Sevgi sabog'i

Muallif haqida: Umid Ali (Ko'chimov) 1978 yil Camarqand tumanida tug'ilgan. 1997-2001 yillarda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti o'zbek filolo­giyasi fakultetida tahsil olgan. Umid Alining ilk she'riy to'plami “Dilmohim” 2005 yili “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan. Shundan so'ng “Salom, shirin tuyg'ular!”, “Ko'kka yo'l”, “731-qadam” kabi she'riy va nasriy to'plamlari chop etildi. Umid Ali badiiy tarjima bilan ham shug'ullanadi. She'r va hikoyalari rus, ingliz, fransuz, ispan tillariga tarjima qilingan.

Umid Ali

Meni men istagan suhbatig'a arjumand etmas,

Meni istar kishining suhbatin ko'nglim pisand etmas.

Alisher Navoiy

Hikoya

U bilan o'n yil bitta maktabda, bitta sinfda o'qibman-u yuravergan ekanman, ko'ngilni keng qilib. Yo'q, umidvor bo'lmaganman, lekin ishq yurakni kuydirganda esa…

Yil oxiriga kelib unga noma bitdim. Sevgi izhor qilingan xat. Endi o'ziga berish uchun otning kallasiday yurak kerak. Bunaqasi menda bor deysizmi… xatimni dugonasiga, sirdoshiga berishga ham cho'chib turibman. O'ylab-o'ylab top­gan choram shu bo'ldi — sezdirmaygina sumkasiga solib qo'ydim.

Endi yurak hovuchlab yuribman. Sho'rlik og'iz ochmaydi. Xuddi hech narsa sodir bo'lmagan-u, biz avvalgidek apoq-chapoq bo'p yuribmiz. Ammo men ko'ziga qarashga botinolmayapman. Bu yoqda maktab oxirlayapti. Hademay imtihonlar bosh­lanadi-yu, shu bilan hammasiga nuqta qo'yiladi.

Tunlari tikan ustida ag'anagandek bo'laman, kunduzlari bundan besh battar. Oxiri jur'at topdim. Eng so'nggi imtihonga bir kun qolgandi. Konsultatsiya boshlanmagandi hali. Vaqtliroq borgandim. Sinfga kirsam yo baxtingdan, o'tiribdi kitobga termulib. Yolg'iz. Yoniga borib o'tirdim!

— Yaxshimisan, Bahor! — dedim, dadil, ammo keyin tilim tutilib qoldi. Arzirli gap topolmay qiynaldim. U shu asno menga shunday tikildiki, ajabtovur holga tushdim. Nigohi juda keskir tus olgandi. Ko'zlarim dosh bermadi.

«O'zimga aytsang bo'lmasmidi», —dedi hamon nafratomuz tikilib.

«Nimani?», — dedim. Sezib turibman, xatni aytyapti.

«Meni sharmanda qilding…».

«Nimalar deyapsan, kim… kim seni sharmanda qildi?!», — o'rnimdan shart turib ketdim.

U boshini xiyol egdi. Hazin ohangda davom etdi:

«Sumkamga solib qo'ygan narsang, birinchi kimning qo'liga tushganini bilmaysan. Og'zi bo'sh dugonalarim… e-e, ana, maktabda duv-duv gap bo'ldi-ku…»

U birdan yig'lab yubordi. Kaftlarini yuzlariga oldi. Mendan o'pkalanib, ginalanib yig'ladi:

— «Senga nima yomonlik qiluvdim, nima?!»

Tilim shol bo'lib qolgandi o'sha dam. Hatto uni yupatish ham qo'limdan kelmadi. Aybdor edim. Agar sevishni ayb deb sanashsa, ha, ana shu «ayb»imni tag'in tasdiqladim. Baralla aytdim unga:

«Bahor, seni rostdan ham…»

«Bas qil! — U alamidan baqirib yubordi, — nima, bilmaysanmi, to'yim bo'lyapti-ku, indinga fotiham bo'ladi, fotiham?!»

Men karaxt bo'lib qoldim. Ochig'i, bu dahshatli xabar men uchun yangilik edi. Nahot shu paytga qadar eshitmagan bo'lsam? Nima, yashirishdimi? Nega? Biror hunar ko'rsatmasin debmi? Qo'limdan nima ham kelardi o'zi…. Mana, shaxmat o'yinidagi mot qilingan shoh holiga tushdim. Endi tamom. Hammasi tamom.

Shu payt sinfdosh qizlar, keyin yigitlar sinfga chuvvos solib kirib kelishdi. Bahor shosha-pisha sumkasidan ro'molcha chiqardi, ko'zlarini artib oldi. Keyin… keyin konsultatsiya boshlandi. Undan so'ng imtihon… Xayrlashuv oqshomi. Shu bilan o'quvchilik davrimiz ham nihoyalandi. Oradan bir oy o'tib… tuyqus darvozamiz taqillab qoldi. Shoshib chiqdim. Eshikni ochsam… Bahor. Dugonasi bilan turibdi.

«Uch kundan keyin to'y, albatta o't, mana bu senga», — qo'limga yarim kaftchalik qog'oz uzatdi. Taklifnoma ekan. Ismim bosma harflarda yozilgan: «ULUG'BEK». Yuragimda bir nima chirt uzilgandek bo'ldi. Gapirishga tilim aylanmadi. Ko'zlariga tikilgancha qolibman.

«Bormasang, xafa bo'laman», qayta ta'kidladi u. Keyin ketdi. Yuragimga alam-qayg'ular, hajr olovini purkab ketdi. Shu oqshom tonggacha mijja qoqmadim. Yig'ladim. Birinchi muhabbatimning alamli qissasi mana shu.

Ochig'i, Bahorning menda ko'ngli yo'q edi. Qiziq, shunday bo'lsayam, o'ziga yaqin olardi. Eng qadrdon do'sti kabi. Men esa galvars, hatto, «baxtli bo'l», deb tilak bildirmabman. To'yiga-ku, bormadim. O'rtoqlarim qancha qistashdi… (Axir yaxshi ko'rgan qizimning to'yiga qanday boraman?)

Yuragimning bir chekkasiga armon toshi yuk bosdi. Yo'q-yo'q, yurak armon tegirmonida yanchildi.

Hayot hali oldinda ekan. Kitoblarda «Bu qaytar dunyo» qabilidagi hikmatlarni ko'p o'qiganmanu, uqmagandim. Endi bilsam, donishmandlar ham hayot taj­ribasiga suyanishar ekan. Har bir hikmatda, maqolda hayot ufurib turar ekan. Shunday naql borku: «donolar hayotni kuzatishar jim…»

Maktabni bitirgan yilim universitetga hujjatlarimni topshirdim. Filologiya fakultetiga. Omadimni qarangki, «tolib» degan nomga muyassar bo'ldim. Ovro'pochasiga aytadigan bo'lsak: «student».

Ikki hafta o'tar-o'tmas paxtaga olib ketishdi. Bu mavsumning bop joyi shundaki, kimliging besh qo'lday ayon bo'larkan qolarkan: mehnatkashliging, intizoming, axloqing… Yaxshi bola bo'p yursang, mayli-kuya, nojo'ya ish qilguday bo'lsang… ta'ziringni berishadi domlalar ham, «akaxon»lar (yuqori kursdagilar) ham. Bizning o'y-xayolimiz ham, ishimiz ham bitta: paxta.

Kursdoshlarim bilan qalinlashib, qadrdonlashib borardik. Tushlikni birga qilamiz, xirmonga yuklarni birga olib chiqamiz, xullas bir yoqadan bosh chiqaramiz.

Paxta hashariga kelganimizning beshinchi kuni edi. Yon qabatimdan bir kursdoshim tushgan. U birinchi kundanoq hammani e'tiboriga qaratgan, ayniqsa, dekanimiz shu qizni namuna qilib ko'rsataverib, barchamizning yuzimizni shuvut qilib qo'ygandi. Butun kurs bo'yicha paxta terishda unga teng keladigani yo'q edi. O'sha kuniyoq uning oti Namuna bo'ldi qoldi. Hatto hayiqmay, oldida Namuna qiz deb chaqiradigan bo'lishdi. Men bu unga qilingan himmatdanmi, deb yursam, asl ismi shunday ekan.

Mana dalaga tushdiyu pildirab terimga kirishib ketdi. Biram chaqqon. Men bitta chanoqqa qo'l tekkizgunimcha u uchta-to'rtta chanoqdan paxta yulib oladi. Bir ko'z yumib ochguncha ikki odimga o'zib ketdi. Egatiga boqaman: «Paxta tersang toza ter, chanog'ida qoldirmay» degan o'sha paytdagi mashhur qo'shiqqa monand chanoqlarda biror pora qoldirmay terib bor­yapti. Tuyqus u ari chaqqanday «vuy»lab yubordi. U tomonga qaradim. Cho'kkalab olibdi. Qandaydir xavfni ko'nglim sezdi, etakni belimdan bo'shatib, oldiga bordim. Barmoqlarini so'l kaftiga olgan, mahkam qisib o'tiribdi.

«Nima bo'ldi», — dedim, negadir juda qo'rqib ketib. U qaddini rostladi. Darrov qo'llarini etagiga tiqdi.

«Eh, arzimagan narsa…», — nopisandalik bilan javob qaytardi menga. Zimdan kuzatdim. Etagiga qizil dog'lar urilgan; o'zi labini tishlab, u yoq-bu yoqqa nigoh tashlayapti. Go'yoki atrofni tomosha qil­yapti.

«Shunchaki baqirib yubordim deng…», — deb jig'iga tegmoqchi bo'ldim. U aftimga bir tikilib oldi. Ishing nima, degani bo'lsa kerak-da?

Endi sezdim, boyagi qizil dog'lar picha kengayibdi. Miyamda yashin urgandek bo'ldi — qon! Shimimning cho'ntagidan dastro'molcha olib Namunaga uzatdim. Yangi, hali ishlatmagandim.

«Bolalik qilmang, qo'lingizdan qon oqyapti, sirib bog'lang», — dedim. U amrimga bo'ysindi. Tirnog'i orasiga chanoq sanchilibdi. Namuna bilan qadrdonlashuvimiz, yo'q, uning menga bog'lanishi shu voqeadan boshlandi.

Paxta terimi ham tugadi. O'qishlar tag'in iziga tushdi.

Namunani faqat ilg'or terimchimi, desam ancha faol, tirishqoq ham ekan. Dars­larda, har bir mashg'ulotda, albatta, so'zga chiqadi. Daftar-daftar konspekt yozadi. Bir so'z bilan aytganda, u ismi jismiga monand qiz edi. Unga butun kurs havas qilardi-yu, men… to'g'risini aytsam, jo'ngina munosabatda bo'lardim, faqat shu. Bo'lmasa na husnida, na axloqida nuqsoni bor, hurliqo edi.

Bir kuni shamollab, yotib qoldim. O'qishga uch kun borolmadim. Ikkinchi kun telefon bo'ldi. Go'shakni ko'tarsam… Namuna. Ahvolimni so'radi. Savollariga naridan-beri javob berdim. Qiziq, ro'yxush bermasam ham o'ziga olmaydi. Ko'ngli naqadar pok qiz. Ammo men…

Birinchi semestr tugadi. Ta'tilga chiqdik. Men qarzdor edim. «Ekologiya»dan «2» olganman, tuzatishim kerak. Shu maqsadda fakultetga o'tdim. Dekanatga kirsam, Namuna o'tiribdi.

«Fidoyisiz-da, hamma maza qilib dam olyaptiyu…», — dedim salom-alikdan keyin.

U bilinar-bilinmas jilmayib qo'ydi. Keyin universitet qoshidagi tilshunoslik to'garagiga qatnayotganini, ingliz tilini o'rganayotganini aytdi. Men ham «maqtanib» qo'ydim:

«Shu ekologiyaga mehrim tushgan…»

Namuna idrokli emasmi, fikrimni darrov ilg'adi. Yana tabassum qildi.

«Ekologiyagami yo ekologiya domlasigami…». Beixtiyor kulgu ko'tarildi. Keyin jiddiy tortib, men ajablanadigan gap aytdi.

«Siz o'tgansiz, domlaning o'zi aytdi. Ishonmasangiz, borib so'rang?!»

«Nima?!»

Chin ekan. Domlaga uchrashgandim. Menga familiyadosh talabaning bahosini qo'ygan ekan. Imtihon varaqasini ko'rsatishni talab qilsam bo'lardi-yu, xohlamadim. Nima keragi bor ortiqcha dahmazaning.

Etti kun yetti daqiqaday zuv o'tib ketdi. Tag'in darslar boshlandi. Yangi fanlar kiritilibdi. Namuna hamon o'sha-o'sha: tirishqoq, ziyrak, a'lochi va… mehribon.

Bir kuni qiziq ish bo'ldi. Jismoniy tarbiya darsidan qaytgandik. Nafasim ichimga tiqilgan, bir tomondan terlab-pishib ketganman. Chanqoq azob ber­yapti. Fakultet hovlisida kran bor. O'sha yerga bordim. Suv jo'mragini burab, enkayib olib deng, endi hovuchimni tutgan ham edimki, sharillab oqayotgan suv birdan tindi. Boshimni ko'tarsam, tepamda Namuna turibdi.

«Shu holingizda sovuq suv-a, yana kasal bo'lgingiz keldimi?» — dedi u zo'raki jahl bilan.

Tushunolmay qoldim. O'zi kim bu? Nega xo'jayinlik qiladi? Har nimaga tumshug'ini tiqaveradimi? Parvo qilmay tag'in kran murvatini buradim. Namuna yana o'jarlik qildi. Men boshqa chidayolmadim:

«Nima, xotinimmisiz, menga xo'jayinlik qiladigan?!»

Uning avval lablari titradi, keyin yuzlari o'zgardi. Birdan ortiga burilib chopib ketdi. Nazarimda yig'ladi-yov. Ko'ng­lini og'ritdim men ahmoq. O'zi nega qaysarlik qiladi. Ochig'i, tushunmayotgandim. Shu tariqa kunlar, oylar o'tdi. Biz bu orada gaplashmay yurdik. Men to'nka, hattoki, kechirim ham so'ramadim undan. Birinchi kurs tugashi arafasida yig'ilishdik. Shahar chekkasidagi odmigina kafeda muzqaymoqxo'rlik bo'ldi. Hamma birin-ketin hasratini yozdi. Namuna ham bor edi. U o'zini ancha oldirgan, oldingi quvnoqligidan asar ham qolmagandi. Juda xorg'in edi. Gal unga kelgandi. Dardini to'kib tashladi. So'nggi gapi quloqlarimda qayta-qayta yangragandek bo'ldi:

«…Men o'qishimni Toshkentga ko'­chirtir­yapman. Jurnalistikada davom ettiradigan bo'ldim».

Shunday qilib, men Namuna bilan yarasholmadim. Negadir yigitlik g'ururim, to'g'rirog'i, g'o'rligim bunga yo'l qo'ymayotgandi. Yuragimning tub-tubida undan kechirim so'rash istagi uchqunlab turardi-yu, lekin negadir jur'atim yetmasdi.

O'qishlar tugab, katta ta'til bosh­landi. Hamma uy-uyiga jo'nadi. Men yana bitta fandan qarzdor bo'lib qoldim. Shu ish bilan dekanatga, kafedraga qatnadim. Ishim og'ir kechmadi. Bir kursdosh qiz ham men «yiqilgan» fandan o'tolmagan ekan. Birga topshirdik…

Omad ikkovimizga ham kulib boqdi. Bu qiz Namunaning qadrdon dugonalaridan edi. Men Namunaning nima maqsadda o'qishini Toshkentga ko'chirganini bilmasdim. Shuni dugonasidan so'radim. U tayin­li gap aytmadi, ammo bir gapni oshkor qildi:

«Shunchalar go'lsiz-a, Ulug'bek, Namunaday qiz qaerda bor yana? U sizga ko'p yaxshiliklar qilgan. «Ekologiya»dan ham bahoingizni o'sha obergan…»

«Nima?» — shunday deb tarrakday qotdim.

«Tog'asi bo'lardi-ku, o'sha «Ekologiya» domlasi, bilmasmidingiz?» — U hayron bo'lib tikildi menga.

«Yy-o'q. Lekin bu ishni nima uchun qildi? Nimaga?»

«Qiziq, bilarsiz deb yurardim, u sizni sevardi Ulug'bek?!»

Men boshqa ajablanmadim. Chunki hammasi ayon bo'lgan edi. Namunaning menga g'amxo'rligi, tergashlariyu mehribonchiligi — hamma-hammasini anglab yetdim. Qiziq, negadir kulgim keldi. Butun vujudimni kulgu egallagan edi-yu, istiholami, andishami, uyatmi — shunga o'xshash his yo'l bermayotgandi.

Yo'q, men Namunaning muhabbatiga, uning yuragini asir qilgan pok tuyg'uga emas, mendek omadsiz bechora bir yigitning sevilishiga kulgim qistagandi. Dugonasining keyingi gapi hammasidan ham oshib tushdi.

«U sizni deb, Toshkentga ketdi. Unutish uchun…»

Hayot qiziq-da: sen kimgadir ko'ngil qo'yasan, kimdir senga. Sen birovni deb ezilasan, yuraging kuyib ketadi, boshqa birov esa seni deb shu ko'yga tushadi.

Ha, Namunaga ko'nglim yo'q edi. Hammadan go'zal, odobli bo'lsa ham, mehribon, g'amxo'r bo'lsa ham, negadir men uchun… yo'q-yo'q, nazdimda uni hamma yigitlar sevishi shartdek edi-yu, faqat men… majbur emas edim.

…Bahor hali-haligacha tushlarimga kiradi. Ba'zan uyqum o'chib, o'ylar komiga tortadi. Shunda u bilan xayolan suhbat quraman.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =