Notanti qo'shnichilik

El orasida “Qo'shning yomon bo'lsa qochib qutul”, degan naql bor. Bu hikmatli ibora yolg'iz bir kishi yoki xonadonga tegishli bo'lsa-ku, bir gap — amalga oshirish mumkindir. Lekin bu noxush tashvish 400-500 xonadon yashaydigan mahallaning boshiga tushsa, nima qilish kerak? Ayni paytda Qo'shrabot tumanidagi “Boyto'p” mahalla fuqarolar yig'ini hududida yashovchi aholi xuddi shu savolga javob qidirishmoqda.

— Mahallamiz Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli korxona va tashkilotlarning ishchi-xizmatchilari, muhandis-texnik xodimlari yashaydigan “Zarkent” qo'rg'oniga tutash, devor-darmiyon qo'shni, – deydi mahalla kengashining ekologiya va tabiatni muhofaza qilish va obodonlashtirish komissiyasi a'zosi Norbo'ta Norjigitov. – Dastlab, bu qo'shnichilik bizga anchayin ma'qul, o'zaro manfaatli tuyuldi. Axir yon qo'shni — jon qo'shni degan hikmat bejiz aytilmagan. Shuning uchun borimizni baham ko'rishga harakat qildik: yerimizdan, suvimizdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishga izn berdik. Qolaversa, vaqti kelib ularning ham bizga nafi tegib qolar, degan umidda yashadik.

Mana shu ittifoqchilik samarasi tufayli mahallamizning qoq   markazida “Zarkent” qo'rg'oni aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlovchi 5 ta chuqur quduq qazilib, ishga tushirildi. Hozir ulardan har daqiqada 40 kub metr toza buloq suvi konchilarga yetkazib berilmoqda. Quruvchilar esa mahalla hududini kesib o'tgan soy o'zanidan yangi turar-joylar, yo'llar va boshqa inshootlar poydevorini tiklash uchun kerakli bo'lgan qum-shag'al materiallarini qazib oldilar. Aks holda bu muhim qurilish ashyolari 50-60 chaqirim naridagi Zarafshon daryosi o'zanidan yoki 40 chaqirim naridagi karyerdan tashib keltirilgan bo'lardi.

Bu esa ortiqcha yo'l-transport xarajatlari demakdir. Afsuski, ke­yingi paytlarda ko'ngli ochiq boyto'pliklar mazkur qo'shnichilikning salbiy oqibatlarini seza boshladilar. Xususan, chuqur quduqlardan uzluksiz suv olinishi natijasida yer osti suvlarining sathi pasayib, 1000 metr radiusdagi quduqlar qurib qoldi va mahallada ichimlik suv taqchilligi yuzaga keldi. “Obi-hayot” tanqisligi bois aholining asosiy risq-ro'z manbai hisoblangan bog' va tokzorlarda, tomorqalardagi   hosildorlik ham pasayib ketdi. Hatto ba'zi nihollar, yosh daraxtlar quriy boshladi.

Boshqa tomondan ham ekologik muammolar ko'zga tashlanib qoldi. Masalan, mahalla hududidan o'tuvchi soy o'zanidan tartibsiz ravishda ko'plab hajmda tosh, shag'al, qum qazib olinishi oqibatida suv o'zani chuqurlashib, jarliklar paydo bo'ldi. Bu esa tabiiy relyefning jiddiy buzulishiga olib keldi. Boz ustiga, sohildan sohilga o'tishda, xususan, bahor oylarida sel suvlari oqa bosh­laganda, aholiga ayniqsa, maktab o'quvchilariga   muayyan qiyinchiliklar tug'ilmoqda.

– Mazkur muammolarni bartaraf etish, mahalla uchun artezian quduq qazib berish, elektr ta'minotini yaxshilash, soy o'zaniga kichikroq ko'prik qurish, shikastlangan relyefni tabiiy holatiga qaytarish yuzasidan amaliy yordam so'rab mahallamiz faollari Janubiy kon boshqarmasi direktori (hozirda sobiq) Yorqin Shakarovga, Zarafshon qurilish boshqarmasining “Zarmitan” qurilish-montaj maydoni boshlig'i Halim Bahronovga   murojaat etdilar, – dey­di “Boyto'p” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Safarali Bubakov. – Afsuski, ular bu muammolar yuzaga kelishida asosiy aybdor bo'lishsa-da, aholining murojaatlarini e'tiborsiz qoldirib, yordam qo'li uzatishni   o'zlariga ep ko'rmayaptilar.

Men jurnalist sifatida ushbu muammolar va ularning yechimini izlar ekanman, yana bir nozik masalaga duch keldim. Bu — ishsizlik masalasi. Ma'lum bo'lishicha, Boyto'p qishlog'ida, shuningdek, unga yondosh “Mayintepa”, “Yuqori saroy” mahallalarida ishsizlik darajasi juda yuqori ekan. Taajjublanarli jihati shundaki, ish bilan band bo'lmagan aholining aksariyati tog'-kon mutaxassisligiga ega yoshlardir. Mahallaga yaqin hududda Janubiy kon boshqarmasiga qarashli   “Zarmitan” va ”G'o'jimsoy” konlari, transport va qurilish bo'linmalari bo'lsa-yu, nega bu yoshlar ishga joylashmay bekor yurishibdi, degan savol tug'iladi.

— Men bir necha yildan buyon kadrlar bo'limiga qatnayman. Lekin har doim “Bo'sh ish o'rni yo'q”, degan javobni eshitaman, — dey­di mayintepalik fuqaro, 6-razryadli proxodchik Keldiyor Esonov. — Hatto, mahallamiz kengashi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakili sifatida meni va gorizantal hamda vertikal lahmlarni kavlab o'tish ixtisosligiga ega bo'lgan G'anisher To'rabekovni,   6-razryadli proxodchik Abror Saydazimovni mutaxassisligi bo'yicha ish bilan ta'minlash yuzasidan Janubiy kon boshqarmasi rahbariyatiga xat bilan iltimosnoma yubordi. Bunga ham yuqoridagi javob aytildi. Lekin biz ko'rib, kuzatib turibmiz, har yil chet hududlardan, xususan, Navoiy, Buxoro va boshqa viloyatlardan, qo'shni tumanlardan o'nlab odamlar ishga qabul qilinmoqda. Holbuki, ularning hech biri katta ish tajribasi yoki noyob kasb egasi emas. Bunda tanish-bilishchilik va boshqa omillar o'z kuchini ko'rsatayapti, desak adashmagan bo'lamiz. Axir “bir balosi bo'lmasa, shud­gorda quyruq na qilur”, degan maqol bekorga aytilmagan ekan-da.

“Boyto'p” mahallasida istiqomat qiluvchi ko'p bolali ona O'g'iloy Isoqulovaning ko'zda yosh bilan aytayotgan arzi-dodlari hech kimning ko'nglini yumshatmayapti.

— Janubiy kon boshqarmasi kadrlar bo'limining boshlig'i Shuhrat Sharipovning qabuligi uch yildan buyon qatnayman. Har gal “joy yo'q” degan bitta javobni eshitaman. Ozgina e'tiroz bildirsangiz bormi, baqirib-chaqirib og'zidan bodi kirib shodi chiqadi. Xonasidan haydaydi, o'zini xon, ko'lankasini maydon, deb biladi. Qaerga borsang boraver, qo'rqadigan joyim yo'q, deb baqiradi. Ammo yo'lini topganlar imi-jimida ishga joylashib olayapti. Masalan, yaqinginada noyob kasb yoki ko'p yillik ish taj­ribasiga ega bo'lmagan Otabek G'aniyev, Nurali Tangirov degan kishilar ishga joylashdi. Hozir ular GDU-1 da ishlashayapti. Shuningdek, sud qarori bilan 2 yil uy qamog'iga hukm etilgan payariqlik I.A. moneliksiz ishga qabul qilindi. Mayli, ular ham ishlashsin. Lekin boshqa ishga muhtojlarning qanday aybi bor, shuni anglolmayman.

Suhbatdoshimning bu iddaosiga aniqlik kiritish maqsadida Janubiy kon boshqarmasi direktorining ijtimoiy masalalar va kadrlar bo'yicha o'rinbosari Abduhoshim Umarovga uchrashmoqchi bo'ldim. Lekin u kishi bilan yuzma-yuz suhbatlashish oson emas ekan. Vaqti tig'izligi va boshqa bahonalarni ro'kach qilib, o'zini olib qochdi. Har holda bu urinishlarimiz zoe ketmadi, shu asnoda bosh­­qa narsalarni aniqlashga muvaffaq bo'ldik: ma'lum bo'lishicha, konchilar shaharchasida har biri 50, jami 150 o'rinli 3 ta yotoqxona bor ekan. Buni qarangki, uchala yotoqxona ham chetdan kelgan ishchilar bilan bandligi sababli yana yuzlab odamlar ijaraga olingan uylarda yashayotgani qiziq. Ularning barchasi mahalliy aholi vakillari emas,   chetdan kelganlar. Hatto, shu yil kollejni bitirib, ishga olingan yoshlarning ham aksariyati qo'shni viloyat va tumanlardan. Ularning mahalliy yoshlardan qanday ustunligi bor? Bizningcha, kadrlarni tanlashga mutasaddi janoblar e'tiborni ko'proq mahalliy aholi vakillariga qaratsalar maqsadga muvofiq bo'lardi. Bu korxona uchun ham, mahalla uchun ham foydadan xoli emas. Mahalliy aholi orasida ijtimoiy norozilik kayfiyati ham barham topardi.

Xullas, kadrlarni bo'sh ish o'rinlariga qabul qilishda qanday mezonlarga amal qilinayotgani mutlaqo tushunarsiz. Buni faqat boshqarmaning kadrlar bo'limi bosh­lig'i Shuhrat Sharipov biladi, xolos, desak o'rinli bo'ladi.

Yoki boshqa bir misol: “Zarafshon” qurilish tashkilotining “Zarmitan” qurilish-montaj maydoniga qarashli beton qorish uzelida yigirmaga yaqin kishi ishlaydi.Ularning barchasi Buxoro va Navoiy viloyatlaridan kelgan fuqarolar, bamisoli chet ellardagi migrantlar singari vagonlarda, antisanitariya sharoitlarida yashashadi. Ish haqi ham haminqadar.

– Bilasizmi, nega shunday, – deya izoh berdi bu yerdagi vaziyatdan yaxshi xabardor mutaxassislardan biri, bizga ismi-sharifi sir tutilishini iltimos qilib. – Bu, avvalo, “uydagi gap ko'chaga chiqmasligi” uchun zarur va yana boshqa sabablari ham bor, ochiq aytolmayman, dedi u negadir sirli qilib.

Demak, ishga qabul qilishda mutaxassislik, dehqoncha aytganda mehnat staji yoki bosh­­qa ishbilarmonlik omillari birinchi navbatda hisobga olinmayotgan ekan-da. Unda shu mahalladagi insonlarning “aybi” nimada? Axir, ular ham o'z yonida faoliyat yuritadigan korxonalarda ishlashni istashi ayb emas, shunday emasmi?

Xalqimizda yaxshi qo'shnichilik an'analari juda qadrlanadi. Axir, qo'shning tinch– sen tinch, degan maqol bejiz paydo bo'lmagan. Ishsizlik bor joyda esa tinch-xotirjamlik bo'lishi dargumon.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma'ruzalarining birida ishsizlik illatining ildiziga chuqur nazar tashlab “bitta ishsiz o'nta muammoni keltirib chiqaradi”, deya jamiyatni jiddiy ogohlantirgan edi. Shunday ekan, mahallalarning muammolarini hal etishda, unda istiqomat qilayotgan aholining ish bilan qamrab olinishiga beg'araz yordam ko'rsatish korxona va tashkilotlar, tadbirkorlar uchun zamon talabi bo'lib qolaveradi. Binobarin, ularning xayrli sa'y­-harakatlari tufayli yurtimiz mas­kanlari yanada obod va ko'rkam tus oladi, aholining turmush darajasi yuksaladi. Biz yuqorida qayd etgan tashkilotlarning rahbarlari ham ulardan o'rnak olsalar, el olqishi oltindan qimmat ekanini tushunib yetishardi, deb o'ylaymiz.

Norbobo Shakarov,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 16 =