Gujum

Muallif haqida: Nodira Yangiboyeva — 1987 yilda tavallud topgan. Urganch davlat universitetining o'zbek filologiyasi fakultetini tugallagan. She'r va hikoyalari matbuotda e'lon qilingan.

 Hikoya

Uning necha yil, necha kuz, necha qish ko'rgani noma'lum. Shunisi aniqki, u Otamurod ota tayoqni ot qilib, beliga minib “chu- chu”lab”, o'ynab yurgan kezlarida ham shu hovlida, shoxlarini keng yoyib, “issig'u sovuqda panohingizman”, deb gurillab turardi.

Gujum shoxlariga in qurgan qumrilarning nechasi polapon chiqarishdi,  daraxtning qulog'iga tinmay “quq- qu, ququ ququ”  “Qurimay tur, qurimagur!”  — deb sayrashadi. Gujum o'sha-o'sha, bola Otamurod esa, bobo Otamurod bo'lgan! Ha, gujum qancha sinovlarga dosh bergan, ne-ne qurtlarga talanib, omon qolgan  daraxt bu. Otamurod ota o'ylab qarasa, faqat shu gujumgina o'zgarmay qolibdi. Eski hovli, ikki qavatli binoga, bog'ning qoq o'rtasidagi basseynga, qo'shni bog'dan ajratib turadigan kichik chel baland devorga aylandi-qoldi.

O'tgan yillar davomida uyi­da bolalari, nevaralari tomonidan o'tkazilgan “qayta qurish” ishlarida  Otamurod ota u qildi — bu qildi, dod dedi bir amallab shu gujumni saqlab qoldi. Mana hozir ham u gujumning soyasida hassasiga suyanib o'tiribdi. Serbarg shoxlarning orasidan quyosh nurlari unda-bunda ko'rinar, barglarning yerga tushgan soya­si esa  boboga olisda qolgan odamlarning qiyofasini eslatib yuboradi…

Ana ot arava ketyapti. Otasi otga qamchi uradi. Aravada onasi, singlisi, chaqaloq ukasi onasining qo'lida. Ularning ro'parasida bola — Otamurod. Arava o'ydim-chuqur yerlarda qattiq silkinib qo'yar, beo'xshov teb­ranib boradi. Onasi nonxaltadan  non oladi. Qora kepakdan bo'lgan zog'ora non, uni o'g'li Otamurodga uzatadi…

Beixtiyor — nonning hidi Otamurod otaning dimog'iga urilgandek bo'ldi. U qo'llarini onasi tomon cho'zgancha yig'lab yubordi…

— Aytdim-ku! Anchadan beri shu ahvol! Bobom goh kuladi, goh yig'laydi. O'zi bilan o'zi gaplashadi. Ba'zan gujumni silab allanimalar deydi. Bunaqa ketishi yaxshimas, dada! — ming'irlaydi Umid.

— Endi qarilikda, o'g'lim. Biz ham bobongni yoshiga yetamizmi, yo'qmi, unda qay ko'yga tushamiz, Xudo biladi.

— Shu gujumda bir gap bormi, deyman, dada. Nuqul shu yerda o'tiradilar.

— Ha endi, kimlarnidir eslatsa kerak-da. Qo'yaver, e'tibor berma.

Otamurod otani chalg'itish uchun Umidjon o'g'li Shohjahonni bobosining yoniga olib keldi.

— Bobosi, chevarangiz bilan birpas o'ynab turing.

— Mani polvon bolam, kelaqol, bobong bilan o'tir.

— Siz bilan o'tiysam, menga nima obeyasiz?

— Voy-bo'y, nima obersam ekan-a?

— “Chupa chups” obeying!

— Senga Xo'razqand oberaman.

— Nima u ho'yoz..xo'yoz..?

— U shunday shirin narsaki…Bay-bay…

Bobo chevarasiga o'zining bolaligidagi shirinlikni yedirgisi kelib qoldi.

— Abdulla,  nega nevarang­ga haligacha xo'rozqand olma obermagansan. Darrov olib kelgin!

Boboning shu kunlarda bir gapini ikki qilib bo'lmaydmi, “bu mening so'nggi xohishim bo'lsa-chi, armonda qolasan-ku, bola” deydigan gapidan hammalari  cho'chishardi.

— Hozir topamizda, ota! Qaerda sotardi-ya…

— Orif baqqolga bor, o'sha yerdan topasan, — deb jerkib beradi bobo.

— Uning o'lib ketganiga o'n besh yil bo'ldi-ku! — deydi o'g'li otaga eshittirmay.

— Ey bolam, bobong mana shu gujum yonida xo'rozqand yeb aka-ukalari bilan mazza qilib o'tirardi. Lof aytardik, topmacha aytardik, varsaqi aytardik.

— Bobo, nega bu dayaxtning yonida o'tiyaveyasiz-a?!

— Bu yerda xazina bor, hech kim bilmaydi, faqat men bilaman. Uni senga aytaman. Bu yerda juda katta xazina yashiringan.

— Eytaklaydagidaymi?

— Havvo, ertaklardagiday!

— O', zo'y! Menga shu xazinani beyasizmi?

— Sengayam, boshqalargayam yetadi.

— “Sim-sim” eshigingni och, — deyiladimi bungayam, bobo?

— Yo'q, Gujum-gujum, yuraging­ni och deysan! Senam uni yaxshi ko'rishingni aytasan, keyin xazinani topasan!

— Hmm, tushundim, bobo!

Avval mashinaning signali, keyin temir darvozaning ochilgani eshitildi. Boboning jimitday kirtaygan ko'zlari o'g'lining barvasta soyasini ko'rib, qo'lida bir dasta xo'rozqandlar borligini taxminlab quvonib ketdi.

— Orif baqqoldan oldingmi, muncha hayallading, bir qadam joygayam mashinada borasanmi?

— Ota, topolmadim, hech qaerdan topolmadim xo'rozqandingizni.

Shunga mana sizlarga “chupa chups”ni zo'ridan olib keldim.

— Shunaqa degin…

Bobo indamadi. Uning indamagani indaganidan yomon edi.

— Men dam olaman, charchadim, — hassaga suyanib, o'rnidan turdi-da, og'ir xo'rsindi.

— Umidjon, o'g'lingga qara men dadamni xonasiga olib kiraman.

— Xo'p,  dada.

— Bilasizmi, dada, bobom menga katta xazinasining sieni aytdila. Muni faqat min bilaykanman.

— O'hho', qanaqa xazina ekan?

— Hammaga yetadigan xazina! Eytakladagiday!

— Yo'g'-ey, qani ayt-chi, u qaerda ekan?

— Hamma gap gujumda, siz unga yuyagingizni ochasiz-de, uyam sizga yuyagini ochadi! Shu xazinaning kaliti ikan. Bildiz?

— Hmm, shunaqa degin! Bu yog'i qiziq bo'ldi-ku! Voy bobom-ey!.. Ichidan pishgan-a…

Kech kirdi. Hamma havo  salqin bo'lgani uchun hovli ayvonida emas, ichkarida, oshxonada ovqatlanadigan bo'lishdi. Devorlariga chiroyli gulqog'ozlar yopishtirilgan oshxonani oshxona emas, mehmonxona desayam bo'ladi.

Stol atrofida hamma jam. Otamurod otani markazda turgan  kursisi bo'sh. U negadir bugun o'zining xonasida ovqatlangisi keldi. O'g'li Abdulla otasining yonida birga ovqatlandi. Nimalarnidir aytib kulishdilar. Abdulla aka otasi uxlagach, hovliga chiqib o'tirdi. O'yga cho'mdi. Ko'ziga yosh oldi. Odatda u onasi haqida gap ketsa, shu ahvolga tushadi. Xuddi hozirgina onasidan ajrab qolganday, ko'zining ichida yosh yiltillaydi. Ko'zining ichidagi daryo toshadi-yu, qirg'oqdan o'tolmay, ichkaridan irmoq topadi. Bu irmoqlarda yig'ilgan suvlar, borib-borib yurakning devorlarini yiqmasa bo'lgani…

— Dada, salqinda nima qil­yapsiz? Ichkariga kiring!

— Yo'q, shu yer yaxshi, toza havo deganday, shu gujumning havosi boshqachada. Otam bekorga bu gujumga mehr qo'ymagan. Havosini qara muni!

— Dada, shu gujumda boshqa gap ham bor, shekilli. Bobom aytardilar-ku, “meni ota-bobom Xiva xonining saroyida mashshoq bo'lgan. Tillalari ko'p bo'lgan. Quloq payti olib ketishgan”, deb. O'shalardan qolmaganmikan u yer bu yerda ko'milib, nima deysiz?

— Yo'g'-ey, bolam, qolgan bo'lsa men eshitardim. Bunaqa gaplaringni qo'y!

— Agar topsak, zo'r ish bo'lardi-da! Biznesimni ham kengaytirib yuborardim.

— Unaqa xomxayollarga berilmasdan, miyangni ishlatsang, o'sha biznesingam gullab-yashnab ketadi.

— Aytdim-qo'ydim-da!..

Abdulla aka o'zi bilan yolg'iz qolish  uchun ichkari kirib ketdi.

Tun qorong'usida gujumning viqorli gavdasi yanada sirli ko'rinadi. Kuz ranglariga bo'yalgan sarg'ish-qizg'ish barglarning har biriga bitta yulduz kelib qo'nganday!

Umidjonning ko'ziga bu yaltirab turgan barglar sariq tilla tangalarday  tuyuldi. Kuzak shamolida shoxlar u yoqqa bu yoqqa silkinib: “Mening sirimni top­gan bormi? Poyimda yotgan tillalarga yetgan bormi?” — deb shivirlayotganday edi.

“Umid, bu tun xazinaning sirini ochasan! Qani ishga kirish! Bugun yo hech qachon!” U qo'liga belkurakni olib gujumning ostiga bordi… Shamol guvullar, daraxt shoxlari bilan  “xazina” kovlovchining u yer bu yeriga savalab qo'yardi.

Tong. Quyosh shosha-pisha nur sochdi va inidan ayrilgan qushlarning chug'ur-chug'uridan hayron bo'lib, yer yuzining har go'shasiga nazar soldi. Bir kechada qaerda qushlarni faryod qildirgudek ish bo'ldi ekan?

Otamurod otalarning hovlisi… Ie, gujum qani?

Shunday ulkan gujumni qulatgan qaysi daydi, telba shamol bo'ldiykin? Qay nobakor, yaramas qurt bo'ldi ekan? Yiqilgan gujumning ildizlari tagida, xuddi katta go'rday, chuqur qazilgan xandak qolgandi…

Otamurod ota hovli eshigidan tashqariga bir qadam tashladi, qarshisida turgan vayron manzarani ko'rdi-yu, holsizlandi, uh tortdi, yiqildi…

Bir yonda qulatilgan gujum, bir yonda jonsiz vujud qoldi…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 3 =