Jimjit yurak tug'yonlari

Taniqli shoir Odil Hotamovga maktub

Hurmatli Odil aka!

Sizday samimiy, kamtarin va dilkash inson bilan yurtdosh ekanligim va sizday iste'dodli shoir bilan zamondosh bo'lganligim bilan faxrlanaman.

Sizning turli yillarda chop etilgan “Kechki maysalar”, “Tiriklik shami”, “Nihollar”, “Dala yo'li”, “Nafas” va qator to'plamlarda chop etilgan she'rlaringizni, “Yurakdagi daraxt” hujjatli qissangizni maroq bilan o'qiganman.

To'g'risini aytsam, ijodingizning muxlisiman. She'r yozmasam ham she'r­ni juda yaxshi ko'raman. Ko'p she'r o'qiyman. She'rdan kuch-qudrat, ilhom olaman, hayot zavqini his qilaman. She'r — insonni yashashga o'rgatadi.

Shu kunlarda Sizning yangi chop etilgan “Quyosh siyohdoni” (“Sharq” NMAK Bosh tahririyati, 2020 y.) kitobingizni mazza qilib o'qidim. Ijodiy faoliyatingizda salmoqli o'ringa ega bo'lgan ushbu kitob bilan samimiy tabriklayman.

She'r musiqa bilan ohangdosh. Eng yaxshi va zo'r she'r shubhasiz musiqaning o'rnini bosa oladi. She'rlaringizning ayrim misralari menga notalarni eslatdi. Shunda bildimki, she'rning ham avji, past-baland pardalari bo'larkan. Sizning kitobingiz toza va sof tuyg'ular ohangidan tuzilgan qo'shiqlar guldastasiga o'xshaydi. She'rni qo'shiq kabi jarang­latib yozish har qanday shoirga nasib etmaydigan baxt.

Kitobni asta-asta varaqlaymiz. Dastlabki sahifalardan o'rin olgan “Buxoro” she'rini o'qiymiz. “Minoralar ming yillar osha — sukunatga so'ylar sirini” deb yozasiz. Minoraning sirlarini eshitish qanday baxt?! Bu uchun “minoraning dardu hasratlarini tinglab, sukunatga g'arq bo'lish” lozim. Shunda uning ming yillik dardu fig'onlari ayon bo'larmikin?..

Ayniqsa, quyidagi misralarda Buxoroning ilohiy jihatlari, noyob sirlarini ochishga urinasiz:

Avliyolar — sarg'aymas sabr,

Tariqatlar — ko'ngil hirqasi.

Yer ko'ksida har bitta qabr —

E'tiqodning nurli nuqtasi.

 

O'quvchi yuragida Buxoro manzaralari namoyon bo'la boshlaydi. U ham “e'tiqodning nurli nuqtasi”ni ang­lashga, topishga intiladi.

Yoki “Nurota” she'ringizdagi ushbu satrlar yuraklarda ibodat sog'inchlarini qo'zg'aydi:

Tillardan tushmagay tilovat, duo,

Joynamoz yozadi quyoshning o'zi.

Balki, samolarga sochilar ziyo,

Bunda yumilmaydi ko'ngillar ko'zi.

 

Haqiqatan ham Nurotaga borgan, Nurota ziyoratlarini ado etgan kishining ko'ngil ko'zlari ochiladi, aslo yumilmaydi. Bu muqaddas zamindan samolarga ziyo sochilishi ham bir ilohiy mo''jizadir.

Yana bir she'ringiz “Samarqand osmoni” shunday hayratli misralar bilan yakunlanadi:

Dunyo tillarida — taratgancha nur,

Har bitta baytingiz aylamish makon.

Aqllar hayrondir, loldir tafakkur,

Samarqand osmoni —

butkul “Shashmaqom”.

Boshqalarni bilmadim-u lekin kamina Samarqand osmonida yangrayotgan “Shashmaqom” nolalarini eshitganday bo'ldim.

Odil aka!

Siz ayrim shoirlarga o'xshab Vatan haqida hayqirib, jo'shib, ovozingizni baralla qo'yib minbarbop she'r yozmaysiz. Bo'lar-bo'lmasga Vatan so'zini qog'ozga tushirmaysiz. Siz Vatanni indamay sevasiz, yuragingizda gavharday asraysiz.

“Vatan” she'ringizda Vatan degan so'z ishlatilmagan. Lekin shu Vatanda “Otam o'tib ketdi qo'llari qadoq”, “Onam o'tib ketdi sochlarida qor”, “Ajdodlarim jismi aylandi senga”, deb Vatanning azizligi, buyukligini ko'rsatib berasiz. Va she'rni:

Bino bo'lgandirman Yer-Ko'k – nikohidan,

Bir kuni manguga bag'riga qaytgum…

deb tugatasiz. Va o'quvchiga Vatanni qanday sevish, qanday ardoqlash lozimligidan ibratli saboq berasiz. She'rxon yuragida Vatan mehri aks etgan surat chizasiz. Xullas, yana bir turkum she'rlaringizda Vatanga ortiqcha ta'rif bermay, uni yuksak mehr-muhab­bat va mahorat bilan Vatan manzaralarini yaratgansiz. Vatanni indamay, jimgina sevganlar boshqalardan ko'ra ko'proq vatanparvar bo'ladilar. Bu mulohazalarni quyidagi iqror mis­ralar ham isbotlab turibdi:

Kim Vatanni sevsa ta'masiz, kinsiz,

Diliga jo qilsa she'r – qaydlarini.

Minoralar bunda takrorlar tinsiz

Jasur shoirlarning shohbaytlarini…

Odil aka!

Kitobingizni o'qish jarayonida ayon bo'ldiki, tabiat, umr va hayot mavzusida yozgan she'rlaringiz orasida kuz fasli mavzusi alohida ajralib turadi. Siz qalamga olgan kuz manzaralari yuraklarda turfa ko'rinish­larda, holatlarda va ranglarda namoyon bo'laveradi.

Nochor bemor — hansiraydi kuz,

Xazon barglar ko'mar quyoshni,

Turnalarni kuzatadi kuz —

Ko'klamgacha — aziz sirdoshni…

 

Yoki bir she'ringizda: “Kuzni pok­lar dard, g'uborlardan, ko'zlaringdan dumalagan yosh”, deb yozasiz. Yoki bosh­qa bir she'rda kuzning horg'in portretini chizasiz:

Sovqotgan kechani yo'rgaklar bulut,

Qarg'alarday uchar daraxtlar hushi.

Poyida yaproqlar saqlaydi sukut,

Sarg'aygan kuzakning namchil og'ushi.

 

Siz kuzning dardini, xazonlarning oh-nolasini, ship-shiydam daraxtlarning hasratini yozish jarayonida “Kuz — faslga shartli sarlavha” qo'yasiz, “Otam qabri bormoqda cho'kib”, deya duo qilasiz va “Yaproqlarning mungli bayoti…”ni tinglab ohlar chekasiz. Oxir-oqibat tabiat hukmiga ko'nasiz:

Azal qonuni bu — qahraton sari

Etaklab ketmoqda quyosh kech kuzni…

 

Bu jazolar, azoblar yetmaganidek: “Qahraton qish barchasi uchun, Xazonlarni tutar savolga…”

Kitobingiz she'rlari Nurota chashmasining suviday totli va juda mazali. Suvni ichib, chanqog'i qonmagan odamdek, bir-biridan ajoyib va dilbar she'rlaringizga ham to'yib bo'lmaydi!

Har bir she'r bag'ridagi tuyg'ular tafakkur sari chorlaydi, yurakni yangi-yangi hislarga o'raydi. Misralar qatidagi mehrga to'ymaysiz.

Sizning “Hasbi hol” she'ringizni umringiz haqidagi kichik dostonga qiyoslash mumkin. Aslida Sizning hayot va ijod yo'lingiz katta dostonlarga mavzu bo'lishga arziydi. Bilaman, tug'ilgan qishlog'ingiz Kavobini juda yaxshi ko'rasiz. Uchtutni mehr bilan bag'ringizga bosasiz, Karmanani she'r­laringizda ulug'laysiz: “Karmana baxtimga aylandi butun”, deb e'tirof etasiz. Sizni navoiylik­larning faxri, deb bilishadi va e'zozlashadi. Bunga arziysiz. Lekin ijodkorni tug'ilgan qishlog'i yoki mahallasi darajasida baholasak, adabiyot juda maydalashib, Toshkentning tor ko'chalariga o'xshab qoladi. Mustaqillik bizlarga katta xalq, millat bo'lish imkonini berdi. O'zingiz “Vatan — oddiy xarita emas” she'ringizda yozganingizdek:

Samarqandu Buxoro – jonim,

E'tiqodim Cho'lponlaridir.

Hasti imom, Xiva, Qo'qonim,

Hur tafakkur vulqonlaridir…

 

Sizni taniqli ijodkorlar Salima Umarova, Shoyim Shernazar, Vafo Fayzulloh, Jaloliddin Safoyev, Barnobek Eshpo'latov, Bektemir Pirnafasov, Ruslan Saburov va yoshlardan Otabek Aslonov, Azamat Zaripov, Umid Xudoyqulov, Ma'rifat Sharipovalar ustozimiz deb e'tirof etadilar va faxrlanadilar. Bu ro'yxatga Siz uzoq yillardan buyon rahbarlik qilib kelayotgan “Chashma” yosh ijodkorlar to'garagi a'zolarini kiritsak, “ustoz” sifatida maqomingiz yanada oshishiga shubha yo'q.

Odil aka! Siz Karmana tumanining “Kommunizm uchun” (hozirgi “Karmana hayoti”) gazetasida 40 yil ishladingiz. Umringizning roppa-rosa 40 yili SO'Zga xizmat qilish bilan o'tdi. So'zni sevdingiz, so'zni qadrladingiz, so'zga 70 yillik umringizni bag'ish­ladingiz. Ayni paytda so'z ham sizday so'z fidoyisining qadriga yetdi, ulug'ladi. Odamlar mehrini qozondingiz, shogirdlarning e'zozli ustoziga aylandingiz. Bu Sizga so'z bergan — baxt!

So'zga bo'lgan mehr-muhabbatingizni she'rlaringizda yuksak ilhom bilan ifodalaysiz. So'z she'rlaringizning qon tomiriga aylangan. Masalan, “O'zing meni SO'Zga deb mutloq, nazr qilib tuqqansan ONA”, deb yozasiz. Yana bir she'ringizda iqror bo'lasiz: “Vaqt hukmi bu xulosa — aniq, Karvonboshi — Qog'oz, Qalam, SO'Z”, deysiz. So'zning chaqmoqligini, qudratini shunday ifodalaysiz: “Chaqmoqlar ufqning baridan tortar, Samandar misoli tiriladi SO'Z”.

Bilasizmi, she'rlaringizni o'qish jarayonida Sizda rassomlik qobi­liyati borligini ham sezdim. Siz rang­lar bilan emas, so'zlar bilan betakror manzaralar, holatlar va noyob ko'rinishlarni mahorat bilan chiza olarkansiz. Masalan, “Qaldirg'ochlar — ko'klamga timsol” deb boshlanadigan she'rda O'zbekistonning betakror tabiatini so'zlar qudrati orqali mahorat bilan shunday namoyish etasiz:

Majnuntollar sochlarin tarab,

Qitiqlaydi har munis jonni,

Oq laylaklar quyoshga qarab…

Olqishlaydi O'zbekistonni.

 

“Yuvosh tortar yosh o'tgan sari”, “Yarim tun… Hayhotday hovlida yolg'iz”, “Ertaklarga bitsaydi qanot”, “Intiqib kutganim bitta javobing”, “Yarim uyg'oq, yarim mudroq tun” so'zning kuchi, sehri va jozibasi bilan chizilgan she'riy kartinalar, deb atagim keladi. O'ylab qolaman: agar shoir bo'lmaganingizda albatta rassom bo'lardingiz!

Qadrli Odil aka!

Kitobingiz haqida bundanda ko'p, bundanda mo'l fikrlarni davom ettirish mumkin. Adabiyotshunoslarga ham ish qoldiraylik, ularning tomorqasiga o'tmaylik.

Sizni bilgan, suhbatlashgan odamlar, bu inson oddiy, kamtar, sodda va samimiy kishi deyishadi.

Siz bilan muloqotda bo'lgan yana bir toifa odam, shunchalar ham jimjit, sokin, indamay yuradigan odam bo'ladimi, deb o'ylab qoladi. Yo'q, aslo unday emas: Kitobingizni o'qib chiqqach, angladimki, Sizning yuragingizdagi tug'yonlar, isyonlar, to'fonlar she'rlaringizda yashirin ekan. Yuragingiz vulqon bo'lsa kerak. Men kitobingizdagi she'rlarda tafakkur, ma'rifat, tarbiya, iymon, halollik va qancha-qancha insoniy fazilatlar bitilgan yurak tug'yonlarini, to'fonlarini ko'rdim. Loqayd­lik, beparvolik, dangasalik, ilmsizlikka qarshi isyon misralariga duch keldim. Har bir she'rda sehrli ohang bor, rohatbaxsh dard bor. Yurakka titroq soladigan betakror nolalar yashirin.

Odil aka! Sizni muborak 70 yoshingiz bilan samimiy tabrik­layman. Sihat-salomatlik va uzoq umr tilayman. Farzandlar va nabiralar baxt-iqbolini ko'rib yuring.

Bir she'ringizda: “shoir qavmi ichra do'stim, sening ham, Navoiydan qolgan qalam tug'ingdir”, deb yozgansiz. Ana shu tug' bevaqt qo'lingizdan tushmasin. Ijodingiz Zarafshon mavjlariday jo'shib-toshib boraversin!

Hurmat bilan,

Ashurali JO'RAYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =