Dunyoga jar solishga arzigulik tarixiy voqea
Kuni kecha Turkiyaning etakchi nashrlaridan bo'lgan “Jumhuriyat” gazetasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT yuksak minbaridan dunyo xalqlariga xitoban ulug' ona tilimizda ma'ruza qilishi haqidagi “O'zbek tili BMTda” nomli maqola e'lon qilindi. Men bu maqolani o'qib, quvonchdan ko'zlarimga yosh keldi.
Bundan avval ham ko'p bor O'zbekiston rahbarining o'zbek tilidagi nutqlarini tinglab, bot-bot quvonch ko'z yoshlari bilan o'z taassurotlarimni izhor etganman, bitiklar yozganman. Lekin muhtaram Prezidentimizning ona tilimizdagi bu galgi ma'ruzasi ilk bor butun dunyo xalqlariga qarata yangraydi, buni oynai jahon, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qiladi. Buning quvonchidan, shukuhidan vujudim chunon titrab, milliy g'urur tuyg'usi meni sevinch daryosiga g'arq qilmoqda.
300 kunligimdan beri g'urbatda g'arib bo'lib yashab kelayotgan inson sifatida aytamanki, bu tarixiy voqea dunyoga jar solishga arzigulik.
Vatanning qadrini undan olisda yurganlar yanada chuqurroq his qiladi. Bugun mana shu muqaddas tuproqlarni bizga Vatan qilib tashlab ketgan ota-bobolarimizning ruhlari shod bo'lmoqda. Jannatmakon O'zbekistonda inson qadr topmoqda, barcha ezgu va xayrli ishlar o'zbek xalqining baxtli yashashiga, dunyoda azizu mukarram bo'lishiga qaratilmoqda. Zotan, vatanparvar avlodlar ajdodlar ruhlarini shod qilish uchun ularga loyiq bo'lish qobiliyatini namoyon etmoqda.
Shular qatori, chetdan bo'lsa-da, men ham ota-bobolarimizga rahmat tilab, yurtdoshlarimizni bugungi yutuqlar, jannatmonand O'zbekistonimiz dunyoga bo'ylashayotgani bilan tabriklab, g'ururlanib suyunmoqdaman. Mening eng oliy maqsadim – xalqimizni, Vatanda yashovchi siz baxtli insonlarni chin ko'ngildan qutlash, bundan-da baland marralarni olish uchun kamarbasta bo'lish.
Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining nutqi o'zbek tilida yuksak minbarda jaranglaydigan lahzalarni xorijdagi minglab vatandoshlar qatori kamina ham intizorlik bilan kutmoqdaman.
Xudo xohlasa, Turon zamindagi yurtdoshlarim bu so'zlarimni samimiy dil izhorlarim sifatida qabul qilgaylar. Rahmat! Olloh rozi bo'lsin!
Sobir Sayhon,
yozuvchi,
(Turkiya)
Manba: uza.uz.