“Aqlli shahar”dan zamonaviy mahallagacha

Butun dunyoda kim o'zbekni bilsa, “Mehmondo'st, samimiy, mehnatkash xalq”, deydi eng avval. Yana ta'rif istasangiz, xalqimizning sifatlarini bir-bir sanab borarkan, usta me'mor, tirishqoq bunyodkor ekanini ham aytmasdan qolmaydi, albatta. Deganlaricha bor-da. Davlatchiligimiz tarixida ham me'morchilik, bunyodkorlik masalalariga alohida e'tibor bilan qaralgan. Tarixiy me'morchiligimizning eng gullab-yashnagan pallasi Amir Temur va temuriylar zamoniga to'g'ri kelgan bo'lsa, hali-hamon dunyo sayyohlarini o'ziga rom etayotgan obidalarimiz xonliklar davrida qurilgan. Va mana, guvohi bo'lib turibsizki, bugun ham mamlakatimizda shaharsozlik katta shiddat bilan o'sib bormoqda. Ko'rsangiz ko'zingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi.

Shunday ishlarni ko'rib, yoritish maqsadida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Toshkent viloyatining ma'muriy markazi sifatida e'tirof etilayotgan Nurafshon shahriga, shuningdek, Quyi Chirchiq tumaniga press-tur tashkil etildi. Keling, buni ijodiy sayohat, deb ataylik. Erta tongdan turli bosma nashrlar, radio va televideniedan 30 dan ortiq jurnalistlar ijodiy sayohat uchun yo'lga otlandilar.

Garchi yuzining yarmini niqob yashirib turgan bo'lsa-da, jurnalistlar ko'zidagi borilajak manzilga bo'lgan qiziqishni ilg'ash oson edi. Poytaxtdan chiqib, Toshkent viloyatiga kirib borar ekanmiz, Nurafshonning ostonasida bizni ushbu yangi shahar hokimi Qahramon Hakimov qarshiladi.

Shaharda olib borilayotgan jadal qurilish ishlari haqida dastlabki ma'lumotlarni bergan Qahramon Hakimov o'zi mutaxassisligi bo'yicha quruvchilik sohasining odami ekanligini va viloyat markazining zamonaviy me'morchilik talablariga munosib tarzda qurilishiga ham rahbar sifatida mas'ulligi, ham buni kasbiy burchi deb qabul qilishini aytdi.

Darvoqe, halitdan beri Nurafshon, deymizu, shahar haqida sizga ma'lumot berishni unutayozibmiz. O'rta Chirchiqdagi To'ytepani bilsangiz kerak. Uning nomi 2017 yilda Nurafshon deb o'zgartirilgan. O'lkamizning ko'rkidan nur to'kilib turadigan shaharlaridan biriga aylanishi niyat qilingan-da. Shahar Toshkent viloyatining ma'muriy markazi etib belgilangan.

Yana ijodiy sayohatimiz bayoniga qaytsam. Shahar hokimi ham biz ketayotgan avtobusga chiqdi. Shaharga kirib boraverar ekanmiz, u kishi yo'l bo'yi bu yerda qilinayotgan ulkan qurilish, bunyodkorlik ishlari haqida gapirib boraverdi. Toshkent viloyatining barcha markaziy idoralarining yangi binolari: Toshkent viloyati hokimligi, vazirlik boshqarmalari, madaniyat maskanlari  shu shaharda qad rostlamoqda, bir qanchasi foydalanish uchun topshirilgan ham. Asosiy manzilimiz bo'lmish “Aqlli shahar” (Smart city) tomon borar ekanmiz, yo'lda to'xtab, yangi qurib bitkazilgan turar-joylardan biriga ham kirdik. Yetti qavatli uy “O'zsanoatqurilishbank”ning Toshkent viloyati mintaqaviy filiali xodimlari uchun qurilgan ekan. 72 ta xonadondan iborat ushbu turar-joy binosi zamonaviy arxitektura yechimlari asosida qurilgan. Binoning isitish tizimi eng zamonaviy standartlardan kelib chiqqan holda o'rnatilgan bo'lib, energiyani maksimal darajada tejar ekan. Bu manzildan chiqqach shaharning “Bobur”, “Toshkent yo'li” ko'chalari bo'ylab yurdik. Hali buzilmagan eski uylarni ko'rib, bunyodkorlik ishlaridan keyingi o'zgarishlarni solishtirish imkoni tug'ildi. Ishoning, juda katta tafovut bor. Tasavvur qiling, tomlari eskirib, qorayib ketgan burungi uylar qanday-u, yetti qavatli, salobatli, zamonaviy uylar qanday? Qurilayotgan binolar to'la-to'kis bitsa, mamlakatimizdagi eng go'zal, obod shaharlardan biri bo'lishi, shubhasiz.

Shahar hokimi atrofdagi binolarning qaysi idoralar uchun qurilayotganini birma-bir aytib, ta'riflab borarkan, oldinda moviy oynalari tovlanib turgan inshootga ko'zimiz tushdi. Bu yoshlar markazi binosi ekan. Nurafshonning yoshlari uchun ajab tuhfa bo'libdi-da. Shoshqaloq vaqt o'tib borayotgani sababli, bu yerga kirolmadik. Oramizda ko'pchilikning “Aqlli shahar”ga qiziqishi ustunlik qildi.

Katta taassurotlar bilan davom etib, yo'limiz “Textile Mill Tashkent” MChJ yengil sanoat korxonasiga tushdi. Mahsulotlarining 90 foizdan ortig'i eksport qilinadigan korxonada kuniga 50-60 ming juft paypoqlar ishlab chiqarilar ekan. Bu yerda 360 nafar ishchi mehnat qilayotgan bo'lib, ko'pchiligi shu yerlik xotin-qizlar. Ishchilar bilan suhbatlashganimizda, ular bu yerdagi mehnat qiyin emasligini, xodimlar uchun yaratilgan sharoit yaxshi ekanligini ta'kidlashdi. Korxona rahbarining aytishicha, kelgusida mahsulotlar turini ko'paytirib, ishlab chiqarish yanada rivojlantiriladi. Bu manzildan chiqar ekanmiz, dastgohlardan mohirona foydalanayotgan opa-singillarimizga “Qo'lingiz dard ko'rmasin”, dedik.

Ana endigi manzilimiz Markaziy Osiyo­­da yagona bo'lishi kutilayotgan “Aqlli shahar” (Smart city) bo'ldi. Uning umumiy arxitekturasi bo'yicha uchta loyiha mavjud. Loyihalarning o'zini ko'rib hayratingiz ortadi, to'liq qurib bitkazilsa, Nurafshon o'z nomiga loyiq nur taratadigan shahar bo'ladi. “Aqlli shahar” 2035 yilgacha to'liq qurib bitkazilishi kerak. Uchta loyihaga ko'ra, shaharga sig'ishi mumkin bo'lgan aholi soni turlicha. Kamida 28 ming, ko'pi bilan 48 ming nafargacha aholi yashashi mumkin bo'ladi. Barcha binolar eng zamonaviy uslubda barpo etiladi. Turar-joylar alohida, korxonalarning binolari alohida, boshqaruv idoralari, bank va shu kabi binolar alohida hamda o'quv maskanlari ham farqli o'rinlarda joylashishi rejalashtirilgan. Bunday tartibli joylashuv biz uchun yangilik edi, albatta. Bu shahar to'liq bitsa, albatta, bitgunicha ham yana bir kelishni dilimizga tugib qo'ydik.

Nurafshonga sayohat so'nggida jurnalistlar va hokim Qahramon Hakimov ishtirokida matbuot anjumani o'tkazildi. Lekin hali safarimiz qarigani yo'q edi. Endi butun jamoa ulovga chiqdik-da, Quyi Chirchiq tumaniga yo'l oldik.

“Aqlli shahar” taassurotlaridan keyin bizni hech narsa hayratlantira olmasa kerak, deb o'ylagandik, ushbu tumandagi “Beruniy” mahallasiga borgach, adashganimizni his qildik. Mahalla markazida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Besh muhim tashabbusning amaldagi isbotini ko'rdik. Madaniyat uyi, sport majmuasi, zamonaviy kutubxona, ishlab chiqarish korxonasi bitta yerda joylashgan. Madaniyat uyi o'tgan asrda qurilgan bo'lib, hozir to'liq ta'mirlangan, ammo uning arxitekturasidagi tarix ruhi saqlab qolingan. Shift bezaklari, qandilu pardalar, sahna — bularning barchasi kishiga ajoyib bir kayfiyat bag'ishlaydi.

Sport majmuasida ham mahalla yoshlarining muntazam badantarbiya bilan mashg'ul bo'lishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Kerakli sport anjomlari bilan ta'minlangan. Bu yerda shug'ullanayotgan o'nlab yosh yigitlar bilan suhbatlashdik.

Maskandagi kutubxona fondida 600 dan ziyod kitob, o'ndan ziyod kompyuter bor ekan. Bir mahallaning kutubxonasi uchun bu yaxshi holat, albatta. Yoshlar bo'sh vaqtini bekorga sarflamay, shu yerni o'zlariga manzil qilsalar, nur ustiga nur. Kutubxona joylashgan binoda til, kasbga o'rgatish kurslari tashkil qilingani kishini quvontiradi.

Ishlab chiqarish korxonalariga kirishni ham unutmadik. Bu yerdagi ikki korxonadan biri ayollar va bolalar kiyimlari, ikkinchisi poyabzal ishlab chiqarar ekan. Xitoy bilan hamkorlikda tashkil qilingan tikuvchilik-trikotaj korxonasi 100 foiz mahsulotlarini xorijga eksport qiladi. Xomashyoni Qo'qondan olib kelishlarini bilganimizdan so'ng, o'zimizning Qo'qon matosidan kiyim tikib, xorij­ga chiqarishayotgani bizni yanada quvontirdi. Korxona 150 xodimni ish bilan ta'minlash salohiyatiga ega. Oyoq kiyim ishlab chiqarish sexining faoliyati bilan ham tanishdik. Korxonada 40 ga yaqin xodimlar ishlayotganining guvohi bo'ldik. Korxona rahbari poyabzallar hozircha faqat ichki bozorga chiqarilayotganini, ammo kelgusida faoliyatini kengaytirib, eksportbop tovarlar ham ishlab chiqarish niyatida ekanini bildirdi. Bitta mahallada shuncha sharoitlar yaratilayotgani juda katta yutuqdir. Hali kelajakda mamlakatimizning juda ko'p­lab hududlarida shunday sharoitlar yaratilishi, shubhasiz.

Shu bilan Nurafshondan boshlangan ijodiy sayohatimiz nihoyasiga yetdi. Barchamizning taassurotlarimiz o'zgacha, kayfiyatimiz ko'tarinki edi. Hatto kun bo'yi yurganimizning charchog'i ham sezilmasdi. Shaharsozlarimiz osmono'par binolarni qurish barobarida millatimiz ruhini, davlatimizning shon-sharafini ham yuksaltirib bormoqda. “Beruniy” kabi mahallalarimizda yaratilgan muhit davlatimizning rivojlanish yo'lida shahdam qadamlar bilan borayotganining yorqin misolidir.

Shahzod ShODMONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 3 =