Har ishda bir xayr bor yoki Sirdaryoda bir kun

Yurgan — daryo, o'tirgan — bo'yra, deydilar. Yangi ijodiy sayohatga otlanar ekanmiz, negadir, shu maqolni jurnalist ahli o'ziga shior qilsa bo'larkan, degan xayol o'tdi. Sirdaryo viloyatiga bo'ladigan safar ishtirokchilari kelishilgani kabi erta tongdan yo'lga tushdik. Tabiatga noyabr ob-havosi o'z hukmini o'tkazmoqda edi. Yomg'ir maydalabgina tushib turibdi. Yomg'ir bilan Xudoning barokati yog'iladi, deyishadi. Safarimiz ham barokatli bo'lsin, deya niyat qildik. Turli nashrlarning yigirma nafarga yaqin jurnalistlari salobatli, oq avtobusga o'tirib, “Qaydasan, Sirdaryo?” — degancha yo'l oldik. Darvoqe, ijodiy sayohat, deb aytayotganimiz press-tur O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Bir qancha vaqt o'tib, Guliston shahriga yetdik. Bu yerda safimizga viloyatlik jurnalistlar ham qo'shilishdi. Qadrdon qipchoq shevasida hol-ahvol so'rashlar boshlanib ketdi, avtobus samimiyat bilan to'ldi. Endi asosiy manzillarimizdan biri bo'lgan Xovos tumani sari keta boshladik. Avtomobil yo'lining ta'mirtalab ahvoli ham ulovimiz shiddatiga xalaqit qila olmadi. Nihoyat, biz shoshilgan, bizni kutgan Xovosga yetib keldik. “Xovos city” deb yuritilayotgan 42 gektarlik maydonga qurilgan 30 ta turfa rangdagi 5 qavatli binolar yo'l chetida ipga tizilgan munchoqdek bo'lib bir qatorda qad rostlagan edi. “City shu yermi?”, “Ha, shu yer”, deyishdi. So'nggi ellik yilda shaharchada birorta ham ko'pqavatli uy qurilmaganini hisobga olsak, bu juda katta o'zgarish, albatta.

Xovos tumani hokimining o'rinbosari Sanjar Po'latovdan manzil haqida bir qancha ma'lumotlarni oldik. Yuqorida aytganimiz 30 ta uy 2019 yilda qurib bitkazilgan ekan. Ammo “Xovos city”ning qurilish ishlari hali to'liq tugallanmagan, kamida yana 6 oy davom etishi mumkin ekan.

Sababi — pandemiya, bundan tashqari, falokat oyoq ostida, deganlaridek, dabdurustdan boshimizga kelgan Sardoba fojiasi. Bu uylarga ko'chirib keltirilganlarning mingga yaqini o'tgan asrda qurilgan ancha eski uylarda yashab kelayotgan bo'lgan. Ularning 305 ta eski uylari buzilib, kompensatsiya puli to'langan holda yangi uylarga ko'chirildi. Ikki xonalisi 140 million so'm, uch xonalisi 160 million so'm bo'lgan “Xovos city”ning ajoyib uylari 20 yilga 8 foizlik kredit asosida berilibdi. Bu yerga ko'chib kelganlarning ish bilan ta'minlanish masalasi ham hisobga olingan. Masalan, Xovos shaharchasida Turkiya bilan hamkorlikda 500 nafar xotin-qizni ish bilan ta'minlash mumkin bo'lgan tikuvchilik sexi qurilgan. Manzilga yaqin joyda sanoat zonasi bo'lib, u yerdagi zavod va korxonalarda ham aholi uchun ish o'rinlari mavjud.

Mas'ullardan kerakli ma'lumotlarni olgach, uylarni o'z ko'zimiz bilan ko'rib, bu yerda istiqomat qilayotganlar bilan suhbat qurmoqqa shoshildik. “Axir, mas'ullarning gapini aholi ham tasdiqlaydimi?” — degan savol ham so'rovnomamizdan tushib qolmagan edi. Bir-ikkita xonadonlarga kirdik. Xonadon egalari sharoitlar yaxshi ekanini, gaz, elektr, issiq-sovuq suv hamda kanalizatsiya bilan bog'liq muammolar yo'q ekanini aytishdi. So'ng, chiqib, uylarning tashqi tomonini tomosha qilib turganimizda bir ayol kelib, Xovos tumani hokimining birinchi o'rinbosari Bekzod Berdiyevga nimadandir shikoyat qildi. Uning aytishicha, yangi deraza- romlardan chang va sovuq kirayotgan ekan. Bekzod aka javobgar odamlar bilan gaplashib, muammoni hal qilishini aytdi. Ayol yana bir narsadan norozi edi: u nogiron farzandini 5-qavatga tushirib-chiqarishda qiynalayotganini, birorta a'zosining nogironligi bo'lgan oilalarga xonadonlar birinchi qavatdan berilishi kerakligi haqida aytdi. Bizni ko'rib yaqinlashgan boshqa bir ayoldan ham yangi uylardagi sharoitlar haqida so'radik. Ko'chib kelganiga besh oy bo'lgan ayol hammasi ko'ngildagidek ekanini aytdi-yu, uyning ichki devorlari yuzasi ko'chayotganini, non yopish uchun tandir ayvonlari hali qurib berilmaganini qo'shimcha qilib qo'ydi. “Har to'kisda bir kamchilik”, dedik-da, barcha muammolar yechim topishiga umid qildik.

Endi katta yo'lning ikkinchi tomonidagi “Bunyodkor” mahallasi tomonga o'tdik. Bu yerda uch xonali uyi bilan hisoblaganda ikki sotixlik hovlilarning 49 tasi haqiqatan uy-joyga ehtiyoji bor, nogironligi bo'lgan kishilarga tekinga berilgan ekan. Bu uylarga Sirdaryo viloyatining har bir tumanidan bittadan oila, Xovos tumanidan 30 oila ko'chirib keltirilgan. Hovlilardan biriga kirdik. O'zini Safargul Ismoilova deb tanishtirgan ayol qarshiladi. Uning atrofini o'rab olgan jurnalistlarning bergan turli savollariga u birma-bir javob bera ketdi:

—       Bu uyga ko'chib kelganimizga to'rt oy bo'ldi. Shu paytgacha, 5 yil davomida dala shiyponida yashaganmiz, undan keyin 13 yil ijarama-ijara sarson bo'lib yurdik. Xudoga shukr, mana shu uy davlatimiz tomonidan tekinga berildi. Turmush o'rtog'im nogiron — o'ng qo'li ishlamas edi. Ammo shunday bo'lsa ham, bir tanishimiz orqali Qozog'istonga borib-kelib ishlab yurardi. O'tgan yili vafot etdi, aprel oyida mayitini olib kelishdi. Hozir uch nafar farzandim bilan shu uyda yashayapmiz. O'zim kasanachiman, uyda o'tirib tikuvchilik qilaman. Oyiga 350–400 ming so'm topaman. Paxta mavsumida kuniga 100–150 kilogrammgacha paxta terdim. Orttirgan pulimga hovlidan kichkina issiqxonacha qurdik, bodring-pomidor ekkanmiz. Faqat issiqxonani isitish qiyin bo'lyapti.

Safargul opaning turmushi haqida eshitib, bir achinadi odam, bir qoyil qoladi. Ne-ne matonatli odamlarimiz, ayollarimiz bor-a. Qo'lida bor eng kichik imkoniyatdan ham foydalanib, bolalarining qornini to'yg'azishga, ustini but qilishga urinishadi. Hali aytganimizdek, bu hovlilarning kattaligi uch xonali uyi bilan qo'shib hisoblaganingizda ikki sotix. Bunday holda hovlining torligidan nolib, diydiyo qilish ham yoki Safargul opa singari tor hovlida bo'lsa-da, mo''jazgina issiqxona tashkil etish ham mumkin.

“Bunyodkor” mahallasining raisi Bahodir Tolipov bilan ham ancha suhbatlashdik. U kishi Safargul opaning issiqxonasi uchun gaz tushirib berish masalasida mutaxassislarga aytmoqchi ekanini, agar buning iloji bo'lmasa, ko'mir olib kelib berishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, uning aytishicha, bu yerdagi aholini ish bilan ta'minlash uchun ham sharoitlar bor ekan. Tikuv sexi, shokolad zavodida ish o'rinlari mavjud, yaqin kunlarda ishga tushirilishi kutilayotgan vino zavodida ham yangi ish joylari paydo bo'ladi. Imkoniyati cheklanganlar uchun uyda o'tirib ishlashga sharoit yaratib berilmoqda.

Navbatdagi manzilimiz “Textile fashion” tikuv korxonasi bo'ldi. Ochilganiga ikki yil bo'lgan korxonada hozirgi paytda 200 nafar ishchi ishlamoqda. Yana 100–150 ish o'rni mavjud. Bu yerda, asosan, futbolkalar va bolalar kiyimlari ishlab chiqariladi. Mahsulotlarining 70 foizi xorijga — Turkiya va Rossiyaga eksport qilinadi. Korxonada ishlayotgan xotin-qizlar 600 mingdan 1 yarim million so'mgacha oylik maosh olishadi. Korxona rahbarining o'rinbosari bo'lgan Temur Yangibayev bu yerda tikish-bichishni bilmagan xotin-qizlar uchun 3 oydan 6 oygacha o'quv kurslari ham mavjud ekanini aytdi.

Tikuv korxonasining xodimlari bilan ham suhbatlashdik. Tonggi soat 8 dan kechki 5 ga qadar ishlashlarini, ish sharoitlari yaxshi ekanligini, tushlik va boshqa tashkiliy masalalardan ham mamnun ekanliklarini bildirishdi. Korxona xodimlari uchun har hafta payshanba kuni osh qilib berilar ekan.

Ish bilan bog'liq e'tirozlari bo'lmasa-da, ularning ayrimlari uylar borasida norozilik kayfiyatida edi. Ulardan biri: “Uyimiz past baholangan, yangi uylarning ahvoli ham qoniqarli emas, ta'mirtalab, pollar shishib ketyapti, devorlarda yoriqlar paydo bo'la boshlagan”, desa, boshqa biri: “Olti xonali uyimiz, olti sotixli hovlimiz bor edi. Hozir sakkiz kishi uch xonali uyda yashayapmiz. O'zimizning uyimiz buziladigan ahvolda emasdi. U yerga boshqa narsa qurishgani ham yo'q, qanday buzilgan bo'lsa, o'sha ahvolda yotibdi”, dedi.

Tani boshqa dard bilmas, deganlari rost. Biz ularning gaplarini yozib oldig-u, mutasaddilar hukmiga bu e'tirozlarni havola qilishni va'da qilib, avtobusga o'tirdik-da, “Yangi Xovosning tarixiy maydoni” sari yo'l oldik. Tashqarida hamon yomg'ir yog'ardi. Bu yerda xotira maydoni, 2700 yillik tarixga ega bo'lgan Xovosning tarixidan hikoya qiluvchi muzey joylashgan. Muzey olti oy avval tashkil qilingan bo'lib, 200 dan ziyod eksponatlar saqlanmoqda. Arxeologlar tomonidan topilgan yana yangi eksponatlar ro'yxatdan o'tkazilib, muzey fondini boyitish arafasida.

Muzey tomoshasidan chiqqach, Guliston sari yo'lga tushdik. Bu yerda barcha jurnalistlar bir dasturxon atrofida masofa saqlab ovqatlandilar. Co'ngra Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan bir guruh jurnalistlar O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan taqdirlandi. 20 nafar jurnalistga uyushmaning yangi ko'rinishdagi a'zolik guvohnomasi-yu ko'krak nishonlari topshirildi. Bu manzildan chiqqanimizda qosh qorayib qolgandi. Viloyatlik ijodkorlar bilan xayrlashdik va oxirgi manzilimiz hisoblanmish Mirzaobod tumani sari ravona bo'ldik. Chunki bu yerda Sardoba suv ombori toshqini natijasida uysiz qolganlar uchun ko'p qavatli turar-joylar qurilib, “Yangi O'zbekiston” nomli mahalla barpo etilgan. Mahalla hududida 12 gektar maydonga 40 ta besh qavatli uy besh oy ichida qurib bitkazilganidan xabardor edik. Uylarni ko'rib tasanno, deysan, kishi. 140 ta xonadonning kalitlari bir kun oldin o'z egalariga topshirilgan ekan. Biz borganimizda ulardan bir-ikki oila ko'chib kelmoqda edi. Shunday oilalardan Nigora Mamasoliyevaning suhbatini oldik:

—       Biz “Haqiqat” mahallasi Solin qishlog'ida yashardik. 3 ta farzandim bor. 10 xonali uyimiz bor edi. Ertalab bizga Sardoba suv ombori buzilgani haqidagi xabar yetib keldi. Bolalarimizni olib chiqib ketdik. Shahardagi uchinchi maktabda yashadik. 10 may kuni uyimni ko'rishga kelganimda, hech narsa yo'q edi. Mana, yangi uch xonali uy berishdi, maishiy texnikalar bilan ta'minlashdi. Minnatdormiz. Shu kungacha chaylada yashayotgandik. Bizning atrofimizda yana 12 xo'jalik chaylada yashamoqda edi. Davlat tomonidan berilgan 40 million so'm pul bilan kun ko'rib keldik. Oldin dehqonchilik bilan ro'zg'or tebratardik. Hamma narsamizni suv yuvib ketdi. 12 sotix uchastkamiz o'zimizga qoldi. U yerda yana dehqonchilik, mol-hol qilamiz.

Yangi uylarning ichiga ham kirib ko'rdik. Juda ajoyib qurilgan. Uy egalari ham sharoitlardan mamnun ekanligi yana-da yaxshi. Matonatli xalqimiz bu sinovlardan ham o'tib olishadi, albatta. Har ishda bir xayr bor, deyishadi-ku. “Haqiqat” mahallasini Sardobaning suvlari yuvib ketgan bo'lsa-da, endi u yerlik odamlarning “Yangi O'zbekiston”i bor.

Shunday qilib, ijodiy sayohatimiz ham nihoyasiga yetdi. Barchamiz bir kunlik taassurot-u fikr, xulosalar va yozilajak “asar”imizning xomaki nusxasini yelkalagancha avtobusga o'tirdik. Betakror oqshom va yomg'ir hamrohligida jonajon poytaxtimizga yetib keldik. Hozircha bor gap shu.

Shahzod ShODMONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =