'lumingizki, 2020 yilning iyul-avgust oylari — hijriy 1441 yilning oxirgi oyi — Zulhijja oyi hisoblanadi. Bu oyda Islom dunyosining eng katta muborak bayrami Qurbon hayiti keng nishonlanadi.

Avvalo, shariatimizda joriy etilgan har bir hukmni to'liq anglab, so'ng uni amaliyotga mukammal tatbiq etish uchun, avvalo, uning lug'aviy va istilohiy ma'nolarini bilib olish lozim. Alloh taolo mo'min bandalari zimmasiga badan, til va qalb bilan bajariladigan ibodatlar bilan bir qatorda moliyaviy ibodatlarni ham yukladiki, bu sizu biz uchun rahmatdir. Bu ibodatlar Alloh taoloning roziligiga, rahmat va inoyatiga erishishda muhim vasiladir.

Asli “Qurbonlik” so'zining lug'aviy ma'nosi yaqin bo'lish, qurbat hosil qilish ma'nosini anglatadi. “Qurbonlik”ning istilohiy ma'nosi esa Alloh roziligi uchun ibodat niyati bilan muayyan kunlarda turi, yoshi va boshqa vasflarini dinimiz belgilagan hayvonni so'yishdir.

Qurbonlik qilishdan asosiy maqsad esa ilohiy amrga itoat etgan holda, Alloh taologa qurbat, ibodat qilishdir. Qurbonlik Alloh bergan ne'matlarga shukronaning bir ko'rinishidir.

Qur'oni karimning “Kavsar” surasida: “Biz sizga, ey Rasululloh, Kavsarni ato etdik. Shunday ekan, Robbingizga namoz o'qing va qurbonlik qiling”, deyiladi. Mufassirlar ushbu oyatlar tafsirida, namozdan murod — Qurbon hayiti namozi, qurbonlikdan murod qurbonlik so'yish ekanini aytishadi. Bundan ko'rinadiki, qurbonlik qilishlik musulmon, oqil, solih, muqim va zakot berishga qurbi yetgan insonga vojib bo'ladi.

Qurbonlik rukni

Qurbonlikning bitta rukni bor, u ham bo'lsa, qurbonlik qilinishi joiz bo'lgan hayvonlardan birini Qurbon hayiti kunlarida Alloh rizoligi uchun so'yishdir.

Qurbonlikka niyat qilish

Qurbonlik so'yishda bunday niyat qilinadi: “Yo Robbim, shu hayvonni Sening roziliging uchun so'yishga niyat qildim. O'zing dargohingda qabul ayla!” So'ng: “Bismillahi Allohu Akbar”, deb qurbonlik so'yiladi.

Qanday hayvonlardan qurbonlik qilinadi?

Qo'y, echki, qora mol, qo'tos va tuya kabi hayvonlardan qurbonlik qilinadi.
Bizning Hanafiy mazhabimizda qo'y bir kishi uchun, qora mol va tuya bir nafardan yetti nafargacha kishilar nomidan so'yilsa ham bo'laveradi.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning yoshlari ham kitoblarimizda bayon qilingan. Qo'y — 1 yoshli, qora mol — 2 yoshli, tuya esa — 3 yoshli bo'lishi kerak. Echki-qo'ylarni bir kishi, qoramol va tuyani bir necha kishi qo'shilib, qurbonlik qilishi mumkin.

Qurbonlik qilinadigan hayvonning sifatlari

Qo'ydan jaza' — olti oylik va sanniy, undan katta yoshdagisi qurbonlikka yaraydi. “Sanniy” deb bir yoshli qo'y va echkiga, ikki yoshli molga va besh yoshli tuyaga aytiladi. Olti oylik qo'yni qurbonlik qilish, undan kattasiga kuchi yetmaganda aytilgan.
Baro roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: “Nabiy solallohu alayhi va sallam: “To'rt narsa qurbonlikka joiz emas: 1. G'ilayligi ochiq-oydin hayvon. 2. Kasalligi ochiq-oydin hayvon. 3. Cho'loqligi ochiq-oydin hayvon. 4. Miyasi chatoq hayvon”, dedilar”, deyiladi.

Qurbonlikka yaroqsiz hayvonlar

Ko'r, tishlarining aksariyati to'kilgan, quloqlari yoki quyrug'ining yarmidan ko'pi kesilgan yoki tushib qolgan, yelinlari qurib qolgan, quloqlari yoki quyrug'i tug'ilganidan yo'q bo'lgan hayvonlar qurbonlikka yaramaydi.

Qurbonlik go'shti taqsimoti

Ulamolar, qurbonlikning go'shtini uchga bo'lib, bir qismini o'zi yeyishi, ikkinchi qismini kambag'allarga, ya'nikim ehtiyojmandlarga berishi, uchinchi qismini saqlab qo'yishi yaxshi, deydilar. Atrofda muhtojlar ko'payganda esa ularning rioyasini qilish zarur.

Hayvonning yeyish mumkin bo'lmagan joylari

  1. Oqqan qoni. 2. Erkaklik jinsi. 3. Urg'ochilik jinsi. 4. Tuxumlari. 5. Siydik xaltasi. 6. G'uddasi (teri bilan go'sht orasida hosil bo'lgan shish, bez). 7. O't pufagi.
    Sheriklik asosida qurbonlik qilish:
    Bir kishi yolg'iz o'zi qurbonlik qilishi joiz bo'lgani kabi, sheriklik asosida ham tuya, qora mol (sigir, ho'kiz, qo'tos)ga yetti kishini sherik qilishi mumkin. Sheriklarning barchasi qurbonlik va ibodat niyatida qurbonlikka qo'shilishi shart.
    Qurbonlikka atalgan hayvonning hech bir joyini sotib bo'lmaydi.

Zakot beruvchi va qurbonlik qiluvchi o'rtasidagi farq

Shu o'rinda, zakot va qurbonlik orasidagi nozik qirra haqida aytadigan bo'lsak, mazhabimizda zakot berishdan avval nisobga yetgan mol bir yil o'zgarmasdan turishi shart qilingan bo'lsa, qurbonlik qilish uchun nisobga yetgan moli uyda bir yil turishi shart emas. Qurbon hayiti bayrami arafasida yoki qurbonlik qilish mumkin bo'lgan kunlari moli nisobiga yetsa, qurbonlik qilishi vojib bo'ladi.
Yana bir tarafi, puldor, moli nisobiga yetgan odam musofir bo'lib qolsa, unga qurbonlik qilishlik vojib bo'lmaydi. Mabodo safarga ketayotgan odam moliga vasiylik qiladigan odamga: “Agar men safarda bo'lib qaytolmay qolsam, qurbonlik qilinglar”, desa amalga oshirsa bo'ladi. Ammo bu so'zni aytmagan bo'lsa, bo'ynidan soqit bo'ladi.
“Bas, Robbingga namoz o'qi va jonliq so'y” (“Kavsar” surasi, 2-oyat), deya marhamat qilgan va evaziga ulug' ajrlarni va'da qilgan Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Har bir inson shu narsani qalban anglab yetishi joizki, aslida Alloh taolo bizning qurbonliklarimizga muhtoj emas. Biz esa doimo Robbimizning inoyatiga, rahmati va mag'firatiga muhtojmiz. Muqaddas oyati karimada: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u zotga sizlardan taqvo yetar” (“Haj” surasi, 37-oyat), deya marhamat qilingan.
Zero, “Kimki xursandchilik, savob umidida qurbonlik qilsa, qurbonligi unga do'zaxdan parda bo'ladi” (Imom Taboroniy rivoyati), degan suyuk­li payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ming-ming bora salovatlar bo'lsin!
Ma'lumki, bugun butun dunyoda bo'lgani kabi, aziz vatanimizda ham xavfli o'lat — koronavirus balosi qanchalik zahmat, qiyinchilik tug'dirmoqda. Ming-minglab yurtdoshlarimiz ana shu dard bilan og'rib, ming afsuslar bo'lsinkim, bir qancha vatandoshlarimiz xastalik tufayli vafot etdi.
Mehribon va rahmdil Allohdan tez kunlarda ana shu baloni daf etishini so'raylik. Yana oldingi vaqtlardagidek xotirjam va osoyishta damlar ato etsin.
Illo, shu qutlug' Qurbon hayiti kunlarida ulug' amallarimizni ado etar ekanmiz, Tangri taolo inoyatidan benasib qolmaslikni so'rab duolar qilaylik.
Endi shu o'rinda yurtdoshlarimizdan Qurbonlikka oid turli savollar bo'lib turadi. Fursatdan foydalanib, ularning ayrimlariga javob qilsak:

Savol: Qurbonlikka atalgan pulni ehtiyojmandlarga sadaqa qilsa bo'ladimi?
Javob: Bo'lmaydi, albatta, Qurbon hayiti kuni jonliq so'yish lozim.

Savol: Qizim uchun Qurbon hayiti kuni aqiqa qilmoqchi edim. Qo'y so'yganda aqiqaga deb ham niyat qilsam bo'ladimi?
Javob: Qurbon hayitida qurbonlik qiling. Qurbonlik — qodir bo'lgan kishilarga vojib amal, aqiqa esa ixtiyoriydir.

Savol: Qurbon hayitida qurbonlik qilmoqchi edik. Umuman, oila katta bo'lsa, qurbonlik go'shtining hammasini olib qolsa bo'ladimi?
Javob: Qurbonlik qiluvchi inson Alloh taoloning roziligi uchun jonliq so'yadi. Oila katta bo'lsa hammasini olib qolish ham joiz, muhtoj insonlarga hammasini tarqatishi ham joiz.

Savol: Biz ko'p qavatli uyda turamiz. G'ayridin qo'shnilarimizga ham qurbonlik go'shtidan bersak bo'ladimi?
Javob: Albatta, bo'ladi.

Habibullo Abdurazzoqov,
Toshkent shahridagi Hazrati Imom jome' masjidi
imom-xatibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =